Jizzaxda sovet tuzumiga qarshi qurolli harakat

Jizzax vohasida, G’allaorol, Bog’don, Baxmal hududlarida 1917 yilgi oktabr to’ntarishidan keyin fuqarolar turmush sharoitining yomonlashuvi, oddiy fuqarolik huquqlari oyoq-osti qilinishi, oilani boqib turgan chorva mollari, ot-ulovlarning qizil askarlar, mahalliy hukumat organlari tomonidan tortib olinishi sovetlar hukumatiga qarshi qurolli harakatning kuchayishiga sabab bo’ldi. Qarshilik ko’rsatish harakatiga Jizzax shahrida fuqarolar orasida juda katta hurmat-e’tiborga sazovor bo’lgan Murodbek, Xayrullabek; G’allaorolda Mulla To’xtamish, Mulla Mustoq, Mavlonboy Iskandar o’g’li, Mulla Ergash; Bog’donda Xudoyor poshsho, Muhammadxo’ja; Baxmalda Mulla Tursunbeklar boshchilik qildilar. Bolsheviklar tomonidan ularga “bosmachi” tamg’asi bosildi, ularning ko’plari qizil askarlar bilan bo’lgan to’qnashuvlarda halok bo’ldilar, qolgan qismi esa sovetlar hukumati tomonidan hibsga olinib, “Uchlik” qarori bilan otib tashlandilar.

Sovet hokimiyati zo’ravonligiga qarshi harakatga qo’shilganlarga sovetlar hukumati olib borgan qatag’onlarni isbot qilish uchun O’zbekiston Markaziy Davlat arxivida saqlanayotgan “o’ta maxfiy hujjat” – “17-fond, 1-ro’yxat, 45-ish”ni Sizning hukmingizga havola qilmoqchimiz. Hujjatning Samarqand viloyati “bosmachi”larini yo’q qildirgan “Favqulodda uchlik” Muvaqqat qo’mitasi raisi Sherg’oziyev va mas’ul kotibi Xrushchyovlar tomonidan Turkiston ASSR Markaziy Ijroiya qo’mitasiga yo’llagan bayonnomasida yozilishicha, “Samarqand shahridagi Moxovxona turmasida jazo otryadi tomonidan bir kecha davomida kim ko’p mahbus otish bo’yicha “musobaqa” o’tkazilgan. Kelgindilar mahalliy xalq urf-odatini oyoqosti qilib, eski mutaassibdan chamasi biror yil ichida baynalmilalchi chiqarish xayoli bilan uning diniy tuyg’ularini toptaydilar. Mahalliy istiqlolchilar bilan kurashish uchun ashaddiy kallakesarlar turmadan bo’shatib yuborilgan edi”.

Markazdan Turkistonga ongi hali to’liq yetilmagan, umuman, Turkiston tarixidan mutlaqo bexabar kishilar, qizil askarlar, matroslar yuborilgan edi. O’sha yillari tashkil qilingan maxsus bo’limlar, ChK (Favqulodda komissiya) xodimlari tomonidan, ehtimolki, Ryazan guberniyasida qo’llash mumkin bo’lgan, biroq Turkistonda qo’llash mumkin bo’lmagan usullar, “tadbirlar”ning amalga oshirilishi o’lkada qurolli qarshilik harakatining kuchayishiga sabab bo’lgan edi. Hech gunohi yo’q kishilar ikki-uch ig’vogarlarning til biriktirishi bilan qamalib, otila bergan-u, asl istiqlolchilarga qarshi kurashish maqsadida ashaddiy kallakesarlar hech bir ma’lum bo’lmagan sabablar bilan turmadan bo’shatib yuborilar edi.

1918 yilda Jizzax uyezdining Sangzor, Yangiqo’rg’on, O’smat volostlarida sovetlar hokimiyati o’rnatilishi munosabati bilan ocharchilikka, qahatchilikka qarshi norozilik avj ola boshladi. Buning ustiga o’sha yillari Tojikiston tog’li Matcho mavzesidan Hamid, Asror, O’rol singari bosqinchilar Baxmal qishloqlariga bostirib kirib, Molguzar, Turkiston tizma tog’lari yonbag’ridagi qishloqlarda himoyasiz qolgan qishloq aholisi mol-mulkini talar edilar. Sayyid Azimning “Baxmalnoma” kitobida bayon qilinishicha, 1919-1920 yillarda Samarqand-Baxmal hududida 100 dan ortiq navkarga egalik qilayotgan Ochilbek Jo’raboy o’g’li (tarixda Ochildov Ko’rboshi nomi bilan mashhur) Baxmal ahli qismatiga befarq qaray olmadi. U Baxmalga o’zining choparini yuborib, xalqqa zulm o’tkazayotgan tog’li bosqinchilardan yovuzliklarini to’xtatish va darhol Baxmal qishloqlarini tark etishni talab qiladi. Ammo bosqinchilar Ochildovning elchisi hayotiga qasd qiladilar. Bu Ochildovni ular bilan jang qilishga undadi. U bosqinchi to’dalarni yo’q qilish maqsadida g’allaorollik mingboshilar Mulla To’xtamish, Mulla Tog’ay, Mulla Mustoqlar bilan o’zaro til biriktiradi. Bosqinchilarning Hamid boshliq to’dasi Ochildov yigitlari bilan bo’lgan jangda Baxmal tumanidagi Palaxmon tog’lariga yashirinishga majbur bo’ladi. Asror va O’rol boshliq bosqinchi to’dalar esa Baxmalni jangsiz tark etishga majbur bo’ladilar.

Jizzax shahrida ham Ochildov yigitlari bilan birgalikda bosqinchi to’dalarga qarshi “Saroylik” mahallasidan Xolmat, “Toshkentlik” mahallasidan Mulla Hoshim Egamberdi o’g’li kurash olib bordilar.

Ochildov Jo’raboy o’g’li, Mulla Tursun Xolmurod o’g’li bilan hamkorlikda Baxmalda sovetlar tuzumiga qarshi kurash olib bordi. So’ngra u sovetlardan yuz o’girgan Mulla Tursun Xolmurod o’g’liga Baxmal muzofotida aholi osoyishtaligini saqlashni topshirib, o’zi Urgut tog’lariga o’tib ketadi. “Islom Lashkari” sardori” nomini olgan Ochildovning Baxmalda yo’qligidan foydalangan Hamid va Asrorlarning 35-40 yigitdan iborat to’dasi yana Nebo’sa qishlog’iga bostirib kelib, qishloqni talaydi. Bu noxush xabardan ogoh bo’lgan Ochildov, Mulla Tursun yigitlari bilan hamkorlikda Hamid, Asror, O’rol to’dalarini tor-mor qilib, ularning bosqinchilik harakatiga batamom chek qo’yadi. Qizil askarlar bilan bo’lgan janglarning birida Ochildov halok bo’ladi.

Sovetlar hukumati Jizzax uyezdida ozodlik kurashchilariga boshchilik qilayotgan Mulla Tursunni qo’lga olish uchun katta mukofot va’da qilib, Samarqand turmasida yotgan Mansur o’g’ri boshliq bir guruh kallakesarlarni qurollantirib, Baxmalga yuboradi. Kallakesarlar Mulla Tursun yigitlariga qarshi Baxmal qishloqlarida kurash olib boradilar. Baxmallik keksalarning eslashlaricha, Mulla Tursunga qarshi kurashga otlangan sovet hukumati vakili Eshmon O’razmetovni Mulla Tursun yigitlari Mo’g’ol qishlog’ida qo’lga tushirib qamal qo’yishadi. Mo’g’ollik Norchuchuk momo esa uni ozod qilishni iltimos qiladi. Rad javobini eshitib, iztirob chekadi va Mallaxon eshondan Eshmon O’razmetovga yordam berishni so’raydi. Mallaxon eshon Norchuchuk momoga osh va choyga nasha solib Mulla Tursun bilan navkarlariga yedirishni maslahat beradi. Mulla Tursun bilan uning yigitlari nasha kayfidan uyquga ketadilar. Mallaxon eshon, Eshmon O’razmetov va ularning gumashtalari mehmonxonaga bostirib kirib, o’z rejalarini amalga oshiradilar. Qotillik yorlig’i esa Norchuchuk momoga berilib, inqilob fidoyisiga aylantiriladi va sovetlar davrida ko’klarga ko’tarib, dostonlar bitiladi. Xullas, Jizzaxda ko’tarilgan qurolli qarshilik ko’rsatish harakati bostiriladi.