Shukuriy Farg’oniy

Shukuriy Farg’oniy (taxallusi; asl nomi Abdushukur ibn Ortuqbek) (18-asr oxiri, Farg’ona — 19-asr 2-yarmi, ?) — shoir. Yoshligida Samarqandga kelib qolgan. Egarsozlik va naqqoshlikda ham nom chiqargan. O’sha davrda Samarqandda qurilgan ko’pgina binolarda Shukuriy Farg’oniy naqshlari mavjud. Amir Nasrullo taklifi bilan Buxoroda ham naqqoshlik qilgan. Shukuriy Farg’oniy mumtoz she’riyatning g’azal, masnaviy, qasida, ta’rix va boshqalar janrlarida ijod etgan. Aksariyat masnaviylari hasbi hol va ijtimoiydidaktik xarakterga ega. Tarixlarida davrning muhim voqealari (yirik binolar qurilishi, amirning yurishlari va atoqli kishilarning vafot qilgan vaqti) qayd etilgan. Lirikasida ishqiy kechinmalar tasviri, turmushdan shikoyat motivlari muhim o’rin tutadi. Shoirning «Farg’ona chekar», «Judoyi Farg’ona», «rozi dilim eshitgil» kabi she’rlarida tug’ilgan yurtiga hurmat, uni sog’inish va qo’msash tuyg’ulari ifodalangan. Shukuriy Farg’oniy devonining qo’lyozma nusxalari Rossiya Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti SanktPeterburg bo’limi (inv. №1581) va O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida (inv. №5021) saqlanadi.