YANGI CHINOZ

YANGI CHINOZ — Toshkent viloyatining Chinoz tumanidagi shaharcha (1992 yildan). Temir yo’l stantsiyasi (Chinoz). Viloyatning g’arbiy qismida, Toshkent — Nukus avtomagistralida, tuman markazi (Chinoz shahri) dan 7 kilometr narida. Sirdaryo va Chirchiq daryolari yonida. Aholisi 3,7 ming kishi (2005). Shaharchada 7 korxona, shuningdek, dehqon bozori, 20 dan ortiq savdo shoxobchasi, tijorat banki faoliyat ko’rsatadi. Sanoatining asosiy tarmog’i — un tegirmoni va qumshag’al karerlari. Umumiy ta’lim maktabi, kutubxona, ambulatoriya bor. Yangi Chinoz yonida Daryo bo’ylarida 30 dan ortiq dam olish maskani joylashgan.