Toqi Sarrofon

Toqi Sarrofon (forscha — sarroflar toqi) — Buxorodagi me’moriy yodgorlik (16-asr), pul almashtiradigan bosh savdo markazi. Shahristonning 2 ko’chasi kesishgan joyda, qadimgi Shohrud arig’i ustida sarrolarning do’konlari qurilgan. Toqi Sarrofon eng kichik gumbazdir. Bino 8 qirrali (tarhi 25×24 metr), gumbazining ichki diametri 12 metr, tashqi gumbaz (balandligi 16,55 metr) 4 toqi ustiga o’rnatilgan, shaharning Janubdagi chorraha ustini berkitib turadi. 16-asr 2-yarmida zalning 4 kesik burchaklaridan biriga masjid, boshqasiga Sarrofon hammomi, qolgan 2 tasiga Sarrofon do’konlari kelib tutashgan. Masjidga kiraverishda «bu qurilish 1534-35 yillari Ubaydulla Bahodirxon podsholigi davrida yakunlandi» degan yozuv saqlangan. Bu atrofdagi binolarga ham tegishli bo’lishi mumkin. Shayboniylar davrida Buxoro xususiy tadbirkorlik, qarz berish va pul almashtirish markaziga aylangan. Buxoroda sarroflar nomi bilan bog’liq uylar, savdo gumbazi, karvonsaroy, masjid, hammom va boshqalar mavjud bo’lgan.