Toqi Zargaron

Toqi Zargaron (fors. — zargarlar toqi) — Buxorodagi me’moriy yodgorlik (16-a.). Zargarlik buyumlari sotish uchun mo’ljallangan savdo markazi. Gumbazi arablar bosqiniga qadar qurilgan deb taxm. qilinadi. Vosifiyiing 16-a. boshlarida yozgan asarida Buxoro chorsusi sifatida tilga olingan. T. z. Ulug’bek madrasasi yonida, qad. Shahriston markazi — 2 katta ko’cha kesishgan chorraha ustini qoplab turadi. Bino, asosan, 15-a.da qurilgan (16-a.da to’lato’kis ta’mirlanganligi sababli shu yili bunyod etilgan deb taxm. qilinadi). Ulkan gumbaz 8 ta toqiga o’rnatilgan. Tarhi 45,4×43,5 m, bal. 16,7 m, gumbazining asos aylanasi 14 m, poygumbazi ko’p qirrali, undagi 16 ta darcha orqali bino ichiga yorug’lik tushib turadi. Atrofini o’rab turgan do’konlar gumbazi bal. 5— 7 m. O’tmishda uning dalonlarida 36 zargarlik ustaxonasi va do’konlar bo’lgan. Atrofiga savdo rastalari, ombor, karvonsaroylar qurilgan. T.z. Buxorodagi toqilarning eng yirigi va mujassamoti jihatidan murakkabi hisoblanadi.