TSITOLOGIYA

TSITOLOGIYA (TSITO… va …logiya) — xujayra haqidagi fan. Hujayralarning tuzilishi va funktsiyasini, ko’p hujayrali, shuningdek, bir hujayrali organizmlardagi a’zo va to’qimalarning o’zaro bog’lanishi va munosabatlarini o’rganadi. Barcha tirik mavjudotlarning eng muhim tarkibiy kismi bo’lgan hujayrani o’rganish bilan Tsitologiya biologiya fanlari orasida Markaziy o’rinni egallaydi; u o’simliklar gistologiyasi, anatomiyasi, fiziologiya, genetika, biokimyo, mikrobiologiya va boshqa fanlar bilan uzviy bog’langan. Organizmning hujayra tuzilishini o’rganish 17-asr mikroskopistlari R.Guk, M.Malpigi, A.Levenguk (1632— 1723) tomonidan boshlangan edi. Tsitologiyaning taraqqiyoti hujayra tadqiqoti usullarining rivoji bilan bog’liq. 19-asrga kelib butun organik dunyo uchun yagona hujayra nazariyasi yaratildi (T.Shvann, 1838). Hujayra nazariyasining yaratilishi hujayrani barcha tirik organizmlarning asosi sifatida o’rganish uchun turtki bo’ldi. 19-asr o’rtalaridan hujayralar strukturasini fiksatsiya qilish, ya’ni kimyoviy moddalar va fizik omillar ta’sir ettirish yo’li bilan shu strukturani saqlash va to’qimalarni bo’yashning har xil usullari qo’llanila boshladi. Ts.ning keyingi rivojlanishiga nemis patologi R.Virxovshsht «tsellyulyar patologiya» haqidagi ta’limoti sabab bo’ldi (1858), Virxov hayvon organizmi hujayralar majmuidan iborat, shulardan har biri hayotning barcha xossalariga ega va har bir hujayra faqat hujayradan rivojlanadi degan fikrni olg’a surdi. 19-asrning oxirida protoplazmaning doimiy tarkibiy qismlari (organoidlari); tsentrosomalar, mitoxondriyalar, to’rsimon apparat yoki Golji kompleksi, shuningdek, hujayra yadrosidagi nuklein kislota aniqlandi. Hujayraning kariokinetik bo’linishini avval o’simliklarda, keyin hayvonlarda kashf qilindi. Xromosomaning individuallik nazariyasi va soni turg’unligi qoidasi yaratildi. Jinsiy hujayralar rivojlanishida xromosomalar soni reduktsiyasi jarayoni kashf qilindi. Rus tsitologi S.G.Navashin (1898) yopiq urug’li o’simliklarda qo’sh urug’lanish hodisasini aniqladi. Hujayra fiziologiyasini tadqiq qilishda ham katta ishlar qilindi. I.I.Mechnikov fagositoz jarayonini topdi. O’simlik va hayvon hujayralarining tanlab o’tkazuvchanlik xususiyati kashf qilindi. Membrananing o’tkazuvchanlik nazariyasi paydo bo’ldi. Hujayrani tiriklayin bo’yash usullari ishlab chiqildi. 20-asrning boshidan hujayrani tadqiq etishda ultrabinafsha nurlar va flyuoressent mikroskopiyasi, 1941 yildan faza — kontrastli mikroskopiya qo’llanildi. Tsitokimyoviy tahlillarning yangi usullari ishlab chiqildi. Hujayra ustida har xil tadqiqotlar o’tkazishga yordam beruvchi mikromanipulyatorlar yuzaga keldi. 20-a.srning birinchi choragida hujayra strukturasining funktsional roli aniqlandi. O’simlik hujayralarida vakuolyar sistema rivojlanishi va plastidalardan kraxmal hosil bo’lishi kuzatildi. Mendel qonunlarining qayta kashf qilinishi Tsitologiya rivojiga katta ta’sir ko’rsatdi. Jinsiy a’zolar va somatik hujayralar yadrosida kechadigan jarayonlarni o’rganish natijasida irsiyatning xromosoma nazariyasi yaratildi; tsitogenetika soha bo’lib ajraldi. 20-asrga kelib Tsitologiyaning jadal rivojlanishiga yangi usullar (electron mikroskopiya, izotop indikatorlar, hujayralarni sun’iy o’stirish va boshqalar) asos bo’ldi. Hujayraning yangi ultramikroskopik komponentlari, hujayrani tashqi muhitdan ajratib turadigan plazmatik yoki hujayraviy membrane va hokazolar kashf qilindi. Submikroskopik tadqiqotlar hujayralarni eukariotlar vaprokariotlar guruhiga (shunga ko’ra organizmlarni ham) ajratish imkoniyatini berdi. Hujayraning tarkibiy qismlarini ajratib olish usullarini takomillashtirish, biokimyoning analitik va dinamik usullarini Tsitologiyaga tadbiq etish hujayraning kimyoviy topografiyasi va uning tarkibiy qismini, biokimyoviy roli hamda funktsional ahamiyatini aniqlashga olib keldi. Hujayraning genetik funktsiyasini o’rganishda yadro va hujayraning tsitoplazmatik tarkibida DNK borligini aniklash katta ahamiyatga ega bo’ldi. Hozirgi Tsitologiyaning asosiy vazifalari hujayraning mikroskopik va submikroskopik strukturasi hamda kimyoviy tarkibini, hujayralar strukturalarining funktsiyalari va ularning o’zaro ta’sirini, moddalarning hujayraga o’tishi va undan ajralib chiqish usullari hamda membrananing bu jarayonlardagi rolini, mikroorganizmlarning nerv va gumoral omillari hamda tashqi muxit omillariga hujayralarning reaktsiya ko’rsatishini, uning qo’zg’alishini qabul qilishi va o’tkazishini, hujayraning bir-biriga o’zaro ta’sirini, uning shikastlaydigan ta’sirotga ko’rsatadigan reaktsiyasini, hujayraning yadro va tsitoplazmatik-genetik apparati va irsiy kasalliklarda uning o’zgarishini, hujayralarning viruslar bilan munosabatini, normal hujayralarning o’sma (rak) hujayralariga aylanishi, hujayra sistemasining paydo bo’lishi hamda evolyutsiyasi va boshqa masalalarni o’rganitishdan iborat. Tsitologiyaning tsitogenetika, tsitoekologiya, radiatsion Tsitologiya, onkologik Tsitologiya va boshqa tarmoqlari bor. Hoz. respublikamizdagi mavjud tibbiyot institutlarda Tsitologiya gistologiya bilan qo’shib o’qitiladi. O’zbekiston faning «O’zbekistan biologiya jurnali» va boshqa nashrlarda Tsitologiya masalalari yoritiladi. Ad.: Afanasev Yu.I. i dr., Rukovodstvo po gistologii, M., 2001; Zufarov K.A. Gistologiyadan o’quv qo’llanma, T., 1991.