Shok

Shok (Fransuzcha SOS — zarba) — odam hayotiga xavf tug’diruvchi holat; haddan tashqari kuchli ta’sirotlar natijasida nerv, endokrin, qon aylanishi, nafas sistemalari faoliyatining hamda moddalar almashinuvining buzilishi bilan ifodalanadi. Ko’pincha shikastlanish, kuyish, operasiya oqibatida, nomos qon quyilganda, miokard infarktida, yurak faoliyati buzilganda va boshqalar tufayli ro’y beradi. Shok boshlanishida bemor bezovtalanadi, rangi oqaradi, qarashlari bejo, fikrlari chalkash, ba’zan o’zining og’ir ahvolini his etmaydi, gohida bezovtalanish kuchayib, o’rnidan sapchib turib ketadi (uni tutib qolish qiyin bo’ladi). Keyinchalik eshushi joyida bo’lsa ham, umumiy ahvoli yomonlashib, atrof-muhitga butunlay befarq bo’lib qoladi. Og’riqni salpal sezadi yoki mutlaqo sezmaydi, rangi oqarib, gavda temperaturasi pasayadi, terisi muzdek bo’lib, yopishqoqter bilan qoplanadi, nafasi tezlashadi, tashna bo’ladi, ba’zan qayt qiladi. Kishi kuyganda Shok, ayniqsa, og’ir kechadi. Shokni keltirib chiqargan sababiga qo’ra travmatik, anafilaktik, kardiogen, emotsional, gemotransfuzion va boshqalar xillari farq qilinadi. Travmatik shok shikastlangandan keyin ro’y berib, shikastlangan kishining ahvoli juda og’ir bo’ladi. Shokning oldini olish uchun iloji boricha zudlik bilan tez yordam chaqirish, vrach kelguncha bemorga birinchi yordam ko’rsatish, ya’ni shikastlanishga sabab bo’lgan omillar (mas, yonayotgan kiyimboshni o’chirish, qulagan joy ostida qolib ketgan kishilarni olib chiqish va boshqalar)ni bartaraf etish, qon oqishini to’xtatish, qo’l, oyoq shikastlanganda ularni vaqtincha taxtakachlab qimirlatmay qo’yish, og’iz bo’shlig’ini ivigan qondan tozalash va sun’iy nafas oldirish lozim. Shikastlangan kishiga tegishli yordam ko’rsatgach uni darhol ehtiyotkorlik bilan kasalxonaga olib borish kerak. Anafilaktik shok — moddalarga, jumladan, organizmga mos kelmaydigan dorilarga nisbatan bo’ladigan allergik reaktsiyaning eng og’ir ko’rinishlaridan. Penisillin, streptomitsin, mahalliy og’riqni qoldiruvchi vositalar, qoqsholga qarshi va boshqalar zardoblar hamda vaktsinalar ham anafilaktik Shokga sabab bo’ladi. Anafilaktik Shok belgilari uni keltirib chiqargan moddaga bog’liq bo’lmagan holda bir xil — ko’ngil aynishi, qusish, qon bosimining to’satdan pasayib ketishi, nafasning tez va yuzaki bo’lishi, ba’zan hushdan ketish va boshqalar ko’pincha teriga toshma (eshakem) toshadi, goho dori yuborilgan joyda shish paydo bo’ladi. Ba’zida tovush boylamlari shishib, bemor bo’g’ilib qolishi mumkin. Anafilaktik Shok belgilari paydo bo’lganda to vrach yetib kelguncha bemorni yonboshi bilan yotqizib, oyoqlarini bir oz ko’tarib qo’yish (bu nafas yo’llaridan bemalol havo o’tishini ta’minlaydi), lozim bo’lsa, sun’iy nafas oldirish kerak. Anafilaktik Shokning oldini olish uchun faqat vrach tavsiya etgan dorilardan foydalanish zarur. Kardiogen shok — miokard infarktining eng og’ir asoratlaridan biri, yurak sohasida qattiq og’riq paydo bo’lganda kuzatiladi. Kardiogen Shokda bemor haddan tashqari darmonsizlanadi, rangi oqarib, labi ko’karadi, qo’loyog’i muzlaydi, yopishqoq sovuq ter chiqadi va ko’pincha hushdan ketadi. Bunday Shok vaqtida tez tibbiy yordam yetib kelguncha bemorni qimirlatmay yotqizib qo’yish va orom berish lozim. Emotsional shok kuchli hayajonlanish, asab va ruhiy zo’riqishlarda kuzatiladi. Ko’pincha bemorning xulq-atvori o’zgaradi, u bezovtalanib qichqiradi, yig’laydi, ba’zan o’ziga jarohat yetkazadi, yaqinlari, qarindoshlari, qo’shnilari va notanish odamlarga nisbatan yovuz munosabatda bo’ladi. Ba’zi bemorlar yomon eshitadigan, bangi qiyofasiga kirgan va tashqi dunyoni qiyinlik bilan qabul qiladigan odamlarni eslatadi. Boshqa bemorlarda ong bilan birga sezuvchanlik (voqelikni qabul qilish)ning buzilishi hamda hadiksirash va qo’rqish kabi emotsional holatlar kuzatiladi. Bemorning ko’rinishida o’zini yo’qotib qo’yganlik alomatlari namoyon bo’ladi, u tevarak-atrofga, qarshisidagi odamlarga qo’rquv va xavotir bilan qaraydigan bo’lib qoladi. Ba’zan emotsional Shok isteriya bilan tugaydi (bemor to’lg’anib, talvasalanib boshini ura boshlaydi, g’ayritabiiy holatda turib qoladi). Shuning uchun bemor oldiga ortiqcha odam qo’ymaslik, shikast yetkazishi mumkin bo’lgan jismlarni undan bekitib qo’yish va u bilan yaxshi munosabatda bo’lish kerak. Jiddiy ruhiy o’zgarishlarga duchor bo’lgan bemorlar kasalxonada davolanadi. Gemotransfuzion shok bemorga qon gruppasi to’g’ri kelmaydigan qon quyilganda ro’y beradi. Shuning uchun bemorga faqat vrach ko’rsatmasi bo’yicha qon quyish talab etiladi. Shokning barcha turlarida darhol vrachga murojaat etish kerak.