YANGIQO’RG’ON TUMANI
YANGIQO’RG’ON TUMANI — Namangan viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentyabrda tashkil etilgan. G’arbdan Kosonsoy, Janubdan Namangan va Uychi tumanlari, shimoliy G’arb, shimoliy va Sharqda Qirg’iziston Respublikasi, Chortoq tumani bilan chegaradosh. Maydoni 0,54 ming kilometr kvadrat. Aholisi 166,7 ming kishidan ziyod (2005). Tumanda 1 shaharcha (Yangiqo’rg’on), 11 qishloq fuqarolari yig’ini (Bekobod, Birlashgan, Zarbdor, Zarkent, Istiqlol, Navkent, Navro’zobod, Nanay, Paromon, Sharq yulduzi, Qorapolvon) bor. Markazi — Yangiqo’rg’on shaharchasi. Tabiati. Tuman hududi Chatqol tizmasining Janub etaklarida joylashgan. Yer yuzasi tekislik va adirlardan iborat. Balandligi Janubdan shimolga 300 metrdan, o’rta qismida 1500 metrgacha, shimolda 1500 — 2000 metr. Foydali qazilmalardan neft, mahalliy ahamiyatga ega bo’lgan qurilish materiallaridan shag’al, ohaktosh, gil tuproqlar bor. Iqlimi kontinental: yozi issiq va quruq, qishi sovuq. O’rtacha temperatura yanvarda — 1° dan -4″ gacha, iyulda 25° — 26″. Eng past temperatura qishda -29°, eng yuqori temperatura yozda 40°. Yillik yog’in 300 — 400 millimetr. Vegetatsiya davri 175 kun. Tog’lardan katta-kichik soylar oqib tushadi. Ularning ba’zilari yozda qurib qoladi. Eng yirik soylari: Chortoqsoy, Namangansoy (yuqori qismda Pochchaotasoy), Quruqsoy (Changach). Soylardan bahorda ba’zan kuchli sel keladi va xo’jaliklarga katta zarar yetkazadi. Ayrim joylarda selxonalar qurilgan. Soylar suvidan sug’orishda foydalaniladi. Tuprog’i, asosan, tipik bo’z tuproq, eng shimol chekkasida qisman to’q tusli bo’z tuproq. Shimoliy Sharqiy qismida qumlichaqir yerlar bor. Qishloq xo’jaligiga yaroqli yerlar o’zlashtirilgan. Tabiiy o’simliklar, asosan, adirlarda saqlangan. Efemer o’tlar va butalar o’sadi. Adir o’simliklarini o’rganish va ularni boyitish bo’yicha O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Botanika institutining tajriba uchastkasi faoliyat ko’rsatadi. Yovvoyi hayvonlardan tulki, yumronqoziq, toshbaqa, turli xil ilonlar, kaltakesaklar; qushlardan kaklik, ular va boshqalar yashaydi. Suvlarida har xil baliqlar bor. Aholisi, asosan, o’zbeklar; shuningdek, tojik, qirg’iz, tatar, rus va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 kilometr kvadratga 309 kishi. Shahar aholisi 16,1 ming kishi, qishloq aholisi 150,6 ming kishiga yaqin. Xo’jaligi. Tuman xo’jaligi, asosan, qishloq xo’jaligiga ixtisoslashgan. Sanoat korxonalaridan paxta tozalash, g’isht, vino zavodlari, tikuv-trikotaj fabrikasi, atlas to’qish tsexlari, qurilish tashkilotlari, MTP, avtokorxona, non kombinati, dehqon bozori, savdo, madanis va maishiy xizmat qo’rsatish shoxobchalari bor. 300 ga yaqin yirik, o’rta biznes, kichik korxonalar, mikrofirmalar faoliyat ko’rsatadi. 3 qo’shma korxona mavjud. Qishloq xo’jaligining yetakchi tarmog’i — paxtachilik. Sabzavotchilik, g’allakorlik va chorvachilik, meva yetishtirish ham rivojlangan. 628 fermer, 12 shirkat xo’jaligi ishlab turibdi. Ekin maydonlariga paxta, bug’doy, makkajo’xori, sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari ekiladi. Mevazor va tokzorlar bor. 60 umumiy ta’lim maktabi, bolalar musiqa va sport maktablari, 2 litsey-internat, kasb-hunar kollejlari mavjud. Tuman Markaziy kutubxonasi, 17 klub muassasalari, madaniyat uylari, sport majmuasi ishlab turibdi. Tuman Markaziy kasalxonasi, poliklinika, dorixona, 2 feldsherakusherlik punkti, 19 qishloq vrachlik punkti va boshqalar tibbiy muassasalar aholiga xizmat ko’rsatadi. Tuman hududidan respublika ahamiyatidagi Chortoq — Nanay avtomobil trakti o’tgan.