Termizshohlar

Termizshohlar — Termiz va uning viloyatini boshqargan merosiy hukmron sulola (mil. 5-7-a. oxirlari). Arablarning Shim. Toxaristonga qilgan yurishlari (7-a. oxiri — 8-a. boshi) munosabati bilan arabfors yozma manbalarida (Tabariy, Balozuriy, Ibn Xurdodbeh) qayd etilgan. Buddaviy rohib Syuantszan (taxm. 630 y.)ning ma’lumotiga ko’ra, tami (Termiz) mulki hududi g’arbdan sharqqa tomon 600 li (180-300 km), shim.dan Jan.ga tomon esa, 400 li (120-200 km) masofani tashkil etgan, ya’ni Termizdan tashqari Amudaryoning o’ng sohilidagi erlarni ham qamragan. Shaharda buddaviylik hukmron mavqega ega bo’lib, unda 12 ta monastir va 1000 ga yaqin rohib, shuningdek, stupalar, budda haykallari bo’lgan. T. hokimiyat tepasiga mil. 5-a.da kelganlar, bunga ular zarb etgan mis tangalar guvoxlik beradi. Tangalar 7-a. oxiriga kadar zarb etilgan. T.ning etnik kelib chiqishi noaniq, eftaliylar yoxud kidariylar bilan bog’liq bo’lishi extimol. 689-690 y.larda Termizni arablarning qaysiylar qabilasi sardori Muso ibn Abdulloh egallagan va shahardan Termizshohni quvib yuborib, xalifalikdan ajrab chiqib, 15 yil mustaqil hokimlik qilgan. Termizshohning turkiylar yordamida taxtni qaytarib olish uchun qilgan harakatlari zoe ketgan. 704 y. Usmon ibn Mas’ud 15 ming kishilik lashkar bilan kelib shaharni umavishar tobeligiga qaytarishga erishgan. T. hokimiyati xalifalik tomonidan nomigagina bir muncha muddat tiklangan, Termiz butunlay xalifalik tomonidan idora etiladigan bo’lgan, shahar arablarning asosiy tayanch punktiga aylangan. Ad.: Bartold V. V., TERMEZ, Sochineniya, t. 3, M., 1965; Pugachenkova G. A., Rtveladze E. V., Severnaya Baktriya — Toxaristan. Ocherki istorii i kulturi, T., 1990. Edvard Rtveladze.