Trixosefalyoz

Trixosefalyoz (Yun trichos qil, soch va kephale — bosh) — qilbosh gijjalar qo’zg’atadigan yuqumli kasallik. Gijjalar, asosan, yo’g’on ichakda parazitlik qiladi. Qilbosh gijja odam ichagida yillab (5 y.gacha) yashashi mumkin. Urg’ochi gijja qo’ygan tuxum tashqi muhitga najas orqali tushadi. Gijja tuxumi tashqi muhitda 2 haftada etilib, lichinkaga aylanadi. Lichinkalar sog’lom odamga sabzavot, meva va suv orqali o’tadi. Ular odam ichagida 30-35 kunda etiladi. Kasallikning asosiy manbai bemor hisoblanadi. Ko’pincha u kasallik boshlanishida hech qanday alomatlar sezmasligi mumkin. Ba’zan ishtaha pasayishi, bosh og’rishi, bosh aylanishi, ich qotishi kabi alomatlar paydo bo’ladi. T. ni aniqlashda bemor najasi tekshiriladi. Bemor faqat kasalxonada davolanadi. Kasallik tarqalishida aholi yashaydigan uyjoy atrofining odam axlati bilan ifloslanishi katta xavf tug’diradi. Odam najasining suv va tuproqqa tushishiga yo’l qo’ymaslik, shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qilish, ovqatlanish oldidan qo’lni yuvish, meva va sabzavotlarni qaynagan suvda yuvib iste’mol qilish, suvni kaynatib ichish va b. kasallikning oldini olishdagi muhim choralardir.