YUGNAKIY

YUGNAKIY, Ahmad Yugnakiy (12-asr oxiri, Samarqand, Yugnak qishlog’i — 13-asr 1-yarmi-?) — shoir, mutafakkir. Tarjimai holi haqida deyarli ma’lumot yo’q. «Hibat ulhaqoyiq» («Haqiqatlar tuhfasi») asari bizgacha yetib kelgan. Uning oxirida adib Ahmad ismi tilga olinadi. Asar nusxalaridan biriga temuriy amaldorlardan Arslonxoja Tarxon tomonidan ilova qilingan 10 baytli masnaviyda Yugnakiy haqida ba’zi ma’lumotlar mavjud. Undan ma’lum bo’lishicha, Adib Ahmad Yugnak degan so’lim va bahavo joyda tug’ilgan. Otasining oti Mahmud Yugnakiy bo’lgan. Kitobi adabdan iborat bo’lib, nomi —»Hibat ul-haqoyiq». Kitob Koshg’ariy tilda she’riy yo’l bilan yozilgan. «Qutadg’u bilig»dan 1-2 asr keyin yaratilgan bu asar o’zbek mumtoz adabiyotining noyob durdonasi hisoblanadi. Alisher Navoiy «Nasoyim ul-muhabbat» tazkirasida Yugnakiyni O’rta Osiyoning mashhur shayxlari qatoriga qo’yib, uning tug’ma ko’rligi xususida so’zlaydi, yana Navoiy Husayn Boyqaro’tt o’g’li Badi-uz-zamonga yozgan xatlaridan birida ham «Hibat ul-haqoyiq»dan parchalar keltiradi. «Hibat ulhaqoyiq» asari shoir haqidagi ma’lumotlarni birmuncha to’ldirishga, Yugnakiy yashab ijod etgan davrni tahlil qilishga imkon beradi. Yugnakiy tug’ilgan joy olimlar o’rtasida ko’p tortishuvlarga sabab bo’lgan. Samarqand, Farg’ona va Turkistonda Yugnak degan joy borligi aytilsada, ko’pchilik uni Samarqand atrofida deyishga moyil va keyingi tadqiqotlar bu fikrning to’g’riligini tasdiqlaydi. 12-asrda yashagan mashhur muarrix Abulkarim as-Sam’oniy «Alansob» («Nasabnoma») kitobida yozadi: «Bu nisba (taxallus) «Yug’anak»dan va bu (joy) Samarqand qishloqlaridan. Bu nisba bilan Abuhomid Ahmad ibn Abu Ahmad al-Yug’anakiy mashhurdirlar». Shoir «Hibat ulhaqoyiq»ni tugatib, uni hukmdori dod Sipohsolorbekka taqdim etadi. Mashhur sharqshunos olim E. E. Bertels bu asar qadimiy o’zbek adabiy tilidan mumtoz o’zbek adabiy tiliga o’tishda bir ko’prik bo’lganini aytadi. Asar tilida qadimiy turkiy so’zlardan ko’ra, Arab va fors so’zlarining ko’p qo’llangani shundan dalolat beradi. Yugnakiy bu asari bilan o’zbek adabiy tili va adabiyoti rivojiga katta hissa qo’shgan. «Hibat ul-haqoyiq» 14 bob, 512 misradan iborat. Dostonning 1-bobi Allohga hamd, 2-bobi Muhammad (sav) na’ti va choryorlar ta’rifiga, 3-bobi dod Sipohsolorbek madhiga bag’ishlangan. 4-bobda kitobning yozilish sabablari bayon qilingan. Dastlabki 4 muqaddima bobdan so’ng asosiy qismga o’tiladi. 5-bob — ma’rifatning foydasiyu jaholatning zarari, 6-bob — til odobi, 7-bob — dunyoning o’tkinchiligi, 8-bob — saxiylik va baxillik, 9 va 10-boblar turli masalalarga bag’ishlangan bo’lib, 11-bob — kitobning xotimasi (asarning 1480 yil Istanbulda Abdurazzoq Baxshi tomonidan ko’chirilgan nusxasida 11 bob mavjud — 3 bob yo tushib qolgan, yo boshqalariga qo’shilib ketgan). Yugnakiy o’zini shoir emas, balki adab muallimi, deb hisoblagan. O’ziga xos axloq kitobi bo’lgan bu asarga Qur’oni Karim va hadisi sharif ma’nolari singdirilgan. U Islom dini axloqini tashviq qilish, komil insonni tarbiyalab yetishtirish maqsadi bilan yozilgan. «Hibat ulhaqoyiq» ilk bor uyg’ur yozuvida bitilgan. Uning nusxalari ko’p bo’lib, ularda asar hajmi turlicha. Hozircha ma’lum qo’lyozmalardan 3 tasi (biri uyg’ur yozuvi, ikkinchisi Arab va uyg’ur yozuvi, uchinchisi esa Arab yozuvi bilan bitilgan) to’liq, qolganlari parchalardan iborat. 1444 yil Samarqandda Zaynulobidin baxshi, 1480 yil Istanbulda Abdurazzoq baxshi va Turkiyaning To’pqopi kutubxonasidagi noma’lum kotib tomonidan ko’chirilgan qo’lyozmalar e’tiborli nusxalar hisoblanadi. Asarni 1marta turk olimi Najib Osimbek topib (inv. №4757), nashr ettirgan (qisqartirilgan nashri — 1906, to’liq nashrlari 1916, 1925). Keyin 1951 va 1992 yillarda uni R.R. Arat so’zboshi, izohlar va 6 ta nusxasining faksimilesi va Turkiyada 16-asrda ko’chirilgan Arab yozuvidagi nusxasining tarjimasi bilan nashr ettirgan. O’zbekistonda asardan parchalar Fitrat, Oybek, P. Shamsiyev, S. Mutallibovlar tomonidan o’zbek adabiyoti namunalaridan tuzilgan majmualarda e’lon qilingan. So’ng u Q. Mahmudov tomonidan alohida kitob holida e’lon qilindi (1968; 1971). O’tgan asr oxirlarida uyg’ur olimlari H. Temur va T. Ayyub, qozoq olimlari E.Qurishjonov va B.Sog’indiqovlar uni asl matni, tarjima va fotonusxalari bilan nashr ettirganlar. Shuningdek, E.E. Bertels, Fitrat, Fuod Ko’prulu, T. Takin, E.Rustamov, N.Mallayev, A.Qayumov, A.Hayitmetov, A.Rustamov, M.Imomnazarov, B.To’xliyev, N.Rahmonov, I.Haqqulov, G.Xo’janova va boshqalar yu. va «Hibat ulhaqoyiq» haqida u yoki bu darajada tadqiqot ishlarini olib borganlar. As: Hibat ulhaqoyiq, T., 1968, 1971; Qadimgi obidalar, T., 1972; qadimiy hikmatlar, T., 1987; XI—XIV asrning turkiy yodgorliklari, T., 1994. Ad.: Alisher Navoiy, Nasoyim ulmuhabbat [Mukammalasarlarto’plami], 17j., T., 2001; Abdurauf Fitrat, «Hibat ulhaqoyiq» [tanlangan asarlar, 3 j.li], 2j., T., 2000; Mahmudov Q., Ahmad Yugnakiyning «Hibat ulhaqoyiq» asari haqida, T., 1972; Mallayev N., O’zbek adabiyoti tarixi, T., 1976; O’zbek adabiyoti tarixi [5 j.li], 1J., T., 1978; Buyuk siymolar, allomalar, 1-kitob, T., 1995; Xo’janova G., «Hibat ulhaqoyiq» haqiqatlari, T., 2001. Ergash Ochilov.