YERDAN FOYDALANISH

YERDAN FOYDALANISH – yerdan foydalanish tartibi, shartlari va shakllari. Turli mamlakatlarda turlicha bo’lishi mumkin. O’zbekiston Respublikasi hududida yashaydigan xalqlarning yerga mulkchilik huquqi davlat tomonidan amalga oshiriladi. Yer qishloq xo’jalik va o’rmon xo’jaligini yuritish uchun shirkat (jamoa) xo’jaliklariga, davlat, kooperativ, jamoat korxonalariga, muassasalar va tashkilotlarga, diniy tashkilotlarga, O’zbekiston Respublikasi fuqarolariga, qo’shma korxonalarga, xalqaro birlashmalar va boshqalarga doimiy yoki vaqtincha foydalanish uchun beriladi. Yerdan foydalanish tartib va shartlari yer kodeksi bilan belgilanadi. Yerni foydalanishga berish O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, viloyat va tuman (shahar) hokimliklari qarorlari asosida amalga oshiriladi. Odatda, yerga egalik qilish va yerdan foydalanish huquqiga ega bo’lgan korxona, muassasa, tashkilot va fuqarolar yerdan doimiy foydalanuvchilar deb hisoblanadi. Yerdan vaqtincha foydalanish qisqa (3 yilgacha) va uzoq (3 yildan 10 yilgacha) bo’lishi mumkin. Fermer xo’jaliklari uchun 50 yilgacha, yaylov chorvachiligi uchun yer maydonlari 25 yilgacha muddatga berilishi mumkin. Qishloq va o’rmon xo’jaligi korxona, tashkilot va muassasalariga, dehqon va fermer xo’jaliklariga yerdan doimiy foydalanish huquqi davlat dalolatnomasi bilan guvohlanadi hamda yerga egalik qilish huquqining himoya qilinishi davlat tomonidan ta’minlanadi. Yer egaliklariga qarashli yerlarni vaqtincha foydalanishga berilganda belgilangan muddatdan so’ng tuproqning unumdorligini dastlabki holatiga keltirib qo’yilishi shart. Qishloq xo’jaligida yerdan oqilona foydalanish maqsadida boshqa yordamchi tarmoqlarni ham mutanosib rivojlantirish uchun ekinzor yerlar ajratiladi. Bunda almashlab ekishni joriy etish chorvachilik, sabzavotchilik, pillachilik, bog’dorchilik kabi qo’shimcha tarmoqlar talabi ham hisobga olinadi. Qosimjon Rahmonov.