Shish
Shish — organizm to’qimalari va bo’shliqlarida ko’p miqdorda suyuqlik to’planishi. Ko’pincha bu holat terida, teri osti yog’qavatida, plevral va qorin bo’shliqlarida, yurak oldi xaltachasida, moyak va hokazolarda kuzatiladi. Shish suyuqligi suv, natriy va kaliy tuzlari, birmuncha miqdorda oqsil hamda leykositlardan iborat. Leykositlar, ayniqsa, yallig’lanishga xos Shishlarda ko’p bo’ladi. Kapillyar tomirlar orqali muntazam ravishda to’qima suyuqlig’i bilan qon plazmasi o’rtasida almashinuv yuz beradi. Qon tomirlar devori orqali atrofdagi to’qimalarga suyuqlik chiqib turadi. Agar atrofdagi to’qimalarga tomirlardan ko’p miqdorda suyuqlik chiqib uning so’rilishi qiyinlashsa yoki butunlay to’xtab qolsa, Shish paydo bo’ladi. Bu jarayonga tomir yo’llari va atrofdagi to’qimalarda natriy, kaliy va oqsillar miqdorining o’zgarishi imkon beradi. Bunday o’zgarishlar tomirlarning keng ko’lamda shikastlanishi, venalarning varikoz kengayishi, tromboflebit, yurak yetishmovchiligi, buyrak kasalligida qon oqimining sekinlashishida paydo bo’ladi. Shish ko’proq, suvtuz almashinuvining buzilishida yuzaga kelishi aniqlangan. Shish tarqalishiga ko’ra u mu miy va mahalliy bo’ladi. Umumiy Shish gavdaning ko’p qismini egallashi, oyoqqo’l hamda tanada bir tekisda tarqalishi bilan ifodalanadi. Umumiy Shish yurak etishmovchiligida, buyrakning ba’zi kasalliklarida, jigar tsirrozida kuzatiladi. Umumiy Shish qorin bo’shlig’ida qon aylanishining buzilishi, unda suyuqlik to’planishi — assit bilan kechadi. Mahalliy Shish ko’pincha biror vena qon tomirining ezilishi yoki yallig’lanish reaktsiyasi natijasida paydo bo’ladi. Shishgan a’zo, tana qismi yoki oyoqqo’l kattalashadi va shakli o’zgaradi. Teri shishganda uning elastikligi kamayadi, ba’zan u oqarib, muzdek bo’ladi (yallig’lanish va ba’zi allergik Shish bundan mustasno). Shish paydo bo’lganda u tananing qayeridaligi va hajmidan qat’i nazar darhol vrachga murojaat etish lozim. Shish keng tarqalib, tanada uzoq saqlansa to’qimalarning oziqlanishi buziladi va organizmga osonlik bilan infektsiya kiradi, bu esa yaralar paydo bo’lishiga olib kelishi mumkin. Bunday vaqtda terini mumkin qadar shikastlanishdan saqlash, uni nihoyatda toza tutish zarur. Buning uchun ichki kiyimni tez-tez almashtirib turish, terini kaliy permanganat (margansovka)ning kuchsiz eritmasi bilan artish va boshqalar tavsiya etiladi. Teri yorilganda va shilinganda unga brilliant yashilining 1% li eritmasini (zelenka) surtish kerak. Shish sababi vrach tomonidan aniqlangan kishilarga ko’pincha Shishning hajmi va tarqalishini, kundalik qabul qilinayotgan hamda chiqarilayotgan suyuqlik miqdorini nazorat qilib turish, osh tuzini cheklash, ba’zan tarkibida kaliy ko’p mahsulotlar, (sutli mahsulotlar, turshak, bargak va hokazolar) iste’mol qilish buyuriladi. Yurak, jigar, buyrak kasalliklari bor bemorlar o’z vaqtida vrachga murojaat etishsa, bu ularda Shish paydo bo’lishining oldini olishga imkon beradi.