Validiy
Validiy (taxallusi; asl ismi Ahmatzaki Ahmetshaxovich Validov; muhojirlikda — Ahmad Zakiy Validiy to’g’on) (1890.10.12, Ufa gubernyasi, Boshqirdiston — 1970. 26. 7, Istanbul, Turkiya) — turkiy xalqlar milliy ozodlik harakatining yetakchilaridan biri, sharqshunos-turkshunos olim, falsafa Doktori (1930). Qozon shahri Qosimiya madrasasida tahsil ko’rgan (1908-12), shu yerda turkiy xalqlar tarixi va adabiyotidan dars bergan (1910-13). «Turk va tatar tarixi» (1912, Qozon shahri) kitobi bilan mashhur bo’lgan. Qozon universiteti tarix, arxeologiya va eti. jamiyati yo’llanmasi bilan Sharq qo’lyozmalarini o’rganish uchun Farg’ona vodiysida (1913), Rossiya Fanlar Akademiyasi Markaziy Osiyo va uzoq Sharqni tadqiq etish xalqaro jamiyati yo’llanmasi bilan Buxoro amirligida (1914) yashadi. Turkiston va Volgabo’yi turkiy xalqlari tarixi, turmush tarzi va madaniyati ustida ilmiy tadqiqotlar olib bordi. Turkistonda Behbudiy, Munavvarqori, Cho’lpon, Mustafo Cho’qay, Nazir To’raqulov va boshqa arboblar bilan tanishdi. Sankt-Peterburgda davlat Dumasi musulmon fraktsiyasi a’zosi (1915). 1917 yil aprelda Toshkentga kelib, o’lkadagi siyosiy jarayonlarda qatnashdi. Butun-Turkiston musulmonlari 1-qurultoyida (1917 yil 16-23 aprel) tuzilgan Turkiston o’lkasi musulmon sho’rosi bosh kotibi, uning organi «Kengash» gazetasi muharriri. O’lka xalqlari muxtoriyat harakatida faol ishtirok etib, turkey el-elatlarning birligi va mustaqilligi g’oyasini izchil himoya qildi. Toshkent shahri dumasining deputati (1917). 1917 yil oxiridan Boshqirdiston muxtoriyati va milliy harakati rahbarlaridan biri, hukumat boshlig’i va harbiy noziri. Muxtoriyat huquqi cheklab qo’yilgach, sho’rolar hukumati bilan hamkorlik qilishdan voz kechdi. 1920 yil Buxoroga keldi va istiqlolchi guruhlarga siyosiy rahbarlik qiluvchi markaz tuzish maqsadida Buxoro hukumati boshlig’i Fayzulla Xo’jayev va boshqalar bilan muzokara yuritdi. Milliy birlik Kongressida (1921 yil avgust, Buxoro shahri) O’rta Osiyo milliy musulmon jamiyatlari federatsiyasi (keyinchalik «Turkiston milliy birligi» deb atalgan) tashkil etilib, Validiy unga rais qilib saylandi, istiqlolchilik harakatining g’oyaviy jipslashuvi uchun kurashdi, qizil askarlarga karshi janglarda qatnashdi. 1923 yil Fevraldan — xorijda. Eron, Afg’oniston, Hindiston, Turkiyada va Yevropa mamlakatlarida ilmiy faoliyat bilan shug’ullandi. Istanbul, Bonn, Gyottingen universitetlarida turkiy xalqlar tarixidan dars berdi. Ilmiy asarlari turk, nemis, frantsuz, rus va boshqa tillarga tarjima etilib, nashr qilindi. Bulardan muhimlari: «turkiy xalqlar tarixiga kirish», «O’rta Osiyo tarixining Islom davri», «Turkiston», «turkiylar shajarasi», «Temurning g’arbga yurishlari», «Temur avlodlari», «bugungi turk eli Turkiston va yaqin tarixi», «Sharqda sho’rolar siyosati», «Turkistonning istiqlol harakatiga qarshi», «Beruniyning dunyoqarashi», «Alisher Navoiy», «Shayboniyxon she’riyati», «tarixda turklar va forslar», «xotiralar» va boshqalar. As: Vospominaniya, M., 1997; Bo’linganni bo’ri yer. Turkiston xalqlarining milliy mustaqillik uchun kurashi tarixidan [xotiralar), T., 1997. Qahramon Rajabov, Renat Shigabiddinov.