Turkistonsibir temir yo’li
Turkistonsibir temir yo’li, Turksib — «Qozog’iston temir yo’llari» kompaniyasiga qarashli temir yo’l. Qozog’istonning Sharqiy qismi bo’ylab Semipalatinsk (shimolda) dan Olmaota orqali Lugovaya (Janubda) stansiyasigacha davom etadi. Uzunligi 1452 kilometr. 1927-31 yillarda katta iqtisodiy va davlat ahamiyatiga ega bo’lgan eng yirik umumxalq qurilishlaridan biri tarzida barpo etilgan (qidiruv-loyiha ishlari 1906-07 yillarda olib borilgan). Turksib Lugovaya—Aris temir yo’l tarmog’i orqali O’zbekiston temir yo’llari bilan, Semipalatinsk-Novosibirsk temir yo’l tarmog’i orqali G’arbiy Sibir temir yo’l bilan bog’lanadi. Turksib orqali Novosibirskdan Arisga qadar yo’lning uzunligi 2531 kilometr, bu Chelyabinsk va Orenburg orqali o’tgan eski yo’ldan 1000 kilometr qisqa. Turksib g’alla, yog’och va ko’mirga boy Sibirni Janubiy Qozog’iston va O’rta Osiyoning Paxtakor mintakalari bilan bog’ladi, bu mintaqada paxtachilikni rivojlantirishga, shuningdek, Markaziy Osiyo respublikalarini yog’och, kumir, don bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etgan edi.