YANGIOBOD TUMANI

YANGIOBOD TUMANI — Jizzax viloyatidagi tuman. 1999 yil 30 aprelda tashkil qilingan. G’arbdan Zomin tumani, Janub, Sharq, shimoldan Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh. Maydoni 0,72 ming kilometr kvadrat. Aholisi 22,7 ming kishi (2005). Tumanda 5 qishloq fuqarolari yig’ini (Xovos, Sarmich, Xo’jamushkent, Savat, Xavotog’) mavjud. Markazi — Balandchaqir qishlog’i. Tabiati. Tumanning shimol qismi pasttekislik, Janub qismi qir-adir va tog’lardan iborat. Yer yuzasi Janubga tomon ko’tarilib boradi. Iqlimi keskin kontinental, yozi issiq, qishi sovuqroq. Yanvarning o’rtacha temperaturasi — 3°, iyulniki 28°. Yiliga 350 — 360 millimetr yog’in tushadi. Tekislik va qirlarda bo’zqo’ng’ir tuproqlar, Janubi sharqida chaqirtosh, qumtosh bilan qoplangan tepaliklar uchraydi. Tuman hududi, asosan, o’rqirdan iborat. Yovvoyi o’simliklardan sho’ra, yantoq, shuvoq, kovrak, ismaloq, yalpiz, qoqi, lolaqizg’aldoq, Lola, chuchmoma va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan bo’ri, tulki, chiyabo’ri, jayra, tipratikan, quyon; qushlardan burgut, bulbul, zog’cha va boshqalar yashaydi. Yangiobod tumanining Janub qismidagi qishloqlarda buloq suvlari chiqib turadi. Xo’jamushkent va Sarmich suv omborlari bor. Ekinzorlar Mirzacho’l kanalidan (nasoslar yordamida) sug’oriladi. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, tojik, tatar, rus va boshqalar millat vakillari ham yashaydi. Aholi zichligi 1 kilometr kvadratga 32,1 kishi. Xo’jaligi, asosan, qishloq xo’jaligiga ixtisoslashgan (g’allachilik va chorvachilik yetakchi o’rinda). Kichik, o’rta va yirik biznes korxonalari, MTP, mikrofirmalar, qurilish korxonalari faoliyat ko’rsatadi. Savdo, madaniy va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari mavjud. 380 ga yaqin fermer xo’jaligi bor, shu jumladan, 350 tasi dehqonchilik, 27 tasi chorvachilik bilan shug’ullanadi. Shirkat xo’jaliklari mavjud. Tumanda 28,9 ming gektardan ziyod yer maydonida dehqonchilik qilinadi, shundan sug’oriladigan yerlar 4,1 ming gektar, lalmikor yerlar 24,9 ming gektar. Tokzorlar, bog’lar va boshqalar ko’p yillik daraxtzorlar, Xo’jamushkent o’rmon xo’jaligi mavjud. Umumiy ta’lim maktablari, litsey, kasb- hunar kolleji, 5 klub, 7 kutubxona bor. Kasalxona (120 o’rin), 8 qishloq vrachlik punkti, 3 dorixona aholiga xizmat ko’rsatadi. Balandchaqir — Yangiyer, Julangar — Yangiyer, Xo’jamushkent — Yangiyer yo’nalishlarida avtobuslar va Dashtobod, Jizzax, Xovos, Yangiyer shahar va shaharchalariga marshrutli taksilar qatnaydi. Yangiobod tumani hududida Xo’jamushkent bobo, Rustam bobo, Sayidon Aziz, Changaul ziyoratgohlari bor. 2000 yildan «Yangiobod hayoti» tuman gazeta nashr etiladi. Faxriddin Abdusattorov.