«Sho’roi Islomiya»
«Sho’roi Islomiya» («Islom kengashi») — Turkiston taraqqiyparvar ziyolilarining ijtimoiy-siyosiy tashkiloti (jamiyati). 1917 yil 14 martda Toshkentda tuzilgan va 1918 yil bahorigacha faoliyat olib borgan. Unga dastlab Abdulvohidqori Abduraufqori o’g’li, keyinchalik Ubaydullaxo’ja Asadullaxo’jayev rais qilib saylangan. Tashkilot faoliyatida Munavvarqori Abdurashidxonov, Mahmudxo’ja Behbudiy, Mustafo Cho’qay, Ahmad Zakiy Validiy, Islom Sulton Shoahmedov, Toshpo’lat Norbo’tabekov kabi ma’rifatparvarlar faol qatnashgan. Tashkilot tashabbusi bilan butun Turkiston musulmonlarining 1-qurultoyi o’tkazildi (1917 yil aprel). Qurultoyda qabul qilingan tashkilot dasturida o’lka musulmonlari orasida islohotlar o’tkazish g’oyalarini tarqatish, mintaqadagi barcha musulmonlarni yagona fikr va maslak asosida birlashtirib, Turkistonga muxtoriyat maqomini berish uchun kurash vazifasi qo’yilgan. 1917 yil aprel oyidayoq tashkilotning Samarqand, Qo’qon, Namangan, Andijon, Marg’ilon, Skobelev (Farg’ona), Marv, Turkiston, Oqmachit, O’sh va boshqalar shaharlarda sho’balari tuzilgan. Tashkilot «Sho’roi Islom» nomli gazeta ham chiqargan. 1917 yil mobaynida Turkiston musulmonlarining yana 3 qurultoyi o’tkazilgan. Biroq taraqqiyparvar ziyolilar (jadidlar) bilan eskilik tarafdorlari bo’lgan ayrim ulamolar (qadimchilar) o’rtasidagi kelishmovchiliklar «Sho’roi Islomiya» tashkiloti safida tarafkashlik yuz berishiga olib keldi. 1917 yil iyunda tashkilotdan bir guruh ulamolar ajralib chiqib, Qo’qon va Toshkentda yangi jamiyat — «Sho’roi ulamo»ta asos solishgan. Turkiston va Qozog’iston musulmonlarining Toshkentda o’tgan qurultoyi (1917 yil 17-20 sentyabr)da har 2 tashkilot o’zaro birlashganligini e’lon qilgan bo’lsa ham, aslida tom ma’nodagi birlashuv bo’lmagan. Oktyabr to’ntarishilan so’ng «Sho’roi Islomiya» o’z qarorgohini Toshkentdan Qo’qonga ko’chirishga majbur bo’lgan (1917 yil noyabr). Tashkilot a’zolari Turkiston muxtoriyati hukumatini tuzishda faollik ko’rsatishgan. Muxtoriyat hukumatini bolsheviklar ag’dargach, tirik qolgan «Sho’roi Islomiya» a’zolari ta’qibga uchragan. «Sho’roi Islomiya» tashkiloti sovet rejimi tomonidan ta’qiqlansa ham, uning Nosirxon To’ra, Sadriddinxon Sharifxo’jaev, Mirodil Mirzaahmedov va boshqalar faollari Turkistonda sovet rejimiga qarshi qurolli harakat saflariga qo’shilib, istiqlolchilarning g’oyaviy mafkurachilari sifatida faoliyat ko’rsatishgan.