Tormozlanish

Tormozlanish (fiziologiyada) — qo’zg’alish ta’sirida organlar, to’qimalar yoki hujayralar nerv markazlari faoliyatini susaytiradigan nerv jarayoni. Odam va hayvonlar Markaziy nerv sistemasida T. jarayonlari mavjudligini ilk bor I. M. Sechenov (1863) aniqlagan. I. P. Pavlov oliy nerv faoliyatiga tegishli barcha murakkab jarayonlarda qo’zg’alish bilan birga T. sodir bo’lib turishini ko’rsatib bergan. Markaziy nerv sistemasining biron bo’limida T. paydo bo’lishi uning funktsional holati, xususiyati va qo’zg’atuvchining kuchi (intensivligi)ga bog’liq. T. jarayoni kelib chikish joyiga kura, periferik T. (bevosita muskul yoki bez elementlarida yuz beradi) va Markaziy T. (Markaziy nerv sistemasida amalga oshadi) tafovut kilinadi. Har qanday nerv faoliyati o’zaro bog’langan 2 jarayon: T. va qo’zg’alishdan iborat. Bu ikki jarayonning o’zaro ta’siri natijasida qon aylanish, nafas olish, ovqat hazm qilish, harakatlanish kabi organizmning eng muhim funktsiyalari boshqarib turiladi. Ayrim nerv kasalliklari (epilepsiya va b.) va bir qancha zaharli moddalar (mas., strixnin) ta’sirida Markaziy nerv sistemasi faoliyatining buzilishi tirishishga olib keladi.