Shteynberg Maksimilian Oseyevich
Shteynberg Maksimilian Oseyevich [1883.22.6 (4.7), Vilnyus 1946.6.12, Leningrad] — kompozitor, professor (1915), san’atshunoslik fanlari Doktori (1943). Rossiyada xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1934), O’zbekiston xalq artisti (1944). Peterburg konservatoriyasini tugatgach (1908), shu konservatoriyada pedagog, dekan (1917-31), direktor muovini (1934— 39), kompozisiya kafedrasi mudiri (1939 yildan) bo’lib, M. Ashrafiy, V. Uspenskiy, E. Brusilovskiy, D. Shostakovich va boshqalarga ustozlik qilgan. 1941 — 45 yillarda Toshkentda yashagan. Balet («Metamorfoza», «Til Ulenshpigel», «Saroymulkxonim»), poemaoratoriya («osmon va yer»), Kantata («Suv parisi» va boshqalar), simfoniya («Turksib», 16 ta o’zbek xalq va Hamza, K. Jabborov, S. Kalonov kuylarini ichiga olgan 5 «Simfoniyarapsodiya» va boshqalar), uvertyura (jumladan, «Tohir va Zuhra»), romans, qo’shiqlar, O’zbekcha marsh va boshqalar muallifi. Uning turli xalqlar (masalan, rus, o’zbek, Ozarbayjon, ispan, Venger va boshqalar)ning ovoz va orkestr hamda turli cholg’ular uchun qayta ishlagan qo’shiqlari ma’lum. Qator ilmiy (xususan, o’zbek kuylaridan unumli foydalanishga oid) tadqiqot va maqolalar yozgan.