TALLOM

TALLOM (Yunoncha thallos — novda, o’simta), tanacha — tuban o’simliklar (suvo’tlar, zamburug’lar, miksomisetlar, lishayniklar, ayrim jigarsimon yo’sinlar)ning novda va barglarga bo’linmagan yaxlit tanasi. Ular Tallomli o’simliklar deyiladi. Ba’zi dengiz suvo’tlari (masalan, kaulerpa) tashqi tomondan novda va bargsimon tuzilishga ega bo’lsada, anatomik soddaligi, o’sish xususiyati va ko’payish organlarining tuzilishiga ko’ra yuksak o’simliklardan farq qiladi. Barg va novdalarga bo’linmagan ayrim gulli o’simliklar (raffleziyalar) Tallomli o’simlik hisoblanmaydi, chunki ular parazit hayot kechirgani sababli ikkilamchi soddalashgan.