YUGURISH

YUGURISH (sportda) — yengil atletika turi. Yugurish barcha sport turlari musobaqalari va mashg’ulotlari tarkibiga kirgan. Olimpiada o’yinlarida Yugurish bo’yicha qisqa masofa (100, 200, 400 metr), o’rta masofa (800, 1500 metr), uzoq masofa (3000, 5000, 10000 metr), marafon (42 kilometr 195 metr), estafeta (4×100, 4×400 metr), to’siqlar osha Yugurish (100, 110, 400 metr), g’ovlar osha Yugurish (3000 metr), yettikurash (100 metrga to’siqlar osha Yugurish, 200, 800 metr), o’nkurash (100, 400, 1500 metr, 110 metrga to’siqlar osha Yugurish) va zamonaviy beshkurash (4000 metr) da musobaqalar o’tkaziladi. Shuningdek, yengil atletika musobaqalarida mavqeiga qarab boshqa masofalarda ham Yugurish poygalari tashkil etiladi. Yugurish musobaqalari qadimdan O’zbekiston xalqi turmush tarzidan o’rin olganini Navoiy viloyatidagi Sarmishsoy rasmlarini aks ettirilgan yugurayotgan odamlar tasvirlarida ko’rish mumkin. 1916 yilda Marg’ilonda Yugurish yo’lkasi qurilgandan keyin zamonaviy qoidalar asosida respublikada ommaviy musobaqalar tashkil etila boshlagan. Hozirgi vaqtda har bir yengil atletika musobaqasida Yugurish turlari ham kiritiladi. O’zbekistonda Yugurish bo’yicha Nikolay Ovsyannikov, Farida Hasanova, Mamatqul Oltiboyev, Aleksandr Chexonin, Ashur Normurodov, Roza Babich, Svetlana O’lmasova, Zamira Zaytseva, Marina Shmonina, Anvar Ko’chmurodov, Lyudmila Perepeleva kabi taniqli sportchilar yetishib chiqqan. Ad.: Normurodov A., Yengil atletika, T» 2002.