Tapioka nima?

Sizga tapioka pudingi (tapioka yormasiga suzma va turli xil mevalar solib pishirilgan taom) yoqadimi? Unga qarab turib, nimadan va qanday tayyorlanganini bilolmay hayron qolasiz. Tapioka iqlimi issiq mamlakatlarda keng tarqalgan katta bir butaning ildizidan olinadi. Buta «manioka» yoki inglizcha «kassava», shuningdek, «yukka» yoki «mandioka» deb ataladi. Maniokaning tomirida taxminan 33% kraxmal va 67% suv bor. Ildizlardan taom tayyorlash ancha vaqt oladi. Ular dastlab yuviladi va tozalanadi, so’ngra 3 — 4 kunga qozonga yoki ariqqa tashlab qo’yiladi. Uni ivitmay turib ham qirg’ichda qirib, xamirsimon massa olish mumkin. Xamir qovurib tanovul qilinadi yoki quritilib un qilinadi. Tapioka tayyorlash uchun qirg’ichdan o’tkazilgan massa toza suv bilan aralashtiriladi va tindirib qo’yiladi. Kraxmalning toza donalari idishning tubiga cho’kib qoladi, loyqa esa to’kib tashlanadi. Ajratib olingan kraxmal yana suv bilan aralashtiriladi. Bu jarayon 4 — 5 marta takrorlanadi. Kraxmal toza bo’lgach, metall idishga solinadi va sekin yonayotgan olov ustiga qo’yiladi. Tapioka pishirilayotganda kraxmal tinimsiz qo’zg’ab turiladi. Vaqt o’tishi bilan kraxmaldan kichkina guvalachalar hosil bo’ladi. Tayyor bo’lgan toza kraxmal «tapioka» deb ataladi. Endi butaning ildizlari tayyor oziq holiga kelguncha ancha ishlanishi kerakligini bilib olgandirsiz. Amerikaliklar tapiokani, asosan, Braziliya, Madagaskar va Yavadan olishadi. Maniokadan olingan va olovda qizdirilmagan toza kraxmal AQShda «tapioka uni» deb ataladi. Undan, shuningdek, paxtadan olinadigan buyumlarga ishlov berishda, masalan, pochta markalari uchun yelim ishlab chiqarishda va boshqa maqsadlarda foydalaniladi.