TALASHQONTEPA I
TALASHQONTEPA I — ko’hna shahar (miloddan avvalgi 6-4-asrlar). Sherobod (Surxondaryo)dan 15 kilometr Janubi g’arbda joylashgan. Talashqontepa I ning tarhi aylana shaklida, diametri 130 metr, maydoni 1,6 gektardan ko’proq. Qalinligi 5 metrga yaqin bo’lgan paxsa va to’g’ri burchakli xom g’ishtlardan qad ko’targan devor bilan o’rab olingan. Devorda diametri 5 metrdan ko’proq bo’lgan 15 ta aylana minoralar qurilgan. Talashqontepa I da turli yillarda E.V.Rtveladze, A.S.Sagdullayev, Sh.R.Pidayev, Sh.B.Shaydullayev kabi arxeolog olimlar tadqiqot ishlari olib borishgan. Qazishlar natijasida tsilindrsimon idishlar, kremniy va jezdan ishlangan o’q uchlari, o’g’ir dastalari, qirg’ichlar, kayroqtoshlar va dehqonchilik bilan bog’liq bo’lgan buyumlar topilgan.