YAHUDIY PODSHOLIGI
YAHUDIY PODSHOLIGI — Isroil-yahudiy podsholigi parchalanishi (miloddan avvalgi taxminan 935 yil) natijasida Janubiy Falastinda barpo etilgan quldorlik davlati. Poytaxti — Quddus shahri mamlakat iktisodiyotida dehqonchilik bilan bir qatorda chorvachilik ham katta o’rin egallagan. Pul muomalasining o’sishi, qishloq jamoasining parchalanishi, yer-mulklarni zo’rlik bilan tortib olinishi mulkiy tabaqalanishga olib kelgan. Podsho Iosiya hukmronligi davrida iqtisodiyotda birmuncha yuzaki islohotlar o’tkazilgan. Xususan, miloddan avvalgi 622 yil qarzdorlarning qullik muddatlari 6 yil bilan cheklab qo’yilgan, biroq unga rioya qilinmagan. Ayni vaqtda qudduslik kohinlar va zodagonlar manfaatini ko’zlab Quddus Yaxvaga sajda qilishning markaziga aylantirilgan. Miloddan avvalgi 586 yil Quddus Bobil podshosi Navuxodonosor II tomonidan vayron qilingan; yahudiylarning katta qismi asir qilib olib ketilgan («Bobil asirligi» iborasi shundan). Axomaniylar shohi kir II davrida (u miloddan avvalgi 538 yil Bobilni zabt etgan edi) Quddus qayta tiklanib, teokratik ibodatxonashahar jamoasi vujudga kelgan. Hokimiyat fors satraplari nazorati ostida bo’lgan yahudiy kohinlari kollegiyasi qo’lida mujassamlashgan. Miloddan avvalgi 3— 2-asrlarda avval misrlik Ptolemeylar, so’ngra suriyalik Salavkiylar hukmronligi ostida bo’lgan. Miloddan avvalgi 167 yil Salavkiylar va ularning Yahudiy podsholigidagi tarafdorlari — kohinlar va quldorlarga qarshi qaratilgan Mankaveylar (xasmoneylar) qo’zg’oloni ko’tarilgan. Natijada Iudeya xasmoneylar sulolasi hukmronligi ostida mustaqil bo’lgan. Qo’shni qabilalar (idumeylar, itureylar va boshqalar) zo’rlik bilan yahudiylashtirilgan, ijtimoiy ziddiyat kuchaygan. Aleksandr Yannay davrida (miloddan avvalgi 103-76 yillar) fuqarolar urushi ayniqsa avjga chiqqan. Miloddan avvalgi 63 yil Iudeya ustidan Rim protektoratligi o’rnatilgan. Milodiy 40-yil rimliklar hokimiyatni yangi sulola — Irodlarga topshirganlar. Milodiy 6 yilda Iudeya Rim prokuratorlari tomonidan boshqariladigan provintsiyaga aylantirilgan; prokuratorlar xalq qo’zg’olonlarini ayovsiz bostirganlar. Milodiy 66—73 yillardagi Iudeya urushidan so’ng Yahudiy podsholigi uzil-kesil barham topgan.