Usmonxon Alimov (1950-2021)
Usmonxon Alimov 1950 yili Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida tug‘ilgan. 1982-1983 yillarda Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasida, 1983-1987 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida, 1989-1990 yillarda esa Marokashning “Karaviyn” dorilfununida tahsil olgan.
Usmonxon Alimov Samarqand viloyati Payariq tumanida joylashgan Imom Buxoriy nomidagi jome masjidida 1980-1982 yillarda imom noibi, 1987-1989, 1990-2006 yillarda ushbu masjidning imom-xatibi sifatida faoliyat yuritgan. 2000-2006 yillarda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi lavozimida ishlagan.
Usmonxon Alimov 2006 yil 8 avgustda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimiga tayinlangan.
Usmonxon Alimov Islom olami uyushmasi ta’sis majlisining a’zosi hamda Butun dunyo ulamolar kengashi a’zosi etib saylangan. Rossiya Federatsiyasi Sverdlovsk viloyati musulmonlari idorasi tomonidan “Kumush yarim oy” medali bilan, Qirg‘iziston musulmonlari idorasining 1-darajali «Intimoq» medali («Ittifoq») bilan taqdirlangan. 2020 yili O‘zbekiston Respublikasining «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlangan.
Usmonxon Alimov Ummon Sultonligi Islomiy strategik tadqiqotlar markazi tomonidan e’lon qilingan “Dunyoning eng nufuzli 500 musulmoni” ro‘yxatidan o‘rin egallagan.
Usmonxon Alimov yigirmadan ortiq kitob va yuzdan ziyod ilmiy-ommabop maqola muallifidir. Jumladan, uning “Tafsiri Irfon”, “Imom Buxoriy – muhaddislar sultoni”, “Imom Buxoriy barakoti”, “IX-X asrlarda Samarqandda kalom ilmining rivojlanishi”, “Hazrati Imom”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Rasulullohning muborak vasiyatlari”, “Rasululloh mo‘jizalari”, “Oilada farzand tarbiyasi”, “So‘ragan edingiz” kabi asarlari chop etilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Temirxon o‘g‘li Alimov 2021 yil 15 avgust kuni og‘ir xastalikdan so‘ng Moskvada vafot etgan.