TSUNAMI

TSUNAMI (yaponcha — ajal va vayronalik keltiruvchi to’lqinlar) — suv ostida yoki sohil bo’yida kuchli zilzila bo’lganda, ba’zan vulkanlar otilishi yoki boshqa tektonik jarayonlar oqibatida dengiz tubining ko’tarilishi va cho’kishi natijasida yuzaga keladigan juda uzun gravitasion dengiz to’lqinlari. Suvning kam siqilishi va suv tubi maydonlarining deformatsiyalanish darajasining juda jadalligi sababli, unga tayangan suv ustuni tarqalishga ulgurmay o’rnidan qo’zg’aladi, natijada okean yuzasidan ko’tarilish va pasayish yuzaga keladi. Bu yuzaga kelgan qo’zg’alish suv qatlamining to’lqinsimon harakatlanishiga sabab bo’ladi, ya’ni katta tezlikda (50 dan 1000 kilometr/soatgacha) harakatlanuvchi Tsunami to’lqinlari yuzaga keladi. To’lqinlar oralig’idagi masofa 5 dan 1500 kilometrgacha, balandligi esa ochiq okeanda 0,1 metrdan 5 metrgacha, qirg’oqlarda 10 metrdan 50 metrgacha yetadi va undan ham ortib ketadi. Tsunami katta halokatlar keltiradi. Asosan, Tinch okean qirg’oqlarida (Tsunamilarning 80%) kuzatiladi. Eng kuchli Tsunami 1895 yilda Xonsyu oroli yaqinida sodir bo’lgan. So’nggi 2004 yil 26 dekabrda Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida yuz bergan Tsunami oqibatida 300 mingdan ziyod kishi qurbon bo’ldi va bedarak yo’qoldi. Shu regionda joylashgan mamlakatlar iqtisodiga ulkan zarar keltirdi. Tsunamidan qisman saqlanish uchun okean va dengiz qirg’oqlarida inshootlar quriladi. Bir necha mamlakatlarda aholini Tsunamidan xabardor qilish xizmatlari tuzilgan.