Toponimika
Toponimika (yunoncha topos- joy, onima – nom) – toponimlarni, geografik nomlarni o`rganadigan fan. Toponimika muayyan tildagi geografik nomlarni to`plash, ularning rivojlanish, o`zgarish tendensiyalarini, areallarini aniqlash, nomlarning muhim leksik- semantik, grammatik xususiyatlarini yoritish, toponimik lug`atlar tuzish, joy nomlari transkripsiyasi singari muammolar bilan shug`ullanadi. Toponimlar til lug`at tarkibining bir qismi bo`lib, til qonuniyatlariga bo`ysunadi; shunga ko`ra toponimika tilshunoslik fanlari qatoriga kiradi. Biroq joy nomlari boshqa so`zlardan farq qiladi va muayyan hududda tarkib topadi, binobarin geografik qonuniyatlar, tushunchalar va atamalarni (reylef shakllari, o`simlik va hayvon nomlarini, qazilma boyliklarni) aks ettiradi; shu jihatdan toponimika geografiyaning ham ajralmas qismidir. Toponimlar uzoq yashaydi, ularda har xil tarixiy voqealar, tarixiy shaxslarning nomlari, xalq, elat, qabila, urug` nomlari aks etgan bo`ladi; shu nuqtai nazardan toponimika tarix fanlari bilan ham bog`liq. Joy nomlari majmui toponimiya deb ataladi. Toponimiya til tarixi (tarixiy leksikologiya, dialektologiya, etimologiya va b.) uchun muhim manba bo`lib xizmat qiladi. Ba’zi toponimlar uzoq davrlardagi xalqlarning tili, tarixiy o`tmishi, yashagan hududini aniqlashga, foydali qazilmalarni qidirib topishga xizmat qiladi.