Shirguruch

Shirguruch — sut va guruchdan tayyorlanadigan quyuq taom. Guruchni tozalab, 3-4 marta yuviladi. Qozonga quyilgan suv qaynab chiqqach, guruch va ozgina tuz solinadi. Guruch chala pishgach, sut quyiladi. Sut guruchga singishiga qarab 3-4 marta bo’lib-bo’lib quyilishi, taom esa to’xtovsiz kavlab turilishi lozim. Guruch ezilib sutni batamom shimib olgach, taom tayyor hisoblanadi. Tayyor Shirguruch laganga suzilib, betiga sariyog’ (ba’zan shakar) solib dasturxonga tortiladi.