YUKON
YUKON — Kanadaning shimoliy-g’arbiy qismidagi ma’muriy hudud. Shimol Muz okeani sohilida, g’arbda Alyaska (AQSh) bilan chegaradosh. Maydoni 482,4 ming kilometr kvadrat. Aholisi 29,9 ming kishi (2002). Ma’muriy va iqtisodiy markazi — Uaytxors shahri Yukon yassitog’ligining Sharqiy qismida joylashgan. Yukonning o’zlashtirilishiga 1896 yilda o’sha hududda oltin konlarining topilishi sabab bo’lgan. Mis, asbest, kumush, volfram va oltin konlari bor. Qirg’oqqa yaqin suvlardan baliq ovlanadi.
YUKON — shimol Amerikadagi daryo, Kanada va AQSh hududidan oqadi. Uzunligi 3700 kilometr, havzasining maydoni 855 ming kilometr kvadrat. Kordilera tog’laridan boshlanib, yuqori qismida Yukon platosidagi chuqur tog’ vodiysidan, katta qismi Alyaska tekisliklaridan oqadi. Bering dengizining Norton qo’ltig’iga quyiladi. Asosiy irmoqlari: Tanana, Pelli, Porkyupayn va Koyukuk. O’rtacha suv sarfi 6,5 ming metr sekund., bahorda toshadi. Oktabr — noyabrda muzlaydi. May oyidan sentyabrgacha 3200 kilometr masofada kema qatnaydi.