YAPON DENGIZI

YAPON DENGIZI — tinch okeanning yarim berk dengizi. Yevrosiyo materigi bilan Saxalin va Yapon orollari o’rtasida. Bo’g’ozlar orqali shimolda Oxota dengizi, Sharqda tinch okean, Janubda Sharqiy Xitoy dengizi bilan tutashgan. Maydoni 1062 ming kilometr kvadrat. Eng chuqur joyi 3720 metr. Sohillari baland, tik yon bag’irli, kam parchalangan. Yirik qo’ltiqlari: Sharqiy Xitoy va Buyuk Petr. Dengiz tubining relefi soylik. Markaziy qismida Yamato qiri bor. Iqlimi mo’tadil, mussonli iqlim. Qishda shimoliy g’arbiy sovuq shamol esib turadi. May oyidan oktyabrgacha tayfunlar, bahor va yozda tumanli kunlar bo’lib turadi. Yuza oqimlar tsiklonal aylanma yo’nalishda harakat qiladi. Suvining yuza qatlamida temperatura qishda shimolda 0°dan Janubda 12° gacha, yoz oylarida 17° dan 26° gacha. Shimol qismidagi materikka yondosh suvlari qishda muzlaydi. Sho’rligi 27,5%o dan 34,8%s gacha. Suvining rangi yashil, yashilko’k. Suv sathining ko’tarilishi sutkalik (balandligi 0,5 metrgacha), tatar bo’g’ozida 2,3 metrgacha. Dengizning o’simlik dunyosi gulli o’simlik va suvo’tlardan iborat. Suvo’tlarning ayrim turlaridan xo’jalikda foydala- niladi. Hayvonot dunyosi shimol qismida sovuq suvda yashashga moslashgan (seld, treska, navaga, losossimonlar, kambala va boshqalar), Janubda iliq suvda yashovchilar (skumbriya, tuneslar, ilonbaliq)dan iborat. Dengizda ko’plab baliq va dengiz hayvonlari ovlanadi. Yapon dengizi muhim transport ahamiyatiga ega. Asosiy portlari: Vladivostok, Naxodka (Rossiya), Niigata, Suruga (Yaponiya), Vonsan, Xinnam, Chxonjin (KXDR) va boshqalar.