Xalqaro geofizika yili
Xalqaro geofizika yili – 1957 yil 1 iyuldan 1958 yil 31 dekabrgacha o’tgan (18 oy) davr; bu davr ichida butun Yer sharidagi 67 mamlakatda yagona dastur va metodika asosida geofizik kuzatishlar va tadqiqotlar olib borildi. Xalqaro geofizika yili bundan ilgari o’tgan ikkita xalqaro qutb yillarining davomi bo’ldi. Quyosh aktivligining maksimum davriga to’g’rilangan Xalqaro geofizika yili dasturiga quyidagi kuzatishlar kiritildi: aerologik va meteorologik, okeanografik, glyasiologik, magnit, gravimetrik va seysmik; ustki atmosfera — qutb yog’dulari, ionosfera, meteorlar, kosmik nurlari ham o’rganildi. Natijada Quyosh bilan yer o’rtasidagi o’zaro aloqani o’rganish ishiga katta hissa qo’shildi, Antarktidani tadqiq qilishda muhim ahamiyat kasb etdi, u yerda turli mamlakatlar o’z bazalarini barpo etishdi. Xalqaro geofizika yili kuzatish materiallari asosida Antarktidada Janub sovuqlik qutbi aniqlandi, u yerda yillik o’rtacha temperatura -57° ligi qayd etildi. Ozon qatlami tropik mintaqalarda juda yuqorida va yupqa, qutbiy mintaqalarda esa qalin va past joylashganligi isbot etildi. Sharqiy Sibirda yangi muzliklar borligi aniqlandi.