YONUVCHI ARALASHMA

YONUVCHI ARALASHMA dvigatellarda yonilg’i bilan havo (oksigen)ning ma’lum nisbatdagi aralashmasi. Yonuvchi aralashma karbyuratorli ichki yonuv dvigateli (IYOD) da tsilindrdan tashqarida (karbyuratorda) benzin bug’lari bilan havo (oksigen) dan, gaz bilan ishlaydigan iyodda gaz bilan havodan, dizel dvigatellarida tsilindrga kiritilgan qisilishidan qizigan havo bilan unga purkalgan dizel yonilg’isidan hosil bo’ladi. Yonuvchi aralashma tarkibidagi 1 kilogramm yonilg’iga to’g’ri keladigan havo (oksigen) miqdoriga qarab, me’yordagi (1:15), suyuq (1:18), suyuqlashgan (1:16,5), quyuqlashgan (1:13) va quyuq (1:12) xillarga bo’linadi. Bu miqdor iyodga tushadigan yuk (nagruzka)ga qarab tanlanadi. Masalan, dvigatelni ishga tushirishda quyuq, ortiqcha yuk bilan ishlashda (tepalikka ko’tarilishda) quyuqlashgan, tekis yo’lda bir maromda harakatlanishda me’yordagi (normal), pastlikka tushishda suyuqlashgan va salt ishlashda suyuq Yonuvchi aralashma hosil qilinadi. Avtotraktor dvigatellarida sovuq dvigatelni ishga tushirishda so’riladigan havo yo’lini to’sib (zaslonka yordamida), boshqa hollarda esa akselerator tepkisi (pedali)ni bosib bo’shatib Yonuvchi aralashma miqdori rostlanadi.