Vakuolalar

Vakuolalar (Fransuzcha Vakuole, lotincha vacuus — bo’sh) — o’simlik va hayvonlar hujayrasida ichi suyuqlik bilan to’lgan, tsitoplazmadan membrana bilan ajralib turadigan bo’shliq. Bir hujayralilarda ferment bilan to’lgan hazm qilish Vakuolalari, osmoregulyatsiya va ayirish funktsiyasini bajaruvchi, qisqaruvchi Vakuolalar, ko’p hujayrali hayvonlar hujayrasida esa ikkilamchi lizosomalar guruhiga mansub va o’zida gidrolitik ferment saqlovchi, hazm qiluvchi va avtofaglovchi Vakuolalar bo’ladi. O’simlik hujayralarida Vakuolalar — Endoplazmatik to’rning hosilasi bo’lib, bir-muncha shaffof membranotonoplast bilan o’ralgan. O’simliklardagi Vakuolalar sistemasi — vakuom yosh hujayralarda naylar va pufaklar sistemasidan iborat. Hujayra o’sib, ixtisoslasha borishi bilan Vakuolalar ham yiriklasha boradi va hujayra umumiy hajmining 70-95% gacha qismini egallab oladi. Vakuolalar shirasi (rn darajasi 2-5 ni tashkil etadi) tarkibida erigan anorganik (fosfat, oksalat), organik birikmalar (qand, aminokislotalar, oqsillar) va moddalar almashinuvining oxirgi mahsulotlari (taninlar, glikozidlar, alkaloidlar), ayrim pigmentlar (masalan, antosianinlar) bo’ladi. Vakuolalar hujayradagi suv-tuz almashinuvini boshqaradi; hujayraning turgor holatini saqlaydi; quyi molekulali suvda eriydigan metabolitlar va zaxira moddalarni to’playdi; moddalar almashinuvida hosil bo’ladigan zararli moddalarni hujayradan chiqa-rib tashlaydi va boshqa ba’zi funktsiyalarni bajaradi.