Shisha qanday ixtiro qilingan?

Shisha insonga qariyb mingyillardan beri ma’lum. Uzoq davrlar mobaynida shisha bezaksozlik va qimmatbaho narsalarni tayyorlash uchun qo’llanilib kelindi. Lekin odamlar uning asosiy fazilati — shaffofligini yuzaga chiqara olganlaridan keyin shisha chinakamiga hamma uchun foydali narsaga aylandi. Ma’lum bo’ldiki, u orqali ko’rish mumkin ekan! Shisha odamzotga mingyillardan beri ma’lum esa-da; lekin u qachon va qayerda ixtiro qilinganligini birov aniq bilmaydi. Shishani tayyorlash uchun qo’llaniladigan asosiy xom-ashyolar — qum, sodali kul, yoki ishqor va ohak bo’lib, ular birga aralashtirilib, juda katta darajadagi issiqlikda eritiladi. Bunday xomashyolar yer yuzining hamma joyida keng tarqalgani sababli shisha tayyorlash siri ham juda ko’p mamlakatlarda ayondir. Pirovardida, uni qanday ishlab chiqarish masalasida ham fikrlar bir xilda emas. Ba’zi bir qarashlarga ko’ra shisha ilk marotaba qadimgi finikiyaliklar tomonidan kashf etilgan. Afsonalarga ko’ra, qandaydir bir kemadagilar daryo bo’ylab kezib, Suriya sohillariga tushishibdi. Ular o’zlariga ovqat tayyorlashlari lozim, lekin sopol idishni osishga izlab katta tosh topa olmaydilar, oxiri, o’z kemalaridagi selitra (natriy birikmasi) ning yirik bo’laklaridan tosh o’rnida foydalanishadilar. Otashin haroratdan selitra erib qumga aralashib, suyuq shisha oqimiga aylanadi. Bu afsonaga ishonish-ishonmaslik — o’quvchining ixtiyorida. Lekin shu narsa aniqki, Suriya yer yuzida shishani birinchilardan bo’lib kashf etgan mamlakat hisoblanadi. Finikiyalik savdogarlar esa shisha buyumlarni O’rta yer dengizi mamlakatlariga olib borib sota boshladilar. Shishani qadimda ixtiro etgan yana bir mamlakat — Misr. Dahmalardan topilgan va miloddan oldingi 7000-yillarga mansub bo’lgan shisha marjonlar va tumorlar shundan dalolat beradi. Darvoqe, bunday buyumlar bu yerga Suriyadan keltirilgan bo’lishi ham mumkin. Lekin shu narsa aniqki, miloddan avvalgi 1500-yillarda misrliklarning o’zlari ham shisha ishlab chiqarish bilan shug’ullanishgan. Buning uchun ular maydalangan kvarts shag’allariga qumni aralashtirib foydalanishgan. Ular, shuningdek, bu aralashmaga yana kobalt, mis yoki marganets moddalari qo’shilsa, moviy, yashil, qirmizi rang shishalar olish mumkinligini ham bilishgan. Miloddan avvalgi 1200-yillarda misrliklar xilma-xil shakllardagi shisha buyumlarni yasashni ham o’rganishgan. Biroq finikiyaliklar ixtiro etgan puflab shisha idishlar yasashga imkon beruvchi trubkalar ularga hali noma’lum edi. Shishasozlik sohasida qadimgi rimliklar ham alohida uquvlarini namoyon eta oldilar, ular derazabop oynalarni birinchilardan bo’lib ishlab chiqara boshladilar. Milodiy yil hisobining boshlanishida esa shishapazlik kundalik turmush sohalaridan biri bo’lib qoldi.