Xalqaro kooperativ alyansi

Xalqaro kooperativ alyansi, XKA — milliy va mintaqaviy kooperativlar uyushmalari va kooperativ federatsiyalari (matlubot, kredit, qishloq xo’jalik va boshqalar)ni birlashtiruvchi xalqaro tashkilot. BMTda maslahat maqomiga ega. 1895-yilda Londonda tashkil etilgan. Asosiy maqsadi barcha mamlakatlarda kooperatsiyalar rivojlanishiga yordam berish, kooperativ harakat tamoyillarini targ’ib etish, turli mamlakatlardagi kooperativ tashkilotlar o’rtasida hamkorlik o’rnatish, tinchlik va xavfsizlikni saqlashga yordam berish va boshqalar. XKA BMTning bir qator organlari va ixtisoslashgan tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi. XKA qoshida xalqaro yordamchi qo’mitalar qishloq xo’jalik kooperatsiyalari, sug’urta, kredit, uyjoy, matlubot savdosi, ishlab chiqarish va hunarmandchilik kooperativlari muammolarini o’rganish bilan shug’ullanadi. XKA tashabbusi bilan 1923 yildan boshlab Xalqaro kooperativ alyansiga a’zo mamlakatlarda har yili iyul oyining 1-shanbasi kooperativ tashkilotlar va korxonalar a’zolarining xalqaro birdamlik kuni — Xalqaro kooperatsiya kuni tarzida nishonlanadi. XKAning rahbar organlari — kongress (3—4 yilda bir marta chaqiriladi), Markaziy qo’mita (har yili chaqiriladi), Ijroiya qo’mita (XKA Prezidenti va 2 viseprezidenti va 13 a’zodan iborat). Kundalik ishlarga direktor va sekretariat rahbarlik qiladi. Shtabkvartirasi Jenevada. XKA 2000 yil boshlarida 540 million a’zodan iborat (76 mamlakat) kooperativ tashkilotlarini birlashtirdi. O’zbekistonni XKAda «O’zbekbirlashuv» taqdim etadi, 1992 yil oktabrda Yaponiyada o’tkazilgan yillik sessiyasida O’zbekiston XKA a’zoligiga qabul qilingan. Muxtor Rasulov.