Yupiterning nechta yo’ldoshi bor?

Kosmik kemalar va ochiq kosmosdagi sayohatlar to’g’risida o’qiganimiz sayin Quyosh sistemasidagi boshqa sayyoralarga qiziqishimiz tobora ortib boraveradi. Mars – Mirrixdan keyin bizni eng qiziqtirgan sayyora, shubhasiz, Yupiter – Mushtariydir.

Mushtariy, avvalo, kichik bir quyosh sistemasini eslatadi. Bugungi kungacha Mushtariy atrofida aylanadigan 16 tadan kam bo’lmagan yo’ldoshlar yoki oylar kashf etilgan. Ularning to’rttasi o’lchamlariga ko’ra, bizning Oyga yaqin turadi. Ulardan ikkitasining diametri 50 km, ayrimlari esa juda mitti yo’ldoshchalardir. Diametri – 25 km yoki undan ham kichkina.

Mushtariy sayyoralar ichida eng ulkani bo’lib, uning hajmi Yernikidan 1300 marta kattadir. Unga oddiy ko’z bilan boqqanimizda ham, garchi u Yerga 587 000 000 km masofadan yaqin kelmasa-da, yorqin va go’zal tomoshaning guvohi bo’lishingiz shubhasiz. Mushtariyni teleskop yordamida o’rganayotgan olimlar ko’p bor u yerda muttasil o’zgarib turadigan manzarani kuzatishgan. Sayyora yuzasida yorqin kengliklar bilan ajratilgan yo’l-yo’l chiziqlar yoki belbog’lar mavjud, ular zonalar deb ataladi. Belbog’lar aniq bir ko’rinishga ega emas, ammo doimiy sur’atda har xil ko’rinishdagi shakllarga ajralib turadi. Zonalar ham vaqti-vaqti bilan o’zgaradi: ularda to’satdan qoramtir dog’lar va yorqin oq joylar paydo bo’ladi. Munajjimlarning taxminicha, bizning ko’zimizga belbog’ yoki zonalar bo’lib ko’rinayotgan narsalar aslida bulut va bug’lar to’dasidir, ular tez-tez beqaror holatga tushib turadi.

Mushtariyning yana bir qiziq tomoni shundaki, uning yuzasida tez-tez kishini lol etadigan ranglar paydo bo’ladi. Uning ikkita belbog’i qip-qizil rangdan malla, kulrang, hatto, ko’kimtir ranggacha o’zgarib turadi. Bu Mushtariyning Quyosh atrofida aylanishi bilan bog’liq bo’lsa kerak, degan taxmin bor. U Quyosh atrofida 12 yilda bir marta aylanib chiqadi, ranglar o’zgarishida ham 12 yildan iborat davriylik bor. Mushtariyga tegishli eng qiziq va ajoiyb jihat undagi ulkan qizil dog’dir. Dog’ning bo’yi – 50 000 km, eni esa 12 000 km. Dog’ning rangi, shakli, yorqinligi va harakatchanligi o’zgaruvchandir. Yilning ayrim fasllarida qizil g’isht rangida, boshqa vaqt kul rangida bo’ladi, ba’zida butunlar yo’qolib ketadi. Bundan tashqari, bu sirli dog’ Yupiter yuzasida joydan-joyga ko’chib yurganga ham o’xshab ko’rinadi.