Turkistonning xonliklarga bo’linib ketishi, uning sabablari va oqibatlari

XV asr oxiri -XVI asr boshida Xuroson va Movarounnahrning bir necha mustaqil mulklarga bo’linib ketishi, ayrim viloyatlar hokimlari o’rtasida uzluksiz davom etgan o’zaro nizolar avj olishi oqibatida Temuriylar saltanatining iqtisodiy va siyosiy inqirozi tezlashmoqda edi. Masalan, Farg’ona, Xisor, Samarqand, Buxoro singari mulklari markaziy hokimiyat bilan bog’lanmagan mustaqil siyosiy boshqaruviga ega bo’lgan. Xorazmni So’fiylar sulolasining vakili mustaqil boshqargan. Buning ustiga yana ularning ko’plari imperiya markazi Samarqandga bo’lgan da’vogarlik maqsadini amalga oshirish uchun goh mo’g’ullardan, goh ko’chmanchi o’zbeklardan harbiy yordam so’rash yo’liga ham o’tganlar. Natijada, mamlakatda tijorat ishlari va karvon savdosi deyarlik to’xtadi, dehqonchilik va hunarmandchilik izdan chiqdi, xalqning moddiy ahvoli og’irlashdi.

XV asr oxirlariga kelib, Movarounnahrda temuriylarning bir-biridan o’zaro mustaqil bo’lgan uchta hokimiyati vujudga keldi:

1.Samarqandda Sulton Ahmad Mirzo hukumronligi (1469-1493);

2.Toshkentda Sultoy Mahmud Mirzo hukmronligi (1469-1498);

3.Andijonda Umarshayx Mirzo hukmronligi (1469-1494).

Bu uchala davlatning o’zaro urushlari Movarounnahr aholining temuriylardan noroziligini yanada avj oldirdi. Ayniqsa, yuqori tabaqa vakillari markazlashgan davlat tarafida turdilar. Bu temuriyzodalarning davlat boshqaruvida mustahkam tayanchga ega emasligidan dalolat beradi. Bu vaqtda temuriylar huzurida ta’lim olgan Abulxayrxonning nevarasi Muhammad Shohbat Dashti Qipchoqda dasht urug’larini birlashtirib, o’z hokimiyatini mustahkamlamoqda edi.

Shayboniyxon 1487-1488 yillarda O’tror, Sayram, Yassa (Turkiston), Sig’noq shaharlarini bosib olgan, 1499 yilda Movarounnahrga jiddiy harakat boshladi. U o’zining harbiy, qarashlarida piri Shayx Mansurning “o’rtasidan emas, chetlaridan boshlamoq zarur” degan so’zlariga amal qilib, Movarounnahrni istilo etishni Samarqanddan boshladi. Lekin, u Buxoro hokimi Amir Muhammad Boqi Tarxonning Samarqandga yordamga kelayotganligini eshitib, Samarqand qamalini to’xtatadi va Buxoro tomon o’z qo’shinlarini safarbar etib, Dobusiya qal’asi yonida Boqi Tarxonning harbiy qismlarini tor-mor keltiradi.

Bundan tahlikaga tushgan Buxoroning yirik yer egalariga va ruhoniylari xalqni mudofaaga undash o’rniga, sharning jangsiz taslim bo’lish yo’lini tutdilar. Ayni paytda Samarqandda ham ikkilanishlar boshlanib, yirik ruhoniy Xo’ja Ahrorning o’g’li Muhammad Yaxyo boshliq bir guruh amaldorlar Andijon hokimi Temuriy shahzoda Boburdan va Toshkent hokimi Sulton Mahmuddan yordam so’radilar. Bu yashirin harakatdan xabardor bo’lgan Sulton Ali ham Shayboniyxon bilan aloqa o’rnatishga kirishdi. Natijada, 1500 yili Samarqand Shayboniyxonga jangsiz topshirildi. Samarqand 4 oy mobaynida Shayniyxon qo’shinlari tamonidan talin-taroj qilinadi, istilocholar foydasiga katta miqdordagi boj olindi, aholi kutgan tinchlik va yengilliklar ham bo’lmadi. Shahar aholisi keng qatlamlarining va feodal – zodagonlarning noroziligidan, Shayboniyxonning boshqa joyda istilochilik harakati bilan band bo’lganligidan foydalangan Zahiriddin Bobur 1500 yil kam sonli askarlari bilan Samarqandni ikkinchi marta qo’lga kiritdi. U tezlikda shahardagi Shayboniyxonning 600 kishilik qo’shinini va tarafdorlarini yo’q qildi, 1501 yil aprel oyida Zarafshon atrofidagi Kuxakda olib borilgan shoshilinch jangda hal qiluvchi mag’lubiyatga uchradi. Bobur Samarqandga yashirinishga majbur bo’ldi va uni bir nech oy qamal qilib turishda oddiy aholi, ayniqsa hunarmandlar mudofaa ishida faol qatnashdilar, Shayboniyxonning hujumini bir necha bor qaytardilar. Lekin, shaharda qurol yetishmasligi va dahshatli ocharchilik boshlanishi hamda atrofdan hech qanday yordam olish mumkin bo’lmaganli sababli shaharni Shayboniyxon ikkinchi bor qo’lga kiritdi. Bu voqea Shayboniyxonning navbatdagi istilochilik harakatini amalga oshirishga shart-sharoit yaratdi. Dashti qipchoqliklar qisqa muddat ichida Buxoro (1500), Samarqand (1501), Toshkent (1503), Xisor (1504), Urganch (1505), Balx (1506); Hirot (1507) kabi shahar va viloyatlarni egallab, Sharqiy Turkiston chegaralaridan Markaziy Afg’oniston hududlarigacha cho’zilgan yerlarda markazlashgan Shayboniylar Davlatiga asos soldilar.

Shayboniyxon tasarrufiga o’tgan barcha hududlarni uning qarindoshlari, o’zbek qabilalarining zodagonlari va harbiy qo’mondonlari o’rtasida taqsimladi. Ukasi Mahmud Sultonni Buxoroning, amakilari Kuchkunji Sulton va Suyun Xojalarni Toshkent bilan Sirdaryo bo’yidagi shaharlar hokimlari etib tayinladi. Samarqandni mamlakatning poytaxtiga aylantirildi. Bu bilan Temuriylar davri feodal tarqoqligiga, shahzodalar va amirlar o’rtasidagi o’zaro ur-yiqitlarga chek qo’yildi, mamlakat yaxlitligi ta’minlandi. Shayboniyxonni bu muvaffaqiyatlar ham qanoatlantira olmadi. 1508-1509 yillarda qozoqlar yurtiga hujum uyushtirda, Volga daryosi orqali Rossiyaga, g’arbiy va janubiy-g’arbiy Eronga va Hindistonga eltuvchi yo’llarni ham qo’lga kiritishni rejalashtirdi. Shayboniyxonni janub tomon yurishini Eron shohi Ismoil I to’xtatib, 1510 yil dekabrida Marv shahri yaqinida bo’lgan jangda ko’chmanchi o’zbeklar qo’shinini tor-mor keltirdi. Shayboniyxon halok bo’ldi. Mag’lubiyat natijasida ilgari Shayboniyxon davlati tasarrufida bo’lgan Xorazm va Xuroson (Balxdan tashqari) safoviylar hokimiyati ostiga o’tdi. Shayboniyxon tarixiy kitoblar yozgan, turk va fors tillarini mukammal bilgan. Ruhoniylar o’rtasida yuksak martabali kishi hisoblangan. U kishi hamma vaqt safarlarida kichgina go’zal kitobxonani o’zi bilan birga olib yurgan. Ulamolarni xizmatga olib munosib vazifalar topshirgan. Buxoro, Samarqand, Toshkent shaharlarida masjidlar va madrasalar qurdirgan.

Shayboniyxon tarqoq mulklarni qisqa vaqt ichida birlashtirib, siyosiy hokimiyatni markazlashtirishga erishdi. U o’zaro ichki urushlar kamayishiga, ochiq talon-tarojlarni, sug’orish ishlari buzilishini bartaraf etishga ma’lum darajada harakat qildi. Natijada, iqtisodiy yuksalishga erishildi. Shayboniyxon qo’lga kiritilgan yerlarni o’z qarindoshlariga, xizmat ko’rsatgan sultonlar va beklarga taqsimlab berdi. Ularning har biri udel boshqaruvini joriy qilib, mustaqil siyosat yuritishga harakat qilar edi. Natijada, boshqaruvning udel tizimi yaxlit davlatni mustaqil bekliklarga bo’linib ketishiga sabab bo’ldi. Lekin, bunday separistik harakatlarga chek qo’yish maqsadida ayrim sultonlar va amirlarni bir udeldan ikkinchisiga o’tkazish tartibini ham joriy etdi. Bunday markazdan qochish harakatining oldini olishga qaratilgan tadbirlar ayrim hollarda istalgan natijani berish o’rniga hukmdorning udel boshliqlari bilan bo’lgan kelishmovchiliklarni keltirib chiqardi. Shayboniyxonning pul islohotini o’tkazishi ham markaziy hokimiyatining siyosiy va iqtisodiy mavqeini kuchaytirishga va mahalliy hokimlar rolining zaiflashtitishga qaratilgan siyosat edi. Uning ichki siyosati, ayniqsa islohotlarni bu sohada muayyan yutuqlarga olib keldi. Shayboniyxon vafotidan keyin uning vorislari o’rtasida taxt uchun bo’lgan kurash natijasida markaziy hokimiyat zaiflashdi va markazlashgan davlat parchalanishi boshlandi. Hirot shahri bilan Janubiy Xuroson Ismoil Safaviy qo’shinlari tomonidan ishg’ol qilindi. Xorazmda ham Eron shohi Ismoil Safaviy hukmronligi o’rnatildi. Lekin, unga qarshi uyushtirilgan fitna natijasida 1511 yilda hokimiyatga Berka sultonning o’g’li Eldare keldi va u Xorazm xoni deb e’lon qilindi. Toshkent udeli ham amalda mustaqil bo’lgan. Unga o’sha davrda Farg’ona, XVI asrning ayrim yillarida Sirdaryo bo’yidagi shaharlar ham kirgan. Shayboniyxonlar qo’lida faqat Movarounnahr saqlanib qoldi. Faqatgina Shayboniyxonning ukasi, Buxoro udelining hokimi Mahmud Sultonning o’g’li Ubaydullaxon (1533-1539) ta’sirli hukmdor bo’ldi. U Xurosonga bir necha bor harbiy yurish uyushtirildi, davlat chegarasini Shayboniyxon davridagi holatga keltirishga harakat qildi, udel hokimlarini ma’lum darajada bo’ysungan holda saqlashga muffaq bo’ldi. Buxoroning siyosiy, iqtisodiy va madaniy markaz sifatidagi ta’sirini kuchaytirib, Shayboniyxonlar davlatining poytaxtiga aylantirildi.

Lekin, Ubaydullaxondan keyin boshlangan siyosiy tarqoqlikning va udellar o’rtasidagi o’zaro kurashlarning oldini olishga faqat Abdullaxon (1557-1598) erishdi. U aslida Karmana viloyatining hokimi Iskandarning o’g’li bo’lib, Buxoro yaqinidagi Jaydar qishlog’ining ta’sirchan shayxlari himoyasida hokimiyatga keldi. Abdullaxon olib borgan tinimsiz urushlar natijasida 1573 yilda Farg’ona, 1584 yilda Samarqand, 1582 yilda Toshkent, Shoxruxiya, Sayram, 1583 yilda Balx shaharlari egallandi. Shu davrga kelib u deyarli butun Markaziy Osiyo yerlarini o’z tasarrufiga o’tkazdi. Navbatdagi harbiy yurishlar natijasida 1584 yilda Badaxshon, 1588 yilda Hirot va 1595 yilda Xorazm ham Abdullaxon II ixtiyoriga o’tkazildi.

Abdullaxonning o’ta qattiq qo’llik va uzoq olib borgan harbiy yurishlari natijasida feodal tarqoqlik hollariga chek qo’yilgan, katta hududda Shayboniylar davlatini qayta tiklashga erishilgan bo’lsa ham qator viloyatlar vayron etildi, tinch aholi qirg’in qilindi va ortiqcha azobu-uqubatlarga duchor bo’ldi. O’sha davrdagi dahshatli voqealar tarixini Hofiz Tanish Buxoriyning Abdullaxon hukmronligiga bag’ishlangan asari “Sharafnomaiy shoxiy” (“Abdullanoma”) da o’z aksini topgan. Unda qayd etilishicha, hattoki Abdullaxon II o’z hokimiyatini mustahkamlash maqsadida hukmron sulolaning barcha a’zolarini qidirib tashlagan. Natijada, 1598 yilda Abdullaxonning o’zi, 1599 yilda o’g’li Abdulmo’min o’ldirilgandan keyin Shayboniylardan taxtni egallaydigan biron bir vakil qolmagan va shayboniylar sulolasi sifatida barham topgan. Shayboniylarning qariyb 100 yillik hukmronligi davrida davlat tuzilishi o’ziga xos xususiyatga ega. Hokimiyat tepasida xon turgan. Davlat viloyatlarga bo’linib, ularga sultonlar boshchilik qilganlar.

Ubaydullaxon davrida (1533-1539) poytaxt Samarqanddan Buxoroga ko’chirildi. Saroydagi devonlarga davlat mahkamasi va moliya ishlari boshlig’i devonbegi boshchilik qilgan. Xonlikdagi oily martabali lavozimlar quyidagilar bo’lgan: ko’kaldosh (bir ona sutini emgan ma’nosida) muassasalarni boshqargan va xon to’g’risidagi turli ijobiy va salbiy ma’lumotlarni yig’ish bilan shugullangan; mushrif – xonning kishilarga beriladigan inomlarni ro’yxatini va soliq yig’ish ishlarini olib borgan; qo’shbegi – xon va sultonlarning ov qilish anjomlari nazorati bilan shug’ullanuvchi shaxs; munshi (mirza) – xonning farmonlarini yozgan. Bundan tashqari xon saroyida mirshab, dodxox (aholi shokoyatlarini tinglovchi), miroxo’r (otxona boshligi), parvonachi (yorliqlar topshiruvchi) kabi lavozimlar ham bo’lgan. Xonlikda ruhoniylar: payg’ambar (Muhammad) avlodi hisoblangan sayidlar va payg’ambar xalifalari (Àbubakr, Umar, Usmon va Àli) avlodi xo’jalarning, ayniqsa juybor xo’jalari ta’siri juda katta bo’lgan. Xo’ja Islom Juybari va uning o’g’li Xo’ja Said xonlikning doimiy maslahatchilari edi. Hukmdorlarning siyosiy mavqeini mustahkamlashdagi xizmatlari uchun ularga katta yerlar in’om qilingan, xo’jalik ishlarini bajarishda dehqonlar va hunarmandlar safarbar etilgan, yangi binolar qurib berilgan, hattoki urushlarda qo’lga kiritilgan boyliklarning ham bir qismi berilgan. Shayboniylar Temuriylar davrida shakllangan ijtimoiy-iqtisodiy tuzumni deyarli o’zgartirmadi. Agrar munosabatlar ham eskicha qoldirilib, asosiy “mamlakat – i – podshohi” yoki “mamlakat – i – sultoni” deb nomlangan davlat yerlarning egasi xon bo’lgan. Bulardan foydalangan feodallar yerlarning ishlash uchun dehqonlarga berganlar. Davlat yerlari foydalanish mazmuniga ko’ra suyurg’ol, iqta, tanho kabi shakllarga bo’lingan. Suyurg’ol hukmron sulola a’zolariga, yirik davlat arboblariga va xizmat ko’rsatilgan harbiy qo’mondonlarga, keyinroq esa taniqli ruhoniylar, shoirlar va olimlarga ham berilgan. Iqtadan shayboniylar avlodlari, yirik davlat va harbiy arboblar foydalanganlar. Tanho XVI asrlardan yuzaga kelgan yangi yer egaligi munosabati bo’lib, u asosan kichik xizmatlarga berilgan. Vaqf o’sha davr yer egaligi munosabatlarining alohida ko’rinishi bo’lgan. Vaqf yerlari xon tomonidan musulmon ruhoniylariga berilib, ulardan tushadigan daromad asosan qozi-kalonlarga, mutavalilarga (vasiylarga) berilardi, madrasa va maktab ishlariga xarajat qilinardi. Yerning turli yo’llari bilan tarqatib berilishi davlat xazinasidagi daromadni kamaytirgan, xon hokimiyatni bo’shashtirgan va mamlakatda separatistik harakat yuzaga kelishiga sabab bo’lgan.

Temur va temuriylar davrida yuzaga kelgan murakkab soliq, to’lov va majburiyatlar Shayboniylar davrida ham saqlanib qoldi. Dehqonlar ham davlatga, ham feodallarga soliq to’laganlar. Bu soliq “Malvat jihat” deb nomlangan. Yana dorug’asoliq yig’uvchilar va viloyat hokimlari foydasiga, zakot – mol boshiga, zobitona – hukmdor foydasiga, tanobona – yer solig’i, madadi lashkar – harbiy soliq kabilar bo’lgan. Ekin ekiladigan yerlardan olinadigan hosilning 30-40% ini har-xil soliqlar va to’lovlar tashkil qilgan. Mamlakat aholisidan olinadigan soliqlar va to’lovlar soni 90 dan ortiq bo’lgan. Bundan tashqari kanal qazish, ariq tozalash, yo’l tuzatish kabi majburiyatlar soni ham yildan yilga ko’payib borgan. Majbur etishning mazkur iqtisodiy va boshqa xil yo’llari ko’pincha dehqonlar, hunarmandlar va shahar kambag’allarining noroziligiga, qarshilik ko’rsatish hollariga sabab bolardi. Bular ekin ekishdan bosh torish, qochib ketish, qashshoqlarning ochlik e’lon qilishi, ba’zan qo’zg’olonlar uyushtirish yoki feodal hokimlarni almashtirishga intilish kabi shakllarda namoyon bo’lardi. Fikrimizning isboto sifatida 1501 yili Qorako’lda qo’zg’olonchilar Shayboniy hukmdorga qarshi chiqib shaharni qo’lga olishini, Samarqand viloyatida xon farmonining e’lon qilinishi, XVI asr boshida Kosonda bo’lgan qo’zgolonni bostirish uchun shayboniy sultonlar 3 oydan ko’proq vaqt sarflashgan, 1587 Toshkentda, 1588 yili Xo’jand va Shoxruxiya shaharlaridagi ommaviy harakatlarni bostirish uchun Àbdullaxon II ning aralashuvini ko’rsatish kifoya. XVI asrda hunarmandchilik bir muncha rivojlandi. Buxoro, Toshkent va Samarqand viloyatlarida temir va va cho’yandan turli xil asbob – uskunalar va buyumlar: qurol – yaroq, mis va jez idishlarni yasash, to’qimachilik, qog’oz, sovun va o’ymakorlik buyumlari ishlab chiqarish sezilarli darajada taraqqiy etdi. To’qimachilik kengayishi, bo’yoqchilik rivojlanishiga asos soldi. Bobur “eng zo’r qog’oz Samarqandda tayorlangan”, deb yozadi. Qog’oz ipakdan, bilan kanop aralashmasidan ham paxtadan tayorlangan. “Qog’ozi ipak” eng oliy navli qog’oz hisoblangan. Ularni tayorlash siri hozirgacha bizga noma’lumligicha qolmoqda. Shayboniylar davrida tashqi va ichki savdo, xalqaro aloqalar kengayishini sezish mumkin. Ma’lumotlarga ko’ra bizning shahrimizdagi savdogarlar Hindistonga, Eron, Qashqar va Nug’ay xonliklariga borib turli xildagi mol olib kelganlar.

Shayboniy Abdullaxon II va uning o’g’li Abdulmo’min o’ldirilganidan keyin Buxoro xonligi taxtini egallagan Pirmuhammadxon (Balx hokimi) ham, 1601 yili yirik amirlar va mahalliy kuchlarga bas kelolmasdan halok bo’ldi. Aniqrog’i, Samarqand hokimi Boqi Muhammadni Markaziy hokimiyat ixtiyoriga tutish niyatida 50 ming qo’shin bilan unga qarshi chiqqan Pirmuhammadxon Bog’ishamol atrofida mag’lubiyatga uchraydi. Buxoro xonligi taxti Boqi Muhammad qo’liga o’tdi. Shu tariqa Shaybonylar hukmronligi tugab, Buxoro xonligida Ashtarxoniylar sulolasi boshqaruviga asos solindi. Ashtarxoniylar kimlar? Ma’lumki, Оltin O’rda Davlati zaiflashishi jarayonida XV asrning 30-yillarida Volga bo’yi yerlarida Astraxon xonligi yuzaga kelgandi. “Astraxon” Ashtarxonning ruslashganidir. Ashtarxon esa aslida Xolim Tarxondir. Tarxon Turkiy xalqlar hayotida mavjud siyosiy unvonlardan hisoblanib, mashhur Xazar xonligi (7 – 11 asrlar) davrlaridanoq ma’lum. 1552 yili Rossiya Qozonni bosib olgach, 1554 yili Ashtarxon (Xoji Tarxon) xonligiga nisbatan bosqinchilik qiladi va uni boshqargan mang’it sulolasi yengiladi. Uning o’rniga shu suloladan Darvishali o’tqaziladi. Lekin, Darvishali ham ruslarga bo’ysinishidan bosh tortgach, 1556 yili xonlik katta kuch bilan Rossiya imperiyasi tasarrufiga o’tkaziladi. Ana shu ruslar bosqini natijasida Ashtarxon xonlaridan Yormuhammadxon o’g’illari Joni Muhammad Sulton, Abbos Sulton, Tursun Muhammad Sulton, Pir Muhammad Sultonlar bilan Movarounnahrga kelgan. Bu yerda Yormuhammadxon Abdullaxon II ning otasi Iskandarxon tomonidan yaxshi kutib olinib, hattoki qizi Zuhrabonuni Joni Muhammad Sultonga beradi. Ulardan Din Muhammad, Boqi Muhammad va Vali Muhammadlar tug’ilib, qarindoshlik aloqalari yuzaga keladi. Qarindoshlik hisobiga Boqi Muhammad Shayboniylar tomonidan Samarqand hokimligini qo’lga kiritadi. Оxir oqibatda Boqi Muhammad davlatni boshqarish ishini shayboniy Pirmuhammadxondan tortib oladi va Ashtarxoniylar sulolasining bir yarim asrlik 1601-1753 faoliyati boshlanadi. Yangi sulola o’zbek davlatchiligi boshqaruviga biron – bir keskin o’zgarish kiritmagan bo’lsada, mamlakat yaxlitligini saqlashga qaratilgan siyosat olib bordi. Bu borada Boqi Muhammadxon (1601-1605) Marv, Xorazm, Balx kabi yerlardagi siyosiy kuchlar boshboshdoqlikni oldini olish harakatini qilib ko’rdi. U 1602 yili Balx harbiy yurishini uyushtirib, uni o’z tasarrufiga o’tkazadi va ukasi Vali Muhammadga tortiq qiladi. Boqi Muhammad vaqtni qo’ldan bermay Àndxiya, Shibirg’on, Chechakti, Maymana, Murg’ob daryosigacha bo’lgan hamda Bolg’on, Badaxshon va Xisorni Movarounnahr tarkibiga kiritadi.

Imomqulixon (1611-1642) davlatni birmuncha kengaytirishga muvaffaq bo’ldi. U Toshkentni qozoqlardan tortib oldi va unga o’g’li Iskandar sultonni hokim etib tayinladi. Bu harbiy harakatda unga ukasi Balx hokimi Nazar Muhammad Sulton ham qatnashgan. Imomqulixon qabila boshliqlarining hukumronligini bir muncha zaiflashtirishga erishdi. Eron va Hindiston (Boburiylar) bilan ko’proq elchilik aloqalari olib borilgan. Uning davrida mamlakatdagi siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy barqarorlikni manbalardan olingan quyidagi so’zlardan bilishimiz mumkin: “Imomqulixon nochorlar ishini yengillashtirdi, arz bilan kelganlarni qaytarmadi, uning zamonasida na kambag’al, na bechora qolmagandi. Chiqargan buyruqlari ijrosi borasida amaldorlarga qattiq turdi, qorong’i tushishi bilan oddiy kiyim kiyib vaziri va qo’rchi bilan bozoru mahallalarni aylanib, oddiy xalqning haqiqiy turmush ahvolidan boxabar bo’lib turardi, buni xalq bilardi. Shuning uchun ham uning hukmronligi yillarida mamlakatda biron marta ham isyon tig’i ko’tarilmadi”. Lekin, baribir ayrim qabilalarning amirlari markaziy hokimiyatni tan olmasdi. Masalan, Samarqand hokimi Yalantushbiy qudratli feodal bo’lib, o’zining ixtiyoridagi kattagina qo’shin bilan qo’shni viloyatlarga yurishlar qilgan, mustaqil shartnomalar tuzgan. Uning mustaqil farmoyishiga ko’ra Samarqandda ikki mashhur madrasa -Sherdor va Tillaqori madrasalari qurilgan.

Ko’zi ojizlanganligi sababli Imomqulixon Buxoro taxtini Balxda o’ttiz yildan beri hukmronlik qilayotgan ukasi Nazr Muhammadxonlar (1642-1645) beradi. U davlat ishlarida hak qiluvchi rol o’ynaydi. Kishilar bilan til topisha olmaganligi va ko’chmanchilar bosqinining oldini olinmaganligi sababli aholining yalpi noroziligi kelib chiqadi. Nazr Muhammadga qarshi kayfiyatdagi amirlar fitnasi natijasida xonlik taxtiga o’g’li Abdulaziz o’tkazildi (1645-1680).

Abdulazizxon davrida kuchli Markaziy hokimiyatning yo’qligidan va davlat parokandaligidan foydalanib Xiva xoni lashkarlari Buxoro xonligi shaharlari va vohalariga bostirib kira boshladi. Ular 1662 yilda Buxorogacha yetib kelishga ulgurdi. Keksayib qolgan Abdulaziz Xiva qo’shinlariga va feodallar xurujlariga zarba berishga ojizlik qilib, taxtdan ukasi Subxonqulixon foydasiga (1680-1702) voz kechishga majbur bo’ldi. U qatag’on qabilasidan bo’lgan otaliq Mahmudbiy yordamida tez-tez hujum uyushtirayotgan Xivaliklarni quvib yuborishga erishdi. Buning evaziga Mahmudbiy Balx va Badaxshon hokimi etib tayinlandi. U deyarli mustaqil ish tutdi va tezda Subxonqulixon bilan hisoblashmay qo’ydi. Subxonqulixon mahalliy qarshiliklarni sindira olmadi. Tinimsiz olib borilgan urushlar mehnatkash xalq boshiga katta yuk bo’lib tushdi. Aholidan olinadigan soliqlar va poraxo’rlik nihoyatda avj olib ketdi. Xazina bo’shlab qolganida uni alohida qo’shimcha soliq olish yo’li bilan to’ldirishga harakat qilindi. Ma’lumotlarga ko’ra, Subxonqulixon alohida yetti yillik soliqni oldindan to’lashni talab qilgan. Boshboshdoqlik va mamlakat xo’jaligi butunlay izdan chiqqan sharoitda Subxonqulixonning o’g’li Ubaydullaxon taxtga chiqdi (1702-1711). U feodallarning o’zboshimchaligiga chek qo’yishga, markaziy hokimiyatni kuchaytirishga harakat qilgan bo’lsa ham mamlakatdagi eng asosiy viloyatlar va shaharlarda sulola namoyandalari emas, tobora qudratga to’lib kelayotgan amirlar hukmronlik qilardi. Masalan: Samarqand, Shahrisabz, Qarshi, O’ratepa, Hisor, Balx va boshqalarda. 1711 yili Ubaydullaxon ham suiqasd qurboni bo’ldi. Bu to’g’rida Muhammad Amin Buxoriyning “Ubaydullanoma” asarida to’liq ma’lumotlar saqlangan.

Mamlakatda mahalliy kuchlar hamda yirik amirlar boshboshdoqligi so’nggi Ashtarxoniy hukmdori Abdulfayzxon (1711-1747) zamonida ham davom etdi. Bundan foydalangan Afg’oniylar sardori Nodirshoh 1770 yili Ashtarxoniylarga hal qiluvchi zarbani berdi. Garchi Nodirshoh Abdulfayzxonni o’z o’rnida qoldirgan bo’lsa ham amalda hokimiyat boshqa bir mahalliy sulola – mang’itlari namoyandalari Muhammad Xakimbiy va uning o’g’li Muhammad Rahimbiy qo’liga o’tadi. Muhammad Rahimbiy buyrug’i bilan 1747 yili Abdulfayzxon qatl etilib, uning o’rniga o’g’li Abdulmo’min xon deb e’lon qilindi. Ammo, amaldagi hokimiyat Muhammad Rahimbiy ixtiyorida qolaverdi. Bir yildan keyin Muhammad Rahimbiy bu qo’g’irchoq xonni ham o’ldirtirib, o’rniga marhumning ukasi Ubaydulla sultonni o’tkazib tez orada uni ham yo’q qiladi. Shu tariqa Ashtarxoniylar sulolasi faoliyati barham topadi. Ashtarxoniylar ham Shayboniylar davridagidek mamlakatni viloyatlar va tumanlarga bo’linib boshqargan. Ularga asosan xon xonadonining vakillari va o’zbek zodagonlari boshchilik qilgan. Bu davrda markazdagi va joylardagi hokimiyat bir idora – dargohda mujassamlashib borgan. Xonlar cheksiz hokimiyatga ega bo’lsa ham viloyat hokimlari va qabilalarning obro’li oqsoqollarining o’z tevaraklariga birlashtira olganlaridagina muvaffaqiyatli siyosat yurgiza olganlar. Lekin, viloyatlardagi ayrim hokimlar qudratining oshib borishini, hattoki bo’ysinmay qo’yishni Ashtarxoniylar hukmronligining so’nggi davrlarda sezish qiyin emas. Yalangtushbiy Samarqand hokimi, otaliq Muhammad Rahimbiy (mang’itlar hokimi) va boshqa ayrim amirlar o’zlari boshliq qabilalarning harbiy kuchlariga tayanib, mustaqil siyosat olib borgan va xonlarning butun faoliyatini nazorat qilib turgan.

Ulamolar orasida shayxulislom, ilohiyot fani bilan shug’ullanuvchi olimlar, qonunshunoslar, madrasa muddarislari alohida o’rin egallanganlar. Sadrlarning asosiy vazifasi in’om etilgan mulklar-vaqflarni boshqarar edi. Vaqf muassasalarining boshliqlari – mutavalilar ularga bo’ysinganlar. Ularning vazifalari va huquqlari vaqf yorlig’i shartlarida bayin qilinardi. Ular vaqf xo’jaligi daromadining ma’lum qismini olishardi. Sudlov ishlarini, qonunlarga rioya qilinishini shayxulislom ta’minlangan. Bu lavozim avloddan-avlodga o’tgan. Buxoro xonligi poytaxtining qozisi davlatning bosh ruhoniysi, oliy sudi (qozi kalon, qoziyi kuzzot) hisoblanardi. Har bir viloyatda bir nafardan qozi bo’lgan. Ularni amirning o’zi tayinlanardi. Qozi din masalalari bo’yicha ham, oila, meros va qisman jinoyat ishlariga oid masalalar bo’yicha ham qarorlar qabul qilgan. Bu qarorlar Qur’on oyatlariga, shariatga asoslangan. Sudlov ishlarida muftiyning roli katta bo’lgan. U fiqh (hudud) va hadisni yaxshi biladigan huquqshunoslar orasidan tayinlanardi. Muftiyning vazifasi turli diniy-huquqiy masalalar yuzasidan shariatga asoslanib fatvo chiqarishdan iborat edi. Aholi turmushida muxtasib muhim o’rin egallangan. U yaxshilikka ko’maklashib, yomonlikning oldini olishga qaratilgan qonunni himoya qilish bilan shug’ullangan. Bozorda tartib bo’lishini kuzatish, savdo qoidalariga rioya qilish, bozordagi tosh-tarozilar to’g’riligini ta’minlash muxtasib vazifasiga kirgan. Muxtasib yana musulmon axloqi me’yorlariga rioya qilinishini kuzatish, ichkilikbozlik, sudxo’rlik va shu singarilar payini qirqishi zarur edi. Davlat xizmatidagi amaldorlar asosan aholida olinadigan mablag’lar hisobiga yashagan. Buxoro xonligi devonidan xizmatchilar aniq belgilangan ish haqi olishmagan. Ularga yer uchastkasi savdo-hunarmandchilik muassasasi va boshqalardan olinadigan daromadlarning bir qismi ajratilgan. Dehqonlikning barcha sohalari (g’allachilik, paxtachilik, polizchilik, bog’dorchilik) doimiy harakatda bo’lgan. O’sha paytlarda bug’doyning 20 xil navi bo’lgan. Zarafshon, Qashqadaryo va Farg’onada bog’dorchilik mashhur bo’lgan. Asosan olma, o’rik, shaftoli, olxo’ri, olcha, bodom, yong’oq, nok, uzum va boshqalar yetishtirilgan. Zahiriddin Bobur: “Andijon nokidan yaxshiroq nok bo’lmaydi”, -deb yozgandi. Ana shu mevalarning ko’plari quritilgan shaklda boshqa mamlakatlarga yuborilgan. Buxoroning olxo’risidan shifobaxsh meva sifatida foydalanilgan. Hunarmandchilikda ham ilgaridek an’anaviy yo’nalishlar: to’quvchilik, temirchilik, qurolsozlik, duradgorlik, qo’nchilik, zargarlik, qurolsizlik kabilar ishlab turgan.

XVIII asr ikkinchi yarmidan Markaziy Оsiyoda Buxoro amirligi, Xiva va Qo’qon xonliklaridan iborat uchta mustaqil davlat birlashmasi to’la ravishda faoliyat ko’rsata boshladi.

1753 yili Muhammad Rahimbiy o’zini Buxoro amiri deb e’lon qildi. Shu bilan mang’itlar sulolasi hukm surgan Buxoro amirligiga asos solinadi. Muhammad Rahimbiy to’rt yil ichida Miyonqal’a, Nurato, Hisor, Qubadiyon, Boysun va Shaxrisabz mustaqil feodallariga qarshi bir necha marta qilingan harbiy yurishlar natijasida ularni o’ziga bo’ysindirishga erishdi. 1753 yilda u yana Samarqand, Urgutga, Zarafshonning yuqori oqimiga, O’ratepa va Jizzaxga yangi yurishlar uyushtirdi. Uch yil davom etgan urush harakatlari natijasida Panjakent, Falgar, Qo’shtut, Jizzax va Zominni Buxoroga bo’ysindirdi. Faqat chingiziylar xon unvoniga ega bo’lishlari mumkinligini e’tiborga olib, Rahimbiy Àbulfayzxonning qiziga uylandi va xon avlodlari bilan qarindosh tutindi. Qo’qon, Toshkent, Marv, Balx va Qunduz mulklari ham Rahimbiy Buxoroning qonuniy hukmdori deb tan oldi. Shundan keyin 1756 yili mang’it, baxrin, xitoy-qipchoq va saroy urug’lari amirlari Muhammad Rahimbiyni chingiziylari odatiga ko’ra oq qizida ko’tardilar. Muhammad Rahimbiy Buxoro amirligida o’zining yakka hokimligini o’rnatishga harakat qilishga qaramasdan Hisor bekligi undan ajralib chiqib qoldi, 1757- 1758 yillarda Hisor, Denov, Dushanbe, Boysun va Termizga qilgan harbiy yurishlar katta vayronagarchiliklarga sabab bo’ldi. Xorazm aholisini o’z hokimidan norozi ekanligidan ustalik bilan foydalangan Rahimbiy Xivaga o’z odamini o’tkazdi va Xorazm ham ma’lum vaqt amirlik ixtiyorida bo’ldi. Muhammad Rahimbiyning tinimsiz urushlari ham mamlakatni to’la birlashtirish imkonini bermadi.

Tez orada bu ichki nizolarga amirlikka vassal hisoblangan O’ratepa uchun Qo’qon xoni Оlimxon bilan boshlangan urush va qo’qonliklarning Jizzax, Zomin, Xo’jand, O’ratepaga qilgan hujumlari qo’shildi. Ahmad Donishning Buxoro amirlari tarixiga bag’ishlangan “Risola” asarida yozilishicha, “Amir Haydar hukmronligi davrida har 3-6 oyda uzluksiz feodal urushlari bo’lib turibdi”. Amir Haydar vafotidan keyin Buxoro taxtiga uning uchinchi o’g’li Nasrullo (1827 -1860) chiqdi. Nasrulloga to’siq bo’lmasligi uchun Haydarning katta o’g’illari Husayn zaharlangan va Umar qatl etilgan edi. Amir Nasrullo mamlakatdagi feodal tarqoqlikni to’xtatishni keskin kurashdan boshladi. U taxtga o’tirgandan keyin bir oy ichida har kuni 50-100 kishini qatl qilib turdi. Harbiy yurishlar paytida bo’ysinmagan shahar va qishloq aholisini qilichdan o’tkazdi. Nasrullo Buxoroda oddiy odamlar orasidan to’plangan va mashqdan o’tkazilgan sarbozlar, ya’ni muntazam piyoda qo’shin tuzdi. U zamonaviy artileriya vujudga keltirishga harakat qildi. Amir Nasrullo Shahrisabz bekligi bilan uzoq kurash olib borib, 1856 yildagina uni zabt etdi. U qo’shni Qo’qon va Xiva xonliklari hisobiga o’z hukmronligini kengaytirishga harakat qildi. U 1842 yilda Qo’qon xonligini qo’lga kiritib, Muhammad Alixonni qatl ettirdi. Amirning Qo’qon xonligi bilan bandligidan foydalangan Xiva xoni Оlloqulixon o’z qo’shinlarini Chorjuyga boshlab keldi. Bundan xabar topgan Nasrullo Buxoroga qaytishga majbur bo’ldi. Buxoro amirligi bilan Xiva xonligi o’rtasidagi bunday jiddiy munosabat Rahimqulixon hukmronligi davrida ham saqlanib keldi va nihoyat Nasrullo Xazorasp qamalida mag’lubiyatga uchradi. 1843 yilda Amir Nasrullo Xo’jand va O’ratepani qo’lga kiritish uchun Qo’qon xonligiga yana bostirib kirdi. Qisqasi bu shaharlar o’n yil davomida doimo qo’ldan-qo’lga o’tib turdi.

XVI asr boshlarida Elbarsxon (1511-1523) tomonidan tashkil etilgan Xiva xonligida hukmdorlar tez-tez almashinib turgan. Uning asosiy sababi mamlakatda xonavayronlikni yuzaga keltirgan o’zaro urushlar bo’lgan. Bundan foydalangan Buxoro xoni Abdullaxon 1593 yilda Xiva xonligini bosib oladi. Lekin, Abdullaxon II ning o’ldirilishi munosabati bilan 1598 yilda Xiva xonligi yana o’z mustaqilligini qo’lga kiritadi. Xonlikka qo’shni bo’lgan qalmiqlar, qozoqlar, ural kazaklar ham har safar muvaffaqiyatsiz bo’lsada bir necha bor hujum uyushtirib turganlar. Ayniqsa, Arab Muhammad davrida xonlikdagi o’zaro urushlar yuqori nuqtaga chiqib 1623 yili Turkmanlar yordamida xonlik taxtini Asfandiyorxon (1623-1643) egallaydi. Bu davrda ham Xiva lashkarlari Buxoro xonligini vayron qilarli darajadagi qator harbiy yurishlar qildi. Ana shunday bosqinlardan oxirgisini 1662 yilda Xiva xoni Abulg’ozi amalga oshirildi. U Buxoro xoni Abdulaziz bilan sulh tuzadi. Buxoroga hujumlar Abulg’ozining o’g’li Anusha davrida (1663-1687) ham davom etdi. U hattoki 1685 yili Samarqandni ham zabt qildi. Lekin, G’ijduvon yaqinida tor-mor qilindi. Buxoro xoni Subxonqulixon Anushaxoniyning o’g’li Ernak boshchiligida buxoroliklarning fitnachi guruhini tashkil qilib, 1687 yilda Anushxonning ko’zini ko’r qilinishiga erishdi. Fitnachi guruh 1688 yili Subxonqulixonga vakillar yuborib, Xivani o’z tasarrufiga olishni iltimos qildi. Xon eshikog’a unvoniga ega bo’lgan Shohniyozni Xiva hukmdori etib tayinladi. Shohniyoz Xiva xonligi mustaqilligiga erishish va Buxoroga bo’lgan qaramlikdan qutilish maqsadida imperator Pyotr I ga yashirin elchi yuborib, u orqali xonlikni Rossiya tobeligiga qabul qilinishi so’raydi. Pyotr I 1703 yilda yangi Xiva xoni Arab Muhammadga (1707-1714) yorliq yuborib xonlikning tobe’ligini tasdiqladi lekin amaldagi tobelik bo’lmadi.

Sherg’ozixon davrida (1715-1728) Xiva xonligida feodal mojarolar shiddatli davom etishdan foydalanib Pyotr I uyushtirgan A. Bekovich Cherkasskiy ekspeditsiyasi xonlikni Rossiya ta’siriga o’tkazish yo’lidagi dastlabki harbiy urinishini qilib ko’rdi. Lekin, xonlik Cherkasskiyning 6000 kishilik otryadining to’laligicha qirib tashladi va ancha vaqtgacha Rossiya tomonidan hujum bo’lish xavfi ostida yashadi. Shu orada Xiva xonligi Xurosonga bir necha bor uyushtirgan harbiy yurishni va Buxoro tomoniga o’tib Nodirshoh qo’shinlariga qarshi chiqishi bilan o’zining janubiy xavfsizligining ham keskinlashtirdi va nihoyat Nodirshoh Buxoroni o’z tasarrufiga o’tkazgandan keyin Xorazmga hujum qilishni boshladi. U Hazorasp va Xonqa janglarida xivaliklar ustidan g’alaba qozondi. Xiva xoni Eldorxon (1728-1740) o’ldirildi. Xivada Nodirshoh noibi tayinlanib va harbiy garnizoni qoldirilib, Eron boshqaruv tizimi o’rnatildi. Ammo ularni hokimiyati xonlikni barcha qismini o’z ichiga ola olmadi va notinchlik ko’rdi. Shu paytdan boshlab tez-tez o’zgarib turgan xonlar aslida hokimiyatni qo’ldan berib qo’ydilar, ularning nomidan 1763 yildan boshlab o’zbeklarning qo’ng’irot qabilasidan bo’lgan inoqlar hukmronlik qildilar. Ular badavlat shaharliklar va ruhoniylarni qo’llab quvvatlashga erishdilar. Chunki, mamlakat iqtisodiyoti feodal tarqoqligidan zarar ko’rayotgan edi. Markaziy hokimiyat zaifligi sababli aholi ko’plab bosqinlarning azobu uqubatlariga bardosh bera olmasdan qo’shni yurtlarga qochib ketmoqda edi. Sug’orish inshootlari qarovsiz qolib ko’pgina yerlar tashlandiq holatga tushib qolgandi. Xiva shahri aholisi soni ham keskin qisqargandi. Ana shu zarurat tufayli inoq Muhammad Amin (1763-1790) 1770 yilda Turkmanlarning, 1782 yilda esa buxoroliklarning hujumlarini daf etib, 1804 yildan Xivada qo’ng’irotlar sulolasining amaldagina emas rasmiy ravishda ham hukmronligini ta’minladi.

Muhammad Rahim I (1806-1825) Xiva xonligini birlashtirishni nihoyasiga yetkazdi. U soliq islohoti o’tkazdi, o’lponlarni muntazam undirush yo’li bilan davlat daromadini oshirdi, bojxona joriy etdi va oltin pul zarb qilishni yo’lga qo’ydi. U feodallar o’rtasidagi mojarolarga chek qo’yib, ularning yerlarni birlashtirdi. Muhammad Rahim 1811 yilda Оrollik feodal guruhlar qarshiligini sindirib, ularni o’z itoatiga o’tkazdi. Xonlik qaraqalpoqlarni ham bo’ysundirdi. Xonlikning Xiva, Yangi Urganch, Xazorasp, Xo’jayli, Toshhovuz, Gurlan, Xonqa kabi shaharlarida turli hunarmandchilik sohalari rivojlandi, ular savdo markaziga aylandi. Yangi Urganch bozori chet ellik savdogarlar bilan gavjum bo’ldi. XIX asrning 40-yillardagi ma’lumotlarga ko’ra, Xorazmga tegishli yerlar 70 tumanga, 20 beklik va viloyatlarga bo’lingan. Xonlik chegaralari barqaror bo’lmagan, u davlatdagi va qo’shni mamlakatlardagi siyosiy vaziyatga qarab o’zgarib turgan. Xonlik qozoq xonlarining yerlari, Eron va Buxoro amirligi bilan chegaradosh bo’lgan. XVIII asrdan boshlab uning Rossiya tasarrufidagi yerlar bilan ham chegaralari vujudga ktldi. XIX asrning birinchi yarmida Said Muhammad Rahimxon II davrida Xiva xonligida 900 mingdan ortiq aholi yashagan.

XVIII asr boshida Buxoro xonligida Ashtarxoniylar hukumronligi tanazzuli tezlashgan sharoitda Farg’ona vodiysida Qo’qon xonligi tashkil topdi. Dastlab ming qabilasidan chiqqan Shohruhbiy 1710 yilda Chodak xo’jaliklari hokimiyati o’rniga Buxoro xonligidan mustaqil Farg’ona deb nomlangan mulkga asos soladi. Uning o’g’li Muhammad Rahimbiy (1721-1740) davrida Farg’ona mulki ancha kengayib, Abdulkarimbiy (1740-1760) markaziy hokimiyatini mustahkamlash uchun feodallar o’zboshimchaligiga chek qo’yishga intildi. Norbutabiy (1769-1800) davrida Chust va Xo’jand beklari qarshiligi bostiriladi.

Norbutabiyning o’g`li Оlimbek (1800-1809) Qo’qon xonligidagi feodallar o’zboshimchaligini bostirishga erishdi. U harbiy islohot o’tkazdi, 1803-1809 yillarda Toshkent, Chimkent va Sayramni Qo’qon xonligi tasarrufiga o’tkazdi. Оlimbekning markazlashgan davlatga aylantirish uchun qilgan harakati ba`zi feodal guruhlar o’rtasida keskin norozilikni keltirib chiqardi. Natijada, u ukasi Umarxon boshliq fitnachilar tomonidan 1809 yilda o’ldirdi. Umarxon (1809-1822) xonlik taxtini egallagach Turkiston shahrini va qozoq dashtlarining anchagina qismini Qo’qon xonligiga qo’shib oldi. Aniqrog`i, Uguztog`dan to Xazar (Kaspiy) dengizi sohillarigacha bo’lgan cho’l yerlar Umarxon hukmronligiga bo`sundirildi. Toshkent, Buxoro va Xivadan Оrenburgga boradigan karvon yo`llari tutashgan joyda Оqmachit qal`asi qurildi. Qo’qon xonligi Umarxonning o’g`li Muhammad Àlixon (1822-1842) hukronligi davrida yanada kengaydi. Bu safar Farg`ona vodiysining janubida mustaqillik bilan boshqarilayotgan Qorategin, Darboz va Kulob yerlari egallandi. U yana 1826 yilda Sharqiy Turkistondan musulmonlarini Farg`onaga majburan ko`chirib yuborayotganligi va xo’jalar quvg’in qilinayotganligi to`g`risidagi xabar tarqalishi munosabati bilan qilingan harbiy yurish munosabati bilan Оqsuv, Qashg’ar, O’rkyent, Xuton shaharlaridan soliq olish huquqini qo’lga kiritdi. 70 mingga yaqin Sharqiy Turkistonlik musulmonlarni ko’chirib kelib Shahriston va uning astrofidagi qishloqlarga o’rnashtirdi.

Bu davrda Markaziy Оsiyodagi xonliklar va amirliklar o’rtasida o’zaro qurashlar yana avj oladi. Masalan, Qo’qon hukmdori Alixonning eng obro’li a’yonlarni ta’qib qilishi va qatl qilishidan norozi bo’lgan feodallar va ruhoniylar oshkora bosh ko’tarishga botina olmay Buxoro amiri Nasrulloga yordam so’rab murojaat qiladilar. Alixonning og’ir gunohi – ikkita tug’ishgan singlisi bo’lgani holda o’gay onasiga uylangani haqida uydirma tarqatishadilar. Din peshvolari uni xudodan qaytgan va dindan chiqqan kofir hukmdor sifatida xalqqa ma’lum qiladi. 1840 yildagi Qo’qon xonligi bilan Buxoro amirligi o’rtasidagi urush – Alixon mag’lubiyati bilan tugallanib, Ho’jand Nasrullo tasarrufiga o’tdi, xonlik amirlikka tobeligini tan oldi. Lekin, Nasrullo qo’shinlari jo’nab ketishi bilan Alixon yana o’zi bilan kelisha olmagan kishilarni ta’qib va qatl qilishni davom ettirdi. Natijada, Qo’qonda norozilik g’alayonlari boshlandi. 1842 yilda Nasrullo qo’shinlari yana rahbarsiz qolgan Qo’qonga kelib Alixon va unga yaqin kishilarni qatl ettiradi. Shuni qayd etish joizki, Amir Nasrullo qoldirgan noib, amaldorlar va askarlar qisqa vaqtda Farg’ona aholisiga qattiq zulm o’tkazganligi va ko’plab talonchilik ishlarini amalga oshirganligi sababli 1842 yil yozida Qo’qonda qo’zg’olon ko’tarilib, Buxoro amirligi hukmronligi o’rniga Talasda yashayotgan Оlimxonning jiyani Sherali xon deb e’lon qilindi. Buxoro noibi qochib ketdi, buxorolik qo’shin va amaldorlar qirib tashlandi. Bunga javoban 1843 yili amir Nasrullo o’z mavqeini tiklash maqsadida xonlikka yana kattagina qo’shin bilan kelib Qo’qonni 40 kun qamal qildi. Lekin, Xiva xoni Оlloqulixonning Buxoroga hujum qilganligi sababli Nasrullo qaytib ketishga majbur bo’ladi. Xo’jand va Toshkent shaharlari yana Qo’qon xonligi tasarrufiga o’tadi va xonlik Umarxon davridagi chegaralarini tiklaydi. Lekin, Sheralixonning taxtga kelishiga va Qo’qonning amir Nasrullo tartibotidan qutultirishda yordam bergan qipchoqlar xonlikdagi asosiy lavozimlarni egallashga kirishdilar. Bunga Sheralixon yo’l qo’ymagach qipchoqlar qo’zg’olon ko’tarib, Qo’qon shahrini egallaydi. Natijada, qipchoq oqsoqollari kengashi Sheralixonni taxtda qoldirsa ham qipchoqlar boshlig’i Musulmonqulni amirlashkar (bosh harbiy qo’mondon) etib tayinlaydi. Xonlikdagi asosiy lavozimlarni endi qipchoqlar egallab, hokimiyatni asosan ular boshqara boshladilar. Sheralixon qo’g’irchoq hukmdor bo’lib qoldi. Ana shu davrda aholidan soliq undirishning kuchayishi Qo’qon xonligining bir qator tumanlarida qo’zg’olonlar boshlanishiga sabab bo’ldi. 1845 yilda Musulmonqulning O’shdagi qo’zg’olonni bostirish bilan bandligidan foydalangan Alixonning o’g’li Murod o’zini xon deb e’lon qilishga ulgurdi va Sheralixonni qatl etdi. Musulmonqul darhol O’shdan Qo’qonga qaytib, Murodni o’ldirdi va uning o’rniga Sheralixonning 13 yashar o’g’li Xudoyorxonni taxtga o’tkazdi. Musulmonqul yosh xonning xomiysi bo’lish bilan chegaralanmasdan qaynotasi ham bo’lib oldi. Aslida hokimiyat Musulmon qo’lida to’planib, davlatni asosan qipchoqlar boshqara boshladi. Lekin, Xudoyorxon voyaga yetgach, 1853 yili Musolmonkulning Toshkent, O’ratepa va Xo’jandga muvaffaqiyatsiz harbiy yurishlari davrida mahalliy aholi yordamiga tayanib fitna uyushtirdi va 20 mingdan ortiq qipchoqlar qirib tashlandi. Musulmonqul Qo’qonda qatl etildi, qipchoq yerlari musodara qilinib, egallangan lavozimlardan chetlatildi.

Bularning barchasi mamlakat iqtisodiyotiga juda og’ir ta’sir ko’rsatardi: xo’jaliklar tushkunlikka uchrar, dehqonlar va mayda hunarmandlar xonavayron bo’lar, ko’p oilalar boquvchisiz qolardi. Natijada, xonliqda isyonlar va xalq harakatlari ko’tarilgan. Masalan, 1745-1746 yillarda Farg’ona vodiyisiga qalmiqlarning talonchilik yurishlariga qarshi hukmdorlar zaruriy chora-tadbirlarni amalga oshirmaganligi uchun qo’zg’alon ko’tariladi. Bundan qipchoq zodagonlari foydalanishga harakat qilishdi. Buning evaziga Qo’qon xoni Qipchoqlarni qirg’in qildi. 1799 yili Chust hokimi Buzrukxo’ja Norbutabiyga qarshi chiqdi. 1808 yili toshkentliklar Alimxonning og’ir soliqlariga qarshi qo’zg’olon ko’tardi. Ana shunday sabab bilan 1809 yili Toshkent atrofidagi ko’chmanchi qozoqlar norozilik harakati uyushtirdi. Umarxon siyosatiga qarshi 1821 yilda Tentak to’ra boshchiligida Sayram va Chimkentda qo’zg’olon bo’lgan. 1832 yilda qirg’izlar qo’zg’oloni, 1839 yilda xalqning og’ir ahvoli sababli ko’tarilgan Qorategindagi qo’zg’alonlar ham ilgarigidek katta harbiy kuch bilan bostirilgan.

Davlat tepasida xon, amir, qushbegi, sardor, bast, mahram (mansabdorning xususiy xizmatchisi) va boshqa xonning xos kishilari turgan. Ulardan keyin mingboshi, yuzboshi kabi navkarlarga – qo’shinlarga boshchilik qilgan shaxslar o’rin olgan. Navkarlar dehqonlardan olingan va harbiy xizmatni uzoq muddatda o’taganlar. Xonliklar ko’p tarafdan Amir Temur va Temuriylar davlatini davom ettirganlar. Lekin, shayboniylar o’zlaridan avvalgi boy madaniyatga munosib voris bo’lolmadilar. Me’morchilik sohasida shayboniylar temuriylar an’anasini biroz davom ettirgan bo’lsalar ham, ilm va umuman madaniyat sohasida davom ettira olmadilar. Hatto, qo’shni safaviylar va boburiylar davlatida bo’lgan o’sish shayboniylar davlatining chekkasidan aylanib o’tdi. Natijada, XVI asr oxiriga kelib, shayboniylar davlatida katta madaniy qoloqlik yuzaga keldi. Bu qoloqlik fan, texnika, san’at va siyosatga ham ta’sir ko’rsatdi. Markazdan boshqarish susayib, mahalliy beklar kuchaydi, separatizm va tarqoqlik yuzaga keldi. XVI asrda Xorazm, XVIII asr boshida alohida xonliklarga ajraldi. Toshkent bekligi ham nisbatan mustaqil edi. O’zbek xonliklarida yuz bergan qoloqlik qo’shni musulmon mamlakatlaridan ham kuchliroq edi. Shunday bo’lsa-da, XIX asr boshida uchala xonlikda biroz madaniy yuksalish yuz berdi. Lekin, asosiy illat – boshbashdoqlik kuchayib bordi. Bu illat shu qadar kuchli ediki, o’tgan asrning 60 yillarida Toshkent va Qo’qon xonligiga nisbatan rus istilosi boshlanganda, Buxoro amirligi ham, Xiva xonligi ham yordam bermadi. O’sha davrdagi xonliklardagi vaziyat shuni taqozo qilar ediki, agar butun kuch va imkoniyatlarni safarbar qilganda, birgina Buxoro amirligining o’zi rus istilosiga to’siq bo’la olardi. Àfsuski, noshud amir va xonlar bu qadar yuksaklikka ko’tarila olmadilar, ularning shaxsiy, mahalliy manfaatlari umummilliy manfaatlaridan ustun kelgandi. Mana 130 yillik mustamlakachilik davri tugadi, dushman deyarli daf bo’ldi. Ko’p og’ir damlarni boshimizdan kechirdik. Shu davrda bizni har usullar bilan egib-bukib ko’rdilar, lekin sindira olmadilar.