Ximachalpradesh

Ximachalpradesh Hindiston shtati. Maydoni 55,7 ming km2. Aholisi 6 million kishi (2001). Ma’muriy markazi — Simla shahri. Relefi tog’li bo’lib, Himolay tog’larining Janubiy g’arbiy qismida, Satlaj, Bias, Ravi daryolarining boshlanish yerida joylashgan. Iqlimi tog’ subtropik, mussonli iqlim. Hududining 50% keng bargli va igna bargli o’rmon. Iqtisodiyotida qishloq xo’jalik yetakchi o’rinda. Ekin maydoni 550 ming gektarni tashkil etadi. Daryo vodiylarida bug’doy, makkajo’xori, suli, sholi, kartoshka ekiladi. Mevachilik rivojlangan. Dorivor o’t va o’simliklar yig’iladi. Daromadining 1/3 qismini o’rmonchilik beradi. Qog’oz, pivo, qishloq xo’jalik qurollari, elektr motorlar ishlab chiqarish zavodlari bor. Qishloq xo’jalik mahsulotlari qayta ishlanadi. Qimmatbaho toshlarga ishlov beriladi. Hunarmandchilik rivojlangan. Teridan turli buyumlar, junli ip va shol ro’mollar tayyorlanadi. Energetika quvvati 20 million kVt.