YORDAMCHI TARMOQ

YORDAMCHI TARMOQ (qishloq xo’jaligida) — xo’jalikda asosiy (bosh) tarmoqni to’ldiradigan va tovar beradigan soha. Aksariyat xo’jaliklarda asosiy tarmoq bilan birga 2-3 Yordamchi tarmoq bo’lishi mumkin. Har bir Yordamchi tarmoq texnologik, tashkiliy va iqtisodiy jihatlardan asoslangan, uning hajmi birinchi navbatda asosiy tarmoq bilan bog’langan hamda ishlab chiqarishning rentabelli bo’lishini ta’minlashi kerak. O’zbekistonda sabzavotchilik xo’jaliklarida pillachilik, bog’dorchilik xo’jaliklarida asalarichilik, Paxtakor xo’jaliklarda polizchilik, yem-xashak yetishtirish, pillachilik, chorvachilik Yordamchi tarmoq hisoblanadi.