Shohruh Mirzo

Shohruh Mirzo Amir Temurning to’rtinchi o’g’li bo’lib, 14 rabbiul – soniy 779/1377 yil 20 avgust payshanba kuni tug’ilgan. Uning onasi Tag’oy Turkon Og’odir. G’arbiy Yevropa olimlaridan ba’zilari, jumladan Bretshneydey Shohruh Mirzo Saroy Mulk xonimdan tug’ilgan deb yozadi. Biroq tarixiy manbalarda bunday ma’lumot uchramaydi. Tarixchi Xondamirning bergan ma’lumotiga qaraganda, Shohruh Mirzoning onasi Tag’oy Turkon Og’o bo’lib, sohibqiron Amir Temurning xos kanizaklaridan bo’lgan. Keyinchalik o’z nikohiga kiritgan. Xondamir mazkur ma’lumotni Shohruh Mirzoning o’zi tuzdirgan “Nasabnoma”dan olganligiga ishora qiladi. Ammo sohibqiron Amir Temur o’g’li Shohruh Mirzo tug’ilgach, uni Saroy Mulk xonim tarbiyasiga topshirgan.

Naql qilinishicha, Shohruh Mirzo tug’ilishi bilan bu xushxabarni Amir Temurga yetkazmoq uchun Saroyga xabarchi yuboradilar. Ayni shu asnoda sohibqiron shatranj (shaxmat) o’yini bilan mashg’ul bo’lib, qo’lini “ruh” donasiga cho’zganda, xabarchi kirib yangi mehmon dunyoga kelgani haqida xushxabarni yetkazadi. Sohibqiron qo’lida ushlab turgan “ruh” donasiga boqarkan, miyig’ida kulib ismi “Shohruh” bo’lsin degan emish.

Shohruh Mirzo 20 yoshgacha otasi sohibqiron yonida bo’lib, uning yurishlarida, jumladan Falastin yurishida ham faol qatnashadi. 1397 yilda unga Xuroson, Seyison va Mozandaron hokimligini topshiradi. Shu davrdan to 1405 yilgacha, ya’ni Amir Temur vafotigacha Xuroson hukmdori degan nom bilan kifolayanadi.

Shohruh Mirzo yoshligidanoq ahkomi shariatga qattiq rioya qilar va diniy kitoblarga qiziqardi. Shu sababdanmi, yoki boshqa sabablar bormidi, har holda Amir Temur bu kenja o’g’li Shohruh Mirzoga e’timodi kamroq edi. Binobarin, o’z o’rniga valiahd tayinlashda ham Shohruh Mirzoni chetlab o’tgan edi.

Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Shohruh Mirzo Xuroson hukmdori qilib tayinlangach, u Hirotning buyuk xo’jazodalaridan bir nechasini o’z atrofiga yig’ib, hokimiyatni shularning rahnamoligida boshqargan bo’lsa kerak. Shu boisdan bo’lsa kerak, Fasih Xavofiyning yozishicha, 1404 yilda Amir Temur Xo’ja Faxriddin Ahmad Tusiyni Hirotga favqulodda muxtor vakil qilib jo’natadi. Mazkur vakil Shohruh Mirzo huzuriga kelib, davlat ishlarini tekshirgach, devonbegi lavozimida turgan mashhur Xo’ja Ali Muhammad Shohni Hirotning Malik nomli darvozasiga olib chiqib ostiradi. Shuningdek, Hirot xo’jalaridan 20 kishini badarg’a qilish haqida Amir Temurga ro’yxat taqdim qiladi. Sohibqiron mazkur xo’jalarni Hirotdan Ashpar va Savronga surgun qilinishi haqida farmon beradi. Farmonga muvofiq xo’jalar Hirotdan ko’chiriladi yo’lda ketayotganlarida sohibqironning vafoti haqida xabar kelib, ular yana Hirotga qaytib keladilar.

Amir Temur vafotidan so’ng Shohruh Mirzo ota taxtiga da’vogar bo’lib, Pir Muhammad Mirzo bilan ittifoq tuzib, Samarqand hukmdori jiyani Xalil Sulton Mirzoga qarshi kurashadi. 1407 yilda Pir Muhammad Mirzo vafotidan so’ng, yakka o’zi turli-tuman makr-hiylalar ishlatib kurashni davom ettiradi. Nihoyat, 1409 yilda Xalil Sulton qo’lidan Samarqand taxtini tortib oladi. Shundan so’ng Movarounnahr hukmronligini o’zining to’ng’ich o’g’li 16 yoshli Ulug’bek Mirzoga, Balx hukmronligini ikkinchi o’g’li Ibrohim Mirzoga, Hisor hukmronligini sobiq valiahd marhum Muhammad Sulton Mirzoning o’g’li Muhammad Jahongir Mirzoga, Farg’onani esa Umar Shayx Mirzoning 22 yoshli o’g’li Ahmad Mirzoga in’om qilib, o’zi Hirotga qaytib ketadi.

Shohruh Mirzo sekin-asta o’z akalari Jahongir Mirzo, Umar Shayx Mirzo va Mironshoh Mirzolarning avlodini har xil yo’llar bilan o’ziga tobe’ qilib, Movarounnahr, Ozarbayjon, Iroq, Xuroson va Shimoliy Afg’onistondan iborat katta bir davlat jilovini o’z qo’liga kiritadi va “Ulug’ xoqon” sifatida saltanatni boshqarishga kirishadi. Shohruh Mirzo Hirotni o’zining poytaxti deb e’lon qiladi. Hirot Shohruh Mirzo davrida iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy jihatdan ancha rivojlanadi.

Shohruh Mirzo tabiatan mutaassib dindor shaxs bo’lib, ko’p vaqtini toat-ibodat va kitob mutolaasiga sarfladi. Devon ishlari va saltanatni o’ktam va tadbirkor xotini Gavharshod begim boshqarardi. Shohruh Mirzo umrining oxirigacha o’ziga valiahd tayinlashga ikkilanib yuradi. Garchi beshinchi o’g’li Muhammad Jo’ki Mirzoni valiahdlikka mo’ljallangan bo’lsa-da, biroq xotini Gavharshod begimning xohish – irodasiga qarshilik qila olmas edi. Gavharshod begim esa o’g’li Muhammad Jo’ki Mirzoga nisbatan suyukli nabirasi Alouddavla Mirzoni (Boysung’ur Mirzoning o’g’li) taxtga munosib deb bilardi. 1445 yilda Muhammad Jo’ki Mirzo vafot etgach, Shohruh Mirzo umrining oxirigacha valiahd tayinlash masalasida muayyan bir qarorga kelolmay, 1447 yil 12 martda safar asnosida 70 yoshida vafot etadi.

1446 yilda qarib qolgan Shohruh Mirzo o’z nabirasi – Qazvin, Ray va Qum viloyatlarining hukmdori Sulton Muhammad Mirzoga (Boysung’ur Mirzoning o’g’li) qarshi g’arbga yurish boshlaydi. Bu yurishdan maqsad, Sulton Muhammad Mirzo o’z bobosiga qarshi bosh ko’tarib, Hamadon bilan Isfaxonni bosib olib, Sherozni qamal qilgan edi. Qo’shinda malika Gavharshod begim va Abdullatif Mirzo Shohruh Mirzo bilan birga edilar. Shohruh Mirzo G’arbiy Eronda hech qanday qarshilikka uchramadi. Chunki bobosining kelayotgan xabarini eshitgan Sulton Muhammad Mirzo Sheroz qamalini tashlab, toqqa qochib ketgan edi. Qo’zg’olon aybdorlari ayovsiz jazolandilar. Chunonchi, malika Gavharshod begimning qat’iy talabi bilan shunday taqvodor, xudojo’y saltanat sohibi deb tanilgan Shohruh Mirzo bir necha sayyidlarni ham qatl qilishga farmon beradi. Sayyidlar ustidan bunday jazo hukmini chiqarishga tabiiyki, na Amir Temur va na Ulug’bek Mirzo botina olmas edilar. Binobarin, Shohruh Mirzo avlodining qirilib ketish sababini, keyinchalik, mazkur sayyidlar qarg’ishiga uchraganligining oqibatidir, deb yozadi Davlatshoh Samarqandiy.

Tarixiy manbalarning xabariga ko’ra, Shohruh Mirzoning uchta xotini bo’lib, ulardan yetti o’g’il va ikki qizi bo’lgan. Ammo Shohruh Mirzo hayotligidayoq Ulug’bek Mirzodan boshqa o’g’illari olamdan o’tgan edilar. Shuningdek, katta qizi Maryam Sulton begim ham vafot etgan.

GAVHARSHOD BEGIM Shohruh Mirzoning birinchi xotini bo’lib, chig’atoy zodagonlaridan G’iyosiddin Tarxonning qizi edi. Rivoyat qilishlaricha, G’iyosiddin Tarxonning bobokaloni – Kushlik bir vaqtlar Chingizxon xizmatida bo’lib, jang asnosida uni o’limdan saqlab qolgan ekan. Ana shundan buyon bu avlod chig’atoy ulusida maxsus e’tiborga sazovor bo’lgan. Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, Shohruh Mirzo Gavharshod begimga 1388 yilda uylangan.

Gavharshod begim aql-idroki, ziyrak va tadbirkor hamda husn-latofatda benazir ayol edi. Gavharshod begim 1405 yildan so’ng sekin-asta saltanat ishlariga aralasha boshlaydi. Zotan, Shohruh Mirzo ham Gavharshod begimning oqilona va tadbirli maslahatlariga ehtiyoj sezib turardi. Shu boisdan saltanatga doir ko’pgina ishlar malikaning nazar e’tiboriga havola qilinar va uning xohishicha ish yuritilardi. Shuningdek, viloyatlarga hokim tayinlash, qo’shinga sarkarda belgilash, kimga qanday in’om va kimga qanday jazo berish masalalari ham malikaning ixtiyorida edi. Masalan, 1440 yil 6 mayda XV asr o’rtalaridagi Hirot tarixchisi Fasih Ahmad ibn Jaloliddin Muhammad Xavofiy malika Gavharshod begimning g’azabiga uchrab, ikki marta qisqa muddatli qamoqqa hukm qilinadi. 1444 yilda Hirotda Shohruh Mirzo og’ir kasal bo’lib, o’lim to’shagida yotar edi. Saroy ahli hukmdorning tez fursatda olamdan ko’z yumishiga imonlari komil edi. Binobarin, Balx viloyatining hukmdori Muhammad Jo’ki Mirzoga xabar yuboradilar. Ammo Muhammad Jo’ki Mirzo tezlik bilan Hirotga yetib kelganda, onasi malika Gavharshod begimning buyrug’iga muvofiq, harbiy qo’shinlar sardori Jaloliddin Feruzshohning valiahd Alouddavla Mirzoga bay’at qilib, qasamyod qilgani xabarini eshitadi. Biroq Shohruh Mirzo tez kunda yana sog’ayadi va malikaning bu rejasi bir necha yilga orqaga suriladi. Shohruh Mirzo hukmronligining so’nggi davrlarida mamlakatning ichki va tashqi siyosati deyarli malika Gavharshod begim qo’lida edi. Shohruh Mirzo o’limidan keyingi shahzodalar orasida vujudga kelgan taxt uchun qonli kurashlarning boshida ham Gavharshod begim turardi.

Gavharshod begim uch o’g’ilning onasi edi; Ulug’bek Mirzo (1394-1449), G’iyosiddin Boysung’ur Mirzo (1398-1433), Muhammad Jo’ki Mirzo (1401-1445).

1457 yilda Sulton Abusayid Mirzo Xuroson taxtiga o’tiradi. Bu paytda malika Gavharshod begim 80 yoshdan oshgan bo’lishiga qaramay, chevarasi Ibrohim Mirzo (Alouddavla Mirzoning o’g’li) bilan Sulton Abusayidga qarshi maxfiy muzokara olib boradi. Bundan voqif bo’lgan Sulton Abusayid Mirzo malikaning chopib tashlashga farmon beradi. Shunday qilib, malika Gavharshod begim 1457 yilda chopib o’ldiriladi va o’zi qurdirgan madrasa yonidagi xonaqohga dafn qilinadi.

MULKAT OG’O begim Hizr o’g’lonning qizi bo’lib, avval Amir Temurning ikkinchi o’g’li Umar Shayx Mirzoga turmushga chiqqan edi. Umar Shayx Mirzodan ikki o’g’li – Iskandar Mirzo va Boyqaro Mirzoni tuqqan edi. 1394 yilda Umar Shayx Mirzo vafot etgach, sohibqiron Amir Temurning xohishiga ko’ra, Shohruh Mirzoning nikohiga kirgan edi. Mulkat Og’o begim 1398 yilda Shohruh Mirzoga bir o’g’il hadya qiladi. Uning nomini Suyurg’atmish Mirzo deb ataydilar. Mulkat Og’o begimning asli ismi Mulk Og’o edi.

Mulkat Og’o begim ham Gavharshod begim kabi Hirotda shifoxona, “dorulhadis” nomli xonaqoh, ikkita hammom hamda Hirotdan 8 farsax narida, Amudaryoga boradigan yo’l ustida bitta ravot Balx shahrida ham madrasa bino qildirgan. 1440 yil oktabrda Mulkat Og’o begim Kobulda vafot etadi. Uning jasadini Balxga olib kelib, o’zi qurdirgan madrasaga dafn qiladilar.

ULUG’BEK MIRZO Shohruh Mirzoning to’ng’ich o’g’li bo’lib, malika Gavharshod begimdan 1394 yil 22 mart yakshanba kuni Sultoniyada tug’ilgan. Sharafiddin Ali Yazdiyning ma’lumotiga qaraganda, Ulug’bek Mirzoning tug’ilish xabari yetib borganda, sohibqiron Amir Temurning Mardin shaharini zabt qilgan paytiga to’g’ri kelgan. Amir Temur bu xushxabar evaziga shahar xalqiga omonlik berib, shahar xirojidan voz kechib, shahar hokimligini sobiq hokim amir Sulton Isoning ukasi amir Sulton Solihga in’om qilib qaytadi.

Yangi tug’ilgan chaqaloqqa Muhammad Tarag’ay deb nom qo’yadilar. Ammo tez kunda Muhammad Tarag’ay nomi Ulug’bekka aylanib ketadi va bu nom abadiylashib qoladi. Amir Temur boshqa nabiralari kabi Ulug’bek Mirzoni ham Saroy Mulk xonim bilan birga bobosining bir necha yurishlarida unga hamroh bo’lib, ma’lum manzilgacha kuzatib, so’ng yana Samarqandga qaytib kelardi. Tarixiy manbalarda yozishicha, Amir Temur 1398 yilda besh yoshli Ulug’bek Mirzoga mashhur olim Shayx Orif Ozariyni murabbiy qilib tayinlaydi. U Ulug’bek bilan to’rt yil birga bo’lib, ilm javohirlaridan saboq beradi. Ulug’bek Mirzo o’z ustozini nihoyatda e’zozlar hamda uning shakl-shamoyili va xatti-harakatini doim ko’z oldida tutgani tufayli, 46 yildan keyin Isfaroinda sayyor darvesh kiyimida yurgan ustozini bemalol tanigan.

Ulug’bek Mirzo yoshligidanoq bobosi Amir Temur saroyida tarbiyalanib, ajnabiy mamlakatlardan keltirilgan olimlar ta’sirida ilm-fanga qiziqadi. Darvoqe, Hofizi Abruning yozishicha, Amir Temurning o’zi ham tarix faniga juda qiziqqan va ko’pgina tarixiy asarlardan voqif bo’lgan. Shuningdek, Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, Amir Temurning tibbiyot va falakiyot ilmlaridan ham bir oz xabari bo’lgan.

Bundan tashqari, Ulug’bek Mirzoning otasi Shohruh Mirzoning jahonning mashhur olimlari va shoirlarining asarlari to’plagan nihoyatda boy kutubxonasi bo’lib, Ulug’bek Mirzo yoshligidanoq ana shu kutubxonada ko’p vaqtini mutolaa bilan o’tkazgan. Binobarin, Aflotun, Arastu, Gipparx, Ptolemey, Farg’oniy, Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Forobiy va Xorazmiy kabi yirik olimlarning asarlari bilan, shubhasiz, tanishgan.

1404 yil kuz faslida yetti yillik yurishdan qaytib kelgan sohibqiron Samarqand chetidagi bog’lardan biridan katta anjuman o’tkazadi va bu anjumanda 10 yoshli Ulug’bek Mirzoga Muhammad Sulton Mirzoning qizi – Og’o Begimni unashtirish marosimini o’tkazadi.

1404 yil noyabr oyida Amir Temur Xitoyga qarshi yurishga taraddudlanadi.

Shu yurish arafasida Ulug’bek Mirzoga – Toshkent, Sayram, Avliyo ota, Ashpardan to Xitoy chegarasigacha, Ibrohim Mirzoga esa – Farg’ona, Qoshg’ar va Xo’tanni in’om qiladi. Biro Amir Temur bu yosh shahzodalarga mo’g’ul beklari osonlikcha bo’ysunmasligini bilardi. Binobarin, shahzodalarni o’zi bilan birga olib Xitoy yurishiga ketayotib, yo’l-yo’lakay shahzodalarning ulushlarini olib berishni ham rejalashtirgan edi.

Biroq 1405 yil 18 fevralda O’tror shaharida sohibqiron vafot etadi. Ulug’bek Mirzo Saroy Mulk xonim bilan birga Samarqandga qaytib keladi. Samarqandda Xalil Sulton Mirzo taxtga o’tirgach, Ulug’bek Mirzo Shoh Malik vasiyligida qoladi. Endi barcha harakat Shohruh Mirzo boshchiligida Halil Sultonga qarshi qaratilgan edi. Nihoyat, Shohruh Mirzoning ishlatgan hiyla-nayranglari oqibati o’laroq, Halil Sulton Mirzoning arkoni davlatida isyonchi beklari vujudga kelib, 1409 yilda unga qarshi isyon ko’taradilar. Xalil Sulton Mirzo asirga olinib, Xudoydod tomonidan Farg’onaga olib ketiladi. O’sha yili Xalil Sulton Mirzo bilan Shohruh o’rtasida bitim imzolanadi. Bitimga muvofiq Halil Sulton Movarounnahr hukmronligidan voz kichadi.

1409 yil Shohruh Mirzo Samarqandni qo’lga kiritgach, Movarounnahr hukmronligini Ulug’bek Mirzoga in’om qilib, o’zi Hirotga qaytib ketadi.

Ulug’bek Mirzo Movarounnahr hukmdori etib tayinlangach, u ko’p vaqtini Samarqandda o’tkazar, hatto otasi Shohruh Mirzoning yurishlarida ham qatnashmas, ammo qo’shin yuborish bilan cheklanardi.

Ulug’bek Mirzo o’zining qirq yillik hukmronlik davrida deyarli yirik jang-jadallarda bo’lmadi. Mamlakatning tashqi va ichki dushmanlariga qarshi olib borilgan janglarda esa kamdan-kam g’alabaga erishar va ko’p hollarda murosasozlik siyosatiga amal qilardi.

1413 yil kuzida Ulug’bek Mirzo Farg’ona hukmdori Ahmad Mirzoni (Umar Shayz Mirzoning o’g’li) harbiy kengash bahonasida Samarqandga taklif qiladi Ammo Ahmad Mirzo Ulug’bek Mirzoning fe’lidan hadiksirab, mazkur kengashga kelmaydi. Shundan so’ng Ulug’bek Murzo o’z qo’shini bilan Farg’onaga bosib boradi. Ahmad Mirzo shaharni tashlab, Qashqarga qochadi. Ulug’bek Mirzo Axsi bilan Andijonni zabt etib, o’z amirlaridan hokim tayinlab, Samarqandga qaytadi.

Mirzo Ulug’bek 1425 yil 16 fevralda Mo’g’ulistonga qarshi yurish boshlaydi. Shohruh Mirzo bu yurishni to’xtatish maqsadida ikki marta Ulug’bek Mirzoga elchilar yuboradi. Ammo Ulug’bek Mirzo elchilarga javobda, yurish haqidagi farmon allaqachon ovoza bo’lgani, agar endilikda yurishni to’xtatilsa, dushman bizni kuchsiz ekan, deb gumon qilishi mumkin ekanligini bahona qilib, yurishni davom ettiradi. Ulug’bek Mirzo Issiqko’l istehkomini egallab, Jahonshoh qo’shinini ta’qib qiladi. Sarkarda amir Arslonxo’janing jonbozligi tufayli Ulug’bek Mirzoning qo’shini jangda g’olib chiqadi. Ulug’bek Mirzo jangdan qaytayotib, 2000 chapdast botir askarlarini Qarshi istehkomidagi yashm (nefrit) toshini Samarqandga olib kelish uchun jo’natadi. Bu tosh bir vaqtlar Xitoydan Qarshiga keltirilgan bo’lib, Amir Temur uni Samarqandga keltirish uchun Jahonshoh boshchiligida bir necha ming kishini Qarshiga yuborgan bo’lsa-da, biroq toshni olib kelishning ilojini topa olmagan va tosh o’sha yerda qolib ketgandi. Hofizi Abruning yozishicha, Ulug’bek Mirzo tomonidan yuborilgan kishilar ikki bo’lak katta yashm toshini aravaga solib goh ot qo’shib, goh ho’kiz qo’shib Samarqandga keltirganlar. Ammo tarixchi Mirxondning yozichicha, mazkur yashm toshi uch bo’lakdan iborat bo’lib, bir bo’lagi sohibqiron Amir Temur davridayoq Samarqandga keltirilgan. Mazkur yashm toshi Amir Temur maqbarasiga (Go’ri Mir) joylashtiriladi.

Ammo Ulug’bek Mirzoning g’alaba shodiyonasi ko’pga cho’zilmadi. Abdurazzoq Samarqandiyning yozishiga ko’ra, 1420 yilda Baroq O’g’lon Ulug’bek Mirzo yordamida o’zbek hukmdori Muhammadxon ustidan g’alaba qilib, hokimiyatni qo’lga kiritgan edi. 1426 yilda esa Baroq O’g’’lon Sig’noqni egallaydi. Sig’noq Jo’jixon avlodiga qarashli yer bo’lib, 1377 yilda Amir Temurning yordami bilan Baroq O’g’lonning bobosi O’rusxonning harbiy lageri joylashgan edi. O’rusxon davrida Sig’noqda bir necha madrasa, xonaqoh, masjid va boshqa madaniy-maishiy qurilishlar barpo qilingan edi. Keyinchalik Sig’noq Amir Temur saltanatiga qo’shilib ketgandi. 1426 yilda O’rusxonning nabirasi Baroq O’g’lon Ulug’bekdan ijozatsiz Sig’noqni egallab, bu to’g’rida Ulug’bek Mirzoga “shariatga muvofiq, o’z bobom merosiga egalik qildim”, – deb elchi yuboradi. Ulug’bek Mirzo tarafidan Sig’noqqa hokim qilib tayinlangan amir Arslonxo’ja Ulug’bek huzuriga kelib Baroq O’g’lonning kirdikoridan shikoyat qiladi. Ulug’bek Mirzo darg’azab bo’lib, Baroq O’g’longa qarshi yurish boshlaydi. Bu xabarni eshitgan Shohruh Mirzo o’g’li Ulug’bek Mirzoni bu yurishdan qaytaradi. Ammo Ulug’bek ko’nmay, yurishni boshlab yuborgach, kichik o’g’li Muhammad Jo’ki Mirzo boshchiligidagi bir bo’lak qo’shinni yordamga yuboradi.

Muhammad Jo’ki Mirzo o’z qo’shini bilan Hirotdan 1427 yilda 15 fevralda chiqib, Sig’noq yo’lida akasi Ulug’bek Mirzoga qo’shiladi. Har ikki shahzoda o’z harbiy salohiyatlariga ortiqcha baho berib Baroq O’g’lonni nazar-pisand qilmay jangga kiradilar. Baroq O’g’lon esa dushman lashkarining son jihatdan ko’pligini ko’rgach, makr-hiyla yo’liga o’tadi. Sig’noq yaqinidagi past-balanlikda Baroq O’g’lon qo’shini to’satdan hujumga o’tib, Ulug’bek Mirzo qo’shinini parokanda qilib yuboradi. Natijada, har ikki shahzoda jang maydonidan zo’rg’a chiqib olib, orqaga chekinadilar. Ulug’bek Mirzo va Muhammad Jo’ki Mirzo Samarqandga qaytib keladilar. Garchi Samarqand beklaridan ayrimlari mag’lub bo’lgan shahzodalarga shahar darbozasini ochmaslikni targ’ib qilsalar-da, shahar a’yonlari darvozani ochadilar. Ayni paytda Baroq O’g’lon qo’shini Movarounnahrning shahar va qishloqlarini ayovsiz ravishda talon-taroj qilib, Samarqandga yaqinlashmoqda edilar. Bemor Muhammad Jo’ki Mirzo Samarqandda qoladi. Unga tegishli Qandahor va Hirot qo’shinlarini Ulug’bek Mirzo o’z qo’shiniga qo’shib, Sirdaryoni kechib Shohruhiya orqali Toshkentga yetib kelganda, Baroq O’g’lon qo’shinining orqaga qaytgani haqida xabar eshitadi.

1427 yil 28 mayda Shohruh Mirzo Hirotdan chiqib, Samarqand tomon yuradi. Bu xabarni eshitgan Ulug’bek Mirzo askarlarini Toshkentga qo’yib, o’zi Termizga kelib, otasi Shohruh Mirzoga peshvoz chiqadi. Shohruh Mirzo Samarqandga kelib, mag’lubiyat sabablarini o’rganib bilgach, Movarounnahrlik bir necha amirlarni darra jazosiga mahkum etib, Ulug’bek Mirzoni esa qattiq qiyin-qistov bilan tergov qiladi va bir necha kun e’tibordan chetda saqlaydi. Nihoyat, bir necha do’q-po’pisalardan so’ng Movarounnahr taxtini yana Ulug’bek Mirzoga topshirib, o’zi Hirotga qaytadi.

Abulxayrxon hukmronlik qilgan yillarda (1428-1468) ko’chmanchi o’zbeklar ikki marta – 1431 va 1435 yillarda Xorazm hududiga bostirib kirib, bir necha shahar va qishloqlarni talon-taroj qiladilar.

Shohruh Mirzo 1447 yil 14 mart kuni vafot etgach, temuriy shahzodalar o’rtasida taxt-toj uchun qonli kurashlar kuchayib ketadi. Ulug’bek Mirzo Xuroson taxti uchun jiyani Alouddavla Mirzo bilan Abulqosim Bobur Mirzolarning birlashgan qo’shiniga qarshi kurashadi. Ayni shu paytda Ulug’bekning Xurosondaligidan foydalangan ko’chmanchi o’zbeklar xoni Abulhayrxon Movarounnahrga bostirib kiradi va Samarqandni qamal qiladi. Samarqand va Buxoro atrofidagi qishloqlarni talaydi. Bu xabarni eshitgan Ulug’bek Mirzo Samarqandga qaytayotganda, Amudaryo bo’yida o’zbek qo’shinidan qattiq shikast yeydi.

Umuman, Ulug’bek Mirzo aslida olim va bunyodkor kishi bo’lib, omadi chopmagan sarkarda va nouddaburon hukmdor edi. Uning davrida Samarqand Sharqning eng gullagan madaniyat o’chog’iga aylangan edi.

Ulug’bek Mirzoning birinchi ustozi “Zamona Aflotuni” Salohiddin Muso ibn Mahmud Qozizoda Rumiy edi. Ulug’bek Mirzo Qozizoda Rumiydan falakiyotga doir sir-sinoatlarni o’rganib, keyinchalik mazkur allomaning maslahati bilan koshonlik G’iyosiddin Jamshid ibn Mas’udni Samarqandga taklif qiladi. Abdurazzoq Samaqandiyning yozishicha, Ulug’bek Mirzo yana bir koshonlik falakiyot ilmining allomasi – Mu’iniddinni ham Samarqandga taklif qilgan edi.

Ulug’bek Mirzoning sa’y-harakati bilan 1424-1428 yillar mobaynida Samarqandning shimoliy tarafida Obirahmat arig’ining bo’yida, Ko’hak tepaligi bag’riga jahonga mashhur rasadxona quriladi. Bungacha falakiyot ilminig kuzatuv ishlai 1417-1420 yillarda qurilgan Ulug’bek madrasasinign hujralaridan birida olib borilardi.

1417-1430 yillar orasida Ulug’bek Mirzo Samarqandning markazi bo’lmish Registon maydonida ulkan madrasa, xonaqoh, muqatta’ masjidi va hammom qurdirdi. Bu haqda Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo shunday yozadi: “Ulug’bek Mirzoning imoratlaridin Samarqand qal’asining ichida madrasa va xonaqohdir. Xonaqohning gumbazi bisyor ulug’ gumbazdir, olamda oncha ulug’ gumbaz yo’q deb nishon berurlar… Yana bu madrasaning janubida bir masjid solibtur, masjidi muqatta’ derlar. Bu jihatdin muqatta’ derlarkim, qit’a-qt’a yig’ochlarni tarosh qilib, islimiy va xitoyi naqshlar solibturlar, tamom devorlari va saqfi ushbu yo’sunluqtur. Bu masjidning qiblasi birla madrasa qiblasining orasida bisyor tafovuttur. G’olibo bu masjid qiblasining samti munajjim tariqa bila amal qilibturlar”. Shuningdek, 1417 yilda Buxoroda va 1433 yilda G’ijduvonda ham madrasa qurdirgan. Mazkur madrasalarda diniy ilmlarga nisbatan matematika, geometriya (handasa, falakiyot, tabiiyot, jug’rofiya va tarix kabi dunyoviy ilmlar ko’proq o’qitilgan.

Ulug’bek Mirzo bundan tashqari ko’pgina jamoat binolari – karvonsaroylar, timlar, chorsular va hammomlar ham qurdirgan. Karvonsaroylardan eng kattasi Registonda, hozirgi Tillokori madrasasi o’rnida joylashgan bo’lib, karvonsaroyi Mirzoyi nomi bilan mashhur bo’lgan. Bunday karvonsaroylar, hammomlar faqat poytaxt Samarqanddagina emas, balki boshqa yirik shaharlarda va savdo yo’llarida ham qurilgan. Masalan, Samarqanddagi Ulug’bek madrasasi va xonaqohi yaqinida qurilgan Ulug’bek Mirzo hammomi g’oyat nafis san’at bilan ishlangan hashamatli bino edi. Bu haqda “Boburnoma”da shunday satrlar yozilgan: “(Mirzo Ulug’bek) yana ushbu madrasa va xonaqohga yovuq bir yaxshi hammom solibtur. Mirzo hammomig’a mashhurdir, har nav’ toshlardin farshlar qilibtur. Xuroson va Samarqandga oncha hammom ma’lum emaskim, bo’lg’ay…”

Ulug’bek Mirzo Go’ri Amir maqbarasiga ham ayrim qurilishlar bilan o’zgacha fayz-tarovat bag’ishladi. Chunonchi, maqbaraning Sharq tarafidan eshik ochdirib, maqbara markaziga yetguncha gumbazli naqshinkor yo’lak (gallereya) qurdirdi. Sag’analarni o’rab turgan marmar panjaralar ham Ulug’bek Mirzo zamonasiga mansubdir.

Samarqanddagi Afrosiyobning janubidagi ulkan qabriston markazida joylashgan Shohi Zinda obidagi me’morchilik san’aining kamyob durdonalaridan hisoblanadi. Mazkur yodgorlik asosan XI asrdan boshlab qurilib kelinayotgan bo’lsa-da, Amir Temur va Ulug’bek Mirzo zamonasida nihoyasiga yetkazilgan. Ulug’bek Mirzoning sa’y-harakati bilan bu yerda ham me’morchilik ishlari olib borildi. 1434-1435 yillar mobaynida rang-barang koshinlar bilan ishlangan Shohi Zindaning asosiy darbozaning qurilishi Ulug’bek Mirzo zamonasining me’morchilik san’atidan yorqin nishonadur. Ulug’bek Mirzo o’z ustozi Qozizoda Rumiy qabri ustiga qo’sh gumbazli maqbara bunyod ettirgan. Mazkur maqbara Shohi Zindadagi eng go’zal maqbaralardan biridir.

Ulug’bek Mirzo rasadxona yonida, ya’ni Ko’hak tepaligining g’arbiy qismida orombaxsh bir bog’ ham qurdirgan. Mazkur bog’ o’z davridagi Bog’i Maydon nomi bilan shuhrat topgan. Bog’i Maydon haqida “Boburnoma”da shunday deyilgan: “(Ulug’bek Mirzo) yana pushtayi Ko’hakning domanasida g’arb sari bog’e solibtur. Bog’i Maydonga mavsum. Bu bog’ning o’rtasida bir oliy imorat qilibtur, Chilsutun derlar, du oshyona, stunlari tamom toshdin. Bu imoratning to’rt burchida to’rt manordek burjlar ko’torib turlarkim, yuqorig’a chiqar yo’llar bu to’rt burjdandur. O’zga tamom yerlarda toshdin sutunlardur, Ba’zini morpech xiyora qilibturlar. Yuqorig’i oshyonaning to’rt tarafi ayvondur, stunlari toshdin. O’rtasi chordara uydur. Imorat kursisini tamom toshdin farsh qilibturlar. Bu imorattin pushtayi Ko’hak sari domanada yana bir bog’cha solibtur, anda bir ulug’ ayvon imorat qilibtu, ayvonning ichida bir ulug’ tosh taxt qo’yubtur, tuli taxminan o’n to’rt-o’n besh qari bo’lg’ay, arzi yetti-sakkiz qari, umri bir qari. Mundog’ ulug’ toshni xili yiroq yo’ldin kelturubturlar. O’rtasida darz bo’lubtur. Derlarki, ushbu yerda keltirilgandin so’ng bu darz bo’lg’ondur. Ushbu bog’chada yana bir chordara solibtur, izorasi tamom chiniy. Chinnixona derlar. Xitoydin kishi yiborib kelturubtur”.

Ulug’bek Mirzo hukmdorlar orasida buyuk olim, olimlar orasida ulug’ alloma edi. U matematika, falakiyot, handasa va tarix fanlarida o’zining buyuk kashfiyotlari bilan o’chmas iz qoldirdi. U 1437 yilda jahonga mashhur asari “Zichi jadidi Kuragoniy” nomli asarini yozib tugatadi. Bu asar Samarqand rasadxonasining ko’p yillik samarali mahsullaridan biri bo’lib, falakiyot fanining nazariy va amaliy masalalarini o’zida mujassamlashtirgan shohona asardir. Ulug’bek Mirzo aniq fanlardan tashqari tarix va musiqa ilmida qalam tebratgan. “Muhit uttavorix”da yozilishicha, Ulug’bek Mirzo zo’r shinavanda musiqashunos ham bo’lgan. U katta va kichik naqoralarda ijro etiladigan bulujiy, shodiyona, axloqiy, ulusiy va usuli ravon kabi musiqa asarlarini yaratgan. Shuningdek, “Tarixi Rashidiy”ning muallifi Muhammad Haydar Mirzo Ulug’bnek Mirzoning yetuk olim bo’lganligini ta’riflab, “Mirzo Ulug’bek tarixnavis donishmandi edi va “Tarixi arba’ ulus” (To’rt ulus) tarixchi G’iyosiddin Xondamir (1475-1534) ham ma’lumot bergan.

Ulug’bek Mirzo yirik olim bo’lish bilan birga, o’z davrida fan taraqqiyotiga rahnamolik qilib, ilmu fan ahliga homiylik qilgan. Uning davrida Samarqand shahri ilmu fan va madaniyat markaziga aylanib, ko’plab yetuk olimlar, o’nlab hassos shoirlar va suxandon adiblar saroyda o’zlariga munosib mavqega ega edilar. Chunonchi, yirik matematik va astronom (hayatchi) Qozizoda Rumiy, G’iyosiddin Jamshid, mavlono Mu’iniddin Koshoniy va Ali Qushchi, yetuk mudarrislar Said Imomidddin va Mavlono Muhammad Xavofiy, mashhur sharhchi va tib olimi Burxoniddin Nafis ibn Avaz Kirmoniy, zabardast shoirlar Sakkokiy, Mavlono Hiyoliy, Ismatullo Buxoriy, Kamol Badaxshiy, yirik adabiyotshunos, hamda tilshunos Xoja Fazlulloh Abullaysiy shular jumlasidandir.

Ulug’bek Mirzo turk tilida yozilgan qadimiy yodgorliklarni o’rganish va ularning xalq o’rtasida tarqalishida ham katta xizmat qildi. Jumladan 1444 yilda Ahmad Yugnakiy (XI-XII asr)ning mashhur “Hibat ul – haqoyiq” (Haqiqatlar tuhfasi) nomli asari yangidan ko’chirilgan. Shuningdek, o’sha vaqtda Ulug’bek Mirzo saroyida tarjimonlik ishlari ham yaxshi rivojlanib, bir necha qimmatli asarlar arab va fors tillaridan turkiy tiliga tarjima qilingan.

Shohruh Mirzo vafotidan (1447 yil 14 mart) so’ng bir butun temuriylar saltanati mayda-mayda bo’laklarga bo’linib ketdi. G’arbiy Eron va Forsda Muhammad Sulton Mirzo, Jurjon va Astrobodda Abulqosim Bobur Mirzo, Xurosonda Alouddavla Mirzo o’zlarini hukmdor deb e’lon qiladilar. Amudaryoning har ikki qirg’og’idagi yerlar: Balx, Xuttalon, Qunduz, Bag’lon, Arhang, Soli Saroy, Andho’y, Shibirg’on, Maymana va Foryob Abdullatif Mirzo tasarrufida edi. Iroq va Ozarbayjon esa Qoraqo’yunlilar sulolasidan Jahonshoh qo’l ostida edi.

Bu vaqtda Shohruh Mirzoning Ulug’bek Mirzodan boshqa barcha o’g’illari hayotdan ko’z yumgan edilar. Ulug’bek Mirzo ota taxtiga da’vogar bo’lib, o’z o’g’li Abdullatif Mirzoni Xuroson taxtiga qoyim qilmoq maqsadida, 1448 yil bahorida 90 minglik qo’shin bilan jiyani Alouddavla Mirzoga qarshi hujumga o’tadi. Garchi, Ulug’bek Mirzo Xurosonni jang bilan qo’lga kiritgan bo’lsa-da, biroq bu g’alaba unga shuhrat keltirmadi. Aksincha, Ulug’bek Mirzo bilan Abdullatif Mirzo o’rtasida o’nglanmas nizoni vujudga keltirdi.

Ayni vaqtda ko’chmanchi o’zbeklar xoni Abulhayrxon Ulug’bek Mirzoning Xurosonda ekanidan foydalanib, Movarounnahrga bosib kirib, ko’psina shahar va qishloqlarni talab, Samarqandgacha yetib keladi. Bu xabarni eshitgan Ulug’bek Mirzo Abdullatif Mirzoni Hirotda qoldirib, o’zi Samarqand tomon ketadi. Ulug’bek Mirzo shu ketishda otasi Shohruh Mirzoning xoki va singlisi Poyanda Sulton begimni birga olib ketadi. Ulug’bek Mirzoning Hirotdan ketgan xabarini eshitgan Abulqosim Bobur Mirzo Saraxsdan Hirotga Abdullatif Mirzoga qarshi katta qo’shin jo’natadi. Jangga bardosh bera olmagan Abdullatif Mirzo Hirotni tashlab Balxga qochadi.

1449 yil bahorida Ulug’bek Mirzo Xurosonni qaytadan zabt etish uchun jang taraddudini ko’rayotgan bir paytda Abdullatif Mirzo o’z amakivachchasi Abulqosim Bobur Mirzo bilan ittifoq tuzib, otasi Ulug’bek Mirzoga qarshi jang harakatlarini boshlab yuboradi. 1449 yil kuzida Samarqand yaqinidagi Damashq qishlog’i yonida bo’lgan jangda Ulug’bek Mirzo mag’lubiyatga uchrab, Samarqandga qaytib keladi. Biroq shahar hokimi Mironshoh qavchin uni shaharga kiritmaydi. Noiloj qolgan hukmdor Shohruhiyaga keladi. Ammo Shohruhiya hokimi Ibrohim ibn Po’lad hukmdorni shaharga kiritish o’rniga uni ushlab Abdullatif Mirzoga topshirish taraddudiga tushadi. Davlatshoh Samarqandiy hamda “Tarixi Abulhayxroniy”ning muallifi Ma’sud ibn Usmon Ko’histoniy, ana shunday mushkul ahvolda qolgan Ulug’bek Mirzo Abulhayrxon huzuriga borib, undan yordam so’ramoqchi bo’lgani, lekin tezda bu fikridan qaytib, “egilgan boshni qilich kesmas” qabilida hokimiyatni Abdullatif Mirzoga topshirib, umrining qolgan qismini ilmu fanga sarflash maqsadida Samarqandga borib, o’zini o’g’liga topshirganligi haqida yozib qoldirganlar. Abdullatif Mirzo otasi Ulug’bek Mirzoni Ka’batullo ziyoratiga jo’natish haqida farmon beradi.

Ulug’bek Mirzoning o’limi tafsiloti haqida tarixchi Mirxond shunday hikoya qiladi: “Ka’batulloni bir necha marta ziyorat qilgan Hoji Muhammad Xusravning rahnamoligida Ulug’bek Mirzo kechqurun Samarqanddan otliq yo’lga chiqqan. Uning vaqti chog’, turli mavzularda so’zlashib borardi. Ko’p o’tmay orqadan bir chopar yetib kelib (sulduz urug’idan), sobiq hukmdorni Ka’batulloga kuzatish marosimini shohona tarzda o’tkazish lozimligi va bunga tayyorgarlik tugallangunga qadar qo’shni qishloqda dam olishlari haqidagi farmonni beradi. Mazkur farmondan dovdirab qolgan Ulug’bek Mirzo qo’shni qishloqdagi uylardan biriga kirib, tunashga majbur bo’ladi. Havo ancha sovuq edi. Ulug’bek Mirzo olov yoqib, go’sht pishirishga amr qiladi. Olov yoqiladi, gulxan yonida chordana qurib, isinib o’tirgan Ulug’bek Mirzoning tizzasiga uchqun tushib, chakmonni kuydiradi. Shunda Ulug’bek Mirzo olovga qarab, turk tilida “sen ham bilding” – deydi-yu, uning kayfiyati buziladi. Hoji esa ulug’bekka tasalli berish uchun behuda urinardi. Shu asnoda eshik ochilib, xonaga Abbos ismli shaxs o’z navkari bilan kirib keladi. Ulug’bek Mirzo Abbosni ko’rgan hamono o’rnidan turib unga tashlanadi va ko’ksiga musht tushiradi. Navkar Ulug’bekni ushlab, uning yelkasidan “oltoy po’stin”ini yechib oladi. Abbos arg’amchi keltirish uchun tashqariga chiqadi. Ulug’bek Mirzo o’lim oldidan so’nggi tahoratni qilib olsin uchun Hoji darhol eshikni ichidan zanjirlab oladi. So’ngra Abbos kirib, sobiq hukmdorning qo’llarini bog’lab, tashqariga olib hiqib, ariq bo’yiga cho’kkalatib, fonus yorug’ida qilichning bir zarbi bilan kallasini tanidan judo qiladi. Tarixchi Mirxondning yozishicha, bu fojiali halokat 853 yil 8 ramazonda (1449 yil 25 oktabr) sodir bo’lgan. Ammo Ulug’bek Mirzoning qabr toshiga yozilgan lavhada “853 yil 10 ramazon” bitilgan.

Mana shunday qilib, ulug’ olim, ma’rifatparvar podshoh Ulug’bek Mirzo 56 yoshida shahid bo’ladi. Uni shahid qilingan vaqti haqida tarix yozilib, arabiy abjad hisobi bilan tarix moddasi “Abbos kusht” (Abbos o’ldirdi) jumlasidan iborat bo’lib, 853 yil 8 ramazon (1449 yil 25 oktabr)ni anglatadi.

Abdurazzoq Samarqandiy Ulug’bek Mirzoning Hirot Shayxulislomi bilan uchrashuini tasvirlarkan, quyidagicha hikoya qiladi: “Xurosonni Ulug’bek Mirzo tomonidan zabt qilinishi, tabiiyki, e’tiborli mahalliy ruhoniylarga manzur emas edi. Binobarin, Shayxuislom Baxovuddin Alouddavla Mirzo bilan Ulug’bek Mirzo o’rtasida vositachi bo’lish haqida Alouddavla Mirzodan topshiriq olgan edi. Biroq, Shayxulislom Bahovuddin Tarnob (1448) urushigacha Ulug’bek Mirzo huzuriga kelishga ulgura olmadi. Garchi, Tarnob jangidan so’ng Shayxulislom bilan Ulug’bek Mirzoning uchrashuvlari Childuxtaronda voqe’ bo’lgan bo’lsa-da, ammo Shayxislopmning ko’ngli Ulug’bek Mirzodan ozurda bo’lib, qattiq ranjigan edi. Sababi, jangda Ulug’bek Mirzoning qo’shini Shayxulislomni ham nazar pisand qilmay talagan edilar. Garchi voqeadan voqif bo’lgan Ulug’bek Mirzo Shayxulislomning barcha mol-mulkini qaytarib berishga farmon bergan bo’lsa-da, biroq Shayxulislomning ko’ngli yorishmadi. Keyinchalik, go’yo Shayxulislom o’z yaqinlariga Ulug’bek Mirzo o’z o’g’lining xohish va irodasiga ko’ra, shariat qozisining hukmi bilan o’ldiriladi”, – deb bashorat qilgan ekan.

Xondamirning ma’lumotiga ko’ra, Ulug’bek Mirzoning besh xotini bo’lib, ulardan faqat uchtasining nomi ko’rsatilgan, xolos. Ulug’bek Mirzoning birinchi xotini O’gi Begi – Jahongir Mirzoning o’g’li Muhammad Sulton Mirzoning qizi bo’lib, 1395 yilda Samarqandda tug’ilgan. Ulug’bek Mirzo 1404 yilda 10 yoshida O’gi begiga uylangan edi. O’gi begi 1412 yilda qiz tug’adi. Uning nomini Habiba Sulton qo’yadilar. 1419 yil 3 fevralda (822 yil 7 muharram) Samarqandda kasallanib 25 yoshida vafot etadi. O’gi Begini Muhammad Sulton Mirzo qurdirgan madrasaga – otasi yoniga dafn qiladilar.

Ulug’bek Mirzoning ikkinchi xotini Oq Sulton Xon Og’o bo’lib, Amir Temur davrida nomigagina xon qilib ko’tarilgan mo’g’ul Sulton Mahmudxonning qizi edi. Ulug’bek Mirzo Oq Sulton Xon Og’oni sevar va uni o’z safarlarida doim birga olib yurardi. Tarixchi Mirxondning hikoya qilishicha, kunlardan bir kun Ulug’bek Mirzo raml (fol ochish) ilmining mohir bilimdoni Muhammad Ardistoniy bila suhbat asosida undan yaqin kelajakda sodir bo’ladigan voqealar haqida fol ochishni so’ragan. Suhbatda Ali Qushchi ham bo’lgani tufayli, Muhammad Ardistoniy bo’lajak voqealar tuguni haram bilan bog’liq ekanligi sababli begona kishilar oldida aytolmasligini bildirgan. Ulug’bek Mirzo esa “Ali Qushchi mening do’stim, undan hech narsani sir tutmayman. Binobarin, bemalol gapiravering” – degan. Shundan so’ng, Muhammad Ardistoniy “hukmdor yaqin kunlar ichida xotinlaridan birini o’ldiradi, ikkinchi xotin, ya’ni “xon qizi”ni esa taloq qiladi” – deydi. Ulug’bek Mirzo ramlchining so’ziga ishonmaydi. Chunki “xon qizi” Oq Sulton Xon Og’oni nihoyatda sevardi. Biroq ko’p o’tmay ramlchining birinchi bashorati amalga oshadi. Shunda “xon qizi” kundosh o’limidan shodligini yashira olmay, oshkora tantana bilan hatto Ulug’bek Mirzoni kinoyali so’zlar bilan malomat qiladi. Ulug’bek Mirzo bu xotinni qanchalik yaxshi ko’rmasin, ta’nasiga chidolmay taloq qilib ajrashadi.

Ulug’bek Mirzoning uchinchi xotini Husn Nigor Xon Og’o bo’lib, Xalil Sultonning qizidir. Akademik V.V.Bartoldning eslatmasiga ko’ra, Husn Nigor Xon Og’o mo’g’ul xonlaridan Shoh Jahonning qizi bo’lgan.

Bulardan tashqari Ulug’bek Mirzo o’z qo’l ostidagi xos kanizaklaridan oltitasini o’z nikohiga kiritgan edi. Chunonchi, Ruqiya Sulton Xotun ismli kanizakdan ikki qiz – Oq Bosh va Sulton Baxt tug’ilgan edilar. Ikkinchi kanizak Mehr Sulton, uchinchisi Davlat Baxt Saodat bo’lib, Ulug’bek Mirzoning bu kanizakdan Qutlug’ Turkon Og’o ismli qizi bor edi. To’rtinchisi Xond – Sa’idning qizi – Davlat Sulton, beshinchi Baxt ismli va oltinchisi Shayx Muhammad barlosning qizi Davlat Baxt edi.

Ulug’bek Mirzoning birinchi xotini O’gi Begi 1412 yilda qiz tug’adi. Shohruh saroyidagi tartibga muvofiq homilador O’gi Begini oy-kuni yaqinlashgach, Samarqanddan Hirotga olib keladilar. 1412 yil 18 avgustda O’gi Begi homiladan bo’shaydi. Tug’ilgan qizga – Habiba Sulton deb ism qo’yadilar. Shuningdek, O’gi Begi xon avlodiga mansub bo’lgani tufayli qizi – Xabiba Sultonga “Xonzoda begim” unvonini beradilar. O’gi Begi ma’lum muddatdan keyin Hirotdan Samarqandga qaytib ketgan bo’lsa-da, ammo uning qizi – Habiba Sulton begim Gavharshod begim murabbiyaligida tarbiyalanadi.

Tarixchi Xondamirning yozishicha, Habiba Sulton begim ikki yoshida vafot qilgan. Agar Xondamirning so’ziga amal qilinsa, u holda O’gi begidan tug’ilgan ikkinchi qizga ham aynan Habiba Sulton nomini berib, Xonzoda begim deb ataganlar. Bunday xulosaga kelishimizga sabab, Fasih ul-Xavofiyning yozishicha, 1438 yilda Ulug’bek Mirzo qizi Habiba Sultonni Hirotdan Samarqandga yuborishlarini talab qilgan. Shunga ko’ra, Xabiba Sulton o’sha yili Samarqandga kelgan va 1439 yil aprel oyida yana Hirotga qaytib ketgan.

Ulug’bek Mirzoning Sulton Baxt ismli qizi bo’lgan. Ammo uning haqida to’liq ma’lumot uchramaydi. Bundan tashqari Ulug’bek Mirzoning Robiya Sulton begim nomli qizi ham bo’lgan. 1451 yilda Sulton Abusayid Mirzo o’zbek xoni – Abulhayrxon yordamida Samarqandni zabt qilgan vaqtda, Robiya Sulton begimni Abulhayrxon o’z nikohiga kiritib, Turkistonga olib ketadi. Robiya Sulton begim Abulxayrxondan ikki o’g’il tug’adi, kattasiga Kuchkunchi, kichigiga esa Suyunch deb nom beradilar. Xondamirning yozishicha, Ulug’bek Mirzoning yetti qizi bo’lgan. Bulardan biri Tug’a Turkon yoshligida vafot etgan. Ikkinchisi Og’a To’g’on Shohdir. Ammo negadir Robiya Sulton begim haqida hech nima demaydi.

Ulug’bek Mirzoning to’ng’ich o’g’li Ibodullo Mirzo bo’lib, 1412 yilda tug’ilib, 1417 yilda vafot etgan. Ikkinchi o’g’li Abdullo Mirzo esa 1420 yilda tug’ilib, 1433 yilda 14 yoshida vafot etgan. Uchinchi o’g’li Abdurahmon Mirzo esa 1421 yilda tug’ilgan. Tarixchi Mirxondning yozishicha, 1425 yilda mazkur Abduraxmon Mirzo o’z otasi Ulug’bek bilan Mo’g’uliston yurishidan qaytib kelayotgan chog’ida uchrashgan. Ammo bu shahzoda ham yoshligida – 1432 yilda 12 yoshida Samarqandda vafot etgan. To’rtinchi o’g’li Abdullatif Mirzo esa 1428 yilda beshinchi o’g’li Abdulaziz Mirzo esa 1430 yilda tug’ilgan.

ABDULLATIF MIRZO Ulug’bek Mirzoning to’rtinchi o’g’li bo’lib, Hirotda buvisi Gavharshod begim tarbiyasida o’sgan. 1437 yilda Hirotda Abdullatif Mirzoning xatna to’yi o’tkaziladi. Abdullatif Mirzo saroydagi boshqa shahzodalar bilan birga tarbiyalanadi. Hatto chet eldan kelgan elchilarni qabul qilish marosimlarida ham ishtirok qiladi.

1441 yilda Abdullatif Mirzo bilan momosi Gavharshod begim oralarida gap qochib, arazlab Samarqandga otasi Ulug’bek Mirzo huzuriga ketib qoladi. Arazning bosh omili o’zining jizzakiligi edi. Saroyda tarbiyalanayotgan shahzodalar orasida o’zidan yoshi katta amakivachchasi Alouddavla Mirzo (Boysung’ur Mirzoning o’g’li) ham bor edi. Alouddavla Mirzoga ham Gavharshod begim murabbiylik qilar va kezi kelganda boshqa shahzodalardan katta bo’lgani uchun uni qilgan ishi yoki so’zlagan so’zini ma’qullab, boshqa shahzodalarni undan ibrat olishga da’vat qilardi. O’jar va hudbin Abdullatif Mirzoga bunday pand-nasihat yoqmasdi. Buvisi Gavharshod begimning Alouddavla haqidagi navbatdagi maqtovlarini eshitarkan, qalbida Alouddavla Mirzoga nisbatan paydo bo’lgan hasad o’tiga chidayolmaydi va nihoyat arazlab Samarqandga ketib qoladi. Lekin 1442 yilda Gavharshod begim Abdullatif Mirzoni Hirotga qaytarib olib kelish uchun o’zi Samarqandga boradi va uni ko’ndirib, Hirotga olib keladi.

Abdullatif Mirzo iste’dodli va shuhratparast edi. U otasi Ulug’bek Mirzo kabi ilm-fanni qadriga yetar va olimlar bilan suhbatlashishni yaxshi ko’rardi. O’zi ham falakiyot, tarix va she’riyat bilan shug’ullanardi. Umuman, ilm-ma’rifat, ahliga ixlosmand edi. Masalan, G’arbda – Qazvin, Ray, Qum va Sultoniya viloyatlarining hukmdori Sulton Muhammad Mirzo (Boysung’ur Mirzoning o’g’li) 1446 yilda bobosi Shohruh Mirzoga qarshi bosh ko’tarib, Isfaxonni bosib oladi va Sherozni qamal qiladi. Shohruh Mirzo nabirasining aqlini kiritib qo’yish maqsadida Sherozga qo’shin tortadi. Mazkur harbiy yurishda Abdullatif Mirzo ham bobosi bilan birga boradi. Sulton Muhammad Mirzo shaharni qamaldan bo’shatib qochadi. Shohruh Mirzo shahzodaning barcha yaqin kishilari va maslahatchilarini ushlatib, javobgarlikka tortadi. Mazkur mahbuslar orasida Sulton Muhammad Mirzoning eng yaqin kishisi va maslahatchisi tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy ham bor edi. Shohruh Mirzo har bir mahbusni shaxsan o’zi tergov qilar va gunohiga qarab jazo belgilardi. Navbat Sharafiddin Ali Yazdiyga kelganda, uning shahzoda uchun yozgan g’azalida “qariyalar yoshlarga yo’l berishlari va ularga imkon yaratishlari lozim”ligi haqida so’z yuritib, go’yo Shohruh Mirzo g’arb tomonga kelmaydi, – deb shahzodani hotirjam qilgani uchun jazolamoqchi bo’ladi. Tergov jarayonida hozir turgan Abdullatif Mirzo bobosi Shohruh Mirzoning fikrini ma’qullab, ataylab, Sharafiddin Ali Yazdiyni kinoyali iboralar ishlatib koyiydi. Shohruh Mirzo tarixchini jazolash huquqini Abdullatif Mirzoga havola qiladi. Abdullatif Mirzo tarixchining hayotini saqlab qolish uchun xuddi shunday farmonni kutib turgan edi. U darhol Sharafuddin Ali Yazdiyni Hirotga jo’natib yuboradi. Keyinchalik tarixchi Hirotdan o’zi tug’ilib o’sgan shahri Taftga ketadi.

Abdullatif Mirzo otasi Ulug’bek Mirzoga nisbatan o’ta g’ayratli va qat’iyatli bo’lib, har qanday qattiq qo’llikni ishlatib bo’lsa-da, o’z maqsadini ro’yobga chiqarardi. Binobarin, uning keskin xatti-harakati dushmanlar ko’ngliga vahima solardi. Abdullatif Mirzo dunyoviy ilmlardan qanchalik xabardor bo’lmasin, diniy aqidalardan, ahkomi shariatdan ham yuz o’girmasin, din peshvolariga, darveshlarga ehtirom ko’rsatar va ularning anjumanlarida ishtirok etib, uning suhbatlari, pandu nasihatlarini jon qulog’i bilan tinglardi.

Shohruh Mirzo vafotidan so’ng Xuroson taxtiga marhum Boysung’ur Mirzoning katta o’g’li Alouddavla Mirzo o’tiradi. Bu vaqtda Shohruh Mirzoning Ulug’bek Mirzodan boshqa barcha o’g’illari hayotdan ko’z yumgan edilar. Ulug’bek Mirzo ota taxtiga da’vogar bo’lib, o’z o’g’li Abdullatif Mirzoni Xuroson taxtiga qoyim qilmoq maqsadida 1448 yil bahorida 90 minglik qo’shin bilan jiyani Alouddavlaga qarshi hujumga o’tadi. Alouddavla Mirzo Tarnob degan joyda Ulug’bek Mirzo qo’shiniga duch kelib yengiladi va Mashhadga, so’ngra ukase Abulqosim Bobur oldiga – Ko’changa qochib ketadi. Ulug’bek Mirzo Abdullatif Mirzo bilan Hirotga tantanali ravishda kirib keladilar. Ana shu jangdan so’ng Ulug’bek Mirzo shuhratparast va kekchi Abdullatifning jig’iga tegadigan ish qiladi. Chunonchi, Hirotdan 14 farsax narida bo’lgan Tarnob jangida qo’shinning chap qanoti Abdullatif Mirzoga, o’ng qanoti esa nomigagina kasalmand Abdulaziz Mirzoga topshirilgan edi. Zotan, jangni g’alaba bilan tugallanishida Abdullatif Mirzo jasorat ko’rsatib, jonbozlik qilgan esa-da, biroq jangdan so’ng Ulug’bek Mirzo barcha viloyatlarga yo’llagan yorlig’ida g’alaba sha’nini suyukli o’g’li Abdulaziz Mirzo nomiga yozdirgan edi. Boz ustiga poytaxt Hirot qo’lga olingach, o’g’li Abdullatif Mirzoni Ixtiyoriddin qal’asiga kiritmaydi. Holbuki, Shohruh Mirzo hayotlik davrida Ixtiyoriddin qal’asini Abdullatif Mirzoga in’om qilgan edi. Binobarin, 1446 yili Abdullatif mirzo bobosi Shohruh Mirzo bilan Isfaxon yurishiga taraddudlanarkan, o’ziga tegishli bir necha ming misqol oltin va kumush buyumlar va 200 tuman pulni Ixtiyoriddin qal’asiga berkitib ketgan edi. Ulug’bek Mirzoning Abdullatif Mirzoga nisbatan qo’llagan xatti-harakati uning qalbida o’chmas dog’ bo’lib qoladi.

Bu vaqtda ko’chmanchi o’zbeklar xoni – Abulhayrxon Ulug’bek Mirzoning Xurosonga ketganidan foydalanib, Movarounnahrga bosqin yasab, ko’pgina qishloq va shaharlarni talab, Samarqandgacha yetib keladi. Bu xabarni eshitgan Ulug’bek Mirzo Hirotni Abdullatif Mirzoga topshirib, o’zi har nechuk bo’lsa-da, Samarqandni saqlab qolish uchun shoshilinch ravishda yo’lga tushadi. Ulug’bek Mirzo o’zi bilan birga Shohruh Mirzoning jasadi solingan tobutni hamda Shohruh Mirzoning Gavharshod begim madrasasiga berkitib qo’ygan bir bo’lak xazinasini olib Amudaryo – Kalif kechuvi tomon yo’l oladi. Shu paytda Abulqosim Bobur Saraxsda edi. U amakisi Ulug’bek ortidan amir Hindukani katta qo’shin bilan jo’natadi. Amir Hinduka yarim kechada Ulug’bek Mirzo qarorgohiga hujum qiladi. Bu bosqinda Ulug’bek Mirzo ko’p kishisi va boylikdan ajraydi. Ertasi tongda Ulug’bek Mirzo Kalif kechuvidan o’tayotganda ko’chmanchi o’zbeklar hujumiga uchraydi. Nihoyat, qolgan qo’shini bilan qishni Buxoroda o’tkazadi. Tobutni esa Samarqandga jo’natadi va Go’ri Amir maqbarasiga dafn ettiriladi.

Ulug’bek Mirzo Amudaryodan kechib o’tib ketgach, Abulqosim Bobur Mirzo Saraxsdan Hirotga – Abdullatif Mirzoga qarshi katta qo’shin jo’natadi. Abdullatif Mirzo jangga bardosh berolmay Hirotni tashlab chiqadi va Balx tomon ketadi. Balx hokimligi bir necha mayda viloyatlardan iborat bo’lib, Abdullatif Mirzoning ulushi hisoblanardi. Tarixchi Mirxondning bergan xabariga ko’ra, 1449 yil bahorida Abdullatif Mirzo qo’l ostidagi mulkdor shahzodalardan biri isyon ko’taradi. Isyon bostirilib, shahzoda qatl qilinadi. Abdullatif Mirzo maqtulning cho’ntagidan maktub topib oladi. Maktub Ulug’bek Mirzo qo’li bilan yozilgan bo’lib, go’yo shahzodani Abdullatif Mirzoga qarshi isyon ko’tarishga da’vat qilingan ekan. Tabiiyki, ana shundan so’ng Abdullatif Mirzo o’z otasiga butunlay ishonchini yo’qotadi va dushmanlik yo’liga kiradi.

Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, go’yo Ulug’bek Mirzo bilan Abdullatif Mirzo o’rtalarida azaldan bir-birlariga ishonchsizlik mavjud bo’lgan. Zero, har ikkovlari ham falakiyot ilmiga mohir bo’lib, munajjimlik jadvali yuzasidan qur’a tashlab, o’z shaxsiy taqdirlarida qanday qismatlar vujudga kelishini aniqlaganlar. (O’rta asrlarda odam tug’ilgan paytda sayyoralarning qanday turganini ko’rsatuvchi hamda tug’ilgan insonning kelajak taqdirini aytib beruvchi jadval asosida qur’a (chek tashlaganlar). Qur’aning dalolaticha, ota-bolaning taqdirlarida sodir bo’lajak fojiali qismatlar o’zgalardan emas, aynan bir-birlaridan vujudga kelishini bilganlar va shunga ishonganlar, degan munozarali ma’lumotlar ham uchraydi. Amalda esa 1448 yilgacha Abdullatif Mirzoning xatti-harakatlarida otasi Ulug’bek Mirzoga qarshi badgumonlik alomatlari sezilmaydi.

Abdullatif Mirzo otasi Ulug’bek Mirzoga qarshi jang taraddudini ko’ra boshladi. Ulug’bek Mirzo ham taqdirga tan berib, o’z o’g’li Abdullatif Mirzoga qarshi qo’shin tortishga majbur bo’ladi. Ulug’bek Mirzo poytaxt Samarqandga kichik o’g’li Abdulaziz mizoni qo’yib, jiyani va kuyovi Abdulaziz Mirzoni (marhum Ibrohim Mirzoning o’g’li) o’zi bilan birga olib, Amudaryo sohilida turgan Abdullatif Mirzoga qarshi qo’shin tortadi. Davlatshoh Samarqandiyning ma’lumotiga qaraganda, Amudaryo qirg’og’ida ota-bolaning qo’shinlari uch oy mobaynida bir-birlariga qarama-qarshi turib har ikki tomon qo’shinidan kichik-kichik guruhlar daryoni kechib o’tib, to’qnashar edilar. Ammo bu to’qnashuvlarda zafar ko’proq Abdullatif tomonida bo’lardi. Ana shunday to’qnashuvlardan birida Abdullo Mirzoni ham asirga oladilar. Ayni vaqtda Ulug’bek Mirzo qo’shin orasida isyon vujudga kelayotgan edi. Bunga sabab, Abdulaziz Mirzoning Ulug’bek qo’shinida xizmat qilayotgan amir va beklarning oilasiga tinchlik bermayotgani va turli kamsitishlarga mahkum etayotganida edi. Bu haqda qo’shinga xabar kelgach, amirlar va beklar o’rtasida norozilik shu darajaga yetdiki, hatto Ulug’bek Mirzoni tutib, Abdulaltif Mirzo qo’liga topshirish xavfi ham yo’q emasdi. Ulug’bek Mirzo darhol amir va beklarga murojaat qilib, ularni tinchitishga harakat qiladi va o’g’li Abdulaziz Mirzoga pand-nasihat va do’q-po’pisalar bilan maktub yo’llaydi.

Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, ayni shunday qaltis vaziyatda turkmanlarning Arg’un qabilasi o’zlariga 25 yoshli Abusayid mirzoni boshliq qilib, Samarqandni qamal qilgani haqida xabar keladi. Abdurazzoq Samarqandiyning so’ziga ko’ra, mazkur qabila Ulug’bek bilan harbiy yurishda birga bo’lib, Amudaryo sohiliga kelgach, lashkargohdan ajralib chiqib, Samarqandni muhosara qilgan. Ulug’bek Mirzo esa bu voqeadan bexabar bo’lib, faqat Samarqand muhosarasi boshlangach, unga xabar yetib kelgan. O’z-o’zidan ma’lumki, Ulug’bek Mirzo poytaxt Samarqand taqdirini o’z holiga tashlab qo’ya olmas edi. Binobarin, darhol qo’shini Samarqand tomon burib, Abusayid Mirzoni daf’ etib, Samarqandda osoyishtalik o’rnatib, shaharga Mironshoh qavchinni boshliq tayinlaydi va Abdulaziz Mirzoni o’zi bilan birga olib, Amudaryo sohiliga yo’l oladi.

Biroq bu paytda Abdullatif Mirzo qo’shinlari Amudaryodan kechib o’tib, Termiz va Shahrisabzni zabt qilgan edi. Nihoyat, ota-bola o’rtasidagi bo’lajak jang, Samarqand yaqinidagi Dimishq qishlog’ida sodir bo’ladi. Jangda Ulug’bek Mirzo mag’lubiyatga uchrab, Samarqandga qaytadi. Ammo bu shahar hokimi Mironshoh qavchin Ulug’bekni shaharga kiritmaydi. Noiloj qolgan Ulug’bek Mirzo o’z xohishi bilan o’g’li Abdullatif Mirzoga taslim bo’ladi.

Abdullatif Mirzo tantanali ravishda Samarqandga kirib keladi. Taxtga o’tirgach, otasi Ulug’bek Mirzoni Ka’batullo ziyoratiga jo’natish niqobi ostida qatl qilinishiga rozilik bildiradi. Nihoyat, buyuk alloma Ulug’bek Mirzo 1449 yil 25 oktabrda qatl qilinadi. Abdullatif Mirzo otasining qatlidan ikki kun o’tgach, ukase Abdulaziz mirzoni ham qatl qildiradi.

Abdullatif Mirzo hokimiyatga kelgach, mamlakatda mustabid tartib o’rnatiladi. U o’z muxoliflarini shafqatsizlik bilan yanchib tashlardi. Saroy a’yonlari – amirlar va beklar orasida fojiali nizolar hamda xalqning turli tabaqalari orasida ziddiyat kuchayadi. Oddiy mehnakash xalq boshiga og’ir kulfatli kunlar tushadi. Abdullatif Mirzo otasi Ulug’bek Mirzoga yaqin turgan kishilarning ko’pini qatlga buyuradi. Ayrimlarini saltanat ishlaridan chetlatdi. Jumladan, amakivachchasi Abdullo Mirzoni zindonga tashladi. Shuningdek, jangda asirga olingan Abusayid Mirzoni ham Ko’ksaroy avaxtasida tutqunlikda saqlaydi. Ammo 1450 yil bahorida Abu Sayid Mirzo avaxtadan qochib, Buxoroga ketadi.

Abdullatif Mirzo saltanati e’tiborli ruhoniylar uchun qo’l keldi. Chunki Abdullatif Mirzo otasi Ulug’bek Mirzo kabi dunyoviy ilmlar bilan shug’ullanibgina qolmay, din peshvolari bilan ham yaqin munosabatda edi. U har juma kuni jome’ masjidiga borib, juma namozini ado etardi.

Abdullatif Mirzo davrida mamlakat salohiyati bo’lgan qo’shin va oddiy xalqning ahvoli nihoyatda achinarli bir darajaga yetadi. U har qanday isyon va itoatsizlikni shafqatsizlik bilan bostirardi. Abdurazzoq Samarqandiyning iborasi bilan aytganda, u “kattaga hurmat, kichikka shafqat”, degan tushunchani tan olmasdi. Uning tutgan siyosatidan norozi bo’lgan kishilar, ovoz chiqarishga ham jur’at qilolmasdilar: Ana shunday qattiqqo’llik natijasi o’laroq, go’yo Movarounnahr hududida osoyishtalik hukmrondek edi. Abdurazzoq Samarqandiyning so’ziga qaraganda, hatto ko’chmanchi o’zbeklar ham Movarounnahrga bosqin qilishga jur’at qilmas edilar. Holbuki, ular har yili qish faslida Samarqandga besh farsax masofa qolguncha bosqin qilib qaytardilar. Endilikda Abdullatif Mirzoning vahshatidan qo’rqib, shahardan yuz farsax naridan qaytib ketardilar.

Ammo norozilik zimdan davom etardi. Binobarin, hukmdor Abdullatif Mirzoga qarshi suiqasd hozirlanmoqda edi. Suiqasdni uyushtiruvchilar Ulug’bek Mirzo va Abdulaziz Mirzoning navkarlari hamda yaqin kishilari edi. Ular valine’matlarining qasosini olishdek ulug’vor vazifarni o’z oldilariga maqsad qilib qo’ygan edilar.

Abdullatif mirzoga qarshi tayyorlanayotgan suiqasddan uning yaqin kishilaridan ayrimlari xabardor bo’lsalar-da, ammo hukmdorning g’azabidan qo’rqib, aytishga jur’at qilmaganlar yoki umuman “ogoh” etishni istamaganlar. Abdullatif Mirzoning yaqin hamnishinlaridan biri keyinchalik tarixchi Abruazzoq Samarqandiyga, suiqasddan xabardor bo’lsa-da, biroq hukmdorning g’azabidan qo’rqib, ogohlantirmaganligi haqida so’zlagan. “Tarix-i Abulhayrxoniy”ning muallifi Mas’ud bin Usmon al-Ko’histoniyning hikoya qilishicha, Abdullatif Mirzo shahar chetining shimoliy qismida joylashgan “Bog’i maydon”da, tarixchi Mirxondning yozishicha, “Bog’i chinor”da aysh-ishratga mashg’ul bo’lib, ancha kayfi oshib uxlab qolgan. Shu kecha Abdullatif Mirzo uyquda tush ko’radi, -deb hikoyasini davom ettiradi Mas’ud bin Usmon al-Ko’histoniy. – Tushida uning oldiga noma’lum bir kishi kirib kelib, qo’lidagi usti harir ro’mol bilan yopilgan laganni uning oldiga qo’yadi. Abdullatif Mirzo ohista qo’l cho’zib, lagan ustidagi ro’molni ko’targanda o’zining kesilgan boshini ko’rdi va dahshatdan qattiq qichqirib, uyg’onib ketadi. Abdullatif Mirzo mazkur qo’rqinchli tush ta’birini Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa”sidan topmoq istagida jovondan mazkur kitobni olib, to’g’ri kelgan joyini ochadi. Ochilgan varaqda quyidagi bayt yozilgan ekan:

Padarkush podishohiro nashoyad,
Va gar shoyad bas hash mohi napoyad.

Ya’ni “Otasini o’ldirgan podshohlikka noloyiqdir, agar loyiq bo’lsa ham uning hukmronligi oltin oydan oshmaydir”.

Abdullatif mirzo ko’rgan tushidan, boz ustiga uning ta’biridan qo’rquvga tushib, bu bexosiyat bog’dan tezroq jo’nab ketishga harakat qiladi. Abdullatif Mirzoning subhidamda “Bog’i maydon”dan chiqib, otga minib shahar tomon ketayotganida, yo’l ustida sodir bo’lgan voqealar “Tarix-i Abulhayrxoniy” nomli asarda quyidagicha tasvirlanadi: “Jangu jadallarda Rustami doston va Isfandiyordek bo’lg’on va Abdulaziz Mirzo tarafidin martabasi yuqorilatdirilg’on Bobo Husayn bahodir ikki nomdor podshoh – Ulug’bek Kuragon birlan Mirzo Abdulaziz shahid etilg’onlaridan so’ngra qasd qilub, badkirdor Abdullatif Mirzoning xizmatig’a kirdilar va kecha demayin, kunduz demayin ong’a tirishib xizmat qildilar, ammo qalbida ong’a kina saqlab, ul badkirdorni mahv etish xayoli birlan yurdilar. Bobo Husayn bahodir o’sha kuni kamonni yelkaga osub, jonin shu ishga tikdi, sodiq navkari birlan Abdullatifning yo’lini poyladi. Shahzodaning navkari chorraha darbozasidin tashqarig’a chiqdi va tor ko’cha bo’ylab yo’lga tushdi. Ko’chaning bir tarafi jarlik bo’lib, ikkinchi tarafi Bog’i Navning baland devoir edi. Bobo Husayn bahodir va aning navkari ot ustida yo’l chetidagi katta qayrag’och orqasida poylab turdilar. Abdullatif alarming yonginasidan o’tib ketdi, lekin besh-olti qadam o’tgach, Bobo Husayn bahodir kamonni yelkasidin oldi va ani o’qlab shahzodani aniq nishonga oldi. Abdullatif faqat “Olloh, o’q tegdi!” deb aytishga ulgurdi, xolos. U otdan qulab tushdi va shu topdayoq jon berdi. O’q aning chap kuragini teshib o’tib yuragiga qadalg’on erkan. Mirzoning mulozimlari oldi-orqasiga qaramayin tum-taraqay bo’lib qochdilar. Bobo Husayn bahodirning navkari chopub borubb, Abdullatifning boshini kesib oldi va xurjinga soldi. Padarkush Abdullatifning boshini shu paytning o’zidayoq Registonga oluib borub, Mirzo Ulug’bek madrasasining peshtoqiga osub qo’ydilar”.

Darhaqiqat, bu voqea hijriy 854 yil rabbi ul – avval oyining 26 sida, melodiy 1450 yil 9 may kuni sodir bo’lgandi

Abdullatif Mirzoning fojiali halokatidan so’ng, arkoni davlat birlashib, Abdullo Mirzoni Ko’ksaroy avaxtasidan olib chiqib, saltanat taxtiga o’tkazib, podshoh deb e’lon qiladilar.

“Tarixi Kasira”da zikr qilinishicha, Abdullatif Mirzoning besh o’g’li bo’lib, to’ng’ichi Abdurazzoq Mirzo, ikkinchisi Ahmad mirzo, uchinchisi Mahmud Mirzo, to’rtinchisi Muhammad Jo’ki Mirzo va beshinchisi Muhammad Boqi Mirzo edi. Mazkur shahzodalarning onalari haqida ma’lumot yo’q. Har holda Abdullatif Mirzoning haramida bir emas, bir necha xotinlari bo’lgan bo’lishi kerak.

Abdullatif Mirzo qatlidan so’ng, uning farzandlarini Hirotga – Gavharshod begim huzuriga jo’natgan edilar. Shahzodalar avval buvilari Gavharshod begim tarbiyasida, keyinchalik Hirot hukmdori Abulqosim Bobur Mirzo saroyida mulozimatda edilar.

1457 yilda Abulqosim Bobur Mirzo vafot qilgach, Sulton Abusayid Mirzo Xuroson taxtini ham o’z tasarrufiga kiritadi. Tabiiyki, Shohruh Mirzo avlodiga mansub bo’lgan shahzodalar Sulton Abusayid Mirzoga nisbatan adovat va husumat nazari bilan qaray boshlaydilar. Binobarin, Sulton Abusayid Mirzo Shohruh avlodining Movarounnahr va Xuroson taxtiga bo’lgan da’volaridan batamom xalos bo’lish maqsadida bir necha shahzodalarni, jumladan Abdullatif Mirzoning to’ng’ich o’g’li 17 yoshli Abdurazzoq Mirzoga zahar berib o’ldiradi. Shundan so’ng Ahmad Mirzo Balxda qo’zg’olon ko’taradi. Qo’zg’olon shafqatsizlik bilan bostirilib, 16 yoshli Ahmad Mirzo esa qatl qilinadi.

Abdullatif Mirzoning uchinchi o’g’li Mahmud Mirzo esa ukase Muhammad Jo’ki Mirzo bilan birgalikda ko’p yillar davomida Sulton Abusayid Mirzoga qarshi kurashadi. Nihoyat, 1463 yilda Mahmud Mirzoga qo’lga olinib qatl qilinadi.

Muhammad Jo’ki Mirzo Abdullatif Mirzoning to’rtinchi o’g’li bo’lib, 1447 yilda Hirotda tug’ilgan edi. Otasi Abdullatif Mirzo qatlidan so’ng u ham Hirotda – Abulqosim Bobur saroyida tarbiya topib, 1457 yilda esa Shohruhiya, Axsikent, Toshkent va Sayram viloyatlarini boshqarish uchun yuborilgan edi.

“Tarix-i Abulhayrxoniy” asarining muallifi Mas’ud Ko’histoniyning yozishicha, Xuroson taxtini Sulton Abusayid Mirzo o’z tasarrufiga kiritgach, 1458 yilda Muhammad Jo’ki Mirzo Yassiga (Turkiston) – Abulhayrxon huzuriga ko’mak istab boradi. Tarixdan ma’lumki, 1451 yilda Abulhayrxon Sulton Abusayid Mirzoning Samarqand taxtiga o’tirishga yordamlashgan va evaziga Ulug’bek Mirzoning Robiya Sulton begim ismli qizini xotinlikka olib ketgan edi.

Muhamamd Jo’ki Mirzo ammasi tufayli Abulhayrxon bilan uchrashadi.

Abulhayrxon shahzodani yaxshi kutib oladi. Abulhayrxon o’zining harbiy sarkardalaridan Bo’rka Sulton boshchiligida katta qo’shinni Muhammad Jo’ki Mirzo ixtiyorida beradi. Bo’rka Sulton qo’shini Movarounnahr hududiga shiddat bilan bostirib kirib, Sulton Abusayid Mirzo qo’shinini Karmana yonida mag’lubiyatga uchratadi. Shundan so’ng o’zbeklar qo’shini Shohruhiyani egallaydi. Muhammad Jo’ki Mirzo o’zbeklar yordamida Shohruhiya, Axsikent va Sayramni qo’lga kiritadi. Sulton Abusayid Mirzo Muhammad Jo’ki Mirzo bilan sulh tuzishdan boshqa iloji qolmaydi. Muhammad Jo’ki Mirzo garchi Sulton Abusayid Mirzoning hukmronligini rasman tan olsa-da, amalda esa mustaqil hukmronlikka erishadi.

1461 yilda Muhammad Jo’ki Mirzo Sulton Abusayid Mirzoga qarshi bosh ko’taradi. Qo’zg’olonga Shohruhiyaning barcha aholisi qatnashadi. Sulton qo’shinlari shaharni qamal qiladi. Ammo qamal ko’pga cho’zilib, Sulton Abusayid Mirzo qo’zg’olonchilar bilan sulh tuzishga majbur bo’ladi. 1461 yil oxirida sulh tuziladi va shahar qamaldan ozod qilinadi. Ammo ko’p o’tmay 1462 yilda shahar yana Sulton qo’shini tomonidan qamal qilinadi. Qamal bir yildan ortiq davom etadi. Nihoyat 1463 yil kuzida qo’zg’olonchilarning talabiga muvofiq Xo’ja Ahrorni vositachilik uchun taklif qiladilar. Xo’ja Ahrorni kelib har ikki tomonni murosaga keltiradi hamda taslim bo’lgan qo’zg’olonchilarning barchasini gunohidan o’tib, ularga zarar yetkazmaslikka Sulton Abusayid Mirzoni qasamyod qildiradi. Ana shundan so’ng Muhammad Jo’ki Mirzo boshliq shahar xalqi Sultonga taslim bo’ladilar. Sulton Abusayid va’da qilgan avfu umumiyni faqat qo’zg’olon ishtirokchilarigagina joriy qiladi. Qo’zg’olon boshlig’i Muhammad Jo’ki Mirzoni esa 1464 yil yanvarida ushlatib, Ixtiyoriddin qal’asining zindoniga tashlattiradi. Muhammad Jo’ki Mirzo o’sha yili zindonda vafot etadi.

Abullatif Mirzoning beshinchi o’g’li Muhammad Boqi mirzo yosh bolalik davridayoq vafot etgan edi.

ABDULAZIZ MIRZO Ulug’bek Mirzoning kenja o’g’li bo’lib, 1430 yilda Samarqandda tug’ilgan. Shohruh Mirzo saroyida o’rnatilgan tartibga muvofiq, har bir shahzodaning to’ng’ich o’g’li Hirotda Shohruh Mirzo saroyida tarbiyalanardi. Bu o’sha davrda odat tusiga kirgan edi. Binobarin, Ulug’bek Mirzoning ham to’ng’ich o’g’li Abdullo Mirzo Hirotda, Abdurahmon Mirzo esa otasi Ulug’bek Mirzo huzurida Samarqandda tarbiyalangan bo’lsa ajab emas. Abdullo Mirzo vafot etgach, Abdullatif Mirzoni Hirotda, bobosi Shohruh Mirzo saroyida tarbiyalashga jazm qilingan. Ulug’bek Mirzo esa kenja o’g’li Abdulaziz Mirzo bilan qolgan.

Ulug’bek Mirzo kenja kenja o’g’li Abdulaziz Mirzo Abdullatif mirzoga nisbatan yaxshi ko’rgan hamda ko’p sohalarda uning ko’ngliga qarab ish tutgan. Binobarin, Abdulaziz Mirzo erkatoy va arzanda bo’lib o’sgan. Natijada, uning xatti-harakatlari otasi Ulug’bek Mirzoga pand bera boshlagan. 1449 yil Ulug’bek Mirzo Abdullatif Mirzoga qarshi jangga ketayotib, Abdulaziz Mirzoni o’z o’rniga qo’yib ketadi. Abdulaziz Mirzo ota taxtiga o’tirish bilan hech bir istisnosiz beibolarcha harakat qiladi. U Samarqand shahridagi kazo-kazolar, jumaladan otasi Ulug’bek Mirzo bilan birga jangga ketgan bek va amirlarning xonadonlaridagi go’zal qiz-juvonlar, chiroyli kanizaklarni majburan saroyga keltirib, aysh-ishratga mashg’ul bo’ladi. Albatta, bunday sharmandalika qarshi shahar zodagonlari janggohda turgan bek va amirlar hukmdor Ulug’bek Mirzoning qo’llagan oqilona chora-tadbirlari natijasida xavf solayotgan isyon tinchlik bilan bartaraf qilingan bo’lsa-da, biroq saltanat akobirlarining ko’nglida Ulug’bek Mirzoga nisbatan tug’ilgan kina-kudurat mamlakat poydevoriga rahna solgan edi. Ulug’bek Mirzoning jangda mag’lubiyatga uchrab, Abdullatif Mirzo huzuriga bosh egib borishining, taslim bo’lishining ham bosh omili shunda edi. Voqeaning bunday qaltis rivojlanishida arzanda o’g’il Abdulaziz mirzoning hissasi katta edi.

Zahiriddin Muhammad Bobur va “Tarixi Rashidiy”ning muallifi Muhammad Haydarlarning yozganlardan ma’lum bo’lishicha, Ulug’bek Mirzo kenja o’g’li Abdulaziz Mirzoning yoshligidayoq Yunusxonning (keyinchalik Toshkent xoni) singlisi beshik ketti qilib qo’ygan ekan. Binobarin, Abdulaziz Mirzo 1434 yildan boshlab “xon” unvoniga ega edi.

IBROHIM MIRZO Shohruh Mirzoning ikkinchi o’g’li bo’lib, 1394 yilda tug’ilgan, Onasi To’ti begim edi. Ibrohim Sulton Mirzoga maxsus otabek tayinlanadi va otabekning xotini esa enagalik vazifasini o’taydi. Shuningdek, Ulug’bek Mirzo Saroy Mulk xonim tarbiyasiga topshirilganidek, Ibrohim Mirzoni Tuman Og’o begim ixtiyoriga topshiriladi. Shohruh Mirzo 1409 yilda Xalil Sulton Mirzodan Movarounnahrni tortib olgach, o’z o’g’li Ibrohim Mirzoga Balx viloyatinign hokimligini in’om qiladi. Keyinchalik fors hukmronligi ham Ibrohim Mirzoga topshiriladi.

Ibrohim Mirzo o’qimishli, tabiatan muloyim kishi edi. U tarix va jug’rofiya ilmining bilimdoni edi. Ibrohim Mirzo o’z saroyiga olimu fozillarni yig’ar va ular suhbatidan bahramand bo’lishni yoqtirardi. Mashhur tarixchi Sharafuddin Ali Yazdiy ham Ibrohim Mirzo saroyida ko’p vaqt yashab, o’zining “Zafarnoma” asarini shu yerda yozib tugallagan.

Ibrohim Mirzo 1435 yil 4 mayda kasal bo’lib, 42 yoshida vafot etadi. Ibrohim Mirzo uch o’g’ilning otasi bo’lib, to’ng’ich o’g’li Sulton Abu Isxoq Mirzo edi. Sulton Abu Isxoq Mirzo 1419 yilda tug’ilgan bo’lib, 1427 yilda 9 yoshida vafot qilgan edi. O’rtancha o’g’li Ismoil Mirzo 1423 yilda tug’ilib, 1432 yilda vafot etadi. Ibrohim Mirzo vafotidan so’ng kenja o’g’li Abdullo Mirzo qolgan edi. U 1433 yilda tug’ilgan edi. Mazkur shahzodalar Ibrohim Mirzoning Ruqiya begim nomli xotinidan tug’ilgan edilar. Ibrohim Mirzoning Ruqiya begimdan boshqa yana xotini bo’lgan-bo’lmaganligi haqida ma’lumot uchramaydi.

ABDULLO MIRZO Ibrohim Mirzoning kenja o’g’li bo’lib, 1433 yilda Ruqiya begimdan tug’ilgan edi. Abdullo Mirzo ikki yoshga to’lganda otasi Ibrohim Mirzo olamdan o’tadi. Shohruh Mirzo ikki yashar nabirasi Abdullo Mirzoni otasining ulushi – Forsga hokim qilib tayinlaydi. Ammo Abdullo Mirzo hali yosh bo’lgani tufayli, davlat ishlarini shahzodaning onasi Ruqiya begim va otabegi Shamsuddin Sheroziy olib boradilar.

Abdullo Mirzo otasining saroyiga yig’ilgan olimu fuzalolar orasida o’sdi. U aqlli, ziyrak va zamonasining o’qimishli kishilaridan bo’lib yetishdi. U mashhur muarrix Sharafiddin Ali Yazdiyning ta’limini olgan, binobarin tarix ilmiga havasi zo’r edi. U yoshligidanoq Tabariy, Juvayniy, Vassof, Gardiziy va Hamdulloh Qazviniy singari yirik allomalarning asarlarini mutolaa qilgandi. Shuningdek, ilmi nujum, riyoziyot va she’riyat ilmilardan ham xabari bor edi.

1447 yil o’rtasida Abdullo Mirzoning amakivachahsi Sulton Muhammad Mirzo Fors viloyatini bosib olgach, Abdullo Mirzo Hirotga qochib keladi va ma’lum bir muddat Alouddavla Mirzo bilan birga bo’ladi. 1448 yilda Ulug’bek Mirzo Xurosonga qo’shin tortib kelib, Tarnob yaqinida Alouddavlar Mirzodan qochib, amakisi Ulug’bek Mirzoga kelib qo’shiladi. Ulug’bek Mirzo aqlli va ziyrak jiyani Abdullo Mirzo e’zozlar va doim o’zi bilan birga olib yurardi. Davlatshoh Samarqandiyning yozishicha, Ulug’bek Mirzo jiyani Abdullo Mirzoga o’z qizini berib, uni kuyov ham qilgan.

1449 yilda Ulug’bek Mirzo bilan Abdullatif Mirzo oralaridagi jang asnosida Abdullo Mirzo Abdullatif Mirzo tomonidan asirga olib, Ko’ksaroy avaxtasiga tashlanadi. 1450 yil 9 mayda Abdullatif Mirzo qatl qilingach, shahar a’yonlari Abdullo Mirzoni Ko’ksaroydan olib chiqib, podshoh ko’taradilar va uning nomini xutbaga qo’shib o’qiydilar.

Abdullo Mirzo taxtga o’tirgach, amakisi Ulug’bek Mirzo qo’llagan siyosatni qo’llab, mehnatkash xalq ommasining ahvolni bir oz yaxshilaydi. Abdulo Mirzo amakisi Ulug’bek Mirzoning jasadini Ulug’bek madrasasidan ko’chirib, Go’ri Amirga keltirib dafn ettiradi va unga qabr toshi o’rnattiradi.

Ammo Abdullatif Mirzo qatl qilinib, Abdullo Mirzoning taxtga o’tirish xabari atrofga tarqalgach, Samarqand taxtiga da’vogarlar g’imirlab qoladilar. Jumladan, Mironshod Mirzo avlodidan Sulton Abusayid Mirzo Buxoro din peshvolarining madadi bilan darhol Samarqandga hujum qiladi. Biroq Abdullo Mirzo qo’shinlari tomonidan mag’lubiyatga uchrab, dasht orqali shimolga qochadi va Yassi (Turkiston) shaharini bosib olib, o’sha yerda joylashadi.

Abdullo Mirzoga tahdid solayotgan ikkinchi raqib ham bor edi. Alouddavla Mirzo Balx, Hisor va Shibirg’onni bosib olib, endilikda Samarqandga yurish taraddudida edi. Abdullo Mirzo Alouddavlaga qarshi o’z qo’shini bilan Shahrisabzdan yo’lga tushadi. Biroq, jang bo’lmay har ikki qo’shin orqasiga qaytib ketadi, sababi Xurosonda Abulqosim Bobur Mirzo Alouddavlaga qarshi qo’shin tortib keladi.

1450-1451 yil qishida Abdullo Mirzo Yassiga o’z qo’shinini yuboradi va shahar qamal qilinadi. Sulton Abusayid Mirzo makr-hiyla bilan bir necha ayg’oqchilarini samarqandlilar orasiga yuboradi. Ular qo’shin orasida “Abulhayrxon turkistonliklarga yordamga kelayotir”, – deb gap tarqatadilar. Samarqandliklar bu gapni rost fahmlab, qamalni tashlab orqaga chekinadilar. Bu xabar Abdullo Mirzoga yetgach, shaxsan o’zi katta qo’shinga bosh bo’lib, Sulton Abusayid Mirzoga qarshi yo’lga chiqadi. Abdullo Mirzoning katta qo’shin bilan kelayotganini eshitgan Sulton Abusayid Mirzo yordam so’rab o’zbek xoni Abulhayrxonga elchi yuboradi. Abulhayrxon fursatdan foydalanib, Samarqandni yana qaytadan talash niyatida o’z qo’shini bilan yo’lga chiqadi. Abulhayrxon Sulton Abusayid Mirzo qo’shini bilan birgalashib Toshkentga, u yerdan Xo’jandga keladilar. Bu vaqtda Abdullo Mirzoning askarlari Mirzachol orqali yurib, Bulung’urda Abdullo Mirzo qo’shiniga ro’para keladilar. 1451 yil iyun oyida Bulung’ur dashtining janubidagi Sheroz qishlog’i yaqinida har ikki qo’shin o’rtasida qonli jang bo’ladi. Natijada, Abulhayrxon qo’shini Abdullo Mirzoning ko’p sonli ustidan g’alaba qozonadi. Abdullo Mirzo mardona kurashib, jang maydonidan orqaga qaytayorganda o’q tegib, 17 yoshida halok bo’ladi. Sulton Abusayid Mirzo esa hech qanday qarshilikka uchramay, Samarqandga kirib, taxtni egallaydi.

BOYSUNG’UR MIRZO Shohruh Mirzoning uchinchi o’g’li bo’lib, 1397 yilda tug’ilgan. Onasi Gavharshod begim edi. Boysung’ur Mirzo tabiatan xushchaqchaq va o’qimishli kishi bo’lgan. 1414 yildan 1416 yilgacha Mozandaron, Astrobod va Jurjon viloyatlariga hokimlik qiladi. U o’z saroyiga olimu fuzalolar va shoirlarni yig’ib, anjumanlar o’tkazib turgan. G’azalxonlikni yoqtirgan, o’zi ham g’azallar bitgan.

1416 yildan to 1420 yilgach Hirotda otasi Shohruh Mirzoga vazirlik mansabiga qoyim bo’lgan. Boysung’ur Mirzo vazirlik yillarida Hirotda kutubxona tashkil qilgan edi. O’sha zamon tarixchilarining guvohlik berishicha, kutubxona qoshida o’z davrining mashhur hattotlari, naqqoshlari, musavvirlari, sahhof va zarkorlarning qirq nafari to’planib, ilmiy va ijodiy ish olib borganlar. 1425-1426 yillarda mazkur kutubxona qoshidagi kotiblar Boysung’ur Mirzoning bevosita nazorati ostida Firdavsiyning “Shohnoma” asarining qirqqa yaqin qo’lyozmalarini solishtirib, asarning mukammal matnini tuzganlar. Mazkur nusxaga “Boysung’ur so’zboshisi” deb atalgan mufassil muqaddima yozilgan.

Boysung’ur Mirzo o’z aql-zakovati, ma’rifatparvarligi, hunarparvarligi va ayniqsa adabiyotga bo’lgan ehtirosi bilan xalq o’rtasida shuhrat qozongan. Otasi Shohruh Mirzo uni 1420 yilda Eron Ozarbayjoniga, keyinchalik 1431 yilda Astrobodga hokim qilib tayinlaydi. Ammo Boysung’ur Mirzo keyingi davlarida kasalga chalinib qoladi. Nihoyat (7 jumod ul-avval 337) 1433 yil 20 dekabr shanba kuni 37 yoshida vafot etadi. Zotan, Boysung’ur Mirzodan yaxshi nom qolgan, u jahon san’at tarixida mashhur sanalgan Hirot tasviriy san’at maktabiga asos solgan edi. Shuningdek, Boysung’ur Mirzo Mashhadda qurilgan Gavharshod begim masjidining devorlariga kitoba bittirgan.

Boysung’ur Mirzodan uch o’g’il qoladi. To’ng’ich o’g’il – Alouddavla Mirzo, ikkinchisi – Abulqosim Bobur Mirzo, uchinshisi – Sulton Muhammad Mirzo edi.

ALOUDDAVLA MIRZO Boysung’ur Mirzoning to’ng’ich o’g’li bo’lib, 1417 yilda Hirotda tug’ilgan. Alouddavla Mirzo saroyida tarbiyalangan. Unga ayniqsa buvisi Gavharshod begim Alouddavla Mirzoni taxt valiahligiga loyiq yagona nomzod deb bilar, hatto eri Shohruh Mirzoning ham bu masalada roziligini olishga tirishardi.

1446 yilda qarib qolgan hukmdor Shohruh Mirzo qo’zg’olon ko’targan Fors hukmdori o’z nabirasi Sulton Muhammad Mirzoga qarshi yurish boshlaydi. Alouddavlar Mirzoni esa Hirotda qoldirib, Gavharshod begim va Abdullatif Mirzolarni birga olib, Sheroz tomon yuradi. Sulton Muhammad Mirzoni Sherozni tashlab, toqqa qochadi. Qo’zg’olon bostirilib, Shohruh Mirzo Hirotga qaytayotganda yo’lda betoblanib, 1447 yil 12 martda vafot etadi.

Gavharshod begim qo’shin qo’mondonligini Abdullatif Mirzoga topshiradi. Ammo maxfiy ravishda Hirotga – Alouddavla Mirzoga chopar orqali Hirotni mustahkamlash borasida maktub jo’natadi. Bundan ogoh bo’lgan Abdullatif Mirzo buvisi Gavharshod begimni mahbuslikda saqlab, Amudaryo tomon yo’l oladi. Shuningdek, bobosi Shohruh Mirzoning vafoti haqida o’z otasi Ulug’bek Mirzoga xabar yuboradi.

Alouddavla Mirzo amakisi Ulug’bek Mirzodan hayiqib, o’zini podshoh deb e’lon qilishga jur’at etmaydi va avvalgidek har juma kunlari masjidlarda bobosi Shohruh Mirzo nomini xutbaga qo’shib o’qitadi. Biroq, Abdullatif Mirzoning kirdikorlari, ayniqsa buvisi Gavharshod begimga nisbatan qo’llagan jazosini eshitgach, taxtni o’z tasarrufiga kiritib, xazinadan qo’shinga va qo’shin boshliqlariga in’omlar ulashib, Abdullatif Mirzoga qarshi qo’shin yuboradi. 1447 yil 29 aprel shanba kuni Abdullatif Mirzo Nishopur yaqinida to’satdan Alouddavla Mirzo qo’shiniga duch kelib, mag’lubiyatga uchraydi va o’zi asir olinadi. Mahbuslikdan ozod qilingan malika Gavharshod begim mahbus Abdullatif Mirzoni birga olib, Hirot tomon yo’lga tushadi. Malikani Jom shahrining yaqinidagi Sa’dabod mavzeida Alouddavla Mirzo kutib oladi. Abdullatif Mirzoni Hirotga keltirib, Ixtiyoriddin qal’asiga qamab qo’yadi. Shohruh Mirzoning jasadini esa Gavharshod begim madrasasidagi Boysung’ur maqbarasiga dafn qiladilar. Shundan so’ng Alouddavla Mirzo o’z qo’shinlarini Ulug’bek Mirzoga qarshi olib yuradi.

Vaziyatni hisobga olgan holda Ulug’bek Mirzo Alouddavla Mirzo bilan sulh muzokaralarini boshlaydi. Ulug’bek Mirzo Nizomiddin Mirak Mahmud Sadrni Alouddavla huzuriga elchi qilib jo’natadi. Nizomiddin Mirak Mahmud Sadr Alouddavla Mirzoga Ulug’bek Mirzoning payg’omini bayon qilarkan, “amakingiz Ulug’bek Mirzo Siz oliy zotni o’z o’g’illari deb hisoblaydilar va ko’ngullarida Hirotga qarshi hech qanday yomon niyatlari yo’q”,-deydi. Alouddavla mirzo uchun bu ayni muddao edi. Chunki Alouddavla Mirzoning ukasi Abulqosim Bobur Mirzo Jom atrofiga qo’yilgan Hirot soqchi qo’shinlarini tarqatib, poytaxt Hirotga xavf tug’dirmoqda edi. Ulug’bek Mirzo bilan Alouddavla Mirzo o’rtasidagi bitimga muvofiq, Alouddavla Mirzoning shimoliy chegarasi Chechektu mavzei deb tan olinadi. Abdullatif Mirzo qamoqda ozod qilinadi. U yana Balx hokimi qilib tayinlanadi. Shu yilning oxirida Alouddavla Mirzo bilan Abulqosim Mirzo o’rtasida ham bitim imzolanadi.

Ammo 1447/1448 yil qish faslida Abdullatif Mirzo bilan Alouddavla Mirzo o’rtasida yana jang boshlanib ketadi. Bunga sabab Chechektudagi chegara soqchi qo’shinining boshlig’i sifatida Solih Mirzo (Pir Muhammad ibn Umar Shayx Mirzoning o’g’li) turardi. Solih Mirzo Nishopur yaqinida Abdullatif Mirzoni asir olinishida qatnashgan dushmanlaridan biri edi. Abdullatif Mirzoning o’zi ozod qilingan bo’lsa-da, biroq uning ishonchli navkarlaridan 3-4 tasi garov sifatida Alouddavla Mirzo avaxtasida asirlikda edilar. Binobarin, Abdullatif Mirzo eski adovat yuzasidan Solih Mirzo qo’shiniga hamla qilib, uni tor-mor qiladi. Solih Mirzo Hirotga qochib boradi. Shundan so’ng Alouddavla Mirzo Abdullatif Mirzoning garovda turgan navkarlarini qatl qildiradi va qish fasli bo’lishiga qaramay, darhol Balxga yurish qiladi. Abdullatif Mirzo chekinishga majbur bo’ladi va Balxda mustahkamlangach, otasi Ulug’bek Mirodan ko’mak so’radi. Ulug’bek Mirzo Alouddavla Mirzoga maktub jo’natib, “Urush boshlashdan avval Abdullatif Mirzo ustidan shikoyat qilib, Samarqandga – menga murojaat qilmoq lozim edi”, – deydi va darhol Hirotga qaytib ketishga rozi bo’ladi. U Chechektu qo’rg’onini yangidan mustahkamlab, urushdan zarar ko’rgan aholining ahvolini yaxshilashga harakat qiladi.

1448 yil bahorida Ulug’bek Mirzo o’zi qaytadan jang boshlab yuboradi. Ulug’bek Mirzo o’g’li Abdullatif Mirzo bilan birgalikda 90 minglik qo’shin to’plab, Alouddavla Mirzoga qarshi yurish boshlaydilar. Jang Hirotdan 14 farsax narida bo’lgan Tarnob mavzeida bo’lib, Alouddavlaning mag’lubiyati bilan tugaydi.

1450 yil oxirida Abulqosim Bobur Mirzo Xurosonni o’z tasarrufiga kiritgach, Alouddavla Mirzo saltanatdan mahrum bo’lib, Mo’g’uliston chegaralarida sarson va sargardonlikda yuradi va Xorazmda yashaydi. Biroq, uning o’g’li Ibrohim Mirzo Abulqosim Bobur Mirzo vafotini eshitgach, darhol Hirot dorussaltanatini qo’lga oladi. Bu xabarni eshitgan Alouddavla Mirzo Hirotga o’g’li Ibrohim Mirzo huzuriga qaytib keladi. Ammo tez kunda turkman hukmdori Jahonshoh Xurosonga bostirib kiradi. Undan so’ng Xuroson Sulton Abusayid Mirzo tasarrufiga kiradi. 1458 yilda Alouddavla Mirzo, o’g’li Ibrohim Mirzo va Sanjar Mirzolar birlashib Saraxsda Sulton Abusayid Mirzoga qarshi jang boshlaydilar. Jangda Sanjar Mirzo qatl qilinib, Alouddavla Mirzo va Ibrohim Mirzolar jang maydonini tashlab qochadilar. Shundan ikki yil o’tgach, ya’ni 1460 yil sentabr oyida Alouddavla Mirzo 44 yoshida vafot etadi. Uni Hirotga keltirib, Gavharshod begim madrasasi qoshidagi Boysung’ur maqbarasiga dafn qiladilar. Undan ikki o’g’il va bir qiz qoladi. Qizi Sulton begimni Sulton Abusayid Mirzo Xurosonni zabt etgach, o’z nikohiga kiritadi. Sulton begim 1460 yilda o’g’il tug’adi. Ismini Shohruh Mirzo deb ataydilar. Alouddavlaning katta o’g’li Abul Xoris Boysung’ur Mirzo va kichigi Muhammad Ibrohim Mirzolar edi.

MUHAMMAD IBROHIM MIRZO Alouddavla Mirzoning kichik o’g’li bo’lib, 1440 yilda Hirotda tug’ilgan edi. Muhammad Ibrohim Mirzo avval otasi Alouddavla Mirzo yurishlarida ishtirok qiladi. 1451 yilda Alouddavla Mirzo ukasi Abulqosim Bobur Mirzo tomonidan Xuroson saltanatidan mahrum etilgach, Muhammad Ibrohim Mirzo ham otasi bilan birgalikda amakisi 1454 yilda Abulqosim Bobur Mirzo jiyani Muhammad Ibrohim Mirzoni ushlab Ixtiyoriddin qal’asiga qamab qo’yadi.

1457 yil 25 mart seshanba kuni Abulqosim Bobur Mirzo Mashhadda vafot etgach, hukmdorning vafoti haqidagi xabar yashin tezligida barcha viloyat va nohiyalarga tarqaladi. Jumladan, bu xabar poytaxt Hirotga ham yetadi. Mamlakatda sarosimalik vujudga keladi. Muhammad Ibrohim Mirzo Ixtiyoriddin qal’asida mahbus edi. Qal’a begi hamda posbonlar tasodifiy mash’um xabardan bir lahza o’zlarini yo’qotib qo’yadilar. Qo’qqiz vaziyatdan foydalangan Muhammad Ibrohim Mirzo qal’adan yashirincha chiqib, Murg’ob suvi tomon qochadi va u yerda qo’shin to’plab, Hirotga yuradi. Shu asnoda otasi Abulqosim Bobur Mirzo o’rniga taxtga o’tirgan Shoh Mahmud Mirzo o’z qo’shini bilan poytaxt Hirotga kelmoqda edi. Muhammad Ibrohim Mirzo qo’shini bilan yo’lda to’qnashadi. Har ikki tomon o’rtasida qattiq jang bo’lib, Shoh Mahmud qo’shinlari mag’lubiyatga uchrab Mashhad tomon ketadi. Muhammad Ibrohim Mirzo esa Hirotga kirib keladi.

Ammo bu paytda turkman hukmdori Jahonshoh qulay fursatdan foydalanib, Xurosonga qo’shin tortib kelmoqda edi. Ikkinchi tomonda Movarounnahr hukmdori Sulton Abusayid Mirzo ko’pdan beri Xurosonni zabt etishni o’ylab yurar va Abulqosim Bobur Mirzoning vafoti unga o’z rejasini amalga oshirish uchun qulay vaziyatni vujudga keltirar edi.

Muhammad Ibrohim Mirzo turkman hukmdori Jahonshohga qarshi kurashmoq uchun Sulton Abusayid Mirzodan ko’mak so’raydi. Sulton Abusayid Mirzo Muhammad Ibrohim Mirzoning iltimosini qabul qiladi va qulay fursatni g’animat bilib Xurosonga qo’shin tortadi. Muhammad Ibrohim Mirzo o’z qo’shini bilan Murg’ob daryosining o’ng qirg’og’ida Jahonshoh qo’shini bilan to’qnashadi va katta talofat ko’rib, mag’lubiyatga uchraydi. Sulton Abusayid Mirzo esa Hirotni egallaydi. Muhammad Ibrohim Mirzo qoldiq qo’shini bilan Balx viloyatiga chekinadi. Biroq Sulton Abusayid Mirzo asta-sekin Xuroson muzofotini o’z tasarrufiga kirita boshlaydi. 1458 yilda Muhammad Ibrohim Mirzo otasi Alouddavla Mirzo hamda Marv hukmdori Sanjar Mirzo bilan ittifoq tuzib, Sulton Abusayid Mirzo foydasiga hal bo’ladi. Sanjar Mirzo jang maydonida halok bo’lib, Alouddavla Mirzo bilan Muhammad Ibrohim Mirzo mag’lubiyatga uchrab qochadilar.

Muhammad Ibrohim Sulton mazkur jangdan qaytgach, asab kasalligi bilan og’riydi. U ko’p vaqt davomida mahbuslikda hamda og’ir sharoitlarda hayot kechirib, asab kasalligiga mubtalo bo’lgan edi. Binbarin, jang maydonida katta talofat ko’rib, mag’lub bo’lgach, asab kasali huruj qilib, 1458 yil 17 avgust (862 yil 6 shavvol)da 19 yoshida vafot etadi. Uning yaqin kishilari jasadini Hirotga keltirib, Gavharshod begim madrasasi yonidagi xonaqohga dafn etadilar.

SULTON MUHAMMAD MIRZO Boysung’ur Mirzoning ikkinchi o’g’li bo’lib, 1418 yilda Hirotda tug’ilgan edi.

1142 yilda Sulton Muhammad Mirzo uchun Eronning Sultoniya, Qazvin, Ray va Qum viloyatlaridan iborat yangi davlat (hokimlik) tashkil qilinadi. Ammo shahzoda Sulton Muhammad Mirzo o’z qo’l ostidagi viloyatlar bilan qanoatlanmadi. 1446 yilda u bobosi Shohruh Mirzoga qarshi isyon ko’tarib, Isfaxonni bosib oladi va Sherozni qamal qiladi. Ammo 1446 yilda bobosining qo’shin tortib kelayotganligidan xabar topib Sherozni qamaldan bo’shatib, toqqa qochadi.

1449 yil Sulton Muhammad Mirzo Xurosonga qo’shin tortib kelib, Mashhad bilan Jom oralig’ida ukasi Abulqosim Bobur Mirzo qo’shinni tor-mor qiladi va Hirotni egallaydi. Ammo Sulton Muhammad Mirzo Hirotda uzoq tura olmaydi. 1452 yilda Abulqosim Bobur Hirotni qayta qo’lga kiritadi. Umuman, Sulton Muhammad Mirzo Fors va Iroqda o’n yil hukmronlik qiladi. Shu davr ichida ukasi Abulqosim Bobur Mirzo bilan uch marta jang qiladi. Uchinchi jang oldidan aka-ukalar o’rtasida muayyan chegara belgilanib, sulh tuzilgan bo’lsa-da, biroq 1451 yil oxirida Sulton Muhammad Mirzo bitimga xiyonat qilib, ukasi Abulqosim Bobur Mirzoga qarshi urush harakatlarini boshlab yuboradi. Har ikki tomon qo’shini Isfaroin yaqinida to’qnashadilar. Jang maydonida Sulton Muhammad Mirzo og’ir yaralanadi. Yarador Sulton Muhamamd Mirzoni asirga olishib, Abulqosim Bobur Mirzo huzuriga keltirishadi. Aka-uka shahzodalar o’rtasida istehzoli savol-javoblar bo’lib o’tgach, g’olib Abulqosim Bobur Mirzo mag’lub Sulton Muhammad Mirzoni qatl qildiradi.

Sulton Muhammad Mirzo 34 yoshida olamdan ko’z yumadi. Undan ikki o’g’il-Sa’d Vaqqos Mirzo va Muhammad Yodgor Mirzo qoladi. Sa’d Vaqqos Mirzo 1437 yilda tug’ilib, 1452 yilda vafot etgan.

ABULQOSIM BOBUR MIRZO Boyg’ung’ur Mirzoning uchinchi o’g’li bo’lib, 1422 yilda Hirotda tug’ilgan.

Ma’lumki, Shohruh Mirzo 1446 yilda Sulton Muhammad Mirzoga qarshi so’nggi yurishdan qaytayotgan vaqtda yo’lda vafot (1447 yil) etadi. Mazkur yurishda Abulqosim Bobur Mirzo ham ishtirok qilgan edi. Malika Gavharshod begim to’ng’ich o’g’li Ulug’bek Mirzo hurmati yuzasidan lashkar qo’mondonligiga Abdullatif Mirzoni tayinlaydi. Yosh Abdullatif Mirzoni bunday ulug’ martabaga ko’tarilishi ko’pchilikka, jumladan Abulqosim Bobur Mirzoga ma’qul bo’lmaydi. Shu bois Abdulqosim Bobur Mirzo hamda Muhammad Jahongir Mirzoning o’g’li Xalil Sulton Mirzo birgalikda qo’shindan ajralib, Xurosonga qochadilar.

Abulqosim Bobur Mirzo Jurjonga kelib askar to’plab, Mozandaronni o’z tasarrufiga kiritadi. Ayni paytda Alouddavla Mirzo Mashhadni egallab, aka-uka o’rtasida nizo chiqadi. Ammo 1447 yilda Abulqosim Bobur Mirzo akasi Alouddavla Mirzo bilan bitim imzolaydi.

1448 yilda Ulug’bek Mirzo Alouddavlar Mirzoga qarshi urush ochgach Alouddavla Mirzo ukasi Abulqosim Bobur Mirzo huzuriga – Ko’changa qochib keladi. Abulqosim Bobur Mirzo Ulug’bek Mirzo huzuriga elchi yuborib, Ulug’bekni oliy hukmdor deb taniganligini bildiradi.

Ammo Ulug’bek Mirzo harbiy yurishni to’xtatmaydi. Bundan xavfsiragan Abulqosim Bobur Mirzo Damg’onga qochadi. Ulug’bek Mirzo Damg’ongacha bormay orqaga qaytadi. Ulug’bek Mirzoning Samarqand tomon ketayotgan habarini eshitgan Abulqosim Bobur Mirzo yana Mashhadga hujum qilib, o’z tasarrufiga kiritadi. Amudaryo kechigidan o’tayotgan Ulug’bek Mirzo qo’shiniga qo’qqisdan hujum qilib, katta talafot yetkazadi. Ayni vaqtda Abulqosim Bobur Mirzo Hirotga Abdullatif Mirzoga qarshi qo’shin yuboradi. Abdullatif Mirzo Hirotni tashlab, Balxga qochadi. Ammo 1449 yil fevral oyida Fors hukmdori Sulton Muhammad Mirzo Hirotga hujum qilib, ukasi Abulqosim Bobur Mirzoni mag’lubiyatga uchratadi. Lekin Sulton Muhammad Mirzo Hirotda uzoq muddat qololmaydi. 1451 yil oxirida Sulton Muhammad Mirzo ukasi Abulqosim Bobur Mirzoga qarshi yana urush ochadi. Har ikki qo’shin Isfaroin yaqinida bir-birlari bilan to’qnashadilar. Sulton Muhammad Mirzo jang maydonida og’ir yaralanib, asirga olinadi va Abulqosim Bobur Mirzo farmoniga ko’ra qatl qilinadi.

1450 yil oxirida Abulqosim Bobur Mirzoning katta akasi Alouddavla Mirzo bilan bo’lib o’tgan jangda, Alouddavla Mirzo asirga olinib, mahbuslikda saqlanardi. Abulqosim Bobur Mirzo kichik akasi Sulton Muhammad Mirzoni qatl qildirgach, katta akasi Alouddavla Mirzoning ko’ziga mil tortishga farmon beradi. Biroq mil tortuvchi va nazoratchilar Alouddavla Mirzoga rahm-shafqat qilib, ko’z gavhariga tig’ tekkizmay, faqat ko’z milkigagina nashtar tegizib, qo’yib yuboradilar.

1451 yildan boshlab Abulqosim Bobur Mirzo sekin-asta Xurosonni o’z tasarrufiga kiritadi. 1454 yilda Movarounnahrni zabt etish uchun Sulton Abusayidga qarshi muvaffaqiyatsiz yurish qiladi va tezda Sulton Abusayid Mirzo bilan sulh tuzib, Hirotga qaytadi.

Abulqosim Bobur Mirzo ham boshqa temuriy shahzodalar kabi ilm-ma’rifatga ixlosmand bo’lib, olimu shoirlarni o’z saroyiga to’plab, ularga iltifotlar ko’rgazardi. Uning tabiatida she’riyatga moyillik huvaydo bo’lib, o’zi ham turk va fors tillarida g’azallar bitardi. Binobarin, saroyda shohona anjumanlar o’tkazilib, mushoiralar bo’lib turardi. Zotan, Xurosonning bo’lajak hukmdori Sulton Husayn Boyqaro va buyuk mutafakkir Alisher Navoiy Abulqosim Bobur Mirzo saroyida tarbiyalanib, himmatidan bahramand bo’lganlar. Abulqosim Bobur Mirzodan birgina o’g’il – 12 yashar Shoh Mahmud Mirzo qolgan edi.

SHOH MAHMUD MIRZO 1446 yilda Hirotda tug’ilgan edi.

1457 yilda Abulqosim Bobur Mirzo vafot qilgach, uning arkoni davlati va yaqin kishilarni 12 yoshli Shoh Mahmud Mirzoni Mashhadda shoh deb e’lon qiladilar. Shundan o’n kun o’tgach, Shoh Mahmud Mirzo poytaxt Hirot tomon yo’lga chiqadi. Yo’l asnosida Marvga jo’natilgan elchi Shahxzoda kelib, Marv hokimi Sanjar Mirzo Shoh Mahmud Mirzoga bo’ysunishdan bosh tortayotganini ma’lum qiladi. Shuningdek, Hirotdan Ixtiyoriddin qal’asida mahbuslikda yotgan Sulton Ibrohim Mirzoning qal’adan qochganligi haqidagi xabar keladi.

Shoh Mahmud Mirzo 1457 yil 21 aprelda (861 yil 26 jumod ulavval) Bog’i Muxtorga tushib, bir necha kundan so’ng Bog’izog’onga kiradi. 16 mayda (21 jumod ul-oxir) Hirot dorussaltanasiga kirib, taxtga o’tiradi. Bu vaqtda Sulton Ibrohim Mirzo o’z qo’shini bilan Murg’ob suvidan kechib, Hirotga kelayotgani haqida xabar keladi. Shoh Mahmud Mirzo o’z qo’shini bilan Mashhadga jo’nab ketadi. Ammo yo’lda Sulton Ibrohim qo’shiniga duch kelib, qattiq jang bo’ladi. Jangda Shoh Mahmud Mirzo mag’lubiyatga uchrab, Mashhadga qochadi. Sulton Ibrohim Mirzo esa tantanali ravishda Hirotga kirib boradi.

Shoh Mahmud Mirzo Sulton Ibrohim Mirzodan yengilib, Mashhadga borib bir necha kun istirohat qilgach, Mozandaron viloyatiga qarab yuradi. Mozandaron hukmdori amir Bobo Hasan marhum Abulqosim Bobur Mirzoning muxlislaridan bo’lib, binobarin Shoh Mahmud Mirzoga iltifotlar ko’rsatib yaxshi kutib oladi. Ammo shu asnoda turkam hukmdori Jahonshoh Mozandaronga hujum qiladi. Mazkur jangda Shoh Mahmud Mirzo va amir Bobo Hasan mag’lubiyatga uchraydilar. Shoh Mahmud Mirzo Seyistonga qochib boradi. Seyiston hukmdori amir Xalil Hinduka shahzodani yaxshi kutib oladi va Kobul hukmdori amir Boboga qarshi jangga birga olib ketadi. Jang maydonida Amir Xalil Hinduka dushman kuchini pisand qilmay, jangda sustkashlik qiladi. Kobul hukmdori amir Bobo qulay fursatni g’animat bilib, amir Xalil Hindukaga o’nglanmas zarbani beradi. Shu asnoda kamondan otilgan nogahoniy o’q Shoh Mahmud Mirzoga tegib, o’sha yerning o’zida halok bo’ladi. Bu voqea 1459 yilning oxirida sodir bo’ladi. Shoh Mahmud 14 yoshida olamdan o’tadi.

SUYURG’ATMISH MIRZO Shohruh Mirzoning to’rtinchi o’g’li bo’lib, 1398 yilda Hirotda tug’ilgan. Onasi Mulkat Og’o (Mulk Og’o) begimdir.

Tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiyning yozishicha, sohibqiron Amir Temur vafot qilgan vaqtda, Suyur’gatmish Mirzo hali sakkiz yashar bola bo’lgan.

Suyurg’atmish Mirzo yoshlik davrini otasi Shohruh Mirzoning hashamatli saroyida o’tkazadi. U ham o’z aka-ukalari kabi harbiy san’at, qilichbozlik, chavandozlik bilimlarini to’liq egallab, ilm-ma’rifat homiylari davrasida tarbiyalanib, keng ma’lumot sohibi bo’lib yetishadi.

Suyurg’atmish Mirzo avval saroyida otasi yonida xizmat qiladi. Keyinchalik, 1418 yilda Kobul hukmdori Qaydu Mirzo vafotida so’ng, Kobul ulusi Suyurg’atmish Mirzoga suyurg’ol tarzida in’om qilinadi. Suyurg’atmish Mirzo Kobulda tartib o’rnatib, mehnatkash xalq ommasining hayot tarzini bir oz yaxshilashga muvaffaq bo’ladi.

Biroq 1426 yil oktabr oyida Suyurg’atmish Mirzo to’satdan og’rib, 18 noyabrda vafot etadi. Bu xabar Hirotga 1426 yil 2 dekabr kuni yetib keladi. Suyurg’atmish Mirzodan Ma’sud Mirzo va Qorachar Mirzo nomli ikki o’g’il qolgan edi. Shohruh Mirzo marhum o’g’li Suyurg’atmish Mirzoning o’rniga uning katta o’g’li Mas’ud Mirzoni hukmron etib tayinlaydi. Aburazzoq Samarqandiyning xabariga qaraganda, Mas’ud Mirzo o’ta qattiq qo’l, shafqatsiz hukmron bo’lgan. U hokimiyatga kelishi bilanoq, hech kim bilan maslahatlashishni istamay, o’z bilgicha ish yurita boshlaydi. Mehnatkash xalq ahvoli bilan umuman qiziqmaydi, aksincha uni har xil to’lovlarga giriftor qilib, ochiqdan-ochiq talaydi. Tez kunda shahar va qishloqlarda adolat barham topib, qonunsizlik avjiga chiqadi. Natijada xalq noroziligi kuchayib, Kobul ulusida ahvol mushkullashadi.

Kobuldagi xalq g’alayonlarida xavotirga tushgan Shohruh Mirzo nevarasi Mas’ud Mirzoni darhol Kobul hukumatidan azl qilib, o’rniga Qorachar Mirzoni hukmron qilib tayinlaydi. Qorachar Mirzoni hokimiyatga kelgach, xalq g’alayonlari so’nib, viloyatlarda sekin-asta tartib o’rnatiladi.

MUHAMMAD JO’KI MIRZO Shohruh Mirzoning beshinchi o’g’li edi. U 1403 yilda Hirotda tug’ilgan. Onasi Gavharshod begim edi. Muhammad Jo’ki Mirzo yoshligidan nimjon va kasalmand bo’lib o’sdi. 1419 yilda Muhammad Jo’ki Mirzoga Mo’g’ulistonning sobiq xoni marhum Sham’i Jahonning Mo’g’ulistonning sobiq xoni marhum Sham’i Jahonning qizi Mehr Nigor Og’oni nikoh qiladilar. To’y taronalari Gavharshod begimning bevosita rahbarligida Bog’i Zog’onda o’tkaziladi.

Muhammad Jo’ki Mirzo ko’p vaqtlar Hirotda otasi yonida bo’lgan. U 1427 yilda akasi Ulug’bek Mirzoning Baroq Og’longa qarshi qilgan yurishida qatnashadi. Shuningdek, otasi Shohruh Mirzoning bir necha yurishlarida ishtirok qiladi.

1433 yilda Shohruh Mirzo o’g’li Muhammad Jo’ki Mirzoga Garmser va afg’onlar viloyati hokimligini in’om qiladi. Bir necha marta Movarounnahrga akasi Ulug’bek Mirzo huzuriga tashrif buyuradi. Zero, Ulug’bek Mirzo, Boysung’ur Mirzo va Muhammad Jo’ki Mirzolar bir-birlari bilan tez-tez maktub orqali, ayrim hollarda rasmiy muloqotda bo’lardilar. Chunki aka-uka shahzodala o’rtasida g’azaliyot, mantiq va falsafa sohalarida munozarali yozishmalar bo’lib turardi.

1443 yilda Muhammad Jo’ki Mirzo Balx viloyatining hokimi qilib tayinlanadi. Shohruh Mirzo keyingi vaqtlarda tez-tez kasal bo’lib turishi hamda o’g’illari Ibrohim Mirzo bilan Boysung’ur Mirzoning bevaqt olamdan o’tishi bois o’z o’rniga – taxtga valiahd tayinlash fikriga tushib qoladi. Binobarin, valiahdlikka beshinchi o’g’li Muhammad Jo’ki Mirzoni tayinlashga qaror qiladi. Lekin o’ktam va tadbirkor malika Gavharshod begim o’g’li Muhammad Jo’ki Mirzoning nomzodini qat’iyan rad etadi. Hatto devon ishlariga ham yaqinlashtirishni xohlamaydi. Malika Gavharshod begimning fikricha, valiahdlikka Boysung’ur Mirzoning to’ng’ich o’g’li Alouddavla Mirzodan ko’ra munosibroq nomzod yo’q edi.

Darhaqiqat, malika Gavharshod begim o’z farzandi Muhammad Jo’ki Mirzoni unchalik yoqtirmas, hatto saltanat ishlariga ham aralashtirmas edi. Shohruh Mirzo malikani aksi o’laroq eng kichik o’g’li Muhammad Jo’ki Mirzoni yaxshi ko’rardi. Shahzoda ham ko’p vaqtini otasining yonida o’tkazardi. Nihoyat, 1444 yil voqeasidan so’ng, Muhammad Jo’ki Mirzo onasining iltifotsizligidan qattiq ranjib, Balxa qaytib ketadi. Lekin shahzodaning qalbida paydo bo’lgan jarohat kundan-kun pasayish o’rniga avj olib, oxir oqibat asab qaqshash kasaliga mubtalo bo’lib, 1445 yilda 43 yoshida vafot etadi. Uning jasadini Hirotga keltirib, onasi Gavharshod begim madrasasi yonidagi Boysung’ur maqbarasiga dafn qiladilar.

Muhammad Jo’ki Mirzoning uch o’g’li bo’lib, Ali Mirzo (1423-1424), Muhammad Qosim Mirzo va Abubakr Mirzo edilar.

MUHAMMAD QOSIM MIRZO Muhammad Jo’ki Mirzoning katta o’g’li bo’lib, 1422 yilda Hirotda tug’ilgan. Onasi Mehr Nigor Og’odir. 1445 yilda Muhammad Jo’ki Mirzo vafot etgach, unga tegishli bo’lgan Balx va uning atrofidagi viloyatlar ikki o’g’liga Balx va uning atrofidagi viloyatlar ikki o’g’liga suyurg’ol tarzida bo’lib berilgan edi. Jumladan, Balx, Shibirg’on, Qunduz va Baqlon Muhammad Qosim Mirzoga tekkan edi.

Ammo Shohruh Mirzo vafot etgach, 1447 yil oxirida Muhammad Qosim Mirzoning ukasi Abubakr Mirzo katta qo’shin bilan kelib, akasi bilan jang qilib, Balx, Shibirg’on, Qunduz va Baqlonni to Badaxshon chegarasigacha o’z tasarrufiga kiritadi. Muhammad Qosim Mirzo jang maydonida 27 yoshida halok bo’ladi.

ABUBAK MIRZO Muhammad Jo’ki Mirzoning kenja o’g’li bo’lib, 1427 yilda Hirotda tug’ilgan. Onasi Mehr Nigor Og’odir. Abubakr Mirzo akasi Muhamamd Qosim Mirzoga nisbatan shijoatli, g’ayratli, qoplondek chaqqon, harbiy salohiyatga molik, shuningdek, xushbichim, ko’rkam, xushsurat yigit edi. Otasi Muhammad Jo’ki Mirzo vafotidan so’ng, unga Xuttalon, Arxang va Soli Saroy viloyatlarini suyurg’ol qilib berilgan edi. U akasi Muhammad Qosim Mirzoni yenggach, Balxni egallaydi, darhol Balx qo’rg’onini qaytadan ta’mirlab, mustahkam qal’aga aylantiradi. Shahzodaning harbiy qudratli kundan-kunga oshib boradi.

Ayni vaqtda Xuroson taxti uchun Ulug’bek Mirzo, Alouddavla Mirzo, Sulton Muhammad Mirzo va Abulqosim Bobur Mirzolar orasida qonli kurashlar davom etmoqda edi.

Ulug’bek Mirzo Xuroson taxtini qo’lga olish borasida turli-tuman rejalar tuzmoqda edi. Zotan, Xurosonga qo’shin tortishdan avval Balxda turgan jiyani Abubakr Mirzoni biryoqlik qilish zarur edi. Ammo Balxga hujum qilinsa ko’p talofot ko’rishi muqarrar edi. Chunki Ulug’bek Mirzoning Balxga yo’llagan maxfiy josuslarining bergan ma’lumotiga qaraganda, Balx qo’rg’oni metindek mustahkam, mufofazada turgan qo’shinning hisobi yo’qdek edi. Ulug’bek Mirzoning fikricha, agar Abubakr Mirzo bilan jangga kirishilsa, u holda Xurosonga qo’shin kiritish ancha keying surilib ketardi. Binobarin, yosh shahzodani hiyla bilan o’ziga rom qilishni afzal deb bilardi.

Ulug’bek Mirzo o’z rejasini amalga oshirish uchun Balxga-Abubakr Mirzo huzuriga e’timodli kishilardan shayxulislom mavlono Isomiddin va amir Tavakkal barlosni qimmatbaho anvoyi sovg’a-salomlar bilan elchi qilib jo’natadi. Shayxulislom mavlono Isomiddin yosh shahzoda Abubakr Mirzoga amakisi Ulug’bek Mirzoning beqiyos muhabbatiyu, beadad ixlosi haqida haddan tashqari mubolag’alar qilgach, so’zining oxirida ul zoti oliy bobarakotning Siz Oliy najod shahzodaga ixloslari bag’oyat balanddur, bovujud Sizni o’z farzandi arjumandlaridek bilib, ko’p sog’ung’ondurlar. Boz ustiga Sizdek shahzodayi juvonbaxtni o’zlarig’a kuyov qilmoq taraddudida bo’lib, pardayi ismatda o’lturg’on Bilqisi davron Robiya Sulton begimni Siz janoblarining ahd-nikohingizga kiritmak fikridadurlar. Binobarin, ul zoti oliy bobarakot amakingizni ziyoratlarig’a biz bilan birga borsangiz savobdin holi bo’lmas erdi, deydi. Soddadil shahzoda Abubar Mirzoning ko’z o’ngida yoshligida ko’rgan lobar Robiya Sulton begimning go’zal chehrasi namoyon bo’ladi. Go’yo malika Robiya Sulton begim uni o’z huzuriga taklif qilayotgan edi.

Shahzoda Abubakr Mirzo ertasi hech kim bilan maslahatlashmay, o’z o’rniga otaliqni tayinlab, elchilar bilan birga amakisi Ulug’bek Mirzo huzuriga jo’naydi. Bu paytda Ulug’bek Mirzo o’z qo’shini bilan Termizda turardi. Ulug’bek Mirzo jiyani Abubakr Mirzoni ochiq ko’ngil bilan qarshilaydi va uning sharafiga bir necha kun ziyofat beradi. Biroq bir hafta o’tmasdanoq bir-ikkita g’alamislar qarindoshlar orasiga nifoq solishga muvaffaq bo’ladilar. Abubakr Mirzoni isyonkor qattoq dushmanlikda ayblaydilar. Ulug’ek Mirzo ham jinoyatni mufassil tekshirmasdan, Abubakr Mirzoni hibsga olishga farmon beradi. Shahzodani darhol ushlab Samarqandga jo’natadilar va u yerda Ko’ksaroyga qamaydilar. Oradan 3-4 kun o’tgach, Abubakr Mirzoni Ko’ksaroyda qatl qiladilar. Abubakr Mirzo 22 yoshida olamdan o’tadi.

YODGOR MUHAMMAD MIRZO Sulton Muhammad Mirzoning kenja o’g’li bo’lib, 1451 yilda otasining qatlidan so’ng tug’ilgan. Yodgor Muhammad Mirzo yoshlikdan erka va tantiq bo’lib o’sgan. U nihoyat darajada xushbichim, qaddi-qomati kelishgan, chiroyli yigit edi. Yodgor Muhammad Mirzoda saltanatga ega bo’lish istagi bo’lsa-da, biroq buning uchun jo’shqin harakat, g’ayrat yo’q edi. U aysh-ishratga mukkasidan ketgan va sharobxo’rlikni har narsadan ustun qo’yardi.

Yodgor Muhammad Mirzoning ammasi Poyanda Sulton begim o’ta shuhratparast, kalondimog’ ayol bo’lib, shahzodaning murabbiyasi ham edi. Binobarin, Poyanda Sulton begim jiyani Yodgor Muhammad Mirzoning qulog’iga “Xuroson taxti biz uchun ota meros”, degan gapni quyardi. Shuning asorati bo’lsa kerakki, Yodgor Muhammad Mirzoning ham ruhiyatida shuhratparastlik keng quloch yozgan edi.

Yodgor Muhammad Mirzo boshqa temuriy shahzodalaridek harbiy salohiyatli, jang ko’rgan, chiniqqan yigit emas edi. Zotan, o’ziga qolsa Xuroson taxtiga da’vo ham qilmagan bo’lardi. Lekin uning atrofidagi yaqin kishilari, jumladan, amir Hasanbek, ammasi Poyanda Sulton begim va boshqalarning tazyiqi bilan unda jahongirlik havasi shakllanib qoladi.

Yodgor Muhammad Mirzoning Xuroson uchun boshlagan yurishida ammasi, tadbirkor, jasur malika Poyanda Sulton begim rahnamolik qilardi. Poyanda Sulton begim turkman hukmdor Hasanbekdan katta harbiy ko’mak olib, yosh shahzoda Yodgor Muhammad Mirzoni Jurjon hokimining ustiga qo’qqisdan hujum qilishga ko’ndiradi. Jurjonni osongina qo’lga kiritgach, soddadil shahzodada Hirot taxtiga o’tirib, toj kiyish havasi bo’ladi.

1469 yil sentabrda Yodgor Muhammad Mirzo turkman qo’shinining yordamida Xuroson hududiga qarab yuradi. Bu xabar Xuroson hukmdori Sulton Husayn Boyqaroga yetgach, darhol dushmanga qarshi yo’lga chiqadi. Sulton Husayn Boyqaro Mashhadda qisqa muddat to’xtab, Chinoron mavzeiga qarab yo’l oladi. Shu asnoda Yodgor Muhammad Mirzo ham Chinoronga yqainlashib kelmoqda edi. Har ikki qo’shin Chinoron yaqinida bir-biriga to’qnashib, shiddatli jang sodir bo’ladi. Jang oqibatida turkman qo’shini parokandalikka uchrab, Yodgor Muhammad Mirzo chekinishiga majbur bo’ladi. Sulton Husayn Boyqaro Hirotga qaytib ketadi.

Ammo ko’p o’tmay, turkman hukmdori amir Hasanbek Yodgor Muhammad Mirzoni yangi qo’shin bilan ta’minlab, Xurosonga jo’natadi. Yodgor Muhammad Mirzo qo’shini Nishopur va Sabzavorga bostirib kiradi. Bu xabarni eshitgan Sulton Husayn Boyqaro bir necha ishbilarmon amirlar boshchiligida dushmanga qarshi ilg’or jo’natadi.

Ammo Yodgor Muhammad Mirzoning qo’shini Astrobodni qo’lga kiritgach, endilikda Hirotga yaqinlashmoq taraddudida edi. Binobarin, Yodgor Muhammad Mirzoning hufiya kishilari Hirot atrofida kun sayin ko’paymoqda edilar. Boz ustiga Sulton Husayn Boyqaro qo’shinidan ayrim sotqin amirlar Yodgor Muhammad Mirzo tomoniga qochib o’tardilar.

Yodgor Muhammad Mirzoning qo’shinlari Mashhad tomon yurganini eshitgan Sulton Husayn Boyqaro darhol Neratu qal’asi tomon yuradi. Shu asnoda Hirot tashqarisida joylashib olgan malika Poyanda Sulton begim Faridun barlos, Sulton Ahmad va boshqa amirlarning ig’vosi va harakati bilan Hirotga kirib, jiyani Yodgor Muhammad Mirzoni Xuroson shohi deb e’lon qiladi. Shahar ichida shodiyonalar chalinadi. Yodgor Muhammad Mirzo poytaxt Hirot qo’lga olinganligi xabarini olgach, Tusdan Hirotga qarab yo’l oladi.

Yodgor Muhammad Mirzo Hirotga kelib, Bog’i zog’onga o’rnashib oladi. Saltanat ishini ammasi Poyanda Sulton begim olib boradi. Yodgor Muhammad Mirzo esa ayshu ishratga berilib, ertayu kech mayxo’rlik va chiroyli qizlar og’ushida edi. Turkman qo’shini shahar xalqini talash, mol-mulk orttirish bilan mashg’ul edilar. “Xulosat ul-axbor” muallifining ta’kidlashicha, shahar xalqi Yodgor Muhammad Mirzo qo’shinining istibdodidan nihoyat darajada og’ir ahvolga tushgan edilar.

1470 yil avgustida Sulton Husayn Boyqaro o’z qo’shini bilan Hirotga yaqinlashib kelib, ulug’ mutafakkir Alisher Navoiy bilan birgalikda, Yodgor Muhammad Mirzoni qo’lga olish rejasini tuzadilar. Rejaga muvofiq, Alisher Navoiy bir necha beklar bilan tun sahar paytida shaharga kirib, Bog’i zog’onda g’avlat uyqusida mast holda yotgan Yodgor Muhammad Mirzoni bog’lab olib chiqadilar. Shundan so’ng shahar darvozalari ochilib, Sulton Husayn Boyqaro qo’shini shaharga bostirib kiradi. Yodgor Muhammad Mirzoning qo’lga tushgan xabari yashin tezligida tarqaladi. Beg’am va iste’dodsiz shahzodaning qo’shini va yaqin kishilari o’z jonlarini saqlash uchun har tomonga qochib ketadilar. Sulton Husayn Boyqaro yosh shahzoda Yodgor Muhammad Mirzoga rahm-shafqat yuzasidan uni o’ldirmasllikka qaror qilgan bo’lsa-da, biroq arkon davlat darhol shahzodani qatl qilishni talab qiladilar. Sulton Husayn Boyqaro Shohruh Mirzo avlodining eng so’nggi namoyandasi bo’lmish shahzoda Yodgor Muhammad Mirzoni qatl qilishga farmon beradi. Shu bilan Xurosonda Shohruh Mirzo avlodining hukumatdorligi batamom tugatiladi.