Agar yer yuzasi tuproq bilan qoplanmaganida, inson unda yashay olmas edi. Tuproq bo’lmaganida, o’simliklar ham bo’lmas, inson va jonivorlar esa o’ziga ovqat topa olmagan bo’lur edi. Tuproq o’simliklar o’sadigan kukunsimon qoplamdir. Uning tarkibiga mayda toshlar, o’simliklar va jonivorlar organizmlarining qoldiqlari kiradi. Bir vaqtlar mayda toshlar katta-katta qoyalar, qoldiqlar esa o’simlik va tirik mavjudotlar bo’lgan. Eng qattiq qoyalar ham vaqt o’tishi bilan yemiriladi. Qoya jinslarining yemirilish jarayoni doimiy sur’atda davom etadi. Muzliklar tog’ va qoyalarni chilparchin etar ekan, o’zi bilan vodiylarga uyum-uyum tog’ jinslarini olib enadi. Suv kimyoviy elementlar — unsurlar bilan birgalikda ayrim tog’ jinslarini eritadi va yuvadi. Kunning isib-sovishi ham tog’larni yemiradi. Isib-sovish oqibatida qoyalar yuzasida darzlar paydo bo’ladi. Yog’ingarchilik paytida u yerga suv tushadi, suv muzlagach, kengayadi va tog’larni qulatadi. O’simlik ildizlari ham qoyalarni emiradi. Tog’ jinslarining yoriqlariga tushib qolgan daraxt urug’lari ko’karib chiqadi, ildizlari darzlar ichiga chuqurroq botadi va tog’jinslarini nurata boshlaydi. Nurashni qumlarni uchirib ketadigan shamol nihoyasiga yetkazadi. Ammo bu tuproq hosil bo’lishining boshlanishi, xolos. Haqiqiy tuproq hosil bo’lishi uchun qumga yoki tog’ jinslarining mayda zarralariga «gumus» qo’shilishi kerak. Gumus — o’simliklar va jonivorlar qoldig’idan olinadigan organik massa. Bakteriyalar barcha qoldiqlarni tuproqqa aylantiradi. Bakteriyalar ularni chiritib, tuproq unumdorligini oshiradi. Chuvalchang va boshqa hasharotlar ham yerni boyitadi. Yerning eng yuqorigi — haydaladigan qatlami unumdordir. Unda gumus ko’p. Uning ostidagi qatlam, asosan, tog’ jinslari qoldiqlaridan tarkib topgan. Undan ham quyida ildizlarga to’shama jinslar bor.