Turkmaniston

Turkmaniston – O’rta Osiyoning Janubi g’arbida joylashgan davlat. Maydoni 488,1 ming km2. Aholisi 4,7 million kishi (2002). Poytaxti — Ashxobod shahri. Ma’muriy jihatdan 5 viloyatga, viloyatlar etrap (tuman )larga bo’linadi. Davlat tuzumi. Turkmaniston — betaraf davlat. 1995 yil 12 dekabr. Turkmaniston betarafligi kuni. Amaldagi Konstitutsiyasi 1999 yil 18 mayda qabul kilingan. Davlat boshlig’i — prezident (1990 yildan S. Niyozov). Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Majlis (parlament), ijrochi hokimiyatni Vazirlar Mahkamasi (hukumat) amalga oshiradi. Tabiati. Turkmaniston hududining aksariyati tekislikdan iborat bo’lib, qariyb 4/5 qismi Turon tekisligi (Qoraqum cho’li) da joylashgan. Faqat Janubda tepaliklar va o’rtacha balandlikdagi tog’lar bor. Kaspiy dengizining Turkmanistonga qarashli Janubiy qirg’oqlari kam parchalangan, shimolda Qorabo’g’ozgo’l, Krasnovodsk, Turkman qo’ltiqlari, Krasnovodsk, Darja, Cheleken yarim orollari va qum tillari bor. Dengiz sohili past, qumli. Turkmaniston janubida Kopetdog’ tog’lari (eng baland joyi 2942 metr — Rizo cho’qqisi), undan shimoli g’arbda kichik Bolxon (777 metrgacha) va katta Bolxon (1881 metrgacha) tog’lari joylashgan. Janubi Sharqdagi Bodxiz qirlari (eng baland joyi 1267 metr) va Qorabel qirlari (eng baland joyi 984 metr) o’rtasidan Murg’ob daryosi oqib o’tadi. Chekka Janubi Sharqda Hisor tizmasining Ko’hitang tarmog’i (balandligi 3139 metr — Turkmanistonning eng baland nuktasi) bor. Turkmanistonning g’arbida Krasnovodsk platosi, shimoli g’arbida Ustyurt platosining Janub chekkasi, undan Janubda esa orqa O’zbo’y burmali rayoni yotadi. Kaspiy bo’yi pasttekisligida Nebitdog’ (39 metr), Boyadog’ (134 metr), Qumdog’, Manjuqli (27 metr) va boshqa qirlar ko’tarilib turadi. Kopetdog’ tekisligidan shimol va shimoli sharqda Qoraqum cho’li, Amudaryo va Tajan daryolari oralig’ida Janubiy Sharqiy Qoraqum cho’li joylashgan. Turkmanistonning Janub qismida tez-tez zilzila bo’lib turadi. Muhim qazilma boyliklari — neft va gaz; kumir, mirabalit, oltingugurt, kora va rangli metall, mis, alyuminiy, simob, molibden konlari aniklangan. Iqlimi keskin kontinental, qurg’oqchil iqlim. Yozi issiq va quruq, qishi yumshoq, qor kam yog’adi. Yanv.ning o’rtacha temperaturasi shimoli sharqda -5° dan Atrek daryosi atrofida 4° gacha, ba’zi yillarda Toshhovuz viloyatida absolyut minimal temperatura -32° gacha. Iyulda shimoli sharqda 28°, Janubda 32°, absolyut maksimal temperatura 49,9° gacha. Turkmaniston hududining 80% da doimiy oqar suv yo’q; Janub va Sharqiy hududlardagina daryolar bor. Eng katta va sersuv daryo — Amudaryo. Bu daryoning suvi Qoraqum kanali orqali Bahardengacha borgan -900 kilometr. Ko’llarning aksariyati sho’r. Chuchuk suvli Yasxan ko’li Nebitdog shahrini ichimlik suv bilan ta’minlaydi. Tuproqlari — Ustyurt, Krasnovodsk, Orka Unguz platolarida surqo’ng’ir, tog’ etaklari, tog’yon bag’irlarining quyi qismida, tog’ oldi tekisliklarida, tog’larning quyi mintaqasida bo’z tuproq, yuqorirokda to’q bo’z, tog’tepalarida tog’qo’ng’ir tuproqlar tarqalgan. Qoraqum cho’lining aksariyatini qum egallagan; pastqam joylarda taqir, sho’rxok, daryo vodiylarida o’tloqibo’z va allyuvialo’tloqi tuproqlar bor. Turkmaniston hududining taxminan 2% sug’oriladi. Turkmanistonning o’simlik va hayvonot dunyosi xilma-xil. Qumli cho’llarda oq va qora saksovul, Qandim, cherkez, quyonsuyak, astragal kabi butalar, sho’rxok erlarda yulg’un, sarisazan, shoxilak va boshqalar, daryo vodiylaridagi to’qaylarda bachki teraktol va jiydazorlar, Kopetdog’oldi cho’llarida va qirlarda shuvoq va har xil efemer o’tlar, tog’larning 1500 metrdan yuqori qismida archa, G’arbiy Kopetdog’daralarida yovvoyi tok, olma, olcha, bodom, anor, yong’oq, anjir, pista daraxtlari o’sadi. Hayvonot dunyosi — cho’lda quyon, bo’ri, tulki, chiyabo’ri, jayran, tog’larda qoplon, arxar, morxo’r, Amudaryo vodiysida to’ng’iz, kiyik, qirg’ovul va boshqalar yashaydi. Daryo va suv omborlarida baliq ko’p. Turkmaniston hududida Badxiz, Krasnovodsk, Repetek va boshqa qo’riqxonalar bor. Aholisining aksariyati turkmanlar; shuningdek, rus, o’zbek, qozoq, tatar, ukrain, armanlar ham yashaydi. Shahar aholisi 45%. Rasmiy til — Turkman tili. Dindorlari, asosan, sunniy musulmonlar. Yirik shaharlari: Ashxobod, Turkmanobod, Toshhovuz, Mari, Turkmanboshi. Tarixi. Turkmaniston hududi qadimda Ahomaniylar davlati, Aleksandr istilosidan so’ng vujudga kelgan Salavkiylar davlati, Parfiya, YunonBaktriya podsholigi, Eftaliylar, Turk xoqonligi, Arab xalifaligi, Tohariylar davlati, Somoniylar, Saljuqiylar davlati, Xorazmshohlar davlati, mo’g’ullar davlati tarkibida bo’lgan. 14-asrning 70-80-yillaridan Turkmaniston hududi Temuriylar tasarrufiga o’tgan. 16-asr oxiri — 17-asrda Xiva va Buxoro xonliklariga qaram bo’ldi, bir qismi Eron tarkibiga o’tib qoldi. 1869-85 yillarda Turkmaniston hududini Rossiya bosib oddi. 1917 yil noyabr —dekabrda sovet hokimiyati o’rnatildi, 1918 yil 30 aprelda Turkiston Muxtor sovet sotsialistik Respublikasi tashkil etilgach, Turkmanistonning asosiy qismi (Zakaspiy viloyati, 1921 yil avgustdan Turkmaniston viloyati) uning tarkibiga kirdi. 1924 yil O’rta Osiyoda «milliy davlat chegaralanishi» deb atalgan bo’lib tashlash siyosati natijasida 1924 yil 27 oktabrda Turkmaniston SSR tashkil topdi va SSSR tarkibiga kiritiddi. Shundan keyingi yillarda turkman xalqi KPSSning qishloq xo’jaligi.ni jamoalashtirish, mamlakatni industriyalash siyosati va qatag’onlar azob-uqubatlarini tortdi. 1991 yil oktabrda Mustaqillik haqida deklaratsiya qabul qilindi, mamlakat Turkmaniston deb atala boshladi. Turkmaniston -1992 yildan BMT a’zosi, 1993 yil 7 yanvarda O’zbekiston Respublikasi suverenitetini tan olgan va diplomatiya munosabatlari o’rnatgan. Milliy bayrami — 27 oktabr — Mustaqillik kuni (1991). Siyosiy partiyasi. Rasmiy ravihda 1 partiya ro’yxatga olingan: Turkmaniston demokratik partiyasi (sobiq Kommunistik partiya negizida 1991 yil tuzil gan). Xo’jaligi. Turkmaniston — agrarindustrial mamlakat. Milliy daromad tarkibida sanoatning ulushi 50%, qishloq xo’jaliginiki 18%, xizmat ko’rsatish sohasiniki 32%. Sanoatining yetakchi tarmoklari: gaz va neft qazib chiqarish, energetika, kimyo, mashinasozlik, yengil (qishloq xo’jaligi. xom ashyosini qayta ishlash), oziq-ovqat (yog’-moy, vinochilik), binokorlik materiallari sanoati. Buzmayin GRES, Turkmanboshi, Nebitdog’, Turkmanobod, Mari, Gugurtdog’da issiqlik elektr stansiyalari barpo etilgan. Yiliga o’rtacha 10,5 milliard kVt soat elektr energiya hosil qilinadi. Neft qazib chiqarish va uni qayta ishlash Turkmanistonning g’arbiy rayonlarida olib boriladi, Cheleken g’arbida dengiz tubidan neft qazib olinadi. Asosiy gaz konlari: Gazo’choq, Naip, Shatlik, Gugurtdog va boshqalar. Neftni qayta ishlash tarmog’ida benzin, kerosin, dizel yonilg’isi, mazut, bitum, elektrodli koks, kir yuvish vositalari, kimyo sanoatida natriy sulfat, yod, brom, oltingugurt, mineral o’g’it, oltingugurt kislotasi, superfosfat, ftorli alyuminiy ishlab chikariladi, mashinasozlik va metallsozlik korxonalarida teplovoz va avtomobillar ta’mirlanadi, markazdan qochirma neft nasoslari, kultivator, elektr kabeli, gaz plitalari, oziq-ovqat sanoati uchun uskunalar ishlab chiqariladi. Yengil sanoat paxta, jun, pillani dastlabki qayta ishlash, ip gazlama, jun va ipak gazlama, trikotaj ishlab chiqarish., Qorako’l oshlash, pillakashlik, tikuvchilik, ko’nchilik, poyabzal korxonalaridan iborat. Yog’ochsozlik, poligrafiya, shisha sanoati ham muhim o’rin oladi. Asosiy sanoat markazlari: Ashxobod, Toshhovuz, Turkmanobod, Mari, Turkmanboshi, Nebitdog’, Bayramali va boshqalar. Qishloq xo’jaligining yetakchi tarmog’i — dehqonchilik. Unda paxtachilik asosiy o’rin egallaydi. Vohalarda va tog’yon bag’irlarida yetishtiriladi (asosan, ingichka tolali paxta). Donli ekinlardan bug’doy, arpa, sholi, oq jo’xori va makkajo’xori, yemxashak ekinlari, poliz ekinlaridan qovun, tarvuz etishtiriladi. Bog’ va tokzorlar bor. Atrek daryosi va uning irmoqlari bo’ylarida subtropik ekinzorlar (anor, zaytun, anjir, bodomzorlar) bor. Chorvachilik qishloq xo’jaligi.ning muhim tarmog’i hisoblanadi. Tog’li joylarda qoramol, qo’y, echki, yilqi boqiladi, tekisliklarda qorako’lchilik va tuyachilik, Turkmanobod, Ashxobod, Mari viloyatlarida pillachilik, suv havzalarida baliq xo’jaligi rivojlangan. Transporti. Temir yo’l uzunligi 2,12 ming kilometr, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo’llari uzunligi 13,6 ming kilometr, jumladan, qattiq qoplamali yo’llar uzunligi 11,6 ming kilometr. Asosiy dengiz porti — Turkmanboshi. Turkmanboshi — Boku, Bekdash — Boku yo’nalishi bo’yicha temir yo’lli dengiz paromi mavjud. Amudaryo va Qoraqum kanalida kema katnaydi. Truboprovod transporti mavjud. Neft va gaz quvurlari, jumladan, Vishka — Turkmanboshi, Cheleken — Turkmanboshi neft quvurlari mavjud. Turkmaniston chetga tabiiy gaz, neft va neft mahsulotalari, paxta, mineral o’g’it va boshqalar chiqaradi. Chetdan mashina va uskunalar, qora metallar, transport vositalari, kiyimkechak, poyabzal, don, kandshakar oladi. Rossiya, Ukraina, O’rta Osiyo mamlakatlari va Qozog’iston bilan savdo qiladi. Turkmanistonning O’zbekiston Respublikasi bilan tashki savdo aylanmasi 2003 yilda 2002 yilga nisbatan 17,3% ortdi va O’zbekiston Respublikasining tashki savdosidagi ulushining 1,3% ni tashkil etdi. Pul birligi — manat. Tibbiy xizmati. Davlatga qarashli tibbiyot muassasalari bilan bir qatorda xususiy shifoxonalar ham bor. Vrachlar Ashxobod tibbiyot intida tayyorlanadi. Mashhur kurortlari: Bayramali, Feruza iqlimiy, Archman balneologiya va Mullaqora balchiq bilan davolash sanatoriylari. Maorifi, ilmiy va madaniyma’rifiy muassasalari. Maorifi boshlang’ich, to’liqsiz o’rta va umumiy o’rta ta’lim maktablaridan iborat. O’rta maxsus ta’lim o’quv yurtlari turli kasblarni o’rgatadi. Turkmanistonda bir qancha oliy o’quv yurti, jumladan, Ashxobodda Turkmaniston universiteti, politexnika, qishloq xo’jaligi., pedagogika, san’at, tibbiyot, xalq xo’jaligi va boshqa institutlar, Turkmanobodda pedagogika instituti mavjud. Ilmiy tadqiqotlar uning tarkibidagi intlardan tashqari sil kasalliklari instituti, ko’z kasalliklari instituti, nevrologiya va fizioterapiya instituti, radiologiya va rentgenologiya instituti, Onkologiya instituti, chorvachilik va veterinariya instituti, tuproqshunoslik instituti va boshqa ilmiy muassasalarda olib boriladi. Turkmaniston da Turkmaniston davlat kutubxonasi bir qancha teatr, tsirk, 15 davlat muzeyi, shu jumladan, Ashxobodda Turkmaniston tarixi muzeyi, tasviriy san’at muzeyi, «Nisa» tarixiy-madaniy qo’riqxona va boshqa madaniy-ma’rifiy muassasalar mavjud. Matbuoti, radioeshittirishi, teleko’rsatuvi. Turkmanistonda 20 ta gazeta va jurnali, jumladan, rus tilida «Neytralno’y Turkmenistan» («betaraf Turkmaniston»), turkman tilida «Turkmenistan» gaz.lari nashr etiladi. Turkmaniston davlat axborot agentligi (TURKMANPRESS), Turkmaniston milliy teleradiokompaniya faoliyat yuritadi. Turkmanistonda muntazam radioeshittirish 1927 yildan, televizion ko’rsatuvlar 1959 yil noyabrdan boshlangan. Adabiyoti xalq og’zaki ijodiyotidan boshlangan. O’rta Osiyo xalqlarining mushtarak asari bo’lmish «kitobi dadam Qurqut» o’g’uz elati hayotini tasvirlaydi. «Shohsanamg’arib», «Sayot va Hamro», «Go’ro’g’li», «Layli va Majnun», «Yusuf va Zulayho» kabi dostonlarning Turkman variantlari keng tarqalgan. 18-asrda turkman shoirlari nazm tilini xalq tiliga yaqinlashtirdilar. Mahtumquli adabiyotda yangi yo’nalishni boshlab berdi. 18-asr oxiri — 19-asr boshlarida Durdi shoir, Saidiy, Ziloliy, Misqinqilich, Andalib, Shaydoiy, Ozodiy, G’oyibiy, Kamina turkman adabiyoti rivojiga katta hissa qo’shdilar. 19-asrda yashab ijod etgan turkman shoirlari ijodida lirika yetakchi janr bo’ldi. Asl muhabbatni madh etuvchi «Zuhro va Tohir» dostonining muallifi Mullanafas turkman adabiyotidagi lirika janrining yorqin namoyandasidir. 20-asr 20-yillarida badiiy nasrchilik rivojlana boshladi. Shoir va yozuvchilardan Yoqub Nosirli, B. Kerboboyev, N. Sarixonov, A. Durdiyev, X. Deryayev, dramaturglardan A. Karliyev, B. Omonov va boshqa adiblar hikoya, qissa, roman va pyesalarida xalq hayoti, quvonch va tashvishlarini haqqoniy tasvirlashga intildilar. 1934 yil Turkmaniston yozuvchilar uyushmasi tashkil etildi. 1928 yildan yozuvchilarning oylik adabiybadiiy jurnali nashr etila boshladi. 2-jahon urushi yillari turkman adiblari bosqinchilarga qarshi xalq nafratini ifodalovchi nazmiy va nasriy asarlar yaratdilar. Jumladan, Yo. Nosirlining «leytenantning o’limi», P. Nurberdievning «Vatanparvar chol» dostonlari, K,. Seytlievning she’rlari, D. Xoldurdining «Oqxalatli qiz» dostoni va boshqa asarlarda urush va Turkman xalqining front orqasidagi fidoiyligi o’z aksini topgan. Urushdan keyingi turkman adabiyotida tinchlik uchun kurash, odamlar o’rtasidagi munosabat asosiy mavzu bo’ldi. 50-yillarda A. Otajonov, M. Saidov, K. Qurbonnapasov, A. Xaydov va boshqa adabiyotga kirib keldilar. 60-70-yillardan yirik nasriy asarlar adabietda yetakchi o’rin egalladi. Qilich Qulievning «qora karvon», Beki Seytoqovning «Birodarlar», X. Deryaevning «qismat» romanlari va boshqalar yaratildi. B. Kerboboev, X. Ismoilov, M. Garriev, K. Tangriquliev, A. Boymurodovlar bolalar adabietiga qiziqarli asarlari bilan hissa ko’shdilar. 20-asrning 2-yarmida yirik nasriy asarlar adabietda etakchi o’rin egalladi. B. Xudoynazarov, A. Kurbonov, O. Okmamedov, Ya. Mametyev, T. Jumageldiev va boshqa adiblarning romanlari bosilib chiqdi. A. Murodov, U. Abdullaev, J. Allakov, R.Rajabovlar adabiyotshunoslik va adabiy tanqid sohasida barakali ijod qildilar. Boshqa xalqlar adiblari, jumladan, o’zbek yozuvchilarining eng yaxshi asarlarini turkman tiliga tarjima qilishga katta ahamiyat berib kelindi. Me’morligi va tasviriy san’ati. Turkmaniston hududida qadimgi manzilgohlar (Ashxobod yaqinidagi Jaytun va Passajiktepa) qoldiqlari saklanib qolgan. Bundan tashqari, yirik qishloqlarning qoldiqlarini ham uchratish mumkin (Namozgohtepa, Ulug’tepa, Oltintepa). Turli davrlarda mustahkam devorlar bilan o’ralgan shaharlar (Marvdagi Erkqal’a, Kaushut yaqinidagi Elkentepa) vujudga kelgan. Milodiy 5— 7-asrlarda xom g’isht va paxsadan qo’rg’onlar, 2 qavatli ko’shklar qurildi. 11 — 12-asrlarda shaharlarda masjid, madrasa, karvonsaroy, timlar, maqbaralar, turar joy mahallalari barpo etildi (Abu Sayd maqbarasi, Abulfazl maqbarasi va boshqalar). Pishiq g’ishtdan mahobatli imoratlar qurilib, tomi gumbaz shaklida ishlana boshladi. 12-asrda binolarni bezashda bir tomoni sirlangan g’isht va koshindan foydalanish rasm bo’ldi. Maqbaralar o’ziga xos me’moriy shaklda bunyod etilgan. Marvdagi Sulton Sanjar masbarasi, ko’hna Urganchdagi Najmiddin Kubro maqbarasi, Faxriddin Roziy masbarasi, Sulton Takash maqbarasi va boshqa sirkorlik va naqshkorlik usulida serhasham bezatilgan. Marvdan Xorazmga borish yo’lidagi Oqchaqal’a, Choshqal’a, Doyaxotin karvonsaroyi ichki hovlisining 4 tomoni peshayvonli qilib qurilgan. 14-15-asrlarda Temuriylar davri me’morligiga xos mahobatli va peshtokli binolar qurila boshladi. 19-asr 2-yarmida Krasnovodsk, Ashxobod, Chorjo’y, Bayramali, Qizilarvot kabi yangi shaharlar paydo bo’ldi. Ammo ko’chmanchi qabilalar hamon kigiz o’tovda yashar edi. 20-asrning o’rtalaridan Turkman me’morlari uyjoy qurilishida issiq iqlim sharoitini qisobga ola boshlagan bo’lsalar, 1948 yil Ashxobod zilzilasidan so’ng shaharsozlikning Turkmaniston uchun alohida usullarini ishlab chiqdilar. 60-70-yillar me’morligida sodda shakllarga intilish kuchaydi, 70— 80-yillarda me’morlik bilan bezak san’atini birga qo’shib, atrofdagi manzaraga moslashuv tamoyillari ustunlik qila boshladi (A. Ahmedov va F. Ahmedov rahbarligida ijodiy jamoalar loyihalagan «Ashxobod» mehmonxonasi, «Ayna» restorani, Davlat banki, qurilish banki binolari). Badiiy hunarmandlikda kulollik (8-asrdan qolipaki naqshlangan sirsiz sopol idishlar), badiiy to’quv, zargarlik, gilamdo’zlik rivojlangan. Ayniqsa, 18-20-asrlarda geometrik shaklli naqshlar bilan bezatilgan kizil, jigarrang, taka, salor, yovmut gilamlari badiiy kimmati bilan mashhur bo’lgan. Zamonaviy tasviriy san’at Turkmanistonda 19-asrning 2-yarmida paydo bo’la boshladi. N.N.Karazin, K.S.Mishin, Nazar Yovmutiy turkmanlar turmushining ijtimoiy jihatlarini ifodalashga harakat qildilar. 20-asrning 20-yillarida «Sharq san’ati Zarbdor maktabi» ochilgach, Turkmanistonda professional badiiy ta’lim yo’lga qo’yildi. Shu maktabda tahsil olgan B. Nurali, S.N.Beklarov, keyinchalik ularning safiga qo’shilgan Yu.P.Daneshvar, I. Klichev, A. Hojiev, A. Quliev, N. Xo’jamuhamedov, A. va Ch. Omongeldievlar tasviriy san’atni rivojlantirishga muhim hissa qo’shdilar. 20-asrning 2-yarmida turkman badiiy san’atida grafika, dastgoh gravyurasi, natyurmort, avtoportret, teatr va kino bezakchiligi kabi janrlar rivoj topdi. Istiklol yillari Turkmaniston tasviriy san’atida milliylikka e’tibor kuchaydi. Dastgoh rangtasviri, grafika, maxrbatli haykaltaroshlik rivojlandi. Keksa avlod vakillaridan I. Kdichev, A. Almamedov, shuningdek, Sh. Akmuhammedov, A. Muhammedov, Ya. Bayramov, J. Amandurdiev, Ch. Amandurdiev, G. Guseynov, A. Murodaliev, K. Nurmurodov va boshqalar samarali ijod qilmoqdalar. Chunonchi, Sh. Akmuhammedov ijodida o’tmish bilan hozirgi kunning uzviy bog’liqligini ko’rsatish, milliy estetik tamoyillarni ifodalash, Ya. Bayramov ijodida dadil novatorlik, atrof muhitni, umuman hayotni falsafiy talqin qilishga intilish seziladi. 1939 yil Turkmaniston Rassomlar uyushmasi va 1994 yil Milliy badiiy akademiya tashkil etilgan. Musiqasi. An’anaviy shakllari qadimgi ironiy elatlar musiqa ijodi hamda turko’g’iz qabilalarining musiqa an’analari negizida qaror topgan. Parfiya poytaxti Niso, Marg’iyona poytaxti Marv, Saraxsdan topilgan arxeologik yodgorliklari islomgacha bo’lgan musiqa madaniyati (musiqa cholg’ulari) haqida tasavvur beradi. Saljuqiylar davlati davri (11-12-asrlar)da turkmanlarning musiqa madaniyati ravnaq topdi. Turkman xalq qo’shikdari orasida dehqon jamoalari hayotiga xos mavsum marosim qo’shiqlari («yilan oyni», «Chemche gelin», «Ximmil», «Xeshelle» va boshqalar), shuningdek, oilaviy marosim va maishiy («Xushroy», «Edemekrem», «O’lan», «Azadi», «Chapak», «Zikir», «Xuvdi», «Agi») qo’shiqlari, bayram va sayillarda ayollar ijro etadigan «Lyale», «Mavrike» kabi janrlar keng o’rin olgan. Musiqa cholg’ulari orasida qad. xizlavuk, Juljul, gopuz (changqo’biz) hamda puflama tuyduklar, doirasimon deprek, dutor va g’ijjaklar mavjud. Ayniqsa, Turkman dutor kuylari (Qirqlar, Saltikdar, Muqamlar) shakli murakkabligi, nolalarga boyligi bilan ajralib turadi. Milliy professional musiqa yo’llari turkman baxshi va sozandalar ijodida namoyon bo’ladi. Baxshilar dutor (dutor va g’ijjak, ba’zida gargituyduklar) jo’rligida qahramonlik va ishqiy mavzudagi («Go’ro’g’li», «Nejeb o’g’lon», «Sayot va Hamro», «Shohsanam va g’arib» kabi) dostonlarni mahorat bilan, maxsus kuylash usullaridan keng foydalanib ijro etadilar. 1929 yil Ashxobodda badiiy texnikum musika bo’limi bilan birga ochildi (1935 yildan musiqa bilim yurtiga aylantirilgan). Ilk turkman kompozitorlari A. Kuliev, V. Muxatov, D. Ovezovlar yetishib chiqdi. 1929 yil simfonik orkestr, 1934 yil xor, 1941 yil Opera va balet teatri tashkil etildi. 1941-45 yillarda «Zuhro va Tohir», «Shohsanam va g’arib» operalari, «aldar ko’sa» baleti yaratildi. Kompozitor A. Shaposhnikov bilan V. Muxatovning «kamina va qozi» hajviy operasi, M. Ravich bilan N. Muxatovning «Zo’raki tabib» baleti, A. Quliev, A. Shaposhnikov, V. Ahmedovning orkestr uchun yozgan kontsertlari 50-60-yillardagi turkman musiqasining yutug’i bo’ldi. 70—80-yillarda turkman musiqasi uslubida yangi siljish sodir bo’ldi. Kompozitorlardan Ch. Nurimov («Garmselning o’limi», «Qo’hitang fojiasi» baletlari, simfonik kontsertlari), N. Xolmamedov (vokal qo’shiklari), A. Agajikov («So’na» va «Taxdikali tun» operalari, «Feruza» baleti), R. Ollayorov (oratoriya va simfoniyalari) yangi ifoda usullaridan foydalandilar. Ch. Ortiqov, D. Nuriyev kabi yosh kompozitorlar ijod qila boshladi. Ijrochilar orasida dirijyor X. Allanurov, xonandalardan A. Annaqulieva, M. Quliyeva, M. Shaxberdiyeva, raqqos va raqqosalardan G. Musaeva, A. Pursiyanovlar mashhur. Ashxobod va Toshhovuzda musiqali drama teatrlari, Ashxobodda Milliy konservatoriya, Ashxobod, Mari va Turkmanobodda musiqa va san’at bilim yurtlari, turli shaharlarda musiqa maktablari bor. Teatri. 1918 yildan havaskor teatr to’garaklari tuzila boshladi. 1926 yil dastlabki millim drama studiyasi tashkil etildi. Unda dramaturglar K. Burunov, A. Kaushutov, rejissyor Yu. Alimzoda dars berdilar, suray Murodova, A. Qulmamedov, K. Berdiev, O. Durdieva, K. Qulmurodov va boshqa aktyorlar tahsil oldilar. 1929 yil shu studiya negizida Turkman teatri (hozirgi Mullanafas nomidagi drama teatri) barpo etildi. Unda B. Kerboboevning «Yuksalish», A. Karlievning «Ayna» pyesalari va chet el dramaturglarining asarlari sahnalashtiriddi. Mari, Karki, Qizilarvot va boshqa shaharlarda yangi teatrlar ochildi. 20-asrning 2-yarmida turkman teatrlarida G. Muxtorov, K. Seytliev, B. Omonov, Q. Quliev, A. N Ostrovskiy, U.Shekspir pesalari qo’yildi. Teatr jamoalari orasida Ashxoboddagi yosh tomoshabinlar teatri, Maridagi kamina nomli drama teatri, Turkmanoboddagi musikali drama teatri, san’at arboblaridan B. Omonov, A. Durdiev, M. Cherkezov, M. Kirillov, S. Otaeva, T. G’afurova, N. Suyunova, M. Aymedovalar mashhur. Kinosi. 1926 yil kinofabrika tashkil etildi, keyinchalik u «Turkmanfilm»ga aylantirildi (hozirgi A. Karliyev nomidagi kinostudiya). Shu yerda dastlabki hujjatli filmlar — «oq oltin» (1929, rejissyor A. Vladichuk), «cho’lda birinchi» (1932, rejissyor M. Bistriskiy), «misli ko’rilmagan voqea» (1936) yaratildi. Dastlabki badiiy filmlar — «unutib bo’lmaydi» (1931, rejissyor D. Poznanskiy), «Yetti yurak» (1935, rejissyor N. I. Tixonov), «Men qaytaman» (1935, rejissyor A. Ledashchev), «Dursun» (1940, rejissyor E. Ivanovbarkov) ekranga chiqarildi. 40-50-yillarda yaratilgan filmlar («Olisdagi kelin», «Keksa Ashirning hiylasi», «oila nomusi», «Birinchi imtihon») muvaffaqiyat qozonmadi va tanqidga uchradi. 60-yillarda voyaga yetgan X. Narliyev, K. Yazxonov, M. Qurbonklichev, Ya. Saidov, M. Suyunxonov kabi yosh rejissyorlarning ijodi kinematografiyani jonlantirdi. B. B. Mansurovning «musobaqa» filmi (1964) goyaviy yetukligi, ifoda vositasining ta’sirchanligi bilan ajralib turadi. Unda murakkab insoniy muammolar tarixiy voqealar asosida hal etilgan bo’lsa, o’sha rejissyorning «chanqovni bosish» filmida (1967) mazkur muammolar zamonaviy voqeliqda ifodalab berilgan. «Mahtumquli» (1968) va «maqom sirlari» (1974) filmlari tarixiy shaxslarga bag’ishlangan. X. Narliyevning «Qoraqum, soyada 45°» (1983) filmida gazchilarning hayoti tasvirlangan. Yosh rejissyor X. Kakaboevning «Otam qaytsinchi, kurasan», X. Narlievning «Jamol daraxti» filmlari turkman kinematografiyasining so’nggi yillardagi yutuqlari jumlasiga kiradi. O’zbekiston — Turkmaniston adabiy va madaniy aloqalari. O’zbek va turkman xalqlari azaldan iqtisodiy, madaniy va adabiy aloqada bo’lib kelganlar. Alisher Navoiyni turkman xalqi Mir Ali nomi bilan tanigan, uning asarlari shoir hayot chog’idayoq turkmanlar orasida mashhur bo’lgan. Navoiy g’azallarini Turkman baxshilari hozirgi kungacha ham kuylab keladilar. Xiva madrasalarida tahsil olgan turkman mumtoz shoirlari Ozodiy, Mahtumquli, Andalib Navoiyni o’zlariga ustoz deb bilganlar. Ayni paytda Mahtumqulining she’rlarini bilmagan va kuylamagan o’zbek hofizi yo’q desa bo’ladi. Andalib o’zining «Layli va Majnun», «Yusuf va Zulayho» dostonlarini Navoiy va Durbek asarlaridan ta’sirlanib yozgan. Mahtumqulining tanlangan she’rlar to’plami o’zbek tilida bir necha marta nashr etildi. G’afur G’ulom va Berdi Kerboboyev, Abdulla Qahhor va Beki Seytoqov, Zulfiya va Tovshan Esanova, Asqad Muxtor va qora Seytliev kabi o’zbek va turkman yozuvchishoirlari o’rtasidagi do’stlik adabiy aloqalar tarixida muhim o’rin egallaydi. B. Kerboboevning «dadil qadam», «Oysulton», «Nebitdog'» romanlari, X. Deryaevning «Qismat» romanepopeyasi, Mullanafas, Andalib, Kamina, B. Kerboboev she’rlari, ota Kavshutovning «Nebitdog’ etaklarida» romani, Q. Quliyevning «Qora karvon» romani, T. Tog’anovning «Durlar xazinasi» qissasi va boshqa asarlar o’zbek tiliga tarjima qilingan. Turkman dramaturgiyasining «Mahtumquli» (B. Kerboboev), «oila nomusi», «kim aybdor?» (X. Mutalov) singari namunalari o’zbek teatrlarida sahnalashtirilgan. O’z navbatida, H.X,.Niyoziyning «boy ila xizmatchi», A. Qahhorning «shohi Suzana», B. Rahmonovning «yurak sirlari», Sayd Ahmadning «Kelinlar quzg’oloni» pyesalari turkman teatrlarida namoyish qilindi. Turkman adiblarining (B. Kerboboev, J. Orazov, B. Seytokrv, O. Otajonov va boshqalar) O’zbekiston, o’zbek shoir va adiblarining (G’.G’ulom, Shayxzoda, Mirtemir) Turkmaniston mavzuidagi asarlari muhim.