TSILINDR

TSILINDR (Yunoncha Kylindros — val, g’altak) — 1) matematikada — tsilindrik sirt va ikkita parallel tekislik bilan chegaralangan jism. Parallel tekisliklarning tsilindrik sirt bilan chegaralangan qismlari Tsilindrning asoslari deb ataladi. Agar Tsilindrning asoslari doiralardan iborat bo’lsa, bunday Tsilindr doiraviy Tsilindr deyiladi. Tsilindrni chegaralovchi tsilindrik sirtning parallel tekisliklar orasidagi qismi tsilindrning yon sirti deyiladi. Agar tsilindrik sirt yasovchilari Tsilindr yasovchisiga perpendikulyar bo’lsa, u to’g’ri Tsilindr deb ataladi. 2) texnikada — mashina va mexanizmlarning mexanik ish energiyasini suyuqlik yoki gazning bosim energiyasiga yoki, aksincha, aylantirib beradigan detali. Ichki tsilindrik bo’shlig’ida porshen yoki plunjer harakatlanib, porshenning goh u tomonidagi, goh bu tomonidagi bo’shliq hajmini o’zgartirib turadi. Agar porshenning faqat bir tomonidagi bo’shliqsan foydalaniladigan bo’lsa, Tsilindrning bir tomoni qopqoq bilan berkitiladi, agar ikkala tomonidagi bo’shliqdan foydalaniladigan bo’lsa, ikkita qopqoq va porshenni polzunga tutashtiruvchi shtok ko’zda tutiladi. Gidravlik (suyuqlikli) va pnevmatik (havoli) yuritmalarda (metall kesish stanoklari, presslar, ko’targichlarda), shuningdek, ba’zi porshenli mashinalarda Tsilindr alohida detal tarzida qilinadi. Ko’p tsilindrli porshenli mashinalar (ichki yonuv dvigatellari va boshqalar) da ko’pincha Tsilindrlar umumiy blokka birlashtiriladi. Bunda Tsilindrlar bir qator (qatorli dvigatel), ma’lum burchak ostida (V-Simon dvigatel) yoki ro’parama-ro’para (oppozit dvigatel) joylashtiriladi. Aylanma harakatlanuvchi nasoslar va gidromotorlarda Tsilindr ko’pincha o’qqa radial yoki parallel ravishda rotorta joylashtiriladi. Avtomobillarning ichki yoruv dvigatellari Tsilindrlarida bevosita yonilg’i yonganda hosil bo’ladigan gazlarning kengayish bosimidan foydalaniladi. Tsilindr ichida porshen ilgarilama-qaytma harakatlanib turadi. Krivoship-shatunli mexanizm porshenning ilgarilamaqaytma harakatini tirsakli valning aylanma harakatiga aylantirib beradi.