TSIKLON
TSIKLON (Yunoncha kyklon — aylanuvchi) — atmosferaning past bosimli oblasti. Asosan, ikki xil havo massasi chegarasida (havo frontida) yuzaga kelib, Tsiklon markazida havo bosimi eng past, chekkalarida yuqori bo’ladi. Shamol atrofdan Tsiklon markazi tomon esadi. Yerning o’z o’qi atrofida aylanishi ta’sirida shamollar shimoliy yarim sharda soat strelkami harakati yo’nalishiga teskari, Janubiy yarim sharda soat strelkasi yo’nalishida harakatlanadi. Tsiklon markazida bosim 950-960 mbar, ba’zida 920-930 mbar bo’ladi. Past bosimli oblastni o’rab turgan izobaralar diametri bir necha yuz kilometrdan 2-3 ming kilometrgacha yetadi. Ana shu maydonda havo aylanma harakat qiladi. Kuchli shamollar esib, tezligi 20 metr/sekund va hatto 30 metr/sekunddan ham oshadi. Havo Tsiklon Markaziy qismidan yuqoriga harakat qilgani uchun unda ko’pincha havo bulutli bo’ladi. Havo uyurma harakat qilganidan Tsiklon ga yerning turli kengliklaridan har xil havo massalari oqib keladi. Shuning uchun ham havo temperaturasi turli qismlarida turlicha bo’ladi. Shimoliy yarim sharda Tsiklonlarning old tomonida shamollar Janub, Janubi-g’arbdan esgani uchun havo iliq bo’ladi, atmosfera bosimi pasayadi, havoda budut ko’payib, yog’in yog’adi. Tsiklon markazi o’tgandan keyin shimol va shimoli- g’arbdan sovuq shamol keladi. Qishda yomg’ir qorga aylanib, antisiklon boshlanadi. Tropiklardan boshqa joylarda yog’inning asosiy qismi aynan Tsiklonda yog’adi. Shakllanishining dastlabki boskichida Tsiklon troposferaning quyi qisminigina o’z ichiga oladi. Yetilgan Tsiklon butun troposferani qamrab olishi va hatto stratosferaning quyi qismiga tarqalishi mumkin. Tsiklonlar mo’tadil mintaqalarda, asosan, g’arbdan sharqqa harakatlanadi. Tsiklonning o’rtacha tezligi 30-45 kilometr/soat, ba’zida 100 kilometr/soatga yetadi. Tsiklon o’tgan hududda atmosfera bosimi va shamol bilan birga havo temperaturasi, namligi, bulut va yog’in miqdori ham o’zgaradi. Tropik kengliklarda vujudga keladigan tropik tsiklonlar diametri kichikroq (100-300 kilometr), markazida bosim 950 mbar, ba’zan 900 mbardan ham past bo’ladi. Shu sababli bunday slarda bosim farqi juda katta bo’lganidan kuchli shamollar — dovullar esadi. Shamolning nihoyatda tez esishi va ko’p yog’in yog’ishi oqibatida dengizlarda kuchli to’lqinlar ko’tariladi, quruqlikda katta vayronagarchiliklarga sabab bo’ladi. O’zbekistonga Atlanmka okeanidan keladigan Tsiklonlar qishda iliq, yomg’irli, qorli ob-havo keltiradi.