Xalifalikning harbiy yurishlari

632 yilda Payg’ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vassalam vafotidan keyin uning eng yaxshi safdoshlaridan biri Abu Bakr xalifalik taxtiga o’tiradi. U 632-634 yillarda mamlakatni boshqaradi. Undan keyin Umar (634-644), Usmon (644-656), Ali (656-661) taxtni egalab harbiy yurishlarni qizitib yuboradilar. Xalifa askarlari 634 va 642 yillarning orasida Misrni egalladilar. 633-634 yillarda Mesopotamiyadagi Xir shahri bosib olindi hamda Suriyaga qarshi harbiy yurish uyushtirildi. Hatto Vizantiya qo’shiga zarba berildi. Suriya va Falastin ham bo’ysundirildi. Shu tariqa arab xalifaligi borgan sari kuchayib, jahon davrasida salohiyatli o’rinni egallab bordi. 651 yilda xalifalik qo’shini bir qator janglardan keyin Eronni bosib oldi. Bu yerga ko’p arablar o’rnashib islom dinini targ’ibot qildilar. Natijada mamlakatda asrlar mobaynida hukm surayotgan zardo’sht (otashparastlik) dini tobora siqib chiqarildi. Arab tili davlat va ilm-fan tili sifatida namoyon bo’ldi. Pirovardida Eron islom dinini Turkiston va boshqa mamlakatlarga tarqalishida muhim o’rin egalladi.

Xalifa hukmdorlari Erondan keyin Turkistonni egallash uchun harakatni boshlab yubordilar. Arab qo’shini 651 yilda Marv shahrini egaladi. Shundan keyin ular Amudaryoni kechib o’tib, bir necha marotaba o’lkaning ichki tomonlariga harbiy yurishlarni uyushtirganlar. Bu vaqtlarda Erondagi Xuroson viloyatida arablarning qarorgohi tashkil etilib, u yerga 50 ming arab ko’chirib keltirilgan edi. Bular qo’shinning asosini tashkil etib, bosqinchilik urushlarini olib borganlar. Xurosonning poytaxti Marv shahri edi. Xuddi mana shu joydan Turkistonga hujumlar uyushtirilib turilgan. Bularga Xuroson viloyatining hokimlari boshchilik qilganlar. Ulardan biri – Ubaydulloh ibn Ziyod Buxoroga hujum qilganda qattiq jang bo’lgan. Bu Narshaxiy asarida quyidagicha ta’riflangan: “Arab qo’shini Jayhun daryosidan o’tib Buxoroga kelgan vaqtda Buxoro podshohi, o’g’li Tag’shoda kichik yoshli bo’lganligi tufayli, bir xotin kishi edi. Ubaydulloh ibn Ziyod Paykand va Romitanni olib ko’p kishilarni asir qildi. To’rt ming buxorolik asirni shaxsan o’ziga oldi. Bu voqea ellik uchinchi yilning oxiri va ellik to’rtinchi yilning boshida (noyabr-dekabr 673) bo’lgan edi. U Buxoro shahriga yetgach, askarlarini saf qilib, palahmonlarni shaharga to’g’rilab qo’ydi. Xotin turklarga odam yuborib, ulardan yordam so’radi hamda Ubaydulloh ibn Ziyodga ham odam yuborib yetti kun muhlat talab qildi va: “Men sening itoatingdaman”, – deb ko’p hadyalar yubordi. Shu yetti kunda turklardan yordam kelmagach, Ubaydulloh ibn Ziyodga qaytadan odam yuborib, yana yetti kun muhlat so’radi. (Nihoyat) turk lashkari yetib keldi va boshqalar ham yig’ilishib lashkar ko’paydi; ko’p urushlar qildilar va oxiri kofir (vatan himoya)lari yengilib qochdilar, musulmonlar (arablar) ularning orqalaridan borib ko’plarini o’ldirdilar. Xotin qal’aga kirdi. U (yig’ilib kelgan) lashkarlar o’z viloyatlariga qaytdilar. Musulmonlar qurol, kiyim-kechak, tilla va kumushdan ishlangan narsalar va asirlardan iborat ko’p o’ljani qo’lga kiritdilar. Ular Xotin (hukmdor)ning bir poy etigini ham paypog’i bilan topib oldilar. Etik va paypoq tilde ishlatib tikilgan va qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan edi, baho qilganlarida ikki yuz ming dirham turdi”.

Ko’rinib turidiki, Buxoroda bosqinchilar bilan vatan himoyachilari o’rtasida urushlar bo’lgan. Shubhasiz ko’p odamlar o’ldirilgan yoki jarohatlantirilgan. Ularning g’alaba qilishining sababi shundan iborat bo’lganki, o’lkada tarqoqlik va parokandalik hukm surib, davlat ancha zaiflashib, turk hoqonligi inqirozni boshidan kechirayotgan edi. Ammo shunga qaramay arab istilochilari asosan turk xoqonligi bilan ko’p yillar mobaynida kurash olib bordi. Buxoro hukmdori – Xotin, ya’ni ayol kishi jang maydonlarida bevosita qatnashganki, bosqinchilar uning qimmatbaho etigini o’ljaga olganlar. To’rt ming kishini asirga olinishi shu haqda guvohlik beradiki, vatan himoyachilarining soni ancha ko’p bo’lib, ona-yurt mustaqilligini saqlash umumxalq kurashiga aylangan.

Ubaydulloh ibn Ziyod g’alaba qozongandan keyin uning “Farmoni bilan daraxtlarni kesdilar, qishloqlarni vayron qildilar, shahar ham xatarda edi; Xotin odam yuborib omon tiladi, bir million dirham barobariga sulh tuzildi. (Xotin) mol yubordi. Ubaydulloh ibn Ziyod molni olib qaytdi va mazkur to’rt ming buxorolik asirlarni ham o’zi bilan olib ketdi”.

Aftidan Ubaydulloh ibn Ziyod garchand g’alabaga erishgan bo’lsada, lekin shahar ichidagi Xotin yashiringan qal’ani zabt eta olamagn. Xotin bu yerdan turib u bilan sulh tuzgan va belgilangan boylikni yuborgan. Bosqinchilar yarog’-aslaha, oltin, kumush, kiyim va ko’p asirlarni olib orqaga qaytganlar. Xuroson viloyatining hokimi etib tayinlangan Sayd ibn Usmon ham Buxoro va boshqa joylarga bostirib kiradi. U 676 yilda Buxoroda Samarqand, Shahrisabz va Qarshidan kelgan 120 ming kishilik vatan himoyachilari bilan jang qiladi. Ammo samarqandliklar nima uchundir jang maydonini tashlab ketganlar. Aftidan o’zaro chiqishmovchilik orqasidan samarqandliklar Buxorodan chiqib ketganlar. Natijada bosqinchilar ustun kelib, Xotin podshohni sulh tuzishg va tovon to’lashga majbur etadilar. Garov sifatida 80 buxorolik nufuzli kishilar Sayd ibn Usmon qo’liga topshiriladi. Sayd ibn Usmon Buxoroni bosib olgandan keyin Samarqandga borib urushni davom ettiradi. “Shunday qilib, – deyiladi Narshaxiy asarida, – Sayd Buxoro ishlaridan forig’ bo’lgach, Samarqand va So’g’dga borib ko’p janglar qildi va zafar uning tomonida bo’ldi. U vaqtda Samarqandda biror podshoh yo’q edi. Sayd Samarqanddan o’ttiz ming kishini asir qilib, ko’p molni qo’lga tushirib (qaytdi). U Buxoroga yetib kelganida Xotin odam yuborib: “sog’-salomat qaytib kelding, endi garov (80 kishi)ni bizga qoldirib ket”, – dedi. Sayd esa “Hali sendan xotirjam bo’lganim yo’q, toki Jayhundan o’tgunimcha qo’yatur”, – dedi. Nishopurga yetganida “Kufaga yetib olay”, – dedi va undan Madinaga olib ketdi. Madinaga yetgandan keyin, Sayd g’ulom (qullari)ga buyurib (u garovga berilgan odamlarning) qilich va kamarlarini yechtirdi va ularda bor bo’lgan kimxob kiyimlar, tilla va kumushlarning hammasini oldirdi. Kiyimlar evaziga ularga sholcha (kiyim)lar berib ekin ekish ishlariga band qilib qo’ydilar. Ular bundan juda xafa bo’lib: “Bu kishi bizga bermagan yana qanday xo’rlik qoldi? U bizni qul qilib olib og’ir ishlarni buyurmoqda, biz xo’rlik bilan o’lgandan ko’ra bir yo’la foydali ish qilib o’laylik” – dedilar va Saydning saroyiga kirib eshiklarni mahkam berkitdilar. Saydni o’ldirdilar va o’zlarini ham o’limga topshirdilar. Bu (voqea 680-683 yillard) bo’lgan edi”. Bundan ming yil muqaddam bitilgan ushbu misralar xalifalikning harbiy yurishlarini asl maqsadini yanada kengroq ochib beradi. Avvalambor uning vakillari mol-mulk va asirlarni qo’lga kiriish uchun kurashganlar. Shu bois ularning tajovuzlarini qaroqchilik deb baholashga barcha asoslar mavjud. O’sha misralarda buxoroliklarning erksevarligi yaxshi bayon etilgan. Zero, ular zulm va haqsizlikka qarshi bosh ko’tarib, ongli ravishda o’zlarini o’limga mahkum etib, qahramonlik namunalarini namoyish etganlar.

Xuroson viloyatiga hokim etib tayinlangan Muslim ibn Ziyod ham Turkistonga ko’z olaytirib katta boylikni qo’lga kiritishga ahd qildi. U 704 yilda urushga otlanganda Buxoro, Samarqand va Turkiston shaharlarining hukmdorlari ittifoq tuzishib, birgalikda kurashdilar. Samarqand podshohi Tarxun 120 ming askar bilan, Turkiston shahridan Bidun boshchiligida janchilar keldilar. Avvalambor xalifalikning bir harbiy qismi Bidun qo’shinining hujumiga yo’liqdi. Bu jangda xalifalik askarlaridan to’rt yuz kishi o’ldirildi, qolganlari qochishga ulgurdilar. Keyingi to’qnashuvda ham Bidunni qo’li baland kelayotganda u o’ldirildi. Bu holat vatan himoyachilarini sardorsiz qolishiga olib kelib ularning kuchini zaiflashtirdi. Pirovardida bosqinchilar g’olib keldilar. “O’ljalar taqsimlanganda har bir otliq askarga ikki ming to’rt yuz dirhamdan tegdi”. Bundan tashqari Buxoro hukmdori Xotindan sulh bo’yicha ko’p mollar olindi. Shundan keyin Muslim ibn Ziyod “cho’ntagi”ni to’ldirib Xurosonga jo’nadi.

Xalifalik tomonidan Turkistonni tamomila bo’ysindirish Xuroson hokimi Qutayba ibn Muslim zimmasiga tushdi. Uning harbiy yurishlarining tafsiloti Narshaxiyning asarida ancha yaxshi berilgan. Unda ko’rsatilishicha, Qutayba ibn Muslim 706 yilda Amudaryodan o’tib Buxoroning yaqinidagi Paykand shahri tomon yo’l olgan. Bundan xabardor bo’lgan paykandliklar qattiq tayyorgarlik ko’rdilar. “Qadimgi vaqtda Paykandni, – deydi o’sha muallif, – Shoriston deganlar va mustahkamligidan uni “jez shahar” deb ham ataganlar. Qutayba juda qattiq jang qildi; Musulmonlar ellik kungacha (hisorni olish uchun) chora topolmay, zahmat chekdilar va (oxiri) hiyla ishlatdilar. Bu guruh (askarlar) devor tagidan minorga va hisorning ichkarisi tomon lahm qazib, otxonadan chiqdilar, (so’ng) devorni kavlab rahna ochdilar; musulmonlar hanuz ham hisorga kela olmayotgan edilar, (endi) rahna orqali ichkariga kirdilar. Qutayba: “har kim shu rahnadan ichkariga kirsa unga xuni bahosida (mukofot) beraman, agar u o’ldirilsa (mukofotni) uning farzandlariga beraman, – deb qichqirdi. (Shundan keyin) har kim ichkariga kirishga qiziqdi va (nihoyat) hisorni oldilar. Paykand aholisi omon tiladi. Qutayba sulh tuzib, mol oldi va Varqo ibn Nasr Boxiliyni ularga amir qildi-da, o’zi Buxoroga qarab yurdi… Qutayba Xunbun (qishlog’iga) keganida unga: “Hisorning kishilari qo’zg’olon qilib amirni o’ldirdi”, – degan xabarni yetkazdilar. Qutayba lashkariga: “Boringlar, Paykandni talon-taroj qilinlar. Ularning qonlarini (to’kishni) va mollarini (olishni) halol qildim”, – deb buyruq berdi. U qaytib Paykandga keldi va u yerda kimki urushga yaroqli bo’lsa hammasini o’ldirdi, qolganlarini asir qilib oldi. Shunday qilib, Paykandda hech kim qolmadi va Parkand xarob bo’ldi”.

Paykand shahrining aholisini talay qismi savdogarchilik bilan shug’ullanib, Xitoy, Kaspiy dengizi va boshqa joylarga qatnab turganlar. Shu bois shahar o’zining beqiyos katta boyligi bilan arablarni juda hayratlantirgan. Oltin va boshqa qimmatbaho o’ljaarning hisobini qilish ancha qiyinchilik tug’dirgan. Boshqacharoq aytganda arablar Paykandni egallab, “jiqqa moy”ga botganlar. Zero “Qutayba Paykandni fath qilganida bir butxonada og’irligi to’rt yuz dirham keladigan bitta kumush but topgan. U yana bir kumush jomlar topib olgan va ularning hammasini jamlab tarozida tortganida bir yuz ellik ming misqol chiqqan. U har biri kabutar tuxumidek keladigan ikkita marvarid ham topib olgan… Qutayba bu qimmatbaho narsalarni yig’ib haligi ikkita marvarid bilan birgalikda Hajjojga (xalifalikning sharqiy qismining noibi)ga yubordi va unga Paykandning fath etilganligi haqida xat yozib, u ikki dona marvarid qissasini ham qayd qilib o’tdi”. Qutayba Paykandni talon-taroj va vayron qilib atrof-joylardagi qishloqlarni egallashga kirishdi. U Xunbun, Tarob, Romitan singari qishloqlarida va tan himoyachilari bilan qattiq janglar qilishga majbur bo’ldi. Hamda bu yerlarni o’ziga bo’ysindirdi. O’sha vaqtlarda arablar orasida “toki biz (arablar) bu yerda ekanmiz bu turklar biz bilan urush qiladilar”, degan ibora yurardi. Haqiqatan ham Buxoro, Samarqand va boshqa joylarning tub aholisi – turkiylar xalifalikning ashaddiy dushmanlari sifatida namoyon bo’lgan edilar.

Qutayba 708 va 709 yillarda Buxoroga qayta hujum qilganda qattiq jang bo’lib ikki tomonidan ko’p odamlar o’ldirildi. Ammo u shaharni so’nggi to’rtinchi yurishidagina egallashga muvaffaq bo’ldi. “Qutayba va uning yoronlari, – deydi Narshaxiy, yana Buxoroga bordilar; Bu uning Buxoroga to’rtinchi marta kelishi edi. U jang qilar, mol olar, ayrim viloyatlarni talar, ba’zi kishilarni o’ldirar, ba’zilarni asir hamda qul qilib olib shu tarzda to Marvgacha borar va yana Buxoro viloyatiga qaytib kelar edi… Qutayba to’rtinchi marta kelib Buxoroni olganida u (quyidagi) shartlarga binoan sulh tuzdi; Buxoroliklar har yili yuz ming dirham xalifaga, o’n ming dirham Xuroson amiriga, uylar va ekin yerlarining yarmini musulmonlar (arablar)ga beradigan bo’ldilar. Yana shahardan tashqarida turuvchi buxoroliklar arablarning otlari uchun beda, o’zlari uchun o’tin va (boshqa) zarur narsalarni berib turadigan bo’ldilar”. Qutayba Buxoroni vahshiyona ravishda bo’ysundirib va talab bo’lgandan keyin 710 yilda Nesef (Qarshi) va Kesh (Shahrisabz)ni egalladi. Qutayba Samarqandda podshoh Tarxun bilan sulh tuzib o’lpon to’lashni o’lpon to’lashni uning bo’yniga qo’ygan edi. U 710 yilda mana shu o’lponni undirish maqsadida ukasi Abdurahmonni yuborgan edi. Tarxun o’lponni to’laganda jamoa ahli nafratlanib norozi bo’ladi. Natijada u taxtdan tushiriladi. U bunga chiday olmay o’zini o’zi o’ldiradi. 710 yilda Gurek taxtga o’tirib xalifalikning bosqiniga qarshi kurashni qizitib yuboradi. U yordam so’rab Toshkent va Farg’ona hukmdorlariga xat jo’natadi. Toshkent qo’shini kelayotganda yo’lda pistirmada turgan arab qo’shini tomonidan tor-mor etiladi. Bundan nihoyatda ruhlangan arablar 712 yilda Samarqandga hujum qilib qattiq janglardan so’ng g’alabaga erishadilar. So’ngra har ikki tomon o’rtasida samarqandliklar uchun nihoyatda katta talafot keltiruvchi sulh tuziladi. Bunga ko’ra podshoh Gurek har yili 2 million 200 ming dirham to’lashni, 300 ming sog’lom kishilarni berishlikni zimmasiga oladi. Shuningdek barcha oltin va kumushdan yasalgan narsalar bir joyga to’planb dushmanlar qo’liga topshirildi. Ular olovda eritilib quyma holiga keltirilganda og’irligi 50 ming misqolni tashkil etgan. Qutayba Gurekni xalifalikning vassal sifatida taxtda qoldirib va harbiy qismni o’rnashtirib Samarqanddan ketadi. Ammo ko’p o’tmay shahar aholisi qo’zg’olon ko’taradi, lekin Qutayba qo’shin bilan kelib uni vahshiylarcha bostiradi.

712-713 yillarda Panjakent hukmdori Devashtichning tashabbusi bilan Samarqand, Toshkent va Farg’ona singari shaharlarning xalifalikka qarshi qaratilgan ittifoqi tuziladi. Bu qator mag’lubiyat va katta talafotlarga qaramay ozodlik kurashi to’xtamaganligi haqida dalolat beradi. Qutayba qo’shining katta qismini Toshkentga, uni ikkinchisini Xo’jand va Farg’ona tomonga safarbar etadi. Garchand dushman kuchlari g’alabaga erishgan bo’lsalarda, lekin ozodlik kurashini to’xtatolmadi. Shu bois 714 yilda Qutayba Toshkentni egallaydi. So’ngra u Sayram va Chimkentnig bo’ysindiradi. 715 yilda yana Farg’onaga bostirib kirib g’alabaga erishadi. U bu yerda ko’rsatilgan yili safdoshlari tomonidan uyushtirilgan isyon orqasida 55 yoshida o’ldirilgan. Uning qabri Farg’onadagi “Raboti Sarxang” degan joyda, Koh nomli qishloqda joylashgan.

Qutayba o’n yil davomida qo’shin bilan Turkiston bo’ylab kezib o’n minglab kishilarning hayotiga zomin bo’ldi. U ko’p shahar va qishloqlarni vayronaga aylantirdi. Narshaxiyning so’zi bilan ta’riflaganda: “U ko’p jidu-jahid qilib, har kimniki shariat hukmlarini bajarishda kamchilik sodir bo’lsa uni jazolar edi. U masjidi jome bino qildi va odamlarga juma namozini o’qishga buyruq berdi”.

Darhaqiqat Qutayba qo’lini qonga belab, o’lkada ilk bor islom dinini ildiz otdirib va masjid qurib zardo’sht diniga zarba berdi. Ammo islom dinini tub aholining ongiga singdirish va rivojlantirish nihoyatda qiyin kechdi. Chunonchi “Buxoro aholisi har safar (islom lashkari kelganda) musulmon bo’lar, arablar qaytib kelganida esa ular yana dindan qaytar edilar. Qutayba ibn Muslim ularni uch marta musulmon qilgan, ular esa yana dindan qaytib kofir bo’lgan edilar. Bu to’rtinchi marta (kelganida) Qutayba jang qilib Buxoro shahrini oldi, ko’p qiyinchiliklardan keyin (bu yerda) islom dinini yuzaga va har turli yo’llar bilan ularga qiyinchiliklar tug’dirib dillarida musulmonchilikni o’rnashtirdi”.

Bu yerda shuni unutmaslik kerakki, Turkistonda islom dinining tarqalishi katta tarixiy voqea hisoblanadi. Chunki u zardo’sht diniga nisbatan takomillashgan va ilg’or din edi. Zardo’sht dini ibtidoiy jamiyat buzilib, endigina davlat paydo bo’lganda yuzaga kelgan edi. Hali siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayot islom dini paydo bo’lgan davrga nisbatan ancha orqada edi. Shu bois zardo’sht dinining ojiz tomonlari ko’p bo’lib, tobora rivojlanayotgan jamiyatning ehtiyojini qondira olmas edi. Shuning uchun ham u har jihatdan zamonaviy va kelajagi porloq islom diniga qarshi kurashishga kuchi yetmadi. Hatto arab xalifaligiga qarshi kurashning mag’lubiyatga uchratilishiga zardo’sht dinini ojizligi ham sabab bo’lgan edi. Endilikda u “oshini oshib, yoshini yashab”, jamiyat taraqqiyotini ta’minlashga qodir bo’lmay qoldi. Shuning uchun ham zardo’sht dini qanchalik vaqtlarning o’tishi bilan shunchalik ko’p chetga surildi. Natijada VIII-IX asrlarda islom dini butun Turkiston o’lkasini qamrab, ma’naviy hayotning tarkibiy qismiga aylandi. Uning o’lkada tarqalishining ijobiy tomoni shundan iboratki, u mamlakatda ko’pdinlikni bartaraf etdi. Ma’lumki mamlakatda zardo’sht dinidan tashqari, xristian, budda, shomon dinidagi kishilar bo’lib, turmush va ma’naviyatda “ola-bulalik” va tarqoqlik mavjud edi.

Bu hol urf-odat va his-tuyg’ularda xilma-xillik tug’dirib jamiyatning birdamligi va hamkorligiga putur yetkazmoqda edi. Islom dini esa bu holatni bartaraf etib bir xildagi ma’naviyat va turmush tarzini hayotga joriy etib jamiyatni ilg’orlashtirishga keng imkoniyatlarni yaratdi.

Ammo islom dinini kirib kelishi tub aholining vatanga sodiqligi va erksevarligiga tamomila aloqasi yo’qdir. U xalifalikka qarshi qahramonona kurashganda birinchi navbatda ona yurt mustaqilligi va ozodligini saqlashni asosiy maqsad qilib qo’ygan edi. Yuqorida ko’rsatilganidek xalifalikning qo’shini ilk bor 651 yilda Turkistonga bostirib kirib Marv shahrini egalladi. Mana shu vaqtdan to 715 yilgacha, ya’ni 65 yil mobaynida xalifalik o’lkaga bir necha bor harbiy yurishlarni uyushtirganda tub aholi islom dini haqida to’la tasavvurga ega ham emas edi. Bundan tashqari arablarning o’zi ham to Qutaybagacha harbiy yurish qilganlarida islom dinini tarqatish emas, balki ko’proq boylik va asirlarni qo’lga kiritishni nazarda tutgan edilar. Shuning uchun ham ular bu niyatga erishishlari bilanoq Xurosonga qaytib ketaverganlar.

Vatan himoyachilari mana shunday bosqinchilik va talonchilikka qarshi kurashib, mustaqillik va ozodlikni qo’ldan boy bermaslik uchun hech narsadan toymadilar. Vatan ozodligi uchun kurashlarda minglab kishilarning qoni to’kildi. Shahar va qishloqlar xarobaga aylantirildi. Hatto 720-722 yillarda ham ozodlik kurashi davom etib, janglar qizg’in tus oldi. Pirovardida bosqinchilar g’olib kelib, o’z hukmronligini mustahkamladi. Bunga xalqning qarshi turmasligi yoki jang qilmaganligi emas, balki ozodlik kurashlariga mardlik, jasoratlik, bilimdonlik bilan rahbarlik qiladigan kimsani yo’qligi asosiy sabab bo’ldi. Agar mana shunday fazilatlarni o’zida mujassamlashtirgan davlat arbobi yoki lashkarboshi bo’lganda ozodlik kurashining g’alabaga erishishi turgan gap edi. Shuningdek mamlakatda hukm surayotgan tarqoqlik va parokandalik ham katta ziyon keltirdi.