SULTON HUSAYN MIRZO BOYQARO

Sulton Husayn Mirzo Boyqaro 1438 yil iyul oyida Hirotning sharqi-shimolida joylashgan “Davlatxona” deb nomlangan saroyda olamga keladi.

Sulton Husayn Mirzo Boyqaroning otasi Sulton G’iyosiddin Mansur Mirzo nasl-nasabi jihatdan Boyqaro Mirzoning uchinchi o’g’li edi. Boyqaro Mirzoning otasi Amir Temurning ikkinchi o’g’li Umarshayx Mirzo bahodirning kichik o’g’li edi.

Onasi Feruza begim ota tomonidan Amir Temurning katta qizi, Og’o begimning o’g’li Sulton Husayn Mirzoning qizi edi. Feruza begimning onasi Qutluq Sulton begim esa Mironshoh Mirzoning qizi edi. Darhaqiqat, Sulton Husayn Mirzo Boyqaro, Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo ta’riflaganidek, “Karimut-tarafayn”, ya’ni har ikki tomondan ham nasabi Amir Temur Kuragonga tutashardi.

1445 yilda Sulton G’iyosiddin Mansur Mirzo vafot etadi. Bu paytda Sulton Husayn Mirzo yetti yoshda edi.  U 14 yoshigacha maktabda o’qiydi.

Tarixchi G’iyosiddin bin Humomiddin Xondamirning yozishicha, 1452 yil kuz oylarida 14 yoshlik Sulton Husayn Mirzo onasi Feruza begim bilan kengashib, Hirot hukmdori Abulqosim Bobur Mirzo saroyiga xizmatga kiradi.

1454 yil kech kuzda Abulqosim Bobur Mirzo Samarqandga qarshi muvaffaqiyatsiz yurish qiladi. Bu yurishda 16 yoshli Sulton Husayn Mirzo ham birga edi. Samarqand hukmdori Sulton Abusayid Mirzo Abulqosim Bobur Mirzo qo’shiniga qaqshatgich zarbani bergach, har ikki hukmdor o’rtasida sulh bitimi imzolanib, mazkur yilning 25 dekabrida Abulqosim Bobur Mirzo Hirotga qaytadi. Biroq Sulton Husayn Mirzo o’z valine’mati Abulqosim Bobur Mirzo bilan birga Hirotga qaytmaydi. U Samarqand hukmdori Sulton Abusayid Mirzo saroyida qoladi. Sulton Husayn Mirzoning Samarqandda qolishi bejiz emasdi, albatta.

Feruza begim eri Sulton G’iyosiddin Mansur Mirzodan ko’rmagan ro’shnolikni o’g’li Sulton Husayn Mirzodan ko’rish orzusida yashardi. O’g’liga yoshligidanoq ulug’ bobosi Amir Temur haqidagi qissalardan so’zlab, qulog’ini pishitar hamda ulug’ maqsadlar va buyuk martabalarga havas uyg’otishga tirishib kelardi. Aslida Feruza Begim Abulqosim Bobur Mirzoga nisbatan, Sulton Abusayid Mirzoning qudratli va davlatmand hukmdor fahmlab, o’g’li Sulton Husayn Mirzoga Samarqand saroyida xizmat qilishga ijozat ham bergan edi. Shuningdek, Sulton Abusayid Mirzo saroyida xizmat qilayotgan shahzodalar orasida Umar Shayx Mirzo avlodiga mansub shahzodalardan bir nechasi bor edi. Bular yoniga Sulton Husayn Mirzo ham borib qo’shiladi. Biroq ko’p o’tmay Sulton Husayn Mirzoning amakivachchasi Sulton Vays Mirzo (Muhammad Mirzoning o’g’li) hukmdor Sulton Abusayid Mirzoga qarshi isyon ko’taradi. Isyonchi shahzodadan xavfsiragan Sulton Abusayid Mirzo o’z mulozimatida bo’lgan 13 nafar shahzodalarni hibsga oladi. Tabiiyki, mazkur shahzodalar orasida Sulton Husayn Mirzo ham bor edi.

Bu dahshatli xabar tez fursatda Hirotga – Feruza Begimga yetib keladi. Feruza Begim Abulqosim Bobur Mirzo huzuriga borib, undan maslahat so’raydi va o’zini Samarqandga – hukmdor Sulton Abusayid Mirzo huzuriga jo’natishni iltijo qilib yolboradi. Xuroson hukmdori Abulqosim Bobur Mirzo harnechuk Feruza Begimning Sulton Abusayid Mirzo bilan xolavachcha ekanligini nazarda tutib, Hirotdn Samarqandga jo’nayotgan savdo karvoniga Feruza Begimni hamroh qilib jo’natadi.

Movarounnahr hukmdori Sulton Abusayid Mirzo xolavachchasi Feruza Begimga iltifot ko’rsatib, iliq kutib oladi. Feruza Begim so’z orasida hukmdorning o’z xolavachchasi ekanligi, shuningdek o’zgalarga nisbatan unga yaqin qarindoshligini alohida ta’kidlab o’tadi. Shuningdek, o’g’li Sulton Husayn Mirzoning ulug’ hukmdorga qarshi hech qachon g’arazi bo’lmagani va bo’lmasligi haqida kafolat berajagini, binobarin o’g’lini hibsdan ozod qilib, Hirotga qaytishga ijozat berishini nolayu-iltijolar bilan so’raydi. Hukmdor Sulton Abusayid Mirzo xolavachchasining zoriyu-tavallolari hamda ko’z yoshlarini inobatga olib, Sulton Husayn Mirzoni hibsdan ozod qilib, onasi Feruza Begim bilan birga Hirotga jo’nashiga farmon beradi. Tarixiy manbalarning bergan ma’lumotiga qaraganda, Sulton Husayn Mirzo taxminan 1455 yilda Samarqanddan qaytib kelib, yana Abulqosim Bobur Mirzo saroyida xizmat qila boshlaydi. Tarixchi Xondamirning yozishicha, xuddi shu paytda yosh Alisher Navoiy ham Abulqosim Bobur Mirzo xizmatiga kiradi.

Abdurazzoq Samarqandiyning bergan ma’lumotiga qaraganda, 1456 yil oktabrning boshida Abulqosim Bobur Mirzo Hirotdan chiqib, 14 oktabrda Mashhadga keladi. Hukmdorning bu safarida shahzoda Sulton Husayn Mirzo bilan Alisher Navoiy ham birga edilar. Abulqosim Bobur Mirzo Mashhadda qishlaydi. 1457 yilning 22 martida saroyda o’tkazilayotgan bazmda Abulqosim Bobur Mirzo jigar xastaligiga qaramay, me’yoridan ortiq sharob tanovul qilib, olamdan ko’z yumadi.

Abulqosim Bobur Mirzo vafotidan so’ng, Sulton Husayn Mirzo saroyni tark qilib, Marv, Jom va Mohan viloyatlarining hukmdori Sanjar Mirzo Marviy huzuriga boradi. Sanjar Mirzo Marviy 1455 yildan buyon Abulqosim Bobur Mirzo qo’l ostida edi.

Abulqosim Bobur Mirzo vafotini eshitgan Sanjar Mirzo marhum hukmdorning o’g’li yosh shahzoda Shoh Mahmudga bay’at bildirishni o’ziga ep ko’rmay, aksincha, mustaqil hukmronlik yo’lini tanlaydi. Xuddi ana shu paytda 19 yoshli barvasta navjuvon shahzoda Sulton Husayn Mirzo uning huzuriga tashrif buyuradi. Sanjar Mirzo Sulton Husayn Mirzoni yuksak ehtirom bilan kutib oladi va benihoya iltifotlar ko’rsatadi.

Sanjar Mirzo yosh shahzodadan kelgusida o’z maqsadlari yo’lida foydalanish niyatida, unga o’z qizi 15 yoshli Beka Sulton begimni nikohlab beradi. Sulton Husayn Mirzo o’zining qat’iyati va jasorati tufayli tez kunda qaynotasi Sanjar Mirzoning ishonchiga sazovor bo’ladi.

1457 yil iyul oyida marhum Abulqosim Bobur Mirzoning o’n bir yoshli o’g’li Shoh Mahmud Mirzo Alouddavla Mirzoning o’g’li Ibrohim Mirzodan yengilib, Mashhadga qaytgani haqidagi xabarni eshitgan Muiziddin Sanjar Mirzo Mashhadni o’z tasarrufiga kiritish ishtiyoqida taraddudga tushadi. Sanjar Mirzo Mashhadga jo’nash oldidan Marvda o’z o’rniga kuyovi Sulton Husayn Mirzoni hukmdor etib belgilaydi.

Sulton Husayn Mirzo tez orada qaynotasi Sanjar Mirzo kutganidek o’z shijoati va qattiqqo’lligini namoyish qila boshlaydi. Shu orada bir qiziq voqea sodir bo’ladi. To’ydan so’ng Beka Sulton begim kunlardan bir kun, bundan uch yuz yil muqaddam o’tgan mashhur bobosi Sanjar haqida hikoya qilib, uning davrida Marvda muhtasham binolar, bog’-rog’lar barpo etilib, Marv misli yo’q go’zal shaharga aylangani haqida ehtiros bilan so’zlab beradi. Darhaqiqat, Marvda mo’g’ul istilosidan qolgan vayronalar hamda bin ova xiyobonlarning yarim xaroba manzarasi o’z davrida nihoyatda ko’rkam shahar bo’lganidan dalolat berardi.

Ana shu yarim xaroba binolar orasida zangori gumbazli bir masjid mo’jiza yuz berib shikastlanmay qolgan edi. Beka Sulton begimning hikoyasi ham xuddi ana shu masjid ustida borardi.

  • Kunlarning birida, – deb hikoyasini davom ettiradi Beka Sulton Begim – Sulton bir pariga uylanibdi. Pari Sultonga uchta shart qo’yibdi, shartga binoan pari sochini tarayotganda Sulton hech qachon unga qaramasligi, uning belidan quchmasligi va xotini yurganda uning oyoqlariga ko’z tashlamasligi lozim edi. Sulton birmuncha vaqtgacha shartga rioya qilib yuradi. Ammo kunlarning birida sabr kosasi to’lib, xotini sochini tarayotgan asnoda yashirincha ko’z qirini tashlaydi. Biroq ne ko’z bilan ko’rsinki, xotini o’z boshini kursi ustiga olib qo’yib, qora sochlarini oltin taroq bilan tarayotgan ekan. Bu voqeadan hang-mang bo’lib qolgan Sulton, bir ozdan so’ng hushi o’ziga kelib, “nega bunday qilding”, deb so’raydi. Pari g’azablanib, “agar ikkinchi shartni buzguday bo’lsang, albatta seni tashlab ketaman”, deb javob beribdi. Oradan bir necha kun o’tgach, sultonga shahvoniy hirs g’alaba qilib, beixtiyor xotinining belidan quchibdi. Quchibdi-yu, parining belida suyagi yo’qligidan hayratga tushib, “nega belingda suyaging yo’q?” – debdi. Shu zahotiyoq pari uchib, ko’zdan g’oyib bo’libdi. Sulton shaharning zabardast duoxon domlalarini yig’ibdi. Ular to’qqiz kechayu-to’qqiz kun duo o’qib, paridan sultonning gunohini kechirib, qaytib kelishini iltijo qilib so’rabdilar. Nihoyat, pari sultonning gunohidan o’tib, qaytib kelibdi va “agar uchinchi shartni buzsang butunlay ketaman”, debdi. Sulton shartni buzmaslikka so’z berib, to’qqiz yil tishini-tishiga qo’yib chidab yuribdi. Nihoyat, kunlardan bir kun sulton oldidan yurib ketayotgan parining oyog’iga ko’z tashlabdi, qarasa parining oyog’i yerga tegmay, havoda muallaq suzib ketayotgan emis. Sulton jon holatda “uchib ketma, pari”, deb qichqiribdi. Biroq shu zahotiyoq pari g’oyib bo’libdi. Sulton g’am-anduhga botib, kasal bo’lib qolibdi. Xastalikdan tuzalib, o’rnidan turgach, katta masjid qurdiribdi. – Hu anovi masjidni o’sha sulton qurdirgan, – deya uzoqda jilvalanib turgan ko’k gumbazli katta masjidni eri Sulton Husayn Mirzoga ko’rsatadi Beka Sulton begim.
  • U masjidni osmono’par baland qurdirmoqchi ekan, – deya hikoyasini davom ettiradi Beka Sulton begim. – Biroq ushbu oxirgi qavati qo’ndirilib, eng yuqorisiga ko’tarilganda, pari darichadan mo’ralab, sultonga ta’zim qilibdi-da, bundan buyon har juma kuni namozshomdan kelib kelib turishga va’da qilibdi. Shundan so’ng sulton juma kunini orziqib kutadigan bo’lib qolibdi. Va’daga binoan har juma kuni shomdan so’ng pari sulton huzuriga kelib, ertaklar aytib berar, ashula aytar, goho uzun qora sochlarini oltin taroq bilan tarab o’ltirarkan. Kunlarning birida pari oltin tarog’ini qo’lidan tushirib yuboribdi. Sulton esa paridan mazkur taroqni esdalik uchun taqdim qilishini iltimos qilibdi. Pari rozi bo’libdi. Zamonlar o’tib, o’limi yaqinlashayotganini sezgan sulton oltin taroqni masjidning gumbaziga qo’yib, ustini suvab yuborishni buyuribdi. O’shandan buyon taroq masjidning gumbazida emish, – deb hikoyasini tugatadi Beka Sulton begim.

Mazkur afsonani eshitgan Sulton Husayn Mirzoning xayoli qochib, “balki afsonada ozgina bo’lsa-da haqiqat bordir” – degan fikrga kelib, hech kim yo’q paytni poylab, masjid ustiga chiqib, gumbaz g’ishtlarini ko’chira boshlaydi. Bu voqeani ko’rgan muezzin Sanjar Mirzoning eng nufuzli ashroflaridan biri bo’lgan vazir Hasan Arlotga xabar beradi. Hasan Arlot esa Sulton Husayn Mirzoni yoqtirmas, unga kelgindi deb qarab, zimdan dilida adovat saqlar edi. Paytni g’animat bilgan Hasan Arlot el orasida “Sulton Husayn Mirzo, sanjariy sulolasiga mansub bo’lgan dafinani o’g’irlab, Sanjar Mirzoni ag’darib, Marvda o’z saltanatini barpo etmoqchi” – degan mish-mishni tarqatadi va uni asirga olish taraddudiga tushadi.

Bu fitnadan ogoh bo’lgan Sulton Husayn Mirzo fursatni qo’ldan bermay Hasan Arlotni ushlatib, hibsga oladi. Shu voqeadan so’ng go’yo fitna tinchiganday bo’ladi. Yoshlik g’ururi bilan maylga erk bergan Sulton Husayn Mirzo o’z navkarlari bilan ovga chiqadi.

Tarixchi Xondamirning “Habib us-siyar” nomli asarida talqin qilinishicha, Sulton Husayn Mirzo o’rdugohdan uzoqlashgach, Muiziddin Sanjar Mirzoning mulozimlaridan Muhammadbek Sheroziy, Shayx Zunnun Iroqiy hamda umarolardan El O’g’li o’zaro ittifoq tuzib, shahzodadan o’ch olishga jazm qiladilar. Darhol Sulton Husayn Mirzoning devonda xizmat qilib turgan yaqin kishilaridan Do’ldoy Shayx Bahodir, Sher Ali va boshqalarni qatl qiladilar. Shahardan hiyla bilan qochib chiqqan Jon Alining birodari mazkur mash’um xabarni Sulton Husayn Mirzoga yetkazadi. Sulton Husayn Mirzo 60 nafar navkari bilan shaharga yaqinlashganda, shahar darvozalari mahkam yopilganini va Sanjar Mirzoga tarafdor amir va beklar jangga tayyor turganini ko’radi. Orada qattiq jang boshlanadi. Jang asnosida Sulton Husayn Mirzoning qo’li baland kelib, shaharga yorib kirsa-da, biroq kuchlarning nomuvofiqligi tufayli jang xotimasida shaharni tashlab chiqishga majbur bo’ladi.

Tarixiy manbalarning xabariga ko’ra, Sulton Husayn Mirzo Marvdan siqib chiqarilgach, o’sha yili qish faslini Marv bilan Xeva oralig’idagi biyobonda o’tkazishga majbur bo’ladi.

Tarixchi Xondamir va Abrurazzoq Samarqandiyning yozganlariga qaraganda, 1458 yil bahorida Sulton Husayn Mirzo o’ziga qarashli uch yuzga yaqin navkarlari bilan Tajan (Tendjen)ga qarab yuradi. Ayni vaqtda amir Bobo Hasan Jurjonda Jahonshoh turkman tazyiqidan qochib, o’z navkarlari bilan Obivard orqali yurib, Sanjar Mirzoga qo’shilish niyatida kelmoqda edi. Bu xabarni eshitgan Sulton Husayn Mirzo Anbuh yaqinida amir Bobo Hasanga yetib borib hamla qiladi. Orada hayot-momot jangi boshlanadi. Sulton Husayn Mirzo uch yuzga yaqin dalovur navkarlari bilan jangga kirib, amir Bobo Hasan navkarlarini to’zitib, o’zini esa asir olib, so’ngra qatl qildiradi. Amir Bobo Hasanning omon qolgan navkarlarini Sulton Husayn Mirzo o’z panohiga olib, Niso viloyatiga yuradi. Bu g’alaba Sulton Husayn Mirzoning harb maydonidagi birinchi g’alabasi edi. Shundan so’ng Sulton Husayn Mirzo Niso viloyatini zabt etib, undan Astrobod hokimi Husaynbek Jahonshoh turkmanning amakivachchasi edi. 1460 yil sentabrida Sulton Husayn Mirzo Astrobodni zabt etgach, Husaynbekni dorga osdirib, saltanat va arkoni davlatni o’z hukmiga kiritadi.

Sulton Husayn Mirzo hali Astrobodga hujum qilmasdan avval Niso shahridaligida qaynotasi Sanjar Mirzo bilan oradagi nizoni bartaraf etish maqsadida muzokara yuritish uchun Mahmud Turkistoniyni elchi qilib jo’natadi. Ammo bir so’zli, qaysar Sanjar Mirzo hali jahlidan tushmagan edi. Binobarin, elchi Mahmud Turkistoniyni darhol tutdirib, qatlga buyuradi. Natijada qaynota bilan kuyov o’rtasidagi kina-qudurat yana avjiga chiqadi.

Sulton Husayn Mirzo Astrobodda o’rnashib olgach, Xuroson hukmdori Sulton Abusayid Mirzo bilan muzokara yuritib, Astrobod viloyatida xutbani Sulton Abusayid Mirzo o’zining xavfli dushmani Jahonshoh turkman bilan sulh tuzib olgungacha Sulton Husayn Mirzo bilan do’stona munosabatda bo’lib turadi. O’z saltanatini katta-kichik dushmanlaridan forig’ qilgach, Astrobod viloyatiga, ya’ni Sulton Husayn Mirzoga qarshi ko’z tika boshlaydi.

1459 yil mart oyida Sulton Husayn Mirzo huzuriga Sulton Abusayid Mirzo tomonidan Abdurazzoq Samarqaniy elchi bo’lib keladi. Bu paytda Sulton Abusayid Mirzoning dushmanlari deyarli tugatilgan, 1458 yildayoq Alouddavla Mirzo, uning o’g’li Ibrohim Mirzo va Sanjar Mirzolarning birlashgan harbiy kuchlari Saraxs qo’rg’oni yaqinida tor-mor etilib, Alouddavla bilan Ibrohim Mirzo jang maydonidan arang qochib qutulgan edilar. Ammo Sanjar Mirzo yaralanib, asir olingach, Sulton Abusayid Mirzoning buyrug’iga ko’ra qatl qilingan edi. Shuningdek, bu vaqtda Sulton Abusayid Mirzoning eng xavfli dushmani turkman hukmdori Jahonshoh bilan sulh tuzilgan edi.

Sulton Husayn Mirzo Hirot elchisi Abdurazzoq Samarqandiyni Hirotga qaytishga ruxsat berarkan, uning yoniga o’z elchisini ham qo’shib jo’natadi. Sulton Abusayid Mirzo Sulton Husayn Mirzoning elchisini yaxshi qabul qiladi.

Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, keyinchalik Sulton Husayn Mirzoning harbiy to’dalari Xuroson muzofotiga kirib, talon-taroj bilan shug’ullanadilar, ular hatto Sabzavor va Nishopurgacha izg’ib kela boshlaydilar. Holbuki, butun Xuroson va Mozandaronni o’z tasarrufiga kiritishni niyat qilib yurgan Sulton Abusayid Mirzo uchun Sulton Husayn Mirzoning bunday kirdikorlari ayni muddao edi.

Xondamirning yozishiga qaraganda, Sulton Husayn Mirzoning yaqin mulozimlaridan Muhammad Qavchin hokimlik qilib turgan Biyorjumand viloyatiga Sulton Abusayid Mirzoning buyrug’iga ko’ra, amir Muhammad Mushtoq hujum qiladi. Ammo Muhammad Qavchin jangda Muhammad Mushtoqni asir olib, qo’shinlarni yakson qiladi. Muhammad Mushtoqni esa Sulton Husayn Mirzo huzuriga jo’natadi.

Sulton Husayn Mirzo esa, Sulton Abusayid Mirzoning hurmati yuzasidan uning amiri Muhammad Mushtoqni banddan bo’shatib, sarupolar kiydiradi va yoniga o’z mulozimlaridan biri amir Sayyid Ko’kaltoshni elchi qilib tayinlab, Hirotga – Sulton Abusayid Mirzo huzuriga jo’natadi. Elchi amir Sayyid Ko’kaltosh Sulton Abusayid Mirzo huzuriga kirishi bilan Sulton uni ushlatib zindonga soladi. Shu kundan boshlab Sulton Husayn Mirzo bilan Sulton Abusayid Mirzo o’rtalarida dushmanlik urug’i unib chiqadi va kundan-kun rivojlanadi.

Xondamirning yozishicha, Sulton Husayn Mirzo 1460 yilning boshlarida Biyorjumand viloyatida yashovchi arablar isyonini bostirish uchun Abdul Ali tarxon boshchiligida harbiy guruhni jo’natadi. Ular Biyorjumand viloyatida osoyishtalik o’rnatib, u yerdan qochgan isyonchilarni ta’qib qilib, Sabzavor va Nishopurgacha bosib boradilar. Bu xabarni eshitgan Sulton Abusayid Mirzo amir Ali Forsi barlos, Hasan Shayx Temur, amir Nur Sayid va amir Sayyid Mazidlarni Biyorjumandga jo’natadi. Abdul Ali tarxon Xuroson beklarining kelayotgan xabarini eshitib, Astrobodga qaytib keladi. Shundan so’ng Sulton Husayn Mirzo Xuroson beklariga qarshi ilg’or yuboradi. Ammo beklar ketidan katta qo’shin bilan Sulton Abusayid Mirzoning o’zi ham kelayotganini eshitib, Astrobod qal’a va qishloqlarini jangga tayyorlashga farmon beradi. Shu asnoda qaltis vaziyat sodir bo’lib, Sulton Husayn Mirzo amirlaridan Ahmad va Bobo Yoqut Jaloyir o’z qavmi bilan birgalikda Sulton Husayn Boyqarodan yuz o’girib, ketib qoladi. Bu voqeadan keyin qo’shindan putur ketib, Xuroson qo’shiniga bardosh berish imkondan tashqari bo’lib qoladi.

Vaziyatni hisobga olgan holda Sulton Husayn Mirzo Astrobodni tashlab chiqadi va Amudaryodan kechib o’tib ketadi. Sulton Abusayid Mirzo Astrobodga tantana bilan kirib, bu viloyatni o’zining uchinchi o’g’li yosh Sulton Mahmud Mirzoga in’om qilib, o’zi Hirotga qaytadi.

1461 yil bahorida Sulton Abusayid Mirzo Shohruhiyada qo’zg’olon ko’targan Muhammad Jo’kiy (Abdullatif Mirzoning o’g’li) Mirzoga qarshi lashkar tortadi. Qulay fursatni g’animat bilib, Sulton Husayn Mirzo Astrobodga hujum qiladi va Astrobod hokimi yosh shahzoda Sulton Mahmud Mirzoni yengib, viloyatni qo’lga kiritadi. Sulton Mahmud Mirzo esa Hirotga qochib keladi.

Sulton Husayn Mirzo Astrobodni zabt etgach, Abdurahmon Arg’unni hokim qilib, o’zi Hirotga qarab yo’l oladi. Bu xabarni eshitgan Sabzavor hokimi amir Sayid Murod va Nishopur hokimi amir Sayid Asil Arg’unlar tezda Hirotga borib, qal’ani mustahkamlash taraddudiga tushadilar. Ammo Sulton Husayn Mirzo o’z qo’shini bilan 1461 yil 31 avgustda shahar chetidagi Bog’i Zog’onga kelib to’xtaydi. Hirotning barcha darvozalari yopilgan va jangga tayyor holda turardi. Sulton Husayn Mirzo askarlari Hirot darvozalari yonida qattiq jang olib boradilar. Ammo amir Sayid Asil Arg’un va amir Sayid Murodlarning jonbozligi natijasi o’laroq, hirotlilar dushmanni shaharga yaqinlashtirmaydilar.

Dushman tarafidan kimki hirotlilar qo’liga tushsa, quloq va burnini kesib qo’yib yuborardilar. O’z navbatida dushman qo’liga tushgan hirotlilarning qismati ham mazkur jazodan mustasno emas edi.

Nihoyat, shu yilning sentabr oyining oxirida Sulton Abusayid Mirzo shoshilinch ravishda Muhammad Jo’kiy Mirzo bilan sulh tuzib, Hirot tom yo’lga tushadi. Hirot atrofida bir oy muddat ichida hech bir ish chiqaraolmagan Sulton Husayn Mirzo bu xbarni eshitgach, 3 oktabrda shaharni qamaldan bo’shatib, Astrobod tomonga chekinib, 10 oktabrda Astrobodga yetib keladi. Biroq, Sulton Abusayid Mirzo Sulton Husayn Mirzoni ta’qib etib, Astrobod tomonga yuradi. Sulton Husayn Mirzo tomonidan Saraxs qal’asi muhofazasi uchun qo’yilgan ilg’or Sulton Abusayid Mirzo qo’shiniga bardosh beraolmay Astrobodga chekinadi. Sulton Abusayid Mirzo qo’shinining shitob bilan Astrobodga kelayotgan xabarini eshitgan Sulton Husayn Mirzo o’z arkoni davlati bilan maslahatlashib, Astrobodni ikkinchi marta bo’shatib, Amudaryodan qayiqlarda kechib o’tib, Xorazmga dohil bo’ladi.

Sulton Abusayid Mirzo tomonidan Xorazm viloyatiga tayinlangan hokim zolimligi tufayli xalq nazaridan qolgan edi. Binobarin, Sulton Husayn Mirzo tez fursatda Xorazm viloyatini o’ziga tobe’ qiladi. 1464 yilda yana Xurosonga muvaffaqiyatsiz yurish qiladi. Xondamirning yozishicha, Sulton Husayn Mirzo Niso, Obivard, Mashhad va Turshiz viloyatlariga hujum qilib, yo’lida kim uchrasa o’ldirib, nima uchrasa talon-taroj qilardi. Garchi Turshiz viloyatida g’laba qozonga bo’lsa-da, biroq u yerda turolmay yana Xorazmga qaytadi. Xorazmga ham muqim o’rnasholmaydi. Chunki Xorazmda hokimiyat Sulton Abusayid Mirzoga hayrixoh bo’lgan amir Nur Sayid qo’liga o’tgan edi. Nur Sayid Xorazmning avvalgi hukmdori Shoh Malik avlodidan edi. 1467 yilda Sulton Husayn Mirzo Xorazmga bostirib kirib, u yerni xarobaga aylantiradi. Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, Nur Sayid shahar mudofaasini tashkil qilishda xatoga yo’l qo’yib, avval hokimiyatdan, so’ngra hayotidan mahrum bo’ladi.

Shundan so’ng Sulton Husan Mirzo ko’p vaqtgacha Xorazm bilan Buxoro o’rtasida kezib hayot kechiradi. Nihoyat, 1468 yili Jo’jixon avlodiga mansub Dashti Qipchoq hukmdori Abulhayrxon huzurida ko’mk istab boradi. Tarixchi Xondamirning so’ziga qaraganda, xon huzuriga kiruvchi zot taxt oldida turib, ta’zim bilan bosh kiyimini ko’tarib, ehtiyojmandlik ramzi sifatida bir qo’liga bir poy kovushini olib, egilib ta’zim qilishi vojib bo’lgan. Ammo Sulton Husayn Mirzo bu rusumni bajarishdan bosh tortadi va o’z odatiga ko’ra xon huzurida bir tizzasini yerga tegizib, egilib ta’lim qiladi. Abulhayrxon bu vaqtda shol kasaliga chalinib, ko’rpa-to’shakda yotardi. Shunga qaramay, Sulton Husayn Mirzoga ko’mak berishga rozilik bildiradi. Sulton Husayn Mirzo Abulhayrxon o’rdasida bir hafta davomida, shohlarga xos iltifot va ehtiromdan sarafroz bo’lib hayot kechiradi. Mazkur fursatda Sulton Husayn Mirzoga ko’mak uchun o’zbek qo’shinini yig’ishga farmon berilgan edi. Biroq taqdir taqozosi bilan Abulhayrxon vafot etib, o’rdugohda besaranjomlik boshlanadi. Bunday vaziyatda ko’mak olish amrimahol ekanligiga ko’zi yetgan Sulton Husayn Mirzo noumid bo’lib, Xurosonga qaytadi.

1469 yil mart oyida Sulton Abusayid Mirzo Iroqda turkmanlar bilan bo’lgan jangda halok bo’ladi. Bu xabar tezda tarqalib, Sulton Husayn Mirzo Hirotga qarab yuradi. Xondamirning yozishicha, Qorabog’da turgan shahzoda Sulton Mahmud Mirzo otasining haloatini eshitishi bilan Hirotga qarab yuradi. Abdurazzoq Samarqandiyning bergan ma’lumotiga qaraganda, Sulton Abusayid Mirzoning to’ng’ich o’g’li Sulton Ahmad Mirzo 50 ming qo’shin bilan Samarqanddan chiqib, Hirot mudofaasi uchun kelayotgan edi. Nihoyat, 16 mart payshanba kuni Sulton Mahmud Mirzo Hirotga kiradi va 17 mart juma kuni uning hamda akasi Sulton Ahmad Mirzo nomiga xutba o’qiladi. Biroq Ixtiyoriddin qal’asining boshlig’i Sulton Mahmud Mirzoga qarshi qo’zg’olon ko’taradi. Qo’zg’olonchilarni shahar ahli ham qo’llab-quvvatlaydi. Tashqaridan Sulton Husayn Mirzoning qo’shini shaharga yaqinlashib kelardi. Sulton Mahmud Mirzo ichki va tashqi dushmanga bardosh berolmasligiga ko’zi yetgach, “jon boride boshni saqlab qolish” qabilida ish tutib, Hirotni tashlab chiqadi va hali yo’lda kelayotgan akasi Sulton Ahmad Mirzoga qo’shilib, Samarqandga ketadi. Shundan ikki kun o’tgach, 1469 yil 24 mart juma kuni Sulton Husayn Mirzo tantana bilan Hirotga kirib keladi va o’sha kuni jom’e masjidida sulton Husayn Boyqaro nomiga xutba o’qiladi.

1469 yil aprelida Alisher Navoiy Samarqanddan Hirotga keladi. Alisher Navoiy do’sti Sulton Husayn Boyqaroni shahanshohlik martabasi bilan qutlab, 14 aprel bayram kuni “Hiloliya” qasidasini tortiq qiladi.

1469 yilda Sulton Husayn Boyqaroni jiyani Muhammad Sulton Mirzo ota-onasi Sulton Ahmad Mirzo va Oqobegim bilan birga Ozarbayjondan Hirotga keladilar. Muhammad Sulton Mirzoning laqabi Kichik Mirzo bo’lib, Sulton Husayn Boyqaroni opasi Oqobegimning o’g’li edi.

Sulton Husayn Boyqaro Xuroson taxtini qo’lga kiritgach, ko’p o’tmay Shohruh Mirzo avlodiga mansub, ya’ni Boysung’ur Mirzoning nabirasi Yodgor Muhammad Mirzo taxt da’vogari sifatida maydonga chiqadi.

Yodgor Muhammad Mirzoning otasi Sulton Muhammad Mirzo o’z akasi Abulqosim Bobur Mirzo tomonidan qatl (1451 yil) qilingach, yosh shahzodani uning ammasi Poyanda Sulton begim o’z tarbiyasiga oladi. Poyanda Sulton begim o’z zamonasining oqila va fozila ayollaridan edi. Uning sa’y-harakati bilan Yodgor Muhammad Mirzo turkman hukmdori Mirzo Jahonshoh mulozimatiga o’tadi. Mirzo Jahonshoh vafotidan so’ng amir Hasanbek yosh shahzodaga katta umid bog’lab, uni har sohada yaxshi tarbiyalab, uning yoniga ba’zi xurosonlik beklardan qo’shib “mavrusiy mamlakatni egallash”ga undaydi.

Yosh va go’l shahzoda taxt egallash vasvasasi bilan g’urulanib, darhol Jurjon viloyatiga qo’qqisdan hujum qiladi. Jurjon hokimi amir Shayx Zohid Torimiy nogahoniy zarbaga dosh berolmay, Hirotga – Sulton Husayn Boyqaro huzuriga qochib keladi. Bu xabarni eshitgan Sulton Husayn Boyqaro darhol amir Nosiriddin Abduholiq, amir Muboriziddin Valibekni dushmanni daf etmoq uchun jo’natadi. Ularning ketidan qo’shimcha ko’mak bilan o’z jiyani Kichik Mirzo (Muhammad Sulton Mirzo)ni ham yuboradi.

1469 yil 11 sentabrda Sulton Husayn Boyqaro o’z askarlari bilan Hirotdan chiqib, Mashhad orqali Astrobodga yuradi. Chinoron mavzeida Yodgor Muhammad Mirzo qo’shini bilan to’qnashib, jang boshlanadi. Jang asnosida har ikki tomondan ko’plab qurbonlar berilib, jang Sulton Husayn Boyqaro g’alabasi bilan intihosiga yetadi. Sulton Husayn Hirotga qaytib, shahar chekkasidagi Bog’i Safedda qo’shinlari bilan qishlaydi.

Ayni vaqtda Hirotda ayrim amaldorlarning aybi bilan xalq qo’zg’olon ko’taradi. Sulton Husayn Boyqaro qo’zg’olonning sababini tekshirish uchun Alisher Navoiyni Hirotga yuboradi. Alisher Navoiy qo’zg’olonchilarga Sultonning farmonini o’qib eshittiradi. Mazkur farmonda fuqaro talabi qondirilgan edi.

Shundan so’ng 1470 yil iyun oyida Sulton Husayn Boyqaro Hirotga kiradi. Biroq ayrim harbiy guruhlarning sotqinligi tufayli shaharni tashlab chiqishga majbur bo’ladi. Bu paytda turkmanlardan katta ko’mak olgan Yodgor Muhammad Mirzo shitob bilan yurib, iyul oyining boshida Hirotga kirib, taxtni egallaydi.

Tarixchi Xondamirning yozishicha, Sulton Husayn Boyqaro o’z arkoni davlati bilan maslahatlashib, ton saharda Bog’i Zog’onga yetib keladi. Bu tungi hujumda amir Alisher Navoiy ham birga edi. Tun. Hamma tonggi shirin uyquda. Endi Yodgor Muhammad Mirzoning oromgohini toppish zarur edi. Bu mushkul ishni amir Alisher Navoiy o’z zimmasiga olib, qilichini g’ilofdan chiqarib, qo’lida hassa qilib, qasr tomon yuradi. Nihoyat, tungi bazmda horigan shahzodani mastona uyquda yotgan joyida qo’liga olib, Sulton Husayn Boyqaro huzuriga keltiradilar. Sulton Husayn Boyqaro Yodgor Muhammad Mirzoning gunohini kechib, qo’yib yubormoqchi bo’ladi. Biroq arkon davlat monelik qiladi. 1470 yil 21 avgustda 19 yoshli Yodgor Muhammad Mirzo qatl qilinadi. Shundan so’ng Hirot va uning atrofini o’rab turgan dushman qo’shini sarosimada, dahshatdan esankirab shaharni tashlab qochadi. Binobarin, Sulton Husayn Boyqaro Xuroson taxtini ikkinchi marta o’z tasarrufiga kiritadi.

1470 yil bahorida Ulug’bek Kobuliy (Sulton Abusayid Mirzoning o’g’li) o’z akasi Sulton Mahmud Mirzo bilan birga Balx viloyatini muhosara qilib, u yerdan Marv viloyatiga bosqin qilib, mazlum fuqaro boshiga haddan ziyod jabr-zulmlarni solidi. Sulton Husayn Boyqaro darhol o’z askarlari bilan aka-uka shahzodalarga qarshi yurib, Balx va Marv viloyatlarini dushmandan tozalab, Andxo’yga kelganda Muhammad Umar Mirzoning isyon ko’targan xabarini eshitadi. Muhammad Umar Mirzo Amir Temur sohibqironning to’ng’ich o’g’li Jahongir Mirzo avlodiga mansub bo’lgan Xalil Mirzoning o’g’li edi.

Yodgor Muhammad Mirzo Xurosonga bostirib kirgan kezlarda, ba’zi bir beklar, harbiy boshliqlar va mansabdorlar Sulton Husayn Boyqaroning saltanatini omonat fahmlab, undan yuz o’girib, Yodgor Muhammad Mirzo mulozamatiga o’taboshlagan edilar. Shahzoda Muhammad Umar Mirzo ham ana shunday kishilardan biri edi. U Yusuf Tarxon va guruh harbiylar bilan ittifoq tuzib, 1470 yil 19 iyunda Sulton Husayn Boyqaro o’rdugohidan chiqib, Garmser va Qandahor tomonga qochadi. Nihoyat, Sulton Husayn Boyqaro Qandahorga ilg’or yuborib, fitna bostiriladi va jang asnosida shahzoda Muhammad Umar Mirzo ajal sharobini ichadi.

Shundan so’ng Hirotda balki butun Xuroson muzofotida osuda kunlar boshlanib, jabrdiyda xalq osoyishta va farovon hayot kechira boshlaydi. Zotan, Sulton Husayn Boyqaroning bundan keyingi uzoq muddatli saltanati davrida Xuroson xalqi chel el bosqini xavfidan xotirjamlikda yashaydi.

Darhaqiqat, tarixiy manbalarning bergan ma’lumotiga qaragandan, Sulton Husayn Boyqaro temuriy shahzodalar orasida jasoratli, mard, odil va tadbirkor saltanat sohibi bo’lgan. Uning davrida mamlakatda adolat barqaror bo’lib, Xuroson fuqarosi birmuncha osoyishta va farovon hayot kechirgan. Ayniqsa Alisher Navoiyning sa’y-harakatlari natijasi o’laroq, mamlakatda yirik suv inshootlari, ma’muriy va madaniy qurilishlar: madrasa, masjid, karvonsaroy, rabot, ko’prik va shu kabi qurilish ishlarining keng ko’lamda olib borilgan. Shuningdek, ilm-ma’rifat gullab yashnagan. Zotab bu davrga kelib, Samarqandning avvalgi shon-shuhrati deyarli qolmagan, binobarin, olimu shoir, ulamoyu fuzalolar Samarqandni tark etib, Hirotda maskan qura boshlagan edilar. Shu bois Sulton Husayn Boyqaroning hukmronlik davrida Hirot fan va madaniyat markaziga aylangan. Bu davrda ilmu fanning barcha jabhalarida qalam tebratgan bilimdon olimlar, so’z ustasi suxandon xassos shoirlar, inson ruhiga hamogan, nozik ta’b musiqashunoslar, mohir hunarmand naqqoshlar va yetuk ustoz musavvirlar, o’zlarining betakror asarlari bilan Xuroson va uning poytaxti Hirotnig dovrug’ini jahonga mashhur qiladilar.

Sulton Husayn Boyqaro Xuroson taxtiga o’tirgach, o’z qalamravidagi barcha viloyat, shahar va tumanlarda ma’muriy boshliqlarni yangidan tayinlab, qozilik va dodxohlik mansablarida odil va fozil kishilarni belgilaydi. Shuningdek, masjid va madrasa ishlarini yetuk ulamoyu fuzalolar qo’liga topshiradi. Xondamirning yozishicha, Sulton Husayn Boyqaro 1470 yil 13 avgust payshanba kuni Hazrat Xo’ja Abdullo ansoriy qabrini ziyorat qilish maqsadida Gozurgohga tashrif buyuradi. Ziyorat asnosida qozi Mavlono Kamoliddin Shayx Husaynni o’z huzuriga chorlab, “Hirot dorussaltanatida Sulton Sayid zamonidagi dasturni qo’llash lozim bo’ladi va agar men tomondan yoki birodarim yoki farzamdim tomonidan shar’iy chegaradan tashqari chiqilsa, uning ijrosi kechiktirilmasligi lozim” – deydi.

Darhaqiqat Sulton Husayn Boyqaro mamlakat ichida tartib o’rnatish borasida shariat ahkomlaridan ustalik bilan foydalanadi. Darvoqe, Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo yozganidek, shahanshoh ba’zi masalalarda shariat yo’llariga qattiq rioya qilgan. Chunonchi o’z o’g’illaridan biri bir kishini o’ldirib qo’ygani tufayli o’g’lini da’vogarlar qo’liga topshirib, qozixonaga yuborgan.

Sulton Husayn Boyqaroning shakl shamoyili va xulq-atvori haqida Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo shunday yozadi: “qiyiq ko’zlik, sherandom bo’yliq kishi edi. Belidan quyi ingichka edi. Bovujudkim, ulug’ yosh yashab, oqsoqollik bo’lib edi, xushrang, qizil-yashil abreshimni kiyar edi. Qora ko’zi bo’rk kiyar edi yo qalpoq. Ahyonan iydlarda kichik speech dastorni yap-yassi yomon chirmon chiemab, qarqara o’tagasi sanchib namozg’a borur edi.

Avval taxt olg’onda hayoli bor ekandurkim, dovuzdah (o’n ikki) imomni xutbada o’qitg’ay. Alisherbek va ba’zilar man’ qilibturlar. So’ngralar xud ja’mi ishkuchi sunnat va jamoat mazhabi bila muvofiq edi. Mafosil (revmatizm) zahmati jihatidan namoz qilolmas edi, ro’za ham tutmas edi. Harrof (ochiq yuzli) va xushq kishi edi. Hulqi bir nima guzarroq voqi’ bo’lib edi, so’zi ham hulqidek edi. Ba’zi muomalotga shar’ni bisyor rioyat qilur edi.

Shujo’ va mardona kishi edi. Borlar o’zi qilich tegurubdur, balki har ma’rakada borlar qilich tegubrubtur. Temurbek naslidin hech kim ma’lum emaskim Sulton Husayn Mirzoga qilich chopmish bo’lg’ay. Ta’bi nazmi bore di. Devon ham tartib qilib edi. Turkiy aytur edi. Taxallusi “Husayniy” edi. Ba’zi baytlari yomon emastur, vale mirzoning devoni tamom bir vazndadur, bovujudkim ham yosh va saltanat bila ulug’ podshoh edi, kichiklardek qo’chqor saqlab, kabutar saqlab, kabutar o’ynar edi, tovuq ham urushqa solur edi”.

Sulton Husayn Boyqaro Xuroson hududini ichki va tashqi dushmandan tozalagach, beg’amlikka berilib, ayshu ishrat yo’liga kiradi. Ko’plab xotinlarni o’z nikohiga kiritib, haramini gul ruxsorli parivashlar bilan to’ldiradi. Saroyda turli-tuman bazmlar ko’payib, bazmaro mayxo’rlik tobora avjiga chiqaboshlaydi. Shahanshohning o’zi ham mayxo’rlikka mukkasidan ketgan edi.

Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo Sulton Husayn Boyqaro haqida quyidagilarni yozadi: “Avval taxt olg’on mahalda olti-yetti yil toyib edi. Andin so’ngra ichkuga tushdi, qirq yilg’a yovuqkim Xurosonda podshoh edi, kun yo’q edikim, namoz peshindan so’ng ichmagay, vale hargiz sabuxiy (nahor) qilmas edi.

Darhaqiqat, Sulton Husayn Boyqaroning 38 yillik hukmronlik davrini ikki qismga bo’lsak, birinchi pallasida mamlakat hududi ichki va tashqi dushmanlardan tozalanganini hamda siyosiy, iqtisodiy va madaniy jihatdan qudratli bo’lgan hokimiyatni barpo etilganligini ko’rish mumkin. Ikkinchi pallasida esa, saltanatni boshqarishda beg’amlik va maishatparastlik alomatlari sezilaborib, bu nuqsonlarning oqibati o’laroq, saroyda fisqu fasodning kuchayishi, podshoh bilan shahzodalar orasida vujudga kelgan nizolar va nihoyat o’zaro qirg’inbarot jangler intihosida, kundan-kunga saltanatning inqirozi yaqinlashayotganini mushohada qilish qiyin emas.

Sulton Husayn Boyqaroning o’n bir xotini bo’lib, ulardan o’n to’rt o’g’il va o’n bir qiz ko’rgan edi.

Birinchi xotini Beka Sulton begim Marv hukmdori Sanjar Mirzoning qizi bo’lib, 1457 yilda uylangan edi. Beka Sulton begimdan Badiuz-Zamon Mirzo tug’ilgan edi. Beka Sulton begim sarv qomat, latofatli bo’lsa-da, rashkchi, xudbin, tili zahar va o’ta injiq tabiatli ayol edi. O’zining mashhur sanjariylar avlodiga mansubligi va shahanshohning katta xotini ekanligini ro’kach qilib, haram ahliga tinchlik bermasdi. Hatto shahanshoh haramdagi boshqa xotinlari bilan so’zlashib qolguday bo’lsa, uni ham chayonday chaqib, mulzam qilardi. Beka Sulton begim haqida Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo shunday yozadi: “Ko’p kajxulq edi. SUlton Husayn Mirzoni ko’p og’ritur edi. Kajxulqlig’idin mirzo batan keldi, oxir qo’ydi va xalos bo’ldi, ne qilsun haq Mirzo jonibida erdi.

Zani bad dar saroyi mardi nekxo’,
Ham dar in olamast do’zaxi o’”.

(Yaxshi kishining saroyida yomon xotin shu dunyoning o’zida uning do’zaxidur)”.

Sulton Husayn Boyqaro Beka Sulton begimning uzluksiz achchiq tazriqlariyu dashnomlaridan to’yib, oxiri taloq qiladi. Beka Sulton begim bu ulkan baxtsizlikka dosh berolmay, kasal bo’lib yotib qoladi. Nihoyat 1488 yilda vafot etadi.

Naql qilinishicha, Beka Sulton begim vafot etganda shoh shikorda bo’lgan. Haramdan ixroj qilingan malikani qaysi tarzda dafn etish, hamda dagn marosimida shohning qatnashish-qatnashmasligini darhol aniqlash lozim edi. Ammo shahanshoh ovda (shikor) yurgan bir paytda, bunday noxush xabarni unga yetkazishga hech kimning yuragi dov bermasdi. Nihoyat arkon davlat kengashib, bu qaltis vazifani faqat ulug’ amir Nizomiddin Alisher Navoiy hazratlari uddalay oladilar, degan qarorga keladilar. Bovujud Alisher Navoiy shikorgohga yetib boradi. Sulton Husayn Boyqaro do’sti Alisher Navoiyni yuksak iltifotlar bilan kutib olarkan, “Ulug’ amirning shikorga mayllari yo’qlig’idin xabarimiz bor erdi, alhol bemavrid tashriflaridin hayratdadurmiz. Ne yumush voqe’ bo’lubdur? So’zlangiz?” – deydi. Hazrat Navoiy shoh tomon mungli boqarkan:

-Sarvi gulning soyasinda so’ldi gul netmak kerak?-deydi. Tabiatan zukko shoh gap nimada ekaniga darhol tushunadi va ulug’ amirga yuzlanib:

-Sarvdan tobut yasab, guldan kafan etmak kerak!-deb javob beradi. Shohning bu javobi marhumani shohona dafn etishga va dafn marosimida o’zini bo’lmasligiga ishora edi. Hazrat Navoiy shikorgohdan qaytib kelgach, barcha shahzodalarning hamda arkoni davlatning ishtirokida shohona dafn marosimi o’tkaziladi. Malikaning jasadini o’zi qurdirgan va o’g’lining nomi bilan atalgan “Badi’a” madrasasiga dafn qiladilar. Ikkinchi xotini Cho’libegim bo’lib, Ozoq beklaridan birining qizi edi. Shahanshohdan Sulton Begim ismli qizi bor edi.

Uchinchi xotini Shahribonu begim bo’lib, Sulton Abusayid Mirzoning qizi edi. Sulton Husayn Boyqaro Hirotni olgach, uylangan edi. Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoning yozishicha, Chekmon urushida Sultonning haramidagi barcha malikalar mahofadan tushib otga minganlarida, Shahribonu begim mahofadan tushmaydi va otga minishni rad etadi. Bu o’jarlikni Sultonga yetkazadilar. Sulton esa shakkok Shahribonu begimni taloq qilib, haramdan ixroj qiladi.

To’rtinchi xotini Poyanda Sulton begim bo’lib, Sulton Abdusayid Mirzoning qizi, Shahribonu begimning singlisi edi. Poyanda Sulton begimning Sultondan to’rt qizi bor edi. Muhammad Shayboniyxon Xurosonni o’z tasarrufiga kiritgach, Poyanda Sulton begim Iroqqa qochadi va o’sha yerda g’ariblikda vafot etadi.

Beshinchi xotini Hadicha og’o begim edi. U 1451 yilda Hirotda tug’ilgan bo’lib, 1457 yilda Sulton Abusayid Mirzo Hirotni olgach, unga hadya etilgan xos kanizaklardan biri edi. Sulton Abusayid Mirzo Hadicha og’o begimni 1465 yilda o’z nikohiga kiritgan edi. Sulton Abusayid Mirzodan Oqbegim ismli bir qizi ham bo’lgan. 1469 yilda Sulton Abusayid Mirzo jangda halok bo’lgach, Hirot taxtiga o’tirgan Sulton Husayn Boyqaro marhum Sulton Abusayid Mirzo haramida Hadicha begimni ko’rib, uni sevib qoladi va shar’iy iddasi (uch oy o’tkazib) tugagach, o’z nikohiga kiritadi.

Hadicha begim yosh, go’zal, dimog’dor, yengil tabiat ayol bo’lib, ayni vaqtda fitna va makr-hiylaga moyil ham edi. Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo Hadicha begim haqida “o’zini oqila tutar edi, vale beaql va purgo’y (ko’p gapiruvchi, ezma) xotun edi, rofiziya (shiiylik mazhabining bir oqimi) ham ekandur”, deb yozadi. Darhaqiqat, Hadicha begim tez fursatda o’zining jozibali husn-latofatiyu makkorona iltifotlari bilan Sulton Husayn Mirzo Boyqaroni o’ziga rom qilib, haramda ulug’ bekalik o’rnini egallaydi. Sulton Husayn Boyqaroning Hadicha begimdan ikki o’g’il bo’lib, kattasi Shohg’arib Mirzo va kichigi Muzaffar Husayn Mirzo edi.

Hadicha begim kichik o’g’li Muzaffar Husayn Mirzoni ota taxtiga valiahd qilib tayinlash uchun hufyona taraddudda edi. Ammo taomilga ko’ra, valiahdlik haqqi Sultonning to’ng’ich o’g’li Badiuz-Zamon Mirzoniki edi. Sulton Husayn Boyqaro Badiuz-Zamon Mirzoni unchalik suymasa-da, harholda uni rozi qilish tadorikini o’ylar edi. Ayni vaqtda Alisher Navoiy boshliq saroy ahlining ko’pchiligi valiahdlikka Badiuz-Zamon Mirzoning 11 yashar o’g’li – Mo’min Mirzoni munosib deb bilar va bu haqda o’z mulohazalarini Sultonga ochiq bildirgan edilar. Ammo Sulton Boyqaro sevikli xotini Hadicha begimning so’zini ikki qilishga jur’at qilaolmas, shuningdek valiahd tayinlash masalasida suyukli o’g’li Muzaffar Husayn Mirzoga moyilligi sezilib turardi. Tabiiyki arkoni davlat orasida bo’layotgan bunday mulozahalar Hadicha begimning g’azab olovini alangalatmasdan iloji yo’q edi.

Oltinchi xotini Popo (Bobo) Og’acha begim bo’lib, shahanshohning sevikli xotini edi. U besh o’g’il va qizning onasi edi.

Yettinchi xotini Opoq begim bo’lib, uning o’g’il-qizi yo’q edi. Opoq begim Popo og’achani emakdoshi edi. Binobarin uning bobolarini o’z bolasidek tarbiyalab o’stirardi. Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoning ta’kidlashicha, Opoq begim Sultonning behuzurlik chog’larida yaxshi parvarishlab, iltifotlar ko’rsatar ekan. Haramdagi malikalardan hech qaysisi Sultonga Opoq begimdek xizmat qilaolmas ekan. “Men Hindustong’a kelur yil Hiridin (Hirotdan) keldi. Men ham ta’zim va ehtiromlarin ilikdin kelgancha qildim. Chandirini muhosara qilg’onda xabar keldi. Kobulda tangri hukmini butkarmush”, – deb yozadi Bobur Mirzo.

Sakkizinchi xotini Minglibiy og’acha bo’lib, o’zbek edi, uch o’g’il va ikki qizning onasi edi.

To’qqizinchi xotini Latifa Sulton og’acha bo’lib, chorshambihiylarga mansub xos kanizaklardan edi. Sultondan ikki o’g’li bor edi.

O’ninchi xotini Begim Sulton og’acha bo’lib, undan farzand bo’lmagan.

Shahanshohning o’n birinchi xotini Zubayda begim edi. U shahanshohdan bir qiz tuqqan edi.

Bulardan tashqari bir necha satang qiz-juvonlar hamda kanizaklar Sulton shabistonining yoritg’ichlari edilar.

Sulton Husayn Boyqaroning o’ng bir nafar qizi bo’lgan. Eng katta qizi Sultonim begim bo’lib, onasi Cho’li begim edi. Sultonim begimni shahanshoh o’z akasi Sulton Boyqaro Mirzoning o’rtancha o’g’li Sulton Vays Mirzo uzatgan edi. Sulton Vays Mirzo vafotidan so’ng, 1502 yilda Sultonim begimni Abulboqi Mirzoga uzatadilar.

Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoning ma’lumotiga qaraganda Sultonim begim so’z ustasi bo’lib, ibora topishdan qiynalmasdi. Uning avvalgi nikohidan, ya’ni Sulton Vays Mirzodan bir o’g’il va bir qizi bo’lgan. Qizini shayboniylardan Yo’lbars Sultonning inisi Esonquli Sultonga uzatgan ekan. O’g’li Muhammad Sulton Mirzo esa Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo mulozimatida bo’lib, Qunnuj viloyatining hokimi bo’lgan.

Sultonim begimnining keyingi eri Abulboqi Mirzo 1507 yilda Temur Sulton bilan bo’lgan jangda halok bo’ladi. 1520 yilda xonim Kobuldan Hindistonga, ya’ni Bobur podshoh saroyiga ketayorib, Nilobga yetganda bandalikni bajo keltiradi.

Sulton Husayn Boyqaroning ikkinchi qizi Oqbegim bo’lib, onasi Poyanda Sulton begim edi. Oqbegim Abulqodim Bobur Mirzoning singlisi Beka Sulton begimning nabirasi Muhammad Qosim Mirzo bin Abulqosim Arlotga uzatilgan edi. Undan bir qiz tug’ilgan bo’lib, ismi – Qorako’z begim edi. Qorako’z begim esa Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoning ukasi – G’aznayn viloyatining hokimi Nosir Mirzoga uzatilgandi. Oqbegim 1504 yilda vafot qilgan.

Shahanshohning uchinchi qizi – Beka begim bo’lib, onasi Poyanda Sulton begim edi. Beka begim o’z xolasi Robiya Sulton begimning o’g’li Bobur Mirzoga uzatilgandi. Beka begim 1502 yilda vafot etgan.

Shahanshohning to’rtinchi qizi – Og’a begim bo’lib, onasi Poyanda Sulton begim edi. Og’abegim ham o’z xolasi Robiya Sulton begimning ikkinchi o’g’li Sulton Murod Mirzoga uzatilgandi. Og’a begim balog’at yoshi ayni gullagan kezlarda olamdan o’tadi.

Shahanshohning beshinchi qizi – Kichkina begim bo’lib, onasi Poyanda Sulton begim edi. Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoning so’ziga qaraganda, Kichkina begimga Sulton Ma’sud Mirzo ko’p ishtiyoqmandlik qilsa-da, biroq Poyanda Sulton begim qisqa o’ylab, rozilik bermydi. Keyinchalik Sayid Ota naslidan Mullo Xojaga uzatilgan ekan. Ammo Kichkina begim ham ko’p umr ko’rmay, shahanshohning hayotlik davridayoq olamdan o’tadi.

Shahahnshohning oltinchi qizi – Saodat Baxt begim bo’lib, Begim Sulton nomi bilan shuhratlangandi. Onasi Popo Og’acha begim edi. Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoning so’ziga qaraganda, Begim Sulton Sulton Ma’sud Mirzoning ko’zi ko’r qilingandan so’ng unga uzatilgan edi. Bir qiz bir o’g’li bo’lgan. Sulton Ma’sud Mirzoni shayboniylar halok qilgach, qizini shahanshohning Opoq begim ismli xotini o’z tarbiyasiga olib, Hirotdan Qobulga kelgan. Balog’atga yetgach, Sayid Mirzo Opoqqa uzatilgan. Begim Sulton esa o’g’li bilan Ka’batulloga ketib o’sha yerda qolgan.

Shahanshohning yettinchi qizi – Sulton Najod begim bo’lib, onasi Popo og’acha begim edi. Sulton Najod begim shahanshohning akasi Sulton Boyqaro Mirzoning kichik o’g’li Iskandar Mirzoga, ya’ni amakivachchasiga uzatilgandi.

Shahanshohning sakkizinchi qizi – Munavvar Sulton begim bo’lib, onasi Popo Og’acha begim edi. Munavvar Sulton begim Andxo’y sayidlaridan Sayid Mirzoga uzatilgan edi.

Shahanshohning to’qqizinchi qizi – Bayram Sulton begim bo’lib, onasi Minglibiy Og’acha begim edi. Bayram Sulton begim o’z amakisi qizining o’g’li Sayid Abdullo Mirzoga uzatilgandi. Sayid Abdullo Mirzoning otasi Andxo’y sayidlaridan edi.

Bayram Sulton begimdan bir o’g’il tug’ilib, nomini Sayid Baraka qo’ygan edilar. Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoning ta’kidlashicha, Sayid Baraka avvalroq Bobur Mirzo Samarqandni o’z tasarrufiga kiritganda uning xizmatida bo’lgan. Keyinroq Urganchga borib, saltanat da’vosini qilgan va Astrobodda qizilboshlar qo’lida halok bo’lgan.

Shahanshohning o’ninchi qizi – Fotima Sulton begim bo’lib, onasi Minglibiy Og’acha begim edi. Fotima Sulton begim Mironshoh Mirzo naslidan Yodgor Mirzoga uzatilgan edi. Tarixchi Xondamirning yozishicha, Fotima Sulton begim otasi shahanshohning hayotligidayoq vafot etgan.

Shahanshohning o’n birinchi qizi – Oysha Sulton Og’a begim bo’lib, onasi Zubayda begim edi. Oysha Sulton Og’a begim shayboniy sultonlaridan Qosim Sultonga uzatilgandi. Undan Qosim Husayn Sulton nomli o’g’li bo’lgan. Qosim Sulton vafotidan so’ng, uning avlodidan Bo’ron Sulton nikohiga kirgan. Bo’ron Sultondan bir o’g’il tuqqan, ismi Abdullo Sulton bo’lgan.

Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoning yozishicha, Qosim Husayn Sulton Hindistonga – Bobur xizmatiga borgan. Bobur podshoh unga Badovun hokimligini in’om qilgan. Keyinroq esa Abdullo Sulton ham Bobur podshoh mulozamatiga borgan. Uning haqida Bobur podshoh shunday yozadi: “Bovujudkim, kichik yoshliqtur, xizmati yomon emas”.

Sulton Husayn Boyqaroning o’n to’rt o’g’li bo’lib, to’ng’ichi Badiuz-Zamon Mirzo edi. Badiuz-Zamon Mirzo 1458 yilda tug’ilgan. Sulton Husayn Boyqaroning o’g’illari orasida Badiuz-Zamon Mirzo eng oqil va tadbirkori, shuningdek harbiy salohiyatga molik, toliqmas jangchi ham edi. Badiuz-Zamon Mirzo shariat ahkomlariga rioya qiluvchi adolatpesha hukmdor edi. U o’z saroyida olimlar, shoirlar, ulamolar, san’atkorlar va turli-tuman ahli hunarmandlarni yig’ib, anjumanlar o’tkazardi. Badiuz-Zamon Mirzo she’rxonlikni yaxshi ko’rar va o’zi ham g’azal bitardi. Ulug’, mutafakkir amir Alisher Navoiy Badiuz-Zamon Mirzoni ta’riflab quyidagilarni yozganlar: “Sulton Badiuz-Zamon Mirzo – husni surat va husni siyrat bila orasta va jamoli zohiriy va kamoli botiniy bila piyrosta yigitdur. Razm atvoridin otar-tutarda dilpisand va bazm asbobidin ichmak va bag’ishlamakda bemonand. Tab’i ham nazm uslubida muloyim tushubtur. Va bu matla’ aningdurkim:

Mahi man, beguli ro’yat, dilam xun basta chun lola,
Jigar ham az g’ami hajrat shuda pergola-pargola.

Mazmuni:

(Ey go’zalim, gul yuzingsiz yuragim loladek qon bog’ladi,
Jigar ham hajring g’amidin parcha-parcha bo’ldi.)

Bu turkiy matla’dagi tarkibida xo’b va holatda marg’ub voqi’ bo’lubturkim:

“E sabo, gar so’rsa holim shammayi ul sarv noz,
Uyrulub boshig’a men sargashtadin yetkur niyoz”.

1473 yilda Badiuz-Zamon Mirzo Xonim Begimga uylanadi. Xonim Begim Sulton Abusayid Mirzoning Ruqiya Sulton begim ismli xotinidan tug’ilgan qizi edi. Ruqiya Sulton begim esa Shohruh Mirzoning nabirasi Alouddavla Mirzoning qizi edi. 1486 yilda Xonim Begim o’g’il tug’adi. Nomini Muhammad Mo’min Mirzo qo’yadilar.

Badiuz-Zamon Mirzo 1494 yilda Tahmatinbek qiziga uylanadi. U 1496 yilda o’gil tug’adi. Nomini Muhammad Zamon Mirzo deb ataydilar.

Astrobod hokimi amir Mo’g’ul xiyonatidan so’ng, Sulton Husayn Boyqaro Astrobod viloyatiga o’g’li Badiuz-Zamonni hokim qilib tayinlaydi. Badiuz-Zamon Mirzo Astrobodga borgach, viloyatda adolat va tartib o’rnatib, qurilish-obodonchilik ishlarini yo’lga qo’yadi. 1497 yil bahor paytida Sulton Husayn Boyqaro Hisorga qarshi yurish boshlaydi. Podshohning farmoniga ko’ra, Astrobodda hukmron bo’lib turgan Badiuz-Zamon Mirzo o’z o’rniga o’g’li 11 yoshli Muhammad Mo’min Mirzoni qo’yib, o’z qo’shini bilan kelib, shahanshoh lashkariga qo’shiladi. Jang tugagach, Sulton Husayn Boyqaro Badiuz-Zamon Mirzoni Balx viloyatiga hokim qilib tayinlaydi. Astrobod viloyatiga esa suyukli o’g’li Muzaffar Husayn Mirzoni hokim etib belgilaydi. Podshohning bu farmoni Badiuz-Zamon Mirzoning hamiyatiga tegadi. Zero ko’pdan beri Astrobod viloyatini o’g’li Muhammad Mo’min Mirzoga berib, o’zi Balx viloyatiga hukmronlik qilish niyatida edi. Binobarin, podshohning farmoni Badiuz-Zamonning isyon ko’tarishiga sabab bo’ladi.

Shundan so’ng, Badiuz-Zamon Mirzo o’z arkoni davlatini yig’ib, kengash o’tkazadi. Kengash qaroriga ko’ra, Badiuz-Zamon Mirzo otasidan yuz o’girib, istiqlol bayrog’ini ko’targanini e’lon qiladi. Shu kundan boshlab Balx qal’asini mustahkamlab, qo’shin salohiyatiga e’tiborini kuchaytiradi. Shuningdek, Badaxshon hukmdori amir Xusravshoh va Qandahor hukmdori amir Shujo’iddin Zunnun arg’unga elchi yuborib, ularni o’z rejasidan ogoh qiladi. Mazkur amirlar Sulton Husayn Boyqarodan muttasil xavf-xatarda bo’lganliklari tufayli, Badiuz-Zamon Mirzoning taklifini mamnuniyat bilan qabul qiladilar.

Badiuz-Zamonning itoatdan bosh tortgan xabarini eshitgan Sulton Husayn Boyqaro qattiq iztirobga tushadi hamda o’g’li bu yo’ldan qaytarmoq maqsadida bir necha elchilar yuboradi. Ammo shahzoda o’z so’zidan qaytmasligini bildiradi. Ilojsiz qolgan Sulton Husayn Boyqaro, nochor o’g’li Badiuz-Zamon Mirzoga qarshi yurish boshlashga jazm qiladi. Ammo ota bilan o’g’il o’rtasida vujudga kelajak qirg’inning oldini olish maqsadida amir Alisher Navoiy shohni Badiuz-Zamon Mirzo bilan muzokara yuritib, shahzoda bilan sulh tuzishga ko’ndiradi.

Sulton Husayn Boyqaro Badiuz-Zamon bilan muzokara yuritishni amir Alisher Navoiyning o’ziga havola qiladi. Amir Alisher Navoiy Balxga boradi. Badiuz-Zamon Mirzo amir Alisher Navoiyni yuksak ehtirom bilan qabul qilib, cheksiz iltifotlar ko’rsatadi. Amir Alisher Navoiy shahzodaga urushning falokatlari, ayniqsa ota-bolaning noittifoqligidan kelib chiqadigan dil jarohatining o’chmas asoratlari haqida gapiradi. Nihoyat Badiuz-Zamon Mirzo isyonni to’xtatib, padari buzrukvorining nomini xutbaga qo’shib o’qitishga rozilik beradi. Ayni shu asnoda mulozim Badiuz-Zamon Mirzoga maktub olib kiradi va Hirotdan kelgan maxfiy chopar yonidan olinganini ma’lum qiladi. Maktub Sulton Husayn Boyqarodan Balx shahrining boshlig’i amir Islom barlos nomiga yozilgan edi. Maktubda “Qachonki Badiuz-Zamon Mirzo shikor (ov) uchun shahar tashqrisiga chiqsa, shahar darvozalarini berkitib, uni shaharga kiritmagaysen, buning uchun bizning inoyat va iltifotimizga sazovor bo’lg’aysen”, – degan mazmunda ko’rsatma berilgan edi.

Ma’lumki, saroyda Xo’ja Nizom ul-Mulk boshliq bir necha hasadchi amaldorlar ota-bola o’rtasidagi nizoni amir Alisher Navoiyning sa’y-harakati bilan bartaraf bo’lishini istamas edilar. Binobarin, ig’vogarlik bilan shohning boshini gangitib, yuqorida zikr qilingan ko’rsatmani jo’natishga muvaffaq bo’lgandilar.

Badiuz-Zamon Mirzo maktub mazmunidan ogoh bo’lgach, istehzoli jilmayarkan, “mana, padari buzrukvorimizning bizga nisbatan bo’lgan iltifotlari naqadar yuksak ekan”, – deya maktubni amir Alisher Navoiyga uzatadi. Navoiy hazratlari maktub mazmunidan voqif bo’lgach, mahzunlik va iztirob bilan shahzodaga boqarkan, Hirotga qaytish uchun ruxsat so’raydi. Badiuz-Zamon Mirzo amir Alisher Navoiyni kuzatarkan, ota shafqatidan noumid qolib, itoatdan bosh tortganini ma’lum qiladi.

Amir Alisher Navoiy Hirotga yetib kelgach, Sulton Husayn Boyqaro huzuriga kirib, Balxda ko’rgan va eshitganlarini mufassil bayon qiladi. Podshoh nihoyatda g’azablanib, darhol Muzaffar Husayn Mirzoning yoniga amir Muhammad Burunduq Barlos va amir Nosirdiddin Umarbekni qo’shib Astrobodga jo’natadi. O’zi esa katta qo’shin bilan Balxga yuradi. Badiuz-Zamon Mirzo podshohning qo’shin tortib kelayotganini eshitib, darhol jangga otlanib, dahanayn Pil Chirog’ mavze’iga boradi. Badiuz-Zamon Mirzo jang oldidan ukasi Muzaffar Husayn Mirzoning Astrobodga qo’shin tortish xabarini eshitadi. Binobarin o’g’li Muhammad Mo’min Mirzoga Astrobodni qanday bo’lmasin dushmandan himoya qilish lozim ekanligi haqida maktub jo’natadi.

1497 yil 2 mayda ota-bola bir-biriga qasd qilgan holda husumat kamarini bellariga bog’lab jangga kiradilar. Jangda Badiuz-Zamon Mirzo mag’lubiyatga uchrab, Qunduz viloyatiga qochadi. Sulton Husayn Boyqaro o’z qo’shini bilan Balxni muhosara qiladi. Qamal qirq kundan oshgach, shahar muhofazachilari orasida tushkunlik kuchayib, hatto shahar boshlig’i amir Shayx Aliga ham itoat qilmaydilar. Tabiiyki, bunday vaziyatda shaharni saqlab qolish imkondan tashqari gapdir. Amir Shayx Ali Sulton Husayn Boyqaro oldida o’z gunohini yuvish uchu nnima qilishini bilmay turgan bir paytda, Badiuz-Zamonning Balx shaharida qolgan xotinining (Taxmatinbekning qizi) ko’ri yozib, o’g’il tug’adi. Nomini Muhammad Zamon Mirzo deb ataydilar. Bu xabarni eshitgan amir Shayx Ali darhol Sulton Husayn Boyqaro huzuriga shodiyona xabarini yetkazish uchun elchi yuboradi. Shahanshoh bu xushxabardan g’oyatda shod bo’lib, tarahhum va ehson eshigini katta ochib, elchilarga iltifotlar ko’rsatadi. Shuningdek o’z tarafidan Xo’ja Nizom ul-Mulkning o’g’li Xo’ja Kamoliddin Xusaynni va amir Hoji Pir bakovulni amir Shayx Ali huzuriga elchi qilib jo’natadi.

Shahanshohning iltifotidan mamnun bo’lgan amir Shayx Ali yangi tug’ilgan shahzoda Muhammad Zamon Mirzoni va uning onasi malikani olib, Sulton Husayn Boyqaro o’rdugohiga borib, 5-6 kun mehmonda bo’lgach, shahanshohdan ruxsat olib, shahzoda va malikani Qunduzga – Badiuz-Zamon Mirzo huzuriga olib ketadi. Sulton Husayn Boyqaro esa Balxni o’z tasarrufig kiritgach, o’g’li Ibrohim Husayn Mirzoni shaharga hokim qilib, o’zi Murg’ob suvi sohiliga qarab ketadi.

Badiuz-Zamon Mirzo shahanshohdan yengilib, Qunduz viloyatiga qochib boradi. Qunduzning hukmdori amir Xusravshoh shahzodani yuksak ehtirom bilan kutib oladi. Badiuz-Zamon Mirzo o’z arkoni davlatini yig’ib, kengash o’tkazadi. Kengashda amir Xusravshoh ham ishtirok etadi. Kengash qaroriga ko’ra, Badiuz-Zamon Mirzo Qandahor viloyatiga borib, amir Shujo’iddin  Zunnun arg’unni o’ziga ergashtirib, ul viloyatning qo’shinini bir yerga jamlab, o’sha yerdan Xurosonga bosib kirishi lozim edi. Bu tomondan amir Xusravshoh Qunduz, Baqlon, Xuttalon va Badaxshon qo’shinlarini to’plab, Balx, Shibirg’on va Andxo’y hududiga bostirib kirishi rejalashtirilgan edi. Shu asnoda amir Shayx Ali shahzoda Muhammad Zamon Mirzo bilan malikani Badiuz-Zamon huzuriga yetkazib keladi. Mirzo nihoyat darajada xushnud bo’lib, bir necha kun davomida arkoni davlati bilan qo’shiniga ziyofat beradi. Shundan so’ng, shahzoda Muhammad Zamon biln malikani Qunduzda qoldirib, o’zi avvalgi rejaga muvofiq Qandahorga ketadi.

Qandahor hukmdori amir Zunnun arg’un va uning birodarlari Badiuz-Zamon Mirzoni zo’r shodlik bilan kutib oladilar va samimiy mehmonnavozlikni o’rniga qo’yadilar. Amir Zunnun arg’unning nihoyatda sohibjamol qizi borligidan Badiuz-Zamon xabardor edi. Binobarin, amir Zunnun arg’unga sovchi yuborib, ushbu qizni o’z nikohiga kiritadi. Shundan so’ng amir Zunnun arg’un bilan Badiuz-Zamon Mirzo oralarida hamjihatlik avvalgidan ham mustahkamroq o’rin oladi. Ammo shu kunlarda bir g’aroyib voqea sodir bo’ladi. To’y o’tgach, amir Zunnun arg’un Zamindovardagi mazorotlardan birini ziyorat qilish maqsadida yo’lga chiqadi. Safar asnosida bir kishi yo’ldan chiqib, amir Zunnun arg’unga pichoq sanchadi. Biroq sanchilgan pichoq choponni teshib o’tolmaydi va badanga jarohat yetmaydi. Pichoq sanchgan kishini mulozimlar shu zahotiyoq tilka-pora qilib tashlaydilar. Ammo bu suiqasdni amir Zunnun arg’un va uning birodarlari amir Shayx Alining qilmishi deb biladilar va uni ushlashga jazm qiladilar. Amir Shayx Ali panoh istab, Badiuz-Zamon Mirzo huzuriga qochib keladilar. Mirzo amir Shayx Alini o’z himoyasiga olib, amir Zunnun arg’un va uning birodarlariga amir Shayx Alining suiqasdga aloqasi yo’qligi, aksincha fidoyi, sodiq do’st ekanligi haqida ko’p gapiradi. Lekin amir Zunnun arg’un qabul qilmaydi va amir Shayx Alini Sulton Husayn Boyqaroning josusi deb gumon qiladi. Binobarin, agar Badiuz-Zamon Mirzo amir Shayx Alini bizga topshirmasa, oramizdagi do’stlik va hamjihatlik rishtalari uzilajak, deb tahdid qiladi. Badiuz-Zamon Mirzo ilojsiz qolib, amir Shayx Alini amir Zunnun arg’un qo’liga topshiradi. Amir Zunnun arg’un amir Shayx Alini bir necha muddat Garmsrrdagi qal’alardan birida mahbuslikda saqlab, so’ngra mahbuslikdan ozod qilib yuboradi. Amir Shayx Ali yana Sulton Husayn Boyqaro huzuriga borib, saroyda e’zozli a’yonlardan biri bo’lib, xizmat qiladi.

Astrobodda otasi o’rnida turgan 11 yoshli Muhammad Mo’min Mirzo amakisi Muzaffar Husayn Mirzoning qo’shin bilan kelayotganini eshitgan bo’lsa-da, biroq amakisining qora niyatidan voqif emas edi. Binoobarin, uning istiqboliga peshvoz chiqib, iltifotlar bilan kutib olish taraddudida edi. Shu asnoda otasi Badiuz-Zamon Mirzodan kelgan maktub mazmunidan ogoh bo’lgan, shoshilinch ravishda jang taraddudini ko’rib, shahar tashqarisiga chiqadi va Muzaffar Husayn Mirzo qo’shiniga qarshi kurashadi. Lekin harbiy kuchlarning teng bo’lmagani tufayli, dushman askarlari har tomondan hamla qilib, Muhammad Mo’min Mirzoni o’rab, asirga oladilar. Muzaffar Husayn Mirzo jiyani Muhammad Mo’min Mirzoni bog’latib, amir Muhammad Burunduqqa topshirib, Hirotga jo’natadi. 1497 yil 29 sentabrda amir Muhammad Burunduq shahzodani Hirotga yetkazib keladi va Ixtiyoriddin qal’asiga qamab, o’zi Murg’ob daryosining qirg’og’ida o’rdugohda ham, olayotgan Sulton Husayn Boyqaro huzuriga borib, Astrobod voqealarini bayon qiladi.

Sulton Husayn Boyqaroning sevikli xotini Hadicha begim o’z o’g’li Muzaffar Mirzoning istiqboldagi baxt-saodati uchun Badiuz-Zamon Mirzoni va uning o’g’li Muhammad Mo’min Mirzoni asosiy g’ov deb bilardi. Binobarin, qulay vaziyat vujudga kelguday bo’lsa, Badiuz-Zamon Mirzoni va uning o’g’li Muhammad Mo’min Mirzoni oradan olib tashlashga harakat qilardi.

Muhammad Mo’min Mirzoni bandi qilinib, Ixtiyoriddin qal’asiga qamalishi, Hadicha begim uchun ayni muddao bo’lib, o’zining dahshatli rejasini vaziri a’zam Nizom ul-Mulk bilan kelishib olgach, Murg’ob harbiy o’rdugohida istirohatda bo’lgan Sulton Husayn Boyqaroning qattiq mastligidan foydalanib, Muhammad Mo’min Mirzoni zudlik bilan qatl qilish haqidagi farmonga muhr bostirib oladi. Mazkur farmonni Yor Ali baxshi, Abduvohid Yasovul va yana ikki ishonchli kishilarga topshirib, vaqtni o’tkazmasdan hukmni shu kechasidayoq ijro etishni ta’kidlab Hirotga jo’natadi.

Nobakor jallodlar qal’aga – Muhammad Mo’min Mirzo huzuriga bostirib kirganlarida, shahzoda yotish oldidan tungi ibodatni tugallab, qur’on tilovatiga mashg’ul edi. Chaqirilmagan “mehmon”larning avzoidan xavfsiragan shahzoda o’zini muhofaza qilishga urinadi. Ammo ular shahzodani ushlab, qo’l-oyog’ini bog’lab, ovozini chiqarmay qal’a devori tagiga olib chiqadilar va o’sha yerda xanjar bilan boshini tanidan judo qiladilar. Ertasi tong chog’ida mastlikdan hushyor tortgan Sulton Husayn Boyqaro tundagi maishat asnosida farmonga muhr bosgani yodiga tushib, Nizom ul-Mulkni chaqirib, farmonning mazmunidan ogoh bo’lgach, darhol “saltanatimizning ulug’vor mevazi, ko’z qorachig’imizga hech bir ziyon-zahmat yetkazmasinlar”, – deb ko’rsatma yozdirib, Ixtiyoriddin qal’asiga jo’natadi. Ammo vaqt o’tgan edi. Hukm esa shoshilinch ravishda ijro etilgandi. Ertasi kuni maqtul shahzoda Muhammad Mo’min Mirzoning jasadi shohona marosimlar bilan Badi’a madrasasiga dafn etiladi. Shunday qilib, o’n bir yoshli shahzoda Muhammad Mo’min Mirzo qabihlik, munofiqlik va husumatning qurboni bo’ladi.

Muhammad Mo’min Mirzoning xiyonatkorona qatl qilinishi, Badiuz-Zamon Mirzoni o’z otasi Sulton Husayn Boyrqaroga nisbatan xundor dushmanga aylantiradi. Shuningdek, Sulton Husayn Boyqaroning boshqa o’g’illarini ham qahr-g’azabini qo’zg’atib, otalariga nisbatan ishonchsizlik, mehrsizlik hamda adovat cho’g’ini yallig’lantirib yuboradi.

Muhammad Mo’min Mirzo yosh bo’lsa-da ma’rifatli kishilar davrasida tarbiya ko’rgan aqlli, ziyrak va jasoratli shahzoda edi. Zotan Sulton Husayn Boyqaro o’g’illari va nabiralari orasida aqli barkamol hamda sohibi saltanatga arzigulik shahzoda – Muhammad Mo’min Mirzo edi.

Ulug’ amir Alisher Navoiy yosh shahzodaga e’timodi baland bo’lib, mamlakat, el-yurt va saltanatning kelajak taqdiri Muhammad Mo’min Mirzoning oqilona sa’y-harakatiga bog’liq deb bilardi.

Muhammad Mo’min Mirzo qatl etilgan paytda, ulug’ amir Alisher Navoiy muqaddas Mashhad sharif ziyoratida edi. U mash’um voqeadan uch kun o’tgach, Hirotga qaytadi. Muhammad Mo’min Mirzo fojiasini eshitib ko’p yig’lagan ekan. Tarixchi Xondamirning so’ziga qaraganda, ulug’ mutafakkir Alisher Navoiy “Muhammad Mo’min Mirzo fojiasining kelajak asora haqida gapirib, shunday degan ekanlar: “Mo’min Mirzo fojiasi xuddi Shayx Majiddin Bag’dodiy fojiasiga o’xshaydi. Zotan Shayx Majiddin Bag’dodiy qatlidan so’ng ko’p o’tmay, Turondan Erongacha bo’lgan yerlar Chingizxon otining tuyog’i ostida qolib kul tepaga aylandi. Jafoksh xalq qatli omga (umumiy qirg’in0 mahkum qilindi. Alhol Muhammad Mo’min Mirzoning qatli tufayli ulug’ bir fitna vujudga kelib, mamlakat vayron bo’lib, fuqaro boshiga cheksiz musibat va qirg’in tushmog’idan qo’rqadurmen”.

Darvoqe, andak fursat o’tishi bilan deb, afsuslanib yozadi. Xondamir, o’zbek lashkari Xurosonga bostirib kirib, mamlakatni poymol qilib, fuqaroni cheksiz musibatlarga giriftor qildi.

Muhammad Mo’min Mirzoning xoinona qatl qilingan xabarini eshitgan Badiuz-Zamon Mirzo bir lahza xushi boshidan uchib, farzandi arjumandining firoqida kuyib, barcha harbiy guruh boshliqlariga lashkarni to’plashga farmon beradi va o’g’li uchun qasos olish niyatida otasi Sulton Husayn Boyqaroga qarshi urush e’lon qiladi.

Sulton Husayn Boyqaro eng yaqin kishisi, ulug’ amir Alisher Navoiyning muxlisi Xo’ja Afzaliddin Muhammad Kermoniy bir necha yillardan buyon Iroqda istiqomat qilardi. Shahanshoh doim uning nomini yaxshi soatlarda tilga olinishi hamda ulug’ amir Alisher Navoiy orziqib sog’inligini eshitib, 1498 yilda Xurosonga qaytib keladi. Uning qaytib kelganidan shahanshoh behad xursand bo’ladi.

Bu paytda Sulton Husayn Boyqaro O’lang-nishin mavzeidagi o’rdugohda o’g’li Badiuz-Zamon Mirzoning navbatdagi hujumini kutib turardi. Mamlakatning barcha ishlari Nizom ul-Mulk v uning avlodlari qo’lida edi. Muhammad Mo’min Mirzoning qatlidan so’ng, shahanshohda Nizom ul-Mulkka nisbatan gina-qudurat vujudga kelib, undan ixlosi qaytgan, ilojini topsa mansabdan azl qilib, xonavayron qilishga tayyor edi. Alhol Xo’ja Afzaliddinning kelishi shahanhohga ilhom bag’ishlab, amir Alisher Navoiy bilan mashvarat qilib, Xo’ja Afzaliddinni oliy martabaga ko’taradi hamda Nizom ul-Mulk va uning avlodiga qarshi pinhona kurashni boshlaydi. Bu kurashning boshida Xo’ja Afzaliddin turadi.

1498 yil 13 may yakshanba kuni Nizom ul-Mulkning qaynog’asi E’mod ul-Islom hibsg olinadi. U yigirma yildan ziyodroq davr mobaynida vazirlik mansabida qoyim edi. 23 maydan boshlab Xo’ja Afzaliddin vazirlik mansabiga tayinlanadi.

Bu vaqtda Badiuz-Zamon Mirzo janubiy Afg’onistonda o’g’li Muhammad Mo’min Mirzo uchun qasos olishga tayyorlanib turardi. Shahanshoh O’lang-nishon o’rdugohida turib Badiuz-Zamon Mirzoga qarshi bir guruh askarni Isfizorga jo’natgan edi. Isfizorga yuborilgan harbiy guruh orasida Nizom ul-Mulkning o’g’li Umid ul-Mulk ham bor edi. Iyunning boshida O’lan-nishin o’rdugohida Nizom ul-Mulk hamda uning qarindoshi Nizomiddin Kurd qamoqqa olinadilar. Isfizor harbiy guruhidagi Umid ul-Mulkni hibsga olish haqida chopar yuboriladi. Shuningdek, Nizom ul-Mulkning ikkinchi o’g’li Kamoliddinni, singlisining o’g’li – saroy voqeanavisi Abdul Azizni hamda Nizomiddin Kurdning o’g’illarini qamoqqa olish haqida farmon beriladi. Farmonni shaxsan amir Alisher Navoiyning o’zlari Hirot shahrining boshlig’i Ahmad Mirzoga olib kelib topshiradilar. Qamoqqa olinganlarning mol-mulki musodara qilinib, o’zlarini Ixtiyoriddin qal’asiga qamaydilar. Tunlardan birida Nizom ul-Mulkning o’g’illari qal’adan qochishga muvaffa bo’ladilar. Biroq ertasi yana qo’lga olinadilar.

Mahbuslarning qal’adan qochish xabarini eshitgan Sulton Husayn Boyqaro bag’oyat darg’azab bo’ib, mahbuslarni zudlik bilan qatl qilish haqida Hirot shahar boshlig’i Ahmad Mirzo hamda amir Abduxoliq nomiga farmon yuboradi. 1498 yil iyul oyining boshida Ixtiyoriddin qal’asida jallod Nizom ul-Mulkning ko’z oldida uning har ikki o’g’li Xo’ja Kamoliddin Husayn va Xo’ja Umid ul-Mulklarni so’yadi. So’ngra Nizom ul-Mulkni qal’a darvozasiga chiqarib, tiriklayin terisini shilib oladi. Shuningdek, Xo’ja E’mod ul-Islom, Xo’ja Abdul Aziz, Nizomiddin Kurd va Mahmud Shoh Farrahiylarni Badiuz-Zamon Mirzoga xayrixohlikda ayblab qatl qiladilar.

Sulton Husayn Boyqaroning saroyida va qo’shinida sodir bo’lgan voqealardan ruhlangan Badiuz-Zamon Mirzo va Shujobek arg’unlar fursatni g’animat bilib, darhol Garmserdan qo’shin tortib, O’lang-nishin tomon yuradilar. Bu xabar 1498 yil 13 iyun juma kuni Sulton Husayn Boyqaroga yetadi. Shahanshoh darhol Hirotga chopar yuborib, ulug’ amir Alisher Navoiyga shahar ichidagi va tashqarisidagi barcha qo’shinlarini O’lang-nishinga jo’natish haqida farmon beradi. Ulug’ amir Alisher Navoiy juma namozidan so’ng amri oliyga muvofiq barcha qo’shin guruhlarini O’lang-nishinga safarbar qiladi.

Bungacha Hisori Shodmon viloyatining hukmdori Sulton Mas’ud Mirzo Xusravshoh fitnasidan qochib, 500 nafar askari bilan Sulton Husayn Boyqarodan panoh izlab kelgan edi. Astrobodga ketgan amir Muhammad Valiek, amir Umarbek va amir Bobo Alilar ham o’z qo’shinlari bilan qaytib kelgan edilar. Shuningdek, shahanshohning Sabzavordagi o’g’li Faridun Husayn Mirzo ham o’z qo’shini bilan, kelib qo’shilgan edi.

14 iyun tong otarda Badiuz-Zamon Mirzo O’lang-nishin yaqiniga yetib kelganda bu yerdagi hisobsiz qo’shinni ko’rib, hayrat  barmog’ini tishlab, dahshatga tushadi. Ammo oriyatni qo’ldan bermay jangga kiradi. Ota bilan o’g’il o’rtasidagi jang peshingacha davom etib, har ikki tomondan ko’pgina qurbonlar beriladi. Nihoyat Badiuz-Zamon Mirzo jang shiddatiga dosh beraolmay, Qandahorga qarab qochadi. Shahanshoh qo’shin boshliqlaridan amir Umarbek shahzodani ancha masofagacha quvlab, nihoyat shahzodaga yaqinlashib, endi qilich urmoqchi bo’layotganida, shahzodaning amirlaridan biri amir Yusuf Isfandiyor Badiuz-Zamon Mirzoning qo’lidagi nayzasini tortib olib, amir Umarbekning yuziga qattiq zarb bilan uradi. Amir Umarbekning bir necha tishlari sinib, otdan yerga yumalab tushadi. Ushbu mo’jiza tufayli Badiuz-Zaomn Mirzo salomat qutulib ketadi. Sulton Husayn Boyqaro mazkur g’alabani Sulton Mas’ud Mirzo sharafiga insho ettiradi.

O’lang-nishin jangidan bir necha kun muqaddam Sulton Husayn Boyqaro o’rdugohiga Badiuz-Zamon Mirzo va amir Zunnun arg’un tarafidan Shayx Jaloliddin Abusayid puroniy kelib, shahanshohni Badiuz-Zamon Mirzo bilan sulh tuzishga ko’ndiradi. Shahanshoh sulga rozi bo’lgach, shayxulislom mavlono Ahmad Taftazoniyni, Jaloliddin Abusayid puroniyni va Sayid G’iyosiddin Muhammad sadrni Garmser tomonga jo’natadi, toki ular Badiuz-Zamon Mirzoga ota-bolar orasida vujudga kelgan jangu jadallar hech qachon va hech kimga foyda keltirmagani, bil’aks saltanat tanazzuliga yo’l ochilajagini tushuntirib, shahzodani itoatga moyil qilishlari lozim edi.

Ular Farahga yaqinlashganlarida, Badiuz-Zamon Mirzoning shahanshohga qarshi lashkar tortib, O’lang-nishinga ketgani xabarini eshitadilar. Shundan so’ng shayxulislom mavlono Ahmad Taftazoniy shahanshoh o’rdugohiga qaytib keladi. Ammo shayx Jaloliddin Abusayid va Sayid G’iyosiddin G’urga – amir Zunnun arg’un saroyiga borib, hanuz muzokara-munozara boshlamslaridanoq, Badiuz-Zamon Mirzo O’lang-nishin jangida mag’lubiyatga uchrab, G’urga – amir Zunnun arg’un huzuriga keladi.

Shundan so’ng Shayx Jaloliddin Abusayid va Sayid G’iyosiddinlar Badiuz-Zamon Mirzoni sulhga da’vat qiladilar. Badiuz-Zamon Mirzo sulhga rozi bo’lishdan avval elchilar oldiga o’z talablarini qo’yadi. Chunonchi “Agar padari buzrukvorimiz bizga marhama va mehribonchilik qilmoqchi istagan bo’lsalar, alhol mazkur mulkning bir qismini kaminaga inoyat qilsinlar, toki arkoni davlatim va mulozimlarimning maishatlariga yetgudek bo’lsin. Binoan alayhi men ham itoat kamarini belimga bog’lab, xizmatkorlik rishtasini mahkam tutg’umdir”, deydi.

Elchilar shahanshoh o’rdugohiga kelib, Badiuz-Zamon Mirzoning talabini shahanshohga arz qiladilar Shahanshoh sulhga rozi bo’lib, mazkur elchilarga amir Shayx Ali Tag’oyni qo’shib, sulhning asoslarini aniqlash uchun Badiuz-Zamon Mirzo huzuriga yuboradi. Lekin elchilar 1498 yil iyul oyining o’rtalarida qaytib kelib, Badiuz-Zamon Mirzoning “Balx viloyatining hukmdorligi ham avvalgi farmon bo’yicha mening tasarrufimda qolishi kerak”, – deb talab qilayotganini shahanshohga arz qiladilar. Shahanshoh bu xabardan g’azablanib, sulhdan voz kechib, shahzodaning esini kiritib qo’yish maqsadida o’g’liga qarshi ikkinchi marta jang taraddudiga tushadi.

Sulton Husayn Boyqaroning Badiuz-Zamon Mirzoga qarshi yana urush harakatlarini boshlagan xabarini eshitgan ulug’ amir Alisher Navoiy 28 avgustda Hirotdan chiqib, 29 avgust chorshanba kuni Sulton Husayn Boyqaro huzuriga keladi va Badiuz-Zamon Mirzo bilan sulh tuzishga targ’ib qiladi. Ulug’ amir Alisher Navoiyning so’zlari el-yurtning osoyishtaligi, saltanatning manfaati yo’lida qilinayotgan sa’y-harakat ekanligini his qilgan shahanshoh sulhga rozi bo’ladi. Binobarin, Farah va Seyiston viloyatlarini Badiuz-Zamon Mirzo tasarrufiga berilgani haqida farmon beriladi. Shahanshoh farmonni amir Shayx Aliga topshirarkan, “Sen avvalgidek shahzodaning mulozimatida qolib, shunday qilginki, u Seyiston hukmdorligiga rozi bo’lib, isyondan yuz o’girsin!” – deb ko’rsatma beradi. 31 avgust juma kuni Sulton Husayn Boyqaro O’lang-nishindan ko’chib, 3 sentabr dushanba kuni Bog’i Jahonoroga qadam qo’yadi.

Farmon yetib borgach, Badiuz-Zamon Mirzo G’ur viloyatidan Seyistonga jo’naydi. Seyistonning sobiq hukmdori Muhammad Ma’sum Mirzo esa Hirotga qaytib keladi. Sulton Husayn Boyqaroning ikkinchi o’g’i Shohg’arib edi. U 1471 yil Hirotda tug’ilgan, onasi Hadicha begim edi. Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoning yozishicha, Shohg’arib Mirzo bukri bo’lib, siyrati xiyla ko’rimsiz bo’lgan. Garchand gavdasi notavon va ko’rimsiz bo’lsa-da, tabiati chiroyli, lafzi pok, so’zlari yoqimli bo’lgan. Uning she’riyatga ixlosi baland edi. O’zi ham “G’aribiy” taxallusi bilan turkiy va forsiy g’azallar bitardi. Devon ham tartib qilgan edi. Quyidagi baxt Shohg’arib Mirzo qalamiga mansubdir:

Dar guzar didam pariro’yi shudam devonaash,
Chist nomi o’, kujo boshad nadonam xonaash.

Mazmuni; O’tarda bir pariro’yni ko’rib, shaydosi bo’ldim, uning nomi nima bilmdim, uyi qayerda ekan.

Ulug’ mutafakkir Alisher Navoiy o’zining “Majolisun-nafois” nomli asarida Shohg’arib Mirzoni quyidagicha ta’riflaydi: “Shohg’arib Mirzo – sho’x ta’bliq va mutasarrif (fikri ravonlik) zehnlik, nozik taxayyulluq (xayol qilmoq) va daqiq (nozik) taaqqulluq (fikr yurituvchi) yigitdur. Nazm va nasrda naziri yo’q va mutaxayyila (chuqur xayol etish) va hofizada (xotira quvvasi) adili (tengi) noma’lum. Ov va qush xotiriga marg’ub (ma’qul) va qurro (qiroat qilish) va o’qish ko’nglig’a mahbub.

Bu matla’ aning dururkim:

Qaysi bir gulchehra ul gul bargi nadonimcha bor,
Qaysi bir shamshod qad sarvi xiromnimcha bor.

Bu matla’ dag’i yaxshi voqi’ bo’libturkim:

Tarki mehr aylab agarchi bo’ldi jonon o’zgacha,
To tirikmen qilmog’imdur ahdu paymon o’zgacha…”

Sulton Husayn Boyqaro Hirot shaharining hokimligini Shohg’arib Mirzoga in’om qilgan edi. U bir necha muddat davomida mazkur mansabda qoyim bo’lib, 1496 yilda vafot etadi. Shohg’arib Mirzoning jasadini Gozurgohning o’ng tomonidagi hujralardan biriga dafn etadilar. Qabri ustiga yuksak san’at obidasi bo’lmish “Sangi haft qalam” – qora marmar qabr toshi o’rnatiladi.

Shahanshohning uchinchi o’g’li Abduturob Mirzo edi. U 1472 yil Hirotda Minglibiy Og’acha begimdan tug’ilgan edi.

Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo Abuturob Mirzo haqida shunday yozadi: “Burunlar andin xili rushdi (yaxshi, yetuklik) rivoyat qilurlar edi. Otasining behuzurligi ortganda o’zgacha xabar eshitib, inisi Muhammad Husayn Mirzo bila qochib Iroqqa bordi. Iroqda sipohiylikni tark qilib, darveshlik ixtiyor qilibtur, yana andin xabari topilmadi. Bir o’g’li bor edi Suxrob Mirzo otliq. Men Hamza Sulton bila Mahdi Sulton boshlig’ sultonlarni bosib, Hisorni olg’onda, mening qoshimda edi. Bir ko’zi ko’r edi. G’arib badhay’at (xunuk ko’rinishli, yomon shaklli) edi. Axloqi ham hay’atidek edi. Bir bee’tidolliq (me’yordan ortiqcha harakat) qildi, tura olmadi, ketdi. Astrobod navohisida bir bee’tidollig’idin Najim Soniy azob bila o’lturdi”.

Shahanshohning to’rtinchi o’g’li Abul Muhsin Mirzo, 1472 yilda Hirotda tug’ilgan edi. Uning ukasi Muhammad Muhsin (Kepak Mirzo) Mirzo 1472 yilda tug’ilgan bo’lib, bu ikki shahzodaning onasi Latifa Sulton Og’acha begim edi.

Sulton Husayn Boyqaro o’g’li Abul Muhsin Mirzoga Marv viloyatining hokimligini, Muhammad Muhsin Mirzoga esa Obivard viloyatini in’om qilgan edi.

Muhammad Mo’min Mirzoning fojiali o’limidan so’ng, shahzodalar Hadicha begimning makkorona kirdikorlaridan nafratlanib, o’z otalariga bo’lgan ixlos va e’tiqodlari susayib yovlasha boshlaydilar. Jumladan Abul Muhsin Mirzo o’z ukasi Muhammad Muhsin Mirzo bilan maslahatni bir joyga qo’yib, shahanshohga qarshi bosh ko’taradilar.

Bu xabar 1498 yil sentabr oyida Hirotga yetib kelgach, Sulton Husayn Boyqaro amir Quvomiddin Hasan Sorimiyni Abul Muhsin Mirzo huzuriga yo’llarkan: “Shahzodaga pandu nasihatlar qiling, toki muxolifat yo’lidan qatib, itoat kamarin beliga bog’lab, ukasi Muhammad Muhsin Mirzoni ham isyondan qaytarsun”, – deb topshiriq beradi.

Amir Quvomiddin Hasan Sorimiy shahzoda huzuriga borib, isyondan vujudga kelajak jarohatlar haqida ko’p timsollar keltirib, nasihat qiladi. Ammo shahzoda amir Quvomiddin so’zini e’tiborsiz qoldiradi.

Noiloj, 1498 yil 19 dekabrda Sulton Husayn Boyqaro Marvga – Abdul Muhsin Mirzoga qarshi qo’shin tortadi. Ayni vaqtda Haydar Muhammad Mirzo va amir Shayx Ahmad Suhayli boshliq qo’shinni Muhammad Muxsin Mirzoga qarshi Obivardga jo’natadi. Shahanshoh Marvni qamal qiladi. Shahar mudofaarchilarning jonbozligi tufayli qamal uch-to’rt oyga cho’zilib, har ikki tomon ham holdan toyadilar va sulhga moyillik bildiradilar. Nihoyat Abul Muhsin Mirzoning xohishiga binoan, shahanshoh ulug’ amir Alisher Navoiyning ukasi amir Darvesh Alini shahzoda huzuriga elchi qilib jo’natadi.

Amir Darvesh Ali shahzodadan bo’lajak sulhning shart-sharoitlari haqida so’raganda, shahzoda “Padari buzrukvorimiz gunohimizni kechirib, shaharni qamaldan ozod etsalar hamda qo’shinlarini Saraxs tomon olib ketsalar, Alhol men isyondan voz kechib, isyon kamarin belga bog’ab, o’z ixtiyorim bilan Hirot dorussaltanasiga borsam”, – deydi. Amir Darvesh Ali shahanshoh huzuriga kelib, shahzodaning iltimosini bayon qiladi. Bu taklif shahanshohga maqul bo’lib, 1499 yil bahorida ota-bola o’rtasida sulh bitimi imzolanadi.

Ammo Muhammad Muhsin Mirzoga qarshi jo’natilgan qo’shin mag’lubiyatga uchrab, noumid qaytib keladi.

Sulton Husayn Boyqaro Marv qamalini bo’shatib, Saraxs tomon yurgach, shahzoda Abul Muhsin Mirzo Marvni o’z yaqin kishilaridan biriga topshirib, o’zi ukasi shahzoda Muhammad Muhsin Mirzo huzuriga – Obivardga jo’naydi. Muhammad Muhsin Mirzo akasi Abul Muhsin Mirzoni ehtirom bilan kutib oladi. Aka-uka shahzodalar ittifoq tuzib, otalariga qarshi ikkinchi marta bosh ko’taradilar.

Sulton Husayn Boyqaro Bobo Hoki mavzeida isyon xabarini eshitadi. Hirot shahrining dorug’asi (boshlig’i) Ahmad Mirzo (1499 yil) vafot etganligi tufayli o’rniga yangi dorug’a tayinlash lozim edi. Binobarin, shahanshoh amir Muboriziddin Muhammad Valibekni Hirot shahrining dorug’asi mansabiga tayinlab, uni Hirotga jo’natadi. O’zi darhol qo’shinni jamlab, xudbin o’g’illarinig adabini berib qo’yish uchun Obivardga yuradi.

Aka-uka shahzodalar 5-6 ming otliq askar to’plab, jangga tayyorlanadilar. Shahanshohning katta qo’shin kelayotgan xabarini eshitishgach, o’z qo’shinlarini shahar tashqarisiga olib chiqib, Niso shahari tomon yuraboshlaydilar. Bu xabarni eshitgan shahanshoh isyonkor o’g’illarini jangdan qochayabdi deb gumon qilib, Muzaffar Husayn Mirzo, Haydar Muhammad Mirzo, Ibn Husayn Mirzo va amir Shujo’iddin Muhammad Burunduq barloslarni “qochoq” shahzodalar ketidan quvlab borib qo’ga olishni buyuradi va o’zi keyindan boradi.

Ammo “qochoq” shahzodalar Xalvo chashma mavzeiga yetganlarida, to’satdan orqaga burilib, shahanshohning ilg’or qo’shiniga hujum qiladilar. Ko’p o’tmay, Haydar Muhammad Mirzo va Ibn Husayn Mirzo jangga bardosh berolmay jang maydonini tashlab qochadilar. Muzaffar Husayn Mirzo ham qochishga taraddudanib turgan asnoda Sulton Husayn Boyqaroning o’zi yetib kelib jangga kiradi. Shundan so’ng zafar shabadasi shahanshoh tomondan esib, Abul Muhsin Mirzo va Muhammad Muhsin Mirzolar mag’lubiyatga uchraydilar. Abul Muhsin Mirzo Marvga va Muhammad Muhsin Mirzo esa Astrobodga qochadilar. Sulton Husayn Boyqaro esa shahzoda Muhammad Muhsin Mirzoni ta’qib qilib, Astrobod tomon yo’l oladi.

Shahanshohning kelayotgan xabarini eshitgan Muhammad Husayn Mirzo o’z birodari Muhammad Muhsin (Kepak Mirzo) Mirzo hamda arkoni davlati bilan kengashib, Astrobodni tashlab terek daryosidan o’tib, turkmanlar hududiga o’tishga qaror qiladi. Yo’lda Muhammad Muhsin Mirzo Muhammad Husayn Mirzodan ajralib, Xuroson tomon yo’l oladi. U akasi Abul Muhsin Mirzo huzuriga borib, bo’lgan voqealarni batafsil hikoya qiladi.

Sulton Husayn Boyqaro Astrobodga kirgach, shahzoda Muhammad Muhsin Mirzoni Marvga borgan xabarini eshitadi. Shundan so’ng shahanshoh Mashhad hokimligini shahzoda Muhammad Muhsinga in’om etilgani haqida nishon xat yozdirib jo’natadi. Shahzoda Muhammad Muhsin Mirzo nishon xatni olgach, benihoya shodlanib, Mashhadga keladi va umrining oxirigacha itoatdan bosh to’lg’amaydi.

1500 yil iyul oyida Muhammad Muhsin Mirzo birodari Muhammad Husayn Mirzoni Isfaroinga hujum qilganini eshitib, fursatni g’animat bilib, Mashhaddan chiqib, Nis ova Obivard viloyatlariga qo’shin tortadi. Ammo avgust oyida otasi shahanshohni Astrobodga bostirib kirgani hamda Muhammad Husayn Mirzoni Terek daryosi tomon qochgan xabarini eshitgach, o’zining sodiq itoatkor ekanini izhor etish uchun shahanshoh huzuriga elchilar yuboradi. Shahanshoh bu xabardan bag’oyat shod bo’lib, shahzoda bilan ko’rishmak orzusida ekanini izhor etadi. Shahanshoh shahzodaning yo’llarda ko’p to’xtamaslikni, ehtiyotkorlik bilan yurishni, toki birodari Muhammad Husayn Mirzo changaliga tushib qolmaslikni elchilarga ta’kidlab jo’natadi.

Ammo taqdir taqozosi bilan Kepak Mirzo yo’lda Muhammad Husayn Mirzo qo’shiniga duch kelib, barcha boyligidan ajralib, o’rovdan chiqib qochadi. Nihoyat Muhammad Muhsin Mirzo Sari puli Sangin mavzeida otasi shahanshoh bilan yuz ko’rishadi. Shahzoda avvalgi qilgan xatti-harakatlari uchun uzr so’rab, shahanshoh huzurida tiz cho’kadi. Sulton Husayn Boyqaro Kepak Mirzoning sadoqatini yuksak baholab, Tus, Mashhad, Obivard va Niso viloyatlarini unga in’om qiladi.

Sulton Husayn Boyqaroning oltinchi o’g’li Muzaffar Husayn Mirzo edi. U 1473 yil Hirotda tug’ilgan, onasi Hadicha begim edi. Muzaffar Husayn Mirzo tabiatan xudbin, o’jar va tantiq edi. Shunga qaramay, Sulton Husayn Boyqaroning eng suyukli o’g’li edi. Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo uning haqida “agarchi xili suygidek axloq va af’oli ham yo’q edi” deb yozgan edi. Binobarin shahanshohning boshqa o’g’illari shu boisdan otalariga yovlashadilar.

Muzaffar Husayn Mirzoning onasi Hadicha begim erining o’g’liga bo’lgan muhabbati va e’tiqodidan foydalanib, qanday bo’lmasin Muzaffar Husayn Mirzoni taxtga valiahd qilib tayinlatmoq fikrid edi. 1497 yilda Sulton Husayn Boyqaro Astrobod viloyatini Muzaffar Husayn Mirzoga in’om qiladi.

Ammo 1498 yilning yoz oylarida Muhammad Husayn Mirzo Astrobodga to’satdan hujum qilib, Astrobod viloyatini o’z tasarrufiga kiritadi. Muzaffar Husayn Mirzo birodari bilan bo’lgan jangda yengilib, Sabzavor viloyatiga qarab ketadi.

Sulton Husayn Boyqaro shahzoda Muhammad Husayn Mirzoga qarshi Astrobodga yurish qilish niyati bo’lsa-da, biroq mamlakatda ketma-ket vujudga kelayotgan isyonlar bunga yo’l bermasdi.

Ayni vaqtda Badiuz-Zamon Mirzo o’z qayinotasi amir Zunnun arg’un bilan birga lashkar tortib, Hirotga yaqinlashadilar. Hirot xarf ostida qolgan edi. Ammo ulug’ amir Alisher Navoiy va amir Muboriziddin Muhammad Valibeklar shaharni mudofaaga tayorlaydilar. Shahzoda Muhammad Ma’sum Mirzo boshchiligida qo’shin tartibga solinadi. Bu paytda amir Zunnun arg’unning qo’shini Hirot atrofidagi qishloqlarni talashga kirishadi.

Amir Muboriziddin Muhammad Valibek shahzoda Muhammad Ma’sum Mirzo boshchiligidagi qo’shin bilan shahardan tashqariga chiqib, dushman bilan jang qiladilar. Kuchlar teng emas edi.  Binobarin, Hirot avvalgidek xavf-xatar ostida kun kechirardi. Bunday vaziyat qirq kunga yaqin davom etadi. Nihoyat Sulton Husayn Boyqaroning Astroboddan kelayotgan xabari ma’lum bo’ladi.

Bu paytda Badiuz-Zamon Mirzo O’lang-nishinda turardi. Shahanshohning kelayotgan xabari ma’lum bo’lgach, ulug’ amir Alisher Navoiy Badiuz-Zamon Mirzoga elchilar yuborib, avvalo padari buzrukvorga nisbatan isyon ko’tarib, yog’i bo’lmoq gunogi azim ekanligini yana bir marta ta’kidlab, hech bo’lmaganda shahanshohning yo’lini to’smaslik, toki ko’z-ko’zga tushib, ko’ngul Mulki abadul-abad xira tortmasligi chorasini ko’rmaklik lozim lobud ekanligini iltimos qiladi.

Ziyrak shahzoda Badiuz-Zamon Mirzo ulug’ amir Alisher Navoiyning samimiy maslahatini darhol qabul qilib, O’lang-nishin o’rdugohidan ko’chib, Murg’ob daryosi qirg’og’iga borib to’xtaydi.

Sulton Husayn Boyqaro Hirotga yetib kelgach, o’g’li Badiuz-Zamon Mirzoga qarshi jang tadorigini ko’ra boshlaydi. Ammo jang qilish uchun salohiyati nochor edi, chunonchi askarlar uzoq masofadan horib kelgan, otlar esa charchagan edi. Binobarin, shahanshoh ulug’ amir Alisher Navoiy bilan mashvarat qilib, sulhga moyillik bildiradi. Nihoyat Badiuz-Zamon Mirzo bilan sulh tuziladi. Bitimga ko’ra Balx viloyati hamda Amudaryodan to Murg’obgacha bo’lgan yerlar Badiuz-Zamon Mirzo tasarrufiga o’tadi. Shuningdek, xutbada Sulton Husayn Boyqro nomi bilan birga Badiuz-Zamon Mirzo nomi ham qo’shib o’qiladi. Shu voqeadan so’ng, xatto amir Xusravshoh ham Badiuz-Zamon Mirzo hukmronligini tan olib, Qunduz, Baqlon, Termiz, Qubodiyon, Hisori Shodmon, Xuttalon va Badaxshonda uning nomini xutbaga qo’shib o’qitish hamda pul zarb qilishga rozi bo’ladi.

Badiuz-Zamon Mirzo Balxga qarab borgach, Balxning sobiq hukmdori shahzoda Ibrohim Husayn Mirzo Hirotga qaytadi. Badiuz-Zamon Mirzo Balxga o’rnashgach, Seyiston viloyatining hokimligini amir Zunnun arg’unning ukasi amir Sulton Ali arg’unga havola etadi.

Sulton Husayn Boyqaroning yettinchi o’g’li Muhammad Husayn Mirzo 1476 yilda Hirotda tug’ilgan, onasi Minglibiy Og’acha begim edi.

Muhammad Husayn Mirzo otasi shahanshohning betoblik paytida o’z akasi shahzoda Abuturob Mirzo bilan til biriktirib, Iroq va Ozarboyjon nochor ahvolda kun kechiradilar. Uning haqida Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo shunday yozadi: “Iroqda muni va Shoh Ismoilni bir yerda band qilg’on ekandurlar. Ul vaqt anga murid (Shoh Ismoilga – T.F.) bo’lib ekandur, so’ngra g’aliz rofiziy bo’lib edi. Bovujudkim, ota-og’a-inisi bori sunniy, bu mundoq rofiziy. Astrobodda o’shul gumrohlik va batolat bila o’ldi. Ani xili mardona va bahodir derlar edi. Hech andoq shi zohir bo’lmadikim, bitmakka loyiq bo’lg’ay. Tab’ nazmi bor ekandur. Bu bayt aningdurkim:

Oludai gardi zi payi saydki gashti,
G’arqi araqi dar dili garmiki guzashti”.

Mazmuni:

Ov ketidan yurganding, garding bulg’anibsan,
Haroratli qalbing terig g’arq bo’lib o’tibsan.

Nihoyat, Oq quyunlilar saltanatiga putur yetgach, shahzoda Muhammad Husayn Mirzoning tole’ yulduzi porlaydi. 1497 yil kech kuzda Muhammad Husayn Mirzo otasi shahanshohga elchi yuborib, vatani Xurosonga kelish ishtiyoqida ekanligini izhor qiladi. Shahanshoh o’g’lining qaytishidana shodlanib, unga maktub jo’natadi.

Shu asnoda shahanshohning yaqin kishilaridan biri oliy dargohga kelib, “shahzoda Muhammad Husayn Mirzo bu yerga yaxshi niyat bilan emas, balki badandeshalik bilan kelayotir”, – deb xabar qiladi. Bu noxush xabarni eshitgan shahanshoh amir Muboriziddin Muhammad Valibek, amir Umarbek va amir Bobo Alilarni ikki ming otliq askar bilan shahzodaning istiqboliga yuboradi. Shuningdek, amirlarga “agar iloji bo’lsa shahzodni qurolsizlantirib olib kelinglar”,-deb farmon beradi.

Amirlar Mashhadga kelganlarida u tomondan shahzoda ham o’z qo’shini bilan shaharga yaqinlashadi. Ammo ba’zi bir kishilar amirlarning qora niyatlarini shahzoda Muhammad Husayn Mirzoga yetkazadilar. Shahzoda bu xabardan xavotirga tushib, Mashhadda to’xtamay, darhol Jurjonga qarab yo’l oladi. Shahzodaning Mashhaddan Jurjon tomonga qochgan xabarini eshitgan shahanshoh amirlarga mazkur ikki ming sipoh bilan Astrobod viloyatiga borib, Muzaffar Husayn Mirzoga qo’shilib, birgalikda Muhammad Husayn Mirzo ustiga yurishni buyuradi. Shahanshoh amriga muvofiq, amirlar Astrobodda Muzaffar Husayn Mirzo bilan birlashib, Astrobod viloyatining tuman va qishloqlarini xarobaga aylantirayorgan Muhammad Husayn Mirzoga qarshi yurish boshlaydilar. Muzaffar Husayn Mirzo va amirlarning mardona hakarati natijasida, Muhammad Husayn Mirzoning qo’shini batamom parokandalikka uchrab, o’zi turkmanlar tomoniga qochib ketdi.

1498 yil avgust oyining o’rtalarida Muhammad Husayn Mirzo katta qo’shin to’plab, Astrobodga ikkinchi marta hujum qiladi. Astrood hukmdori Muzaffar Husayn Mirzo birodari Muhammad Husayn Mirzoga qarshi qo’shin bilan shahar tashqarisiga chiqadi. Ammo, o’sha asnoda Muzaffar Husayn Mirzo mijozida zaiflik vujudga kelib, dam-badam xushdan ketib, nihoyat o’zini o’nglay olmay qoladi. Holbuki, Muhammad Husayn Mirzoning qo’shini shitob bilan shaharga yaqinlashib kelmoqda edi. Muzaffar Husayn Mirzoning betobligi tufayli boshliqsiz qolgan qo’shin parokandalikka uchrab, jang maydonini tashlab qocha boshlaydi. Muhammad Husayn Mirzo esa shaharni osongina qo’lga kiritadi. Muzaffar Husayn Mirzo o’z qo’shini bilan Sabzavorga chekinadi.

Bu noxush xabarni eshitgan Sulton Husayn Boyqaro 1498 yil oktabrning o’rtalarida amir Muhammad Burunduq barlos va amir Kamoliddin Husayn jaloyirni Muzaffar Husayn Mirzoga ko’mak berish uchun Sabzavorga jo’natadi. Shahanshohning o’zi ham Astrobod yurishiga taraddudlanib turgan paytida, Marv hukmdori shahzoda Muhammad Muhsin (Kepak Mirzo) Mirzolarning isyon ko’targanliklari haqida xabarni eshitgach, Astrobodni qo’yib, Marvga qarab lashkar tortadi.

Muhammad Husayn Mirzo Astrobod viloyatiga o’rnashib oladi. Oradan bir yil o’tgach, 1499 yil yozida Xalvo chashma jangida yengilib, Astrobodga qochgan shahzoda Muhammad Muhsin Mirzoni ta’qib qilib kelayotgan shahanshoh xabarini eshitgan shahzoda Muhammad Husayn Mirzo zudlik bilan Astroboddan chiqib Terek daryosini kechib, turkmanlar hududiga qochib o’tadi.

Sulton Husayn Boyqaro Astrobodda 15 kun turadi. Shu asnoda Hirot dorug’asi amir Muboriziddin Muhammad Valibekdan chopar kelib, Badiuz-Zamon Mirzoning yana bosh ko’targani va endi Hirotga xavf solayotganini arz qiladi. Shahanshoh bu noxush xabarni eshitgan zahoti Astrobod viloyatini Muhammad Husayn Mirzoga in’om qilgani haqida nishon xati yozdirib, muhrlab mavlono Shamsuddin Ali Shoh orqali Muhammad Husayn Mirzo huzuriga jo’natadi. O’zi esa shahzoda Muhammad Husayn Mirzo kelishini kutmay, Astrobodni vaqtincha amir Badriddin ixtiyoriga topshirib, Badiuz-Zamon Mirzo isyonini bartaraf qilish uchun shoshilinch ravishda Hirotga jo’naydi.

Mavlono Shamsuddin Ali Shoh shahzoda Muhammad Husayn Mirzo qarorgohiga borib, shahanshohning inoyatnomasini topshiradi. Shahzoda bu iltifotdan bag’oyat xushnud bo’lib, Astrobodga qaytib kelib, hukmronlikni davom etdiradi.

Ammo Muhammad Husayn Mirzo Astrobod viloyatiga mustahkam o’rnashib olgach, endilikda faqat Astrobod bilan qanoatlanmay, balki yangi-yangi viloyatlarni o’z tasarrufiga kiritish xayoliga tushadi. Binobarin, 1500 yil iyul oyida Isfaroyin tarafiga hujum boshlaydi. Isfaroyin hukmdori amir Badriddin shahanshohning ixlosmand yanqin kishilaridan bo’lganligi tufayli, shahzoda Muhammad Husayn Mirzoga itoat qilishdan ko’ra jang qilishni afzal ko’radi. Ammo amir Badriddinning qo’shini juda oz edi. Shunga qaramay, shahanshohning ishonchini oqlab, shahzodaga qarshi jang boshlaydi. Jang asnosida shahzoda qo’shinlari amir Badriddin qo’shinini o’rab olib, qirib tashlaydilar. Amir Badriddin ham jang maydonida halok bo’ladi. Amir Badriddinning halok bo’lgan xabarini eshitgan Muzaffar Husayn Mirzo Sabzavordan ukasi Muhammad Husayn Mirzoga qarshi amir Shujo’iddin Muhammad Burunduqning o’g’li amir Muhammad Qosim barlos boshchiligida ilg’or qo’shin yuboradi. Muhammad Husayn Mirzo qo’shiniga esa Darvesh Muhammad Ko’kaldosh boshchilik qilardi. Har ikki qo’shin o’rtasida qattiq jang vujudga keladi. Jang asnosida Darvesh Muhammad Ko’kaldosh Muzaffar Husayn Mirzo qo’shiniga ofat yetkazib, hatto amir Muhammad Qosim barlos ham oyog’idan o’q yeb, safdan chiqadi. Sabzavor qo’shinlari jang maydonini tashlab qochadilar. Bu xabarni eshitgan Muzaffar Husayn Mirzo qaytadan jang qilishga yuragi dov bermay, orqaga qaytadi. Muhammad Husayn Mirzo esa Nishopur viloyatigacha bosib kelib, shahar va qishloq aholisini ayovsiz ravishda talaydi.

Sulton Husayn Boyqaro noahil, isyonkor o’g’illarining qilmishlaridan g’azanlanib, 1500 yil avgust oyida Hirotni ulug’ amir Alisher Navoiy bilan amir Muboriziddin Muhammad Valibek ixtiyoriga topshirib, o’zi mahofada katta qo’shinga bosh bo’lib, Astrobodga jo’naydi. Yo’lda Muzaffar Husayn Mirzo o’z qo’shini bilan kelib shahanshoh qo’shiniga qo’shiladi.

Sulton Husayn Boyqaroning katta qo’shin bilan kelayotgan xabarini eshitgan shahzoda Muhammad Husayn Mirzo shahanshoh qo’shiniga bardosh berolmasligini sezib, Astrobodni tashlab yana Terek daryosi tomon qochadi. Shahanshoh Astrobodga kirib, osoyishtalik o’rnatib, 3-4 kun qo’shinga dam beradi. Shu asnoda Muhammad Husayn Mirzo shahanshohga qarshi qilgan xatti-harakatlaridan afsuslanib, uzr so’rab elchilar yuboradi. Shahanshohning farzandi arjumandiga nisbatan otalik mehri jo’sh urib, yana Jurjon mulkini Muhammad Husayn Mirzoga in’om qilib, Hirotga qaytadi.

Sulton Husayn Boyqaroning Astrobod yurishidn zafar bilan qaytish xabari Hirotga yetib kelgach, odatga ko’ra, arkoni davlat, barcha yaqin kishilar shu jumladan, ulug’ amir Alisher Navoiy shahanshoni kutib olish uchun Xo’ja Abbos mavzeiga peshvoz chiqadilar. Amir Alisher Navoiy shahanshoh bilan ko’rishaturib, holsizlanib xushdan ketadi. Uni maxsus mahofaga solib shaharga olib ketadilar. Amir Alisher Navoiyga tabiblarning muolajasi foyda bermay, ikki kun xushsiz yotib, 1501 yil 3 yanvar yakshanba kuni tongda olamdan o’tadi.

1503 yilda Faridun Husayn Mirzo ov qilish bahonasi bilan Hirotdan chiqib, Astrobodga qochib boradi. Astrobod hukmdori Muhammad Husayn Mirzo ukasi Faridun Husayn Mirzoni yuksak iltifotlar bilan kutib oladi. Ammo ko’p o’tmay, Muhammad Husayn Mirzo hasba (qora bezgak) kasaliga chalinib, 1503 yilda 28 yoshida olamdan o’tadi. Uning o’rniga Faridun Husayn Mirzo o’tiradi.

Faridun Husayn Mirzo shahanshohning sakkizinchi o’g’li, 1478 yilda Hirotda tug’ilgan. Onasi Minglibiy Og’acha begim edi.

Faridun Husayn Mirzo haqida Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo shunday yozadi: “Yoyni kuchluk tortib, o’qni yaxshi otar edi. O’zi xiyla mardona edi, vale feruzjang (mohir jangchi) emas edi. Har yerdakim urushdi mag’lub bo’ldi”.

Xondamirning yozishiga qaraganda, Faridun Husayn Mirzo Domg’on qal’asidan qutulib chiqqach, turkmanlar orasiga ketadi. 1509 yilda Muhammad Shayboniyxon Dashti Qipchoqqa qo’shin tortganda, Faridun Husayn Mirzo fursatdan foydalanib, bir oz qo’shin bilan Xuroson hududiga kirib, Kelot qal’asini qo’lga kiritadi. Bu xabarni eshitgan Marv hokimi Qanbarbiy barcha o’zbek (shayboniy) askarlarini yig’ib kelib, Kelot qal’asini muxosara qiladi. Faridun Husayn Mirzoning qo’shini kam bo’lgani tufayli, qal’ani saqlab qolishga ojizlik qiladi va jang asnosida dushman qo’liga tushib, 32 yoshida qatl qilinadi.

Shahanshohning to’qqizinchi o’g’li Haydar Muhammaad Mirzo 1479 yilda Hirotda tug’ilgan. Onasi Poyanda Sulton begim edi.

Shahanshoh bu o’g’liga avval Mashhad viloyatining hokimligini bergan edi. Keyinchalik Balxda hukmronlik qilgan. Shahanshoh Hisorni muxosara qilganda, Sulton Mahmud Mirzoning Xonzoda begim ismli xotinidn tug’ilgan qizi – Bekabegimni Haydar Muhammad Mirzoga nikoh qilgach, Hisor qamalini bo’shatib sulh tuzib qaytgan edi.

Xondamirning yozishicha, Haydar Muhammad Mirzo 1502 yilda o’z ajali bilan 26 yoshida vafot etadi. Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoning yozishiga qaraganda, Haydar Muhammad Mirzodan Shodibegim ismli bir qiz qolgan edi. Xurosonni Shayboniylar zabt etgach, Shodibegim Kobulga – Bobur Mirzo huzuriga keladi. Kobulda Bobur Mirzo maslahati bilan Shodibegim Odil Sultonga turmushga chiqadi.

Shahanshohning o’ninchi o’g’li Muhammad Ma’sum Mirzo 1476 yilda Hirotda tug’ilgan. Onasi Popo Og’acha begim edi. Shahanshoh bu o’g’liga Qandahor viloyatining hokimligini in’om qilgan edi.

Xondamirning yozishicha, 1490 yil 3 fevralda Kobul hukmdori Ulug’bek Mirzo Kobuliyning qizini Muhammad Ma’sum Mirzoga nikoh qilinadi.

Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoning yozishiga qaraganda, Muhammad Ma’sum Mirzo o’z aka-ukalariga qaraganda iqtidorsizroq bo’lgan. Garchi Qandahorning hokimi bo’lsa-da, biroq hukumat ishlari amir Zunnun arg’unning o’g’li Shohbek arg’unning qo’lida bo’lgan. Shahzodada esa hech qanday ixtiyor bo’lmagan. Binobarin, Muhammad Ma’sum Mirzo Qandahorda turaolmay, Xurosonga qaytib keladi. 1501 yil sentabr oyida jigar va ichburug’ kasali bilan 26 yoshid olamdan o’tadi.

Shahanshohning o’n birinchi o’g’li Ibrohim Husayn Mirzo 1478 yilda Hirotda tug’ilgan. Onasi Popo Og’acha begim edi. Shahanshoh bu o’g’liga avval Balx hukmdorligini beradi. Ammo davlat ishlari ulug’ amir Alisher Navoiyning ukasi amir Darvesh Alining qo’lida edi. 1490 yilda amir Darvesh Ali Balxda hokimiyatni butunlay o’z qo’liga olish va shahzoda Ibrohim Husayn Mirzoni chetlashtirish maqsadida qo’zg’olon ko’taradi. Ammo qo’zg’olon Xo’ja G’iyosiddin Muhammad Dehdor tomonidan tinch yo’l bilan bostiriladi. Amir Darvesh Ali Hirotga jo’natiladi. Shahanshoh uning gunohini kechiradi. Shundan so’ng shahanshoh o’z qo’shini bilan Balxga borib, 1491-1492 yil qish mavsumini o’sha yerda o’tkazadi.

Keyinchalik, Qoyin viloyati shahzoda Ibrohim Husayn Mirzoga suyurg’ol qili beriladi. Ammo shahzoda keyingi paytlarda aysh-ishratga berilib, sharobxo’rlikni avjiga chiqaradi. U kecha-kunduz ichishdan tashqari hatto nahorga ichishni ham odat qilaadi. Natijada 1504 yilda o’nglamaydigan bedavo kasalga chalinib, 1505 yil mart oyida 27 yoshida olamdan o’tadi.

Shahanshohning o’n ikkinchi o’g’li Farruh Husayn Mirzo 1480 yilda Hirotda tug’ilgan edi. Onasi Popo Og’acha begim edi. Shahzoda Farruh Husayn Mirzo 1503 yilda 23 yoshida vafot etadi.

Shahanshohning o’n uchinchi o’g’li Ibn Husayn Mirzo edi. U 1488 yilda Hirotda tug’ilgan. Onasi Popo Og’acha begim edi. Ibn Husayn Mirzo barcha shahzodalardan yoshrog’i bo’lsa-da, jasur va shijoatli edi. Jangu jadalda akalaridan qolishmasdi.

1502 yili Losh qal’asining boshlig’i Hojam Hojilar Seyiston hukmdori amir Sulton Ali arg’un bilan nizolashib, Sulton Husayn Boyqaroga arz qilib, “agar shahanshoh shahzodalardan birini Seyistonga yuborsalar, bu viloyat osonlik bilan tasarruflariga kirishi muqarrardir”, – deydi. Binobarin, Sulton Husayn Boyqaro shahzoda Ibn Husayn Mirzoga 2000 askar berib, Nimruz viloyatiga jo’natadi. Ibn Husayn Mirzo Seyiston chegarasiga kirib lashkargoh quradi. Bu xabar amir Zunnun arg’unga yetgach, u o’z o’g’li Shujo’bek bilan barcha arg’un qo’shinini yig’ib, shahzoda Ibn Husayn mirzoga qarshi yuradi va tong saharda shahzodaning lashkargohini o’rab oladi. Bu paytda shahzoda halo noz uyquda bo’lib, qo’shini har yer-har yerda dam olmoqda edi. Shahzodaning yonida faqat uch yuzga yain askar bor edi. Shahzoda o’rovdan chiqish uchun uch yuz askar bilan jangga kiradi. Biroq yalanib, o’rovdan arang chiqib, jang maydonini tashlab, Hirotga qochadi.

1504 yilda Ibrohim Husayn Mirzo vafot etgach, uning tasarrufida bo’lgan Qoin viloyatini Ibn Husayn Mirzoga suyurg’ol qilib berilgandi.

Shahanshohning o’n to’rtinchi o’g’li Muhammad Qosim Mirzo, 1488 yilda Hirotda tug’ilgan. Onasi Popo Og’acha begim edi. Muhammad Qosim Mirzo shahanshohning eng kichik o’g’li edi.

Bu vaqtga kelib o’zbeklar hukmdori Muhammad Shayboniyxonning tole’ yulduzi sho’la socha boshladi. U 1501 yilda Samarqand hukmdori Sulton Ali Mirzoni qatl qildirib, Movarouhnnahrni o’z tasarrufiga kiritgandi. Endilikda Muhammad Shayboniyxondek xavfli va zabardast ko’lankasi Xuroson uzra soya solmog’i muqarrar edi.

Ammo Xurosonda ahvol o’zgacha kechmoqda edi. Zotan mamlakat ustig og’ir damlar yaqinlashib Xurosonning avvalgi shon-shuhrati so’nayotgan edi. Keyingi paytlarda Sulton Husayn Boyqaroning salomatligi kundan-kun yomonlashib, kuch-quvvatdan qolayotgan edi. Shuningdek, mamlakatning ichki ahvoli ham aytarli yaxshi emas, shahanshoh bilan shahzodalar orasida vujudga kelayotgan qonli nizolar, adovat va xusumatlar saltanat poydevoriga rahna sola boshlagandi.

Binobarin, Sulton Husayn Boyqaro yaqinlashib kelayotgan ofatning oldini olish maqsadida, o’g’li Badiuz-Zamon Mirzoga o’zbeklarga qarshi jang qilish majburiyatini yuklaydi. 1502 yili Badiuz-Zamon Mirzo amir Zunnun arg’unga maktub yo’llab, Zamindovar va Seyiston qo’shini bilan yetib kelishini so’raydi. Amir Zunnun arg’un Zamindovar va Seyistondan qo’shin to’plab, shahzoda o’rdugohiga kelib qo’shiladi. Badiuz-Zamon Mirzo 12 ming qo’shin bilan Amudaryo sohiliga kelib o’rnashadi. Shundan so’ng, avvalgi bitimga muvofiq Badiuz-Zamon Mirzo Hisori Shodmon hukmdori Xusravshohni tezlikda o’z qo’shini bilan kelib qo’shilishini ta’kidlab, amir Sulton Husayn, amir Zunnun va amir Abdullo Qo’raquloqni elchi qilib jo’natadi. Ammo amir Xusravshoh o’z so’zidan qaytib qo’shin yubormaydi. Shundan so’ng Badiuz-Zamon Mirzo yurishni davom etdirishga botinmay, Balxga qaytib keladi. Shu voqeadan so’ng Badiuz-Zamon Mirzoning arkoni davlati orasida fitna va ixtiloflar vujudga kela boshlaydi.

1503 yilning o’rtalarida Muhammad Shayboniyxon Balxga lashkar tortdi. Badiuz-Zamon Mirzo yakka o’zi Muhammad Shayboniyxonga qarshi kuraolmasligini anglab, o’g’li shahzoda Muhammad Zamon Mirzo o’z o’rniga qo’yib, amir Sulton Qulixonni uning mulozamatiga tayinlab, o’zi shahnshoh Sulton Husayn Boyqaro huzuriga ko’mak istab ketadi. Xondamirning so’ziga qaraganda, Badiuz-Zamon Mirzo Muhammad Shayboniyxonning hozir Balx shahrini qamal qilib turgani, ertaga butun Xuroson muzofotiga xavf solajagini ta’kidlab, otasi Sulton Husayn Boyqaro huzuriga bir necha bor maktub yo’llasa-da, biroq shahanshoh o’g’lining so’zlariga quloq solmaydi. Zero, Sulton Husayn Boyqaro o’g’li Badiuz-Zamon Mirzodan ko’p marta dili og’rigani tufayli uning so’ziga e’tibor bermay, o’zini tag’ofilga solib, ko’mak berishni xayoliga keltirmaydi. Lekin Murg’ob daryosining qirg’oqlarida mustahkam mudofaa inshootlarini qurish uchun amir Abdullatif bilan amir Abulqosim Baxshini mutasaddi qilib jo’natadi. Badiuz-Zamon Mirzo esa Chechaktu qo’rg’onini mustahkamlash uchun ketadi. Shuningdek, Badiuz-Zamon Mirzo Muhammad Shayboniyxonga qarshi kurashda hamjihatlik istab, Hisor hukmdori Xusravshohga maktub yuboradi. Xusravshoh o’z ukasi amir Valibekni qo’shin bilan shahzoda huzuriga jo’natadi. Amir Valibek hali Badiuz-Zamon bilan uchrashmasidanoq, amir Umarbek turkmanga yo’liqadi. Amir Umarbek turkman Shibirg’on viloyatini Badiuz-Zamon Mirzodan ajratib olish vasvasasiga tushgan edi. Binobarin, amir Umarbek turkman amir Valibekning huzuriga yarim tunda kelib, go’yo Badiuz-Zamon Mirzo amir Valini ushlab yo’q qilish taraddudida ekanligini aytadi. Amir Valibek bu xabarni eshitgach, shahzoda huzuriga borishdan cho’chib, o’z qo’shini bilan Qunduzga qaytib ketadi. Amir Umarbek turkman o’z qo’shini bilan Shibirg’onga jo’naydi.

Badiuz-Zamon Mirzo amir Umarbekning xiyonatidan voqif bo’lgach, uni ixtilof yo’lidan qaytarish uchun bir nechta marta kishilar yuborib, pandu nasihatlar qiladi, ammo foyda bermaydi. Amir Umarbek turkman o’z yo’lidan qaytmaydi. Shundan so’ng, Badiuz-Zamon Mirzo Zamindovar hukmdori amir Zunnun arg’unga elchi yuborib, tezlik bilan Shibirg’onga amir Umarbek turkmanga qarshi yurishni buyurib, o’zi Chechaktuga jo’naydi. Zero amir Umarbek turkman ixtilofi tufayli Chechaktu qo’shinida ham tartibsizliklar kuchaygan edikim, agar Muhammad Shayboniyxon qo’shini bostirib kelgunday bo’lsa, hech bir qarshiliksiz suvdan kechib o’tishi muqarrar edi.

Amir Umarbek turkmanning Shibirg’onga ketib qolishi hamda Badiuz-Zamon Mirzoning Chechaktuga qaytib kelish voqeasi hammaga ma’lum bo’ladi. Jumladan, Sulton Husayn Boyqaro ham bu xabarni eshitgach, amir Umarbekni ixtilofdan qaytarmoq hamda o’jar o’g’li Badiuz-Zamon Mirzoni o’z royishiga kiritmoq maqsadida, Murg’ob daryosi tomon qo’shin tortadi. Ammo shahanshoh yo’l asnosida o’zini noxush seza boshlaydi. Qo’shin Tarnob manziliga yetganda, shahanshohning ahvoli og’irlashib, dam-badam xushidan keta boshlaydi. Arkoni davlat mashvarat qilib, yurishni to’xtatib, poytaxtga qaytishga qaror qiladilar.

Bu paytda Badiuz-Zamon Mirzo Ola-Tamur tog’ining etagida turardi. Otasi shahanshohning to’satdan betoblanganini eshitgach, farzandlik mehri toblanib oliy o’rdugohga borib, shahanshohni ziyorat qilmoq fikri tushadi. Binobarin, shahanshoh bilan muloqotda bo’lib, uning xusni tavajjuhidan bahramand bo’lmoqqa izn so’rash uchun amir Sulton Boyazid barlosga quyidagi so’zlarni ta’kidlab, oliy o’rdugohga elchi qilib jo’natadi.

Agar shahanshoh hazratlari bu maslak sargardonining gunohlarini avf va marhamat suvi bilan yuvib, binoan alayhi qaytadan qasd va tajovuz qilmaslik haqida Hirot dorus-saltanasindagi shahzodalar hamda sayyidlar huzurinda ahdu paymon qilsalar, toki bu gunohkor banda itoat halqasin quloqqa taqib, tobe’lik ridosin bo’ysiga solib, ul zoti bobarakotning shafqat va marhamatlari soyasinda abadiy orom olish baxtiga musharraf bo’lsa.

Amir Sulton Boyazid barlos Sulton Husyn Boyqaro o’rdugohiga borib, shahzodaning payg’omini ma’lum qiladi. Shahanshoh bu mujdadan xushnud va masrur akobirlarni chaqirtirish taraddudiga tushadi. Ammo Hadicha begim boshliq bir guruh a’yonlar maslahatlashib, “alhol shahanshohning vujudi kasaldin batamom forig’ bo’lgani yo’q. Inchunin o’rdugohda Muzaffar Husayn Mirzo ham yo’qdir. Shunday nochor vaziyatda Badiuz-Zamon Mirzo bu yerga kelsa, nogahon xiyonat eshigi ochilib, saltanatni o’z tasarrufiga kiritmoqg’i ehtimoldan holi emasdur. Zero qo’shin orasida shahzoda tarafdorlari ko’pdir. Binobarin, Badiuz-Zamon Mirzoni bu yerga keltirmaslik lozim”, degan qarorga keladilar va shahanshohni ham ko’ndiradilar. Natijada Badiuz-Zamon Mirzoning iltimosi shahanshoh tomonidan keyinga suriladi.

Nihoyat 1504 yili sentabr oyida Karruh yonidagi G’ori Abbos mavzeida Sulton Husayn Boyqaro bilan shahzoda Badiuz-Zamon Mirzo o’rtasida yarash marosimi bo’lib, ota-bola bir-birlari bilan yig’lashib ko’rishadilar. Bu marosimda Badiuz-Zamon Mirzo tomonidan amir Zunnun arg’un va amir Xusravshoh ham qatnashadilar. Shahanshoh bu ikki amirni ham gunohlarini kechib, yuksak iltifotlar ko’rsatadi. Shahzoda va amirlar bir necha kun shahanshoh huzurida mehmon bo’ladilar.

1505 yil fevral oyida shahanshoh Badiuz-Zamon Mirzo bilan Muzaffar Husayn Mirzoni Murg’ob daryosi sohilidagi harbiy istehkomni mustahkamlash va qo’shin bilan ta’minlash uchun jo’natadi. Toki Muhammad Shayboniyxon qo’shini daryodan kechib o’tishga muvaffaqq bo’lmasin. Badiuz-Zamon Mirzo Murg’obga jo’nab ketgach, Amir Xusravshoh o’z qo’shini bilan Qunduzga qarab ketadi. Ammo Qunduz shahri Muhammad Shayboniyxon qo’shini tomonidan musaxxar qilingan edi. Binobarin, Qunduz shahrining dorug’asi o’z qo’shini bilan Xusravshohga qarshi hujum qiladi. Har ikki qo’shin o’rtasida qattiq jangu jadal bo’lib, amir Xusravshohning qo’shini mag’lubiyatga uchrab, jang maydonini tashlab qochadi. Amir Xusravshoh esa jang maydonida asirga olinadi. Amir Xusravshohni eshakka mindirib Qunduz shahariga olib kirib, shaharni aylantiradilar. Chunki amir Xusravshoh Qunduzning sobiq hukmdori edi. Binobarin unis hu yerda qatl qiladilar. Amir Husravshoh o’tkinchi dunyoning hoyu-havasiga uchib saltanat va mulkgirlik dag’da’gasi bilan o’z valine’mati, Samarqand hukmdori marhum Sulton Mahmud Mirzoning katta o’g’li Sulton Ma’sud Mirzoning ko’ziga mil tortdirib, ko’r qilgan va kichik o’g’li Sulton Boysung’ur Mirzoni bo’g’ib o’ldirib, Hisor, Xuttlon, Baqlon va Qunduz viloyatlariga hukmron bo’lgan edi. Zero alqasosul minalhaq deganlaridek, falakning gardishi bilan andak fursat o’tmasdanoq intiqom xanjari o’z bo’g’zigaa taqaladi. Bu haqda “Habib us-siyar”ning muallifi G’iyosiddin bin Humomiddin Xondamir quyidagi ibratli nazmni tarannum qilibdur:

Chu az lavhi dil shust naqshi vafo,
Ba sad mehnat va dard shud mubtalo.
Vafo kun ba kas valine’mat ast,
Ki dar bevafoyi base zahmat ast.

Mazmuni:

Chunonchi, dil taxtasidan vafo naqshini o’chirsa,
Yuz dardu mashaqqatga bo’lur mubtalo.
Kimki valine’mating bo’lsa vafo qil,
Shuningdek, bevafolikda ko’pdir zahmat, bil!

1505 yilning yoz va kuz oylarida Muhammad Shayboniyxon qo’shini Maymana va Faryob viloyatlarini bosib, talon-taroj qila boshlaydilar. Sulton Husayn Boyqaro bu xabarni eshitgach, saltanat taqdiridan tashvishlanib, dushmanga qarshi kurash taraddudiga tushadi. Shuningdek, Badiuz-Zamon Mirzoning Muhammad Shayboniyxonga qarshi barcha kuch-qudratni birlashtirish borasida qilgan barcha kuch-qudratni birlashtirish borasida qilgan taklifiga o’z vaqtida quloq solmaganiga afsus va nadomatlar qiladi. Darhol arkoni davlatni yig’ib kengash o’tkazadi. Kengashda Badiuz-Zamon Mirzoni zudlik bilan Hirotga taklif qilishga qaror qilinadi. Binobarin, shahzodaning huzuriga saroyning eng obro’li a’yonlaridan Xo’ja Shamsuddin Muhammad Munshini elchi qilib jo’natadilar. Xo’ja Shamsuddin Muhammad Munshi shahzodaa huzurida shahanshohning shavqat va marhamati beqiyos hamda saxovat va muruvvati benazir ekanligini maftunkor iboralar bilan bayon qilib, shahzodani otasi shahanshoh bilan uchrashishga ko’ndiradi.

1506 yil yanvarida Badiuz-Zamaon Mirzo amir Zunnun arg’unga Zamindovarga borib, qo’shin to’plab, avvali bahorda Murg’ob daryosi sohiliga yetib kelishni buyuradi va o’zi Hirotga – oliy dargohga yo’l oladi.

Badiuz-Zamon Mirzo Hirotga kelib, shahanshoh huzurida 20 kun turadi. Shu asnoda Muhammad Shayboniyxon qo’shinining Balx, Andxo’y, Shibirg’on, Maymana va Faryob viloyatlarini bosib olgan xabari keladi. Shahahshoh darhol Badiuz-Zamon Mirzoni Murg’ob daryosi sohiliga ilg’or qilib jo’natadi va o’zi keyindan borishga qaror qiladi. Shuningdek, shahanshoh barcha viloyatlardagi o’g’illari hamda beklarga tezlikda oliy o’rdugohga qo’shin bilan yetib kelishlari haqida frmon beradi. Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoning yozishicha, Sulton Husayn Boyqaro Muhammad Shayboniyxonga qarshi birgalikda kurashmoq uchun Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo huzuriga Sayyid Afzalni elchi qilib yuboradi.

Sulton Husayn Boyqaro xastaligiga qaramay, Xuroson qo’shinini yig’ib, Muhammad Shayboniyxonga qarshi Movarounnahr hudududiga qarab yo’l oladi. Biroq tez sur’at bilan jangga otlanish hamda yo’l mashaqqatlari qarib qolgan shahanshohning busiz ham nochor bo’lgan salomatligiga salbiy ta’sir ko’rsatib, kasallik alomatlari botindan zohirga ruju qiladi. Shahanshoh Bobo Ilohiy mavzeiga yetganda, uning ahvoli og’irlashib, qo’shinni to’xtatishga qaror qilinadi.

Bu vaqtda Badiuz-Zamon Mirzo Saripul mavzeida shahanshohni kutib turardi. Arkoni davlat kengashib, shahanshohning og’ir xastaligidan ayrim shahzodalar va qo’shin boshliqlari foydalanib, fitna-fujur yo’liga o’tishlari ehtimoldan xol emasligini nazarda tutib, Badiuz-Zamon Mirzo huzuriga chopar yuboradilar. Bu xabar Badiuz-Zamon Mirzoga yetib kelgach, u o’zining yaqinlaridan 300 kishi bilan yo’lga chiqib, oliy o’rdugohga kelib bir farsah berida to’xtaydi. Ertasi shahanshohning huzuriga kirib, uni nihoyatda behol va og’ir ahvolda ko’radi. Shahzoda otasining ahvolidan g’oyat darajada mahzun bo’lib o’rdugohda ko’p to’xtamay, o’z manziliga qaytib ketadi.

Badiuz-Zamon Mirzo ketgach, arkoni davlat yana kengashib, alhol shahanshohning sihat topishidan umid yo’q, binobarin mamlakat va el-ulusning osoyishtaligi borasida, shuningdek shahanshohdan so’ng, shahzodalar itoatdan bosh tortib, taxt talashmasliklari uchun saltanat taxtiga Badiuz-Zamon Mirzo bilan Muzaffar Husayn Mirzoni nomzod etib tayinlasa degan qarorga keladilar.

1506 yil 2 may juma kuni amir Muhamamd Burunduq barlos, amir Muhammad Valibek, amir Nosiriddin Umarbek va amir Nizomiddin Abdullatiflar shahzoda Muzaffar Husayn Mirzo, Muhammad Qosim Mirzo, Sayid Abdullo Mirzo va Abdulboqi Mirzolar boshchiligida oliy o’rdugohdan chiqib, Badiuz-Zamon Mirzo huzuriga keladilar.

Badiuz-Zamon Mirzo tarafidan amir Jahongir barlosning o’g’li amir Sulton Boyazid, amir Shayx Ali Tag’oyini hamda shahzoda Muzaffar Husayn Mirzo tarafidan Mirzo Alibek, amir Muhammad Ja’far va amir Muhammad Burunduqni bitim anjumaniga taklif qiladilar.

Badiuz-Zamon Mirzo bilan Muzaffar Husayn Mirzo qo’llarini qur’oni karimga qo’yib, mavrusiy saltanatni bir-birlari bilan ahillik va hamjihatlikda boshqarish hamda zimdan adovat va ta’addiy qilmaslikka ahdu paymon qiladilar.

Sulton Husayn Boyqaroning dardi kundan-kun kuchayib borar, tabiblarning muolijasi foyda bermas edi. Nihoyat 1506 yil 5 may dushanba kuni kechqurun saltanat sohibi Abulg’oziy Sulton Husayn Boyqaro saktayi qalb (apopleksiya) kasali bilan 69 yoshida olamdan o’tadi. Shahanshohning bemavrid vafoti arkoni davlat va qo’shin uchun mushkul vaziyatni vujudga keltirgan edi. Zero tashqaridan Muhammad Shayboniyxondek zabardast yog’iyning bostirib kelish xavfi kun sayin yaqinlashmoqda edi. Shuningdek, shahanshoh vafot qilganda uning 14 nafar o’g’illaridan yettitasi olamdan o’tgan bo’lib, yettitasi barhayot edilar. Mazkur shahzodalar eng katta akalari Badiuz-Zamon Mirzoni taxt sohibi deb tan olsalarda, biroq Hadicha begimning erkatoy o’g’li Muzaffar Husayn Mirzoni taxtga munosib deb bilmasdilar. Hatto Marv viloyatining hukmdori shahzoda Abulmuhsin Mirzo Muzaffar Husayn Mirzoga nisbatan yoshi ulug’ bo’lgani tufayli, uning huzuriga kelishga bo’yni yor bermasdi. Bunday vaziyatda shahzodalar orasida o’zaro nizolar chiqmasligiga hech kim kafillik berolmasdi.

Binobarin, zudlik bilan shahanshohni dafn etib, saltanat ishlarini yo’lga qo’ymoq, qo’shin salohiyatini mustahkamlab, umumiy dushmanga qarshi kurashmoq choralarini izlamoq lozim edi.

Xondamirning yozishiga qaraganda, Sulton Husayn Boyqaroning jasadini Hirotga keltirib, o’zi qurdirgan madrasaga dafn qilinadi hamda ta’ziyaning yettinchi kuni yurtga osh tortiladi.

Ma’lumki, 1967 yilda Kobul shahrida qo’lyozma asarlar yodgorliklarni o’rganishga doir xalqaro anjuman bo’lib o’tgan edi. Mazkur anjumanda O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomli sharqshunoslik institutining olimlaridan Ubaydulla Karimov va Quvomiddin Munirovlar ham qatnashgan edilar. Anjumanda tinglangan ma’ruzalardan birida Sulton Husayn Boyqaroning o’limi va dafn qilinishiga oid g’ayri tabiiy va munozarali fikrlar aytilgan.

Hikoya qilishlaricha, Sulton Husayn Boyqaro Muhammad Shayboniyxonga qarshi urushga ketayotib, yo’lda – Bobo Ilohiyda vafot etadi. Garchi urush boshlamagan bo’lsa-da, biroq jangu jadalga jazm qilib, yo’lga chiqqan dushmanning tasodifan yo’lda vafot etishi istiqbolda Muhammad Shayboniyxon g’alabasidan bashorat edi. Binobarin, arkoni davlat va shahzodalar shahanshohning o’limi haqidagi xabar atrofga tarqalib, Muhammad Shayboniyxonga yetib borgunga qadar, shoshilinch ravishda shahanshohni dafn etib, qo’shin salohiyatini tuzatib, jang tadorigini ko’rishga jazm qiladilar. Ammo qandaydir sabablarga ko’ra, shahanshohning jasadini madrasa ichidan oddiy qabr qazdirib omonat dafn qiladilar. (Balki shahanshoh uchun jihozlanishi lozim bo’lgan qabr yoki maqbara bitmagandir.) Shunda so’ng bir necha muddat o’tgach, shahanshoh jasadini haqiqiy qabrga olib qo’yish maqsadida avvalgi qabrini ochadilar. Hayhot! Qaysi ko’z bilan ko’rsinlarki, lahad ichida shahanshoh to’ntarilib yotar, ustidan kafanlari tushib ketgan, lahadning devorlari qo’l bilan timdalangan holda edi. Gap shundaki, Sulton Husayn Boyqaro sakta kasali bilan vafot etgan. Bemorning tomirlari bir necha muddat behol urushi natijasida hayot uchquni sezilmay qolgan. Tabiiyki, kasallikning bunday pinhoniy sirlaridan voqif bo’lolmagan tabiblar va shahanshohning yaqinlari uni olamdan o’ti deb hisoblab, dafn etganlar. Biroq sovuq lahadda bir muncha muddat yotgach, bemorning tomirlari yana o’z me’yorlarida harakatga kelgan bo’lishi mumkin. Binobarin, bemor qorong’u lahad ichra o’ziga kelib, lahaddan chiqishga harakat qilgan. Ammo barcha harakat zoye ketgan.

Sulton Husayn Boyqaroning qabri ustiga o’rnatilgan qora marmar toshni “Sangi haft qalam” deb ataladi. Mazkur mo’jizaviy naqshinkor, nafis qora toshni XV asrda Kamoliddin Behzod tarhi asosida uning Hirotdagi shogirdlaridan biri ishlagan. “Sangi haft qalam” deyilishining sababi shundaki, bu toshga yeti qator shaklni yetti xil uslubni o’yib bitilgan. Shuningdek, yetti qatordagi yeti xil shakl yetti xil shak yetti xil bo’lib, mutlaqo bir-biriga o’xshamaydi.

Afg’onistonlik olimlarning so’ziga qaraganda, – deb hikoya qiladi sharqshunoslik olim Orif Usmonov, – mazkur qabrtoshning yasalish tarixiriga oid rivoyat ham bor ekan. Kunlardan bir kun Sulton Husayn Boyqaro o’z zamonasining mashhur va mohir san’atkorlaridan birini huzuriga chorlab, o’zi uchun qabr toshi yasab berishni buyuribdi. Sangtarosh usta yetti yil muttasil mehnat qilib, mazkur “Sangi haft qalam” ni tayyorlashga muvaffaq bo’libdi. Ammo hali qabr toshi tugal bitmay turib, shahanshohning sevikli o’g’li Shohg’arib Mirzo vafot qiladi. Shahanshoh sangtarosh ustani chorlab, o’zi uchun ishlanayotgan qabr toshiga o’g’lining nomini yozishga, o’ziga esa boshqasini yasab berishni buyuradi. Sangtarosh usta shahanshohga qarab zamzama ohangida, – Shohim men qarib qolgan kishiman, bitta toshga yetti yil umr sarf bo’ldi. Yana ikkinchi tosh uchun umrim kifoya qilarmikan? – deydi. Shunda shahanshoh ustaning nozik zamzamasining ma’nosiga tushunib, hazil-mutoyiba aralash amrona tarzda “Men ham hali beri yorug’ dunyodan ko’z yumishni istayotganim yo’q. Boring, zudlik bilan ishga kirishing”, – degan ekan.

“Sangi haft qalam” haqidagi rivoyatlarni isbotlovchi ayrim yozma ma’lumotlar ham mavjuddir. Chunonchi, Afg’onistonlik olimlardan Rizo Moyil Hiraviy mashhur Abdullo Ansoriyning tug’ilganiga 1000 yil to’lishi munosabati bilan qo’lyozma asarlar asosida yozgan. “Piri Hirot” nomli asarida “Sangi haft qalam” haqida quyidagilarni yozadi: “Sangi haft qalam” jahondagi hattotlik san’atining bebaho durdonalaridan bo’lib, Sulton Husayn Boyqaro tarafidan shaxsan o’z qabriga atab buyurtirgan qabrtosh edi. Ammo taqdir taqozosi bilan 1494 (902) yil o’g’li Shoh g’arib Mirzo vafot etadi. Mazkur qabrtosh esa shahzodaning qabriga qo’yiladi”.

Sulton Husayn Boyqaroning qabriga esa yuqorida zikr qilingandek, o’sha mohir sangtarosh usta tomonidan ikkinchi “Sangi haft qalam” yasaladi. Mazkur toshlarning biriga dafn etilgan shahzoda Shohg’arib Mirzoning qabri ustiga, ikkinchi qabrtosh esa Sulton Husayn Boyqaro qabri ustiga qo’yilgan.

Tarixchi Xondamirning yozishicha, Sulton Husayn Boyqaroning jasadini o’zi qurdirgan madrasa gumbazi ostiga dafn qilingan. Mazkur madrasa Musallo yoniga qurilgan bo’lib, o’zining salobatli va muhtashamligi bilan kishini lol qoldirgan. Biroq XIX asrda Afg’oniston amiri Abdurahmon zamonida ingliz mushovirlari “Ruslar Hirotni zabt etmoqchi”, binobarin mazkur baland va ulkan minoralar ularning zambaraklariga nishon bo’lishi muqarrar” deb minoralarni buzib tashlashni maslahat beradilar. Shundan so’ng mahalliy hukmdorlar mazkur madrasa minoralarining ostiga dinamit qo’yib portlatadilar, natijada bir necha osori atiqa yodgorliklari kultepaga aylanadi. Jumladan, Sulton Husayn Boyqaro qurdirgan madrasa ham vayronaga aylangan. Hozirgi kunda Afg’onistonga borib, Hirot osori atiqalarini ziyorat qilib qaytgan kishilarning so’ziga qaraganda, Sulton Husayn Boyqaro qabri vayronalar orasida, ochiq maydonda qolib, bir oz yerga cho’kkan, ustiga o’rnatilgan marmar tosh – “Sangi haft qalam” esa bir tomonga og’ib, qiyshayib qolgan. Sulton Husayn Boyqaro vafotidan so’ng, avvalgi bitimga muvofiq mavrusiy taxtga Badiuz-Zamon Mirzo bilan Muzaffar Husayn Mirzo o’tiradilaar. Bu haqida Zahiriddin Muhammad Mirzo shunday yozadi: “Badiuz-Zamon Mirzo jonibidin shahr dorug’asi Shayx Ali Tag’oyi, Muzaffar Mirzo tarafidin Yusuf Ali ko’kaldosh. Bu g’arib amre edi, hargiz podsholiqta shirkat eshitilgan emas. Shayx Sa’diy so’zining mazmunining xilofi voqi’ bo’ldi: Nechukkim, “Guliston” da kelturubdur:

Dah darvesh dar gileme bihusband va du
Podshoh dar iqlime nagunjand”.

Mazmuni:

(O’n darvesh bir gilamga sig’ib yotadilaru,
ikki podshoh bir iqlimga sig’maydilar.)

1506 yilda Muhammad Shayboniyxon Sulton Husayn Boyqaroning vafot qilgan xabarini eshitgach, Xurosonni zabt etish taraddudiga tushadi. U Mavlono Xitoyi nomli kishini Hirotga elchi qilib jo’natadi. Elchi Badiuz-Zamon Mirzo va Muzaffar Husayn Mirzo huzuriga doxil bo’lib, Muhammad Shayboniyxon payg’omini yetkazadi. Payg’omda jumladan shunday deyilgandi: “Sizlarning ota-bobolaringiz avvalgi vaqtlarda bizning shonli hukmdor xo nota-bobolarimi qo’l ostida bo’lganlar. Alhol sizlar ham o’z bobolaringiz sunnaatiga iqtido qilib, ixtilofsiz taslim bo’lmog’ingiz lozim. Toki qal’ayu shaharlar vayron, fuqarolar qirg’inga duchor bo’lmag’aylar”.

Badiuz Zamon Mirzo barcha arkoni davlatini yig’ib kengash o’tkazadi. Kengash asnosida Balx hokimidan chopar kelib, Muhammad Shayboniyxon Balx shaharini qamal qilgani haqida xabar keltiradi. Kengashda Shayboniyxonga qarshi kurashmoqqa qaror beriladi. Darhol qo’shinni yig’ib, Balxga qarab yuradilar. Qo’shin Childuxtaron mavzeiga yetganda Marvdan shahzoda Abulmuhsin Mirzo o’z qo’shini bilan kelib qo’shiladi. Qoin viloyatidan Ibn Husayn Mirzo va Seyistondan amir Sulton Ali arg’unlar ham yetib kelib qo’shinga qo’shiladilar.

Shu asnoda Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoning Sulton Husayn Boyqaro ruhiga fotiha o’qish munosabati bilan Hirotga kelayotgan xabari lashkargohga yetib keladi. Shahzodalar va arkoni davlat ulug’ mehmonni munosib kutib oladilar. Bobur Mirzo shahzodalar hamda Xuroson a’yonlari bilan uchrashib so’zlashgach, shahzodalar o’rtasida ham, arkoni davlat orasida ham hamjihatlik yo’qligi, aksincha bir-biriga husumat va zimdan dushmanlik mavjudligiga ishonch hosil qiladi va afsus-nadomatlar bilan Kobulga qaytib ketadi. Darhaqiqat, Mashhadda hukmronlik qilayotgan shahzoda Muhammad Muhsin Mirzo o’z birodarlarining Muhammad Shayboniyxonga qarshi yurishlarida qatnashmaydi. Holbuki, Xuroson qo’shini ko’makka muhtoj edi. Baxtsizlik faqat shundan iborat emas edi. Zotan, Badiuz-Zamon Mirzo boshliq barcha arkoni davlat shahzoda Muhammad Muhsin Mirzodan xavfda edilar. Chunonchi, Xuroson qo’shini Shayboniyxon daf’i uchun Hirotdan chiqqach, darhol Muhammad Muhsin Mirzo Hirotga bosib kirishi hamda taxtni egallashi muqarrar edi. Binobarin, Badiuz-Zamon Mirzo Hirotga Amir Zunnun arg’un bilan amir Nizomiddin Shayx Ali Tag’oyini qo’yib, o’zi Bodxez yaylog’ida lashkargoh qurib qishlaydi. Shu payt, ya’ni 1507 yil may oyida Badiuz-Zamon Mirzoning qizi Chuchuk begim Hirotda olamdan o’tadi.

1507 yil may oyining o’rtasida Muhammad Shayboniyxon Amudaryoni kechib o’tib, Andxo’yga yaqinlashgani haqida ma’lumot olinadi. Muhammad Shayboniyxon Andxo’ydan chiqib, 19 may payshanba kuni tong paytida Bodxezga yetib keladi. Uning qo’shiniga o’g’li Temur-Sulton va Ubaydulo Sulton va ibn Mahmudxon sarkardalik qilardi. Badiuz-Zamon va Muzaffar Husayn Mirzo ham qo’shinni jangga orasta qilib, dushmanga qarshi yuradilar. Har ikki qo’shin jangga kirib, beadad qurbonlar beriladi. Ammo jang nihoyasida Xuroson qo’shini mag’lubiyatga uchrab, jang maydonini tashlab, duch kelgan tomonga qocha boshlaydilar. Amir Zunnun arg’un jangda ajal sharbatini ichadi. Amir shayx Ali Tag’oyi esa barcha askarlari bilan o’zbeklar qo’liga tushadi.

Xuroson qo’shini mag’lubiyatga uchragach, shahzodalar va umarolarning har qaysisi o’zi xohlagan tomonga qarab qocha boshlaydilar. Jumladan, Sayid Abdullo Mirzo bir necha umarolar bilan Muhammad Muhsin Mirzo huzuriga – Mashhadga qochib boradi. Abdulboqi Mirzo va Muhammad Burunduq barlos bir necha harbiy guruhlar bilan shahzoda Ibn Husayn Mirzo huzuriga – Sabzavorga qochadilar. Badiuz-Zamon Mirzo Hirot tomon borib, shahar tashqarisidagi Bog’i navda tunab, bir oz dam olgach, saharda Qandahorga ketadi. Muzaffar Husayn Mirzo esa Hirot tashqarisida tunni o’tkazishdan xavfsirab, shahar ichidagi bog’ga kirib, shayxulislom mavlono Sayfiddin Ahmad Taftazoniyni, amir G’iyosiddin Muhammad bin amir Jaloliddin Yusuf ar-Roziyni va Qozi Ixtiyoriddinlarni huzuriga chorlab, Hirotni saqlab qolishni iltijo qiladi. Ular shaharni saqlab qolish faqat qo’shinga bog’liqdir, deb javob beradilar. Qani qo’shin? Men bilan birga faqa uchta navkar keldi, xolos – deydi Muzaffar va Husayn Mirzo va afsus-nadomatlar bilan onasi va harami bilan vidolashib, tong otgach, barcha mulozimlari bilan Hirotning Feruzobod darvozasidan chiqib, Turshiz orqali yurib, Astrobod viloyatiga ketadi.

1507 yil 23 mayda Muhammad Shayboniyxon qo’shini Hirot shahriga kirib, talon-taroj qiladi. Sulton Husayn Boyqaroning, Badiuz-Zamon Mirzoning, Muzaffar Husayn Mirzoning haramlari va mol-mulklarini, shuningdek boshqa a’yonlarining xotin-qizlari, bola-chaqalarini hibsga olib, g’olib xon – Muhammad Shayboniyxon huzuriga olib boradilar. Muzaffar Husayn Mirzoning Xonzoda begim nomli xotini xonga manzur bo’lib, o’z nikohiga kiritadi. Xondamirning ta’kidlashicha, Muzaffar Husayn Mirzo mazkur Xonzoda begimni bundan ikki yil muqaddam taloq qilgan ekan. Muzaffar Husayn Mirzoning Xonzoda begimdan tug’ilgan Mehrangiz nomli qizini esa Ubaydullo Sulton o’z nikohiga kiritadi. Boshqa malikalarni qo’shin sardorlari, amir va beklarga in’om qilinadi. 27 may jum’a kuni Hirotning jome’ masjidida g’olib xon – Muhammad Shayboniyxon nomi xutbaga qo’shib o’qiladi.

Shundan so’ng Ixtiyoriddin qal’asini taslim qildirish uchun harakat boshlanadi. Badiuz-Zamon Mirzo shayboniylarga qarshi jangga ketayotgan paytda o’z xaramidagi sevikli xonlaridan Ulug’bek Mirzo Kobuliyning qizi Kobuliy begimni hamda “Andalib” (Bulbul) nomli shuhratlangan Ruqiya Og’o begimni mazkur qal’aga qo’yib ketgan edi. Shuningdek, shahanshohning sevikli bevasi Hadicha begim hamda amir Oshiq Muhammad arg’un va Shayx Abdullo bakovullar ham Ixtiyoriddin qal’asiga berkingan edilar.

Muhammad Shayboniyxon qal’aga elchilar yuborib, taslim bo’lishni taklif qiladi. Qal’adagilar qabul qilmagach, yer ostidan lahm (yo’l) qazishga buyruq beradi. Shundan so’ng qal’a boshlig’i omonlik so’rab, taslim bo’ladi. Qal’a ichidagi barcha mol-mulklar musodara qilinib, Kobuliy begimni Qambar Mirzo Ko’kaldosh o’z nikohiga kiritadi. Andalibni esa Temur Sulton o’z haaramiga jo’natadi.

Muhammad Shayboniyxon Xurosonga kirgach, shahzoda Abul Muhsin Mirzo o’z xazina va dafinasini Saraxs qal’asiga berkitib, 1507 yil iyun oyida ukasi Muhammad Muhsin huzuriga – Mashhadga boradi. Aka-uka shahzodalar shayboniylarga qarshi kurashmoq rejasini tuzadilar. Bu paytda Temur SUlton va Ubaydullo Sultonning qo’shini Jom viloyatida turardi. Shahzodalarning harakatidan voqif bo’lgan shayboniy sultonlar Mashhadga qo’shin tortadilar. Ayni vaqtda aka-uka shahzodalar ham dushmanni Mashhad tashqarisida kutib olishga qaror bergan edilar.

Shahzodalar o’z arkoni davlatlari bilan tunni maishat bilan o’tkazib, sahar paytida endigina rohat uyqusiga ketganlarida, chopar kelib dushman bostirib kelayotgani haqida xabar beradi. Shahzodalar va harbiy boshliqlar mastona uyqudan uyg’onib, garangsigan holda qo’shinni dushmanga qarshi qo’yadilar. Jang maydonida aka-uka shahzodalar qattiq jonbozlik ko’rsatadilar. Biroq o’zbek qo’shini har jihatdan ustunlik qiladi. Natijada shahzodalarni o’rab olib, qo’l-oyoqlarini bog’lab, g’olib hukmdor huzuriga olib boradilar. Muhammad Shayboniyxon har ikki shahzodani darhol qatl qildiradi.

Xondamirning yozishicha, Abul Muhsin Mirzoning uch yoshli o’g’li bo’lib, ismi Sharifi Sulton Muhammad Boyqaro edi. Abul Muhsin Mirzo qatl qilingach, uning yaqin mulozimlari o’g’lini O’rdun (Iordaniya) ga qochiradilar. Sulton Muhammad Boyqaro O’rdunda yashab, ulg’ayib bir necha yillardan so’ng o’z ajali bilan vafot etadi.

Abul Musin Mirzo va Muhamamad Muhsin Mirzo Mashhad yaqinida tor-mor etilganda, shahanshohning eng kichik o’g’li Muhammad Qosim Mirzo Niso viloyatiga qochgan edi. U birmuncha qo’shin yig’ib, 1507 yil kuz paytida Mashhadga keladi. Mashhad hukmdori Sayid Xodi Xo’ja Mashhaddan qochib Marvga boradi va sodir bo’lgan voqeani Muhammad Shayboniyxonga arz qiladi. Muhammad Shayboniyxon shahzoda Muhammad Qosim Mirzoni daf etishni Ubaydullo Sultonga topshiradi. Ubaydullo Sulton Buxorodan qo’shin tortib, Chorjo’y kechigidan o’tib Marvga keladi. Marv hukmdori Qambarbiyning hamda Sayid Hodi Xo’janing qo’shinlarini o’ziga birlashtirib, Mashhadga yuradi. Shahzoda Muhammad Qosim Mirzo shahar darvozalarini berkitib jangga hozirlanadi. Nihoyat, har ikki qo’shin jangga kirib, jang asnosida shahzoda qo’shinidan ko’p kishi halok bo’lib, qolganlari esa shahar mudofaasiga ojizlik qiladilar. O’zbek qo’shini shaharga yorib kirib, shahzoda Muhammad Qosim Mirzoni ushlab qatl qiladilar.

Ma’lumki, 1507 yilda Badiuz-Zamon Mirzo jangda yengilib, Qandahorga ketgach, Abulboqi Mirzo, Sayid Abdullo Mirzo va bir necha qo’shin boshliqlari Ibn Husayn Mirzo huzuriga – Qoin viloyatiga boradilar. Ibn Husayn Mirzo Xurosonni shayboniylardan mudofaa qilishga bel bog’lab, Nishopur va Sabzavorga qo’shin tortadi.

Shahzodaning niyatidan voqif bo’lgan Temur Sulton va Ubaydullo Sulton zudlik bilan qo’shinni Sabzavorga buradilar. Qattiq jang boshlanadi. Jang asnosida Ibn Husayn Mirzo Ubaydullo Sultonga zahm yetkazadi. Jangni birinchi pallasida xurosonliklarni qo’li baland keladi. G’alabaga ishonchlari komil bo’lgan xurosonliklar, o’lja yig’ish bilan ovora bo’lib turganlarida, shayboniylar qo’qqisdan hujum qiladilar. Natijada Xuroson qo’shini yengilib, Sayid Abdullo Mirzo va Abulboqi Mirzolar jang maydonida halok bo’ladilar. Ibn Husayn Mirzo shayboniylar ta’qibidan qochib, o’z yaqinlari bilan Iroq hududaiga o’tib ketadi. U Koshon noyibining himoyatida shohona hayot kechiradi. Biroq, 1513 yilda nogahoniy falokatga uchrab, 34 yoshida vafot etadi.

Badiuz-Zamon Mirzo Shujo’bek arg’un bilan Qandahor chegarasiga yetganda, Shujo’bekdan bevafolik gumon qilib, Nimruz viloyatiga o’tib ketadi. U yerda bir kishini amir Sulton Ali huzuriga yo’llab, o’g’li Muhammad Zamon Mirzoni yuborishni buyuradi. Amir Sulton Ali arg’un farmonga muvofiq, Muhammad Zamon Mirzoni Badiuz-Zamon Mirzo huzuriga jo’natadi.

Badiuz-Zamon Mirzo o’g’li Muhammad Zamon Mirzoni olib Astrobodga ketadi. Muzaffar Husayn Mirzo ham Hirotdan qochib chiqqach, Turshiz orqali yurib Astrobodga keladi. Aka-uka shahzodalar yana Astrobodda uchrashadilar. Astrobodda hukmron bo’lgan ukalari Faridun Husayn Mirzoni Damg’on viloyatiga yuborib, o’zlari Astrobodda qoladilar. Shu kundan e’tiboran Xuroson muzofotida sarson-sargardon yurgan temuriylar ulusiga mansub bo’lgan sipohiylar Astrobodga to’plana boshlaydilar.

Badiuz-Zamon Mirzo va Muzaffar Husayn Mirzoning Astrobodda ekanliklari haqidagi xabar Hirotga ham borib yetadi. Shundan so’ng Hadicha begim, Poyanda Sulton Begim va shahanshohning boshqa xotinlari Hirot dorug’asi Jon Vafo Mirzodan ruxsat olib, Astrobodga keladilar. Ammo bir necha muddat o’tgach, Muzaffar Husayn Mirzo tuzatib bo’lmaydigan og’ir dardga mubtalo bo’lib, 1509 yilda vafot etadi. Ta’ziyadan besh-olti oy o’tgach, Muhammad Shayboniyxonning Astrobodga kelayotgan xabari tarqaladi.

Badiuz-Zamon Mirzo Muhammad Shayboniyxonga qarshi tura olmasligiga aqli yetgach, o’g’li Muhammad Zamon Mirzoni Damg’onga – Faridun Husayn Mirzoning huzuriga jo’natadi. O’zi esa yaqin kishilari bilan Ozarbayjonga ketadi.

Muhammad Shayboniyxon Badiuz-Zamon Mirzoning Ozarbayjonga ketgan xabarini eshitgach, Astrobodni qo’lga kiritib, so’ng Damg’onni qamal qiladi. Damg’on qal’asida turgan Faridun Husayn Mirzo va Muhammad Zamon Mirzo xon qo’shiniga bardosh berolmasliklarini bilib, Muhammad Shayboniyxon huzuriga omonlik tilab elchi yuboradilar. G’olib xon elchini mamnuniyat bilan qabul qilib, “shahzodalar huzurimga kelsinlar, hech bir ziyon-zahmat yetkazailamydi”, – deb va’da beradi. Shahzodalar shahar darvozalarini ochib, xon huzuriga boradilar. Xon ularni avf etib, ozod qiladi. Shahzodalar xondan ijozat olib, Muhammad Zamon Mirzo Ozarbayjonga va Faridun Husayn Mirzo esa turkmanlar orasiga ketadilar.

1509 yilda Faridun Husayn Mirzo bir oz qo’shin to’plab, yana Xuroson hududiga kirib, Kelot qal’asini zabt qiladi. Bu xabarni eshitgan Marv hokimi Qandarbiy, barcha o’zbek qo’shinini yig’ib kelib Kelotni muhosara qiladi. Faridun Husayn Mirzo qal’a muhofazasiga ojizlik qiladi va o’zbeklar qo’lida halok bo’ladi.

Badiuz-Zamon Mirzo Ozarbayjonda uch-to’rt oy turgach, Eron shohining ko’rsatmasiga muvofiq, Ray shahriga kelib qo’shini bilan Astrobodga boradi. Astrobod hokimi Xo’ja Ahmad Qo’ng’irot bilan jang qiladi. Jangda mag’lub bo’lib, o’z yaqinlari bilan Hindistonning Sind viloyatiga o’tib ketadi. Badiuz-Zamon Mirzo Sindda bir yildan ko’proq istiqomat qilgach, 1513 yili yana Eron shohining huzuriga qaytib, Tabrizda istiqomat qiladi.

1514 yil sentabr oyida turk sultoni Salim I (1512 taxtga o’tirgan) Tabrizga kelganda Badiuz-Zamon Mirzoni o’zi bilan birga Stanbulga olib ketadi. Badiuz-Zamon Mirzo Stanbulda uch-to’rt oy istiqomat qiladi. Ammo ko’p o’tmay vabo kasaliga chalinib, 1515 yil boshida 58 yoshida Stanbulda vafot etadi.

Uning o’g’li Muhammad Zamon Mirzo esa Eron shohining mulozamatida edi. Ammo otasi Stanbulga ketgach, o’z atrofida yig’ilgan qo’shin bilan Astrobodga boradi. Astrobod hukmdori amir Husayn shahzoda Muhammad Zamon Mirzoning Astrobod hukmligini shahzodaga topshiradi. Biroq shahzoda Astrobodda bir necha muddat hukmronlik qilgach, 1516 yilda Balx viloyatini o’z tasarrufiga kiritish ishtiyoqida qo’shin tortadi. Ammo Balx hukmdori shaharni Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoga taslim qiladi. Nihoyat Bobur Mirzo mulozimlari Muhammad Zamon Mirzoni qo’lga olib, Kobulga keltiradilar. Bobur podshoh Muhammad Zamon Mirzoni yuksak ehtiromlar bilan qarshi olib, saroyning go’zal, mohpora qizlaridan biriga uylantiradi. Uch-to’rt oy Kobulda saqlab, so’ngra Balx viloyatiga hokim qilib tayinlaydi.

Shunday qilib, 1516 yilga kelganda Amir Temur sohibqironning ikkinchi o’g’li Umar Shayx Mirzo zurriyotiga mansub bo’lgan shahzodalardan faqat Muhammad Zamon Mirzo qolgan edi.

Vallohu a’lam bissavob.