TAR, THAR
TAR, THAR — Hindiston va Pokiston hududlaridagi cho’l va chala cho’lli tekislik. Hind daryosining chap sohili bo’ylab, shimoldan Janubga 850 kilometr masofaga cho’zilgan. Maydoni 300 ming kilometr kvadrat. O’rtacha balandligi 100-200 metr. Allyuvial, dengiz va eol qumlari bilan qoplangan, ayrim joylarda qoyalar uchraydi. Relefida qum jo’yaklari va qum tepa ko’p; barxanlar uchraydi. Iklimi tropik, quruq iqlim. Yillik yog’in 90-200 millimetr. Tez-tez changli bo’ron bo’lib turadi. Pastqam joylarda sho’rxok va taqirlar bor, maydaroq sho’r ko’l ko’p. O’simliklari siyrak, dag’al o’tlar va kserofit buta va daraxtlar o’sadi. Voha ko’p. Dehqonchilik qilinadi, yaylov chorvachiligi rivojlangan. Tarning g’arbiy qismi Hind daryosidan sug’oriladi. Sug’orish kanallari qurilgan.