Videomagnitofon

Videomagnitofon (video… va magnitofon) — tasvir va tovushlarning yuqori sifatli elektr signallarini magnit lenta (disk)ga yozib olib, uni qayta ko’rsatish va eshittirishga imkon beradigan apparat. Birinchi Videomagnitofon 1950-yillar oxirida AQShda keyin boshqa mamlakatlarda yaratildi. Magnit lentali Videomagnitofonning asosiy qismi aylanuvchi videokanallarni sozlaydigan tyuner va lenta tortuvchi mexanizm, signallarni yozib olish — qayta eshittirish kanallari, lenta o’rashni va videokallakning aylanish chastotasini rostlovchi tizimlardan, boshqarish blovdan iborat. Videomagnitofon ishlatilishiga ko’ra ro’zg’orda ishlatiladigan, professional va maxsus xillarga, bir joyga o’rnatiladigan va bir joydan ikkinchi joyga olib boriladigan xillarga, rangli va oq-qora tasvirda ko’rsatadigan xillarga bo’linadi. Yozib olish vaqtida tasvir va tovushlarning elektromagnit signallari televizion priyomnikdan (yoki boshqa qurilmalardan) Videomagnitofonga keladi va magnit lentaga (diskka) yozib olinadi. Qayta ko’rsatishda magnit lenta (disk) dan tasvir va tovushlarning elektromagnit signallari televizion priyomnikka (qabul qilgichga) keladi va teleekranda tasvir (tovush bilan birgalikda) hosil bo’ladi. Videomagnitofonda kadrni vaqtincha to’xtatib turadigan kurilmasi bor. Videomagnitofonda rang beruvchi signallarga ishlov berishning 3 ta tizimi (sistemasi) bor: SEKAM, Pal va NTSS. Bir tizimdan boshqasiga o’tkazish uchun ularning mikrosxemalari o’zgartiriladi yoki televizorga o’rnatilgan dekoder yordamida amalga oshiriladi. Zamonaviy Videomagnitofonlarga rangli tasvirlarni va tovushni raqamli yozib olish va qayta ko’rsatish tadbiq etilgan. Bu bilan tasvir va tovush sifati bir necha martaga yaxshilandi va Videomagnitofonning o’zi ixchamlashtirildi. Videomagnitofon televideniyeda, ilmiy tadqiqotda, tibbiyotda, sportda, o’quv mashg’ulotlari va boshqalarda qo’llaniladi.