YUSUF SAKKOKIY

YUSUF SAKKOKIY (Yusuf ibn Muhammad Abu Ya’qub Sirojiddin al Xorazmiy as sakkokiy) (1160 — Xiva — 1228) — tilshunos va adabiyotshunos. Asosan Arab tilida ijod qilgan. Tarjimai holiga doir ma’lumotlar juda kam. Xondamirning yozishicha, Yusuf Sakkokiy sehrgarlikda nohaq ayblanib, Chig’atoy xoni tomonidan zindonband etilgan va qamoqda vafot etgan. Yusuf Sakkokiy fanning turli sohalariga oid ko’plab asarlar yozgan. Bizgacha yetib kelgan, Arab adabiyoti va grammatikasi masalalariga bag’ishlangan «Miftoh ululum» («Ilmlar kaliti») asari mashhur bo’lib, u madrasa talabalari uchun darslik sifatida foydalanilgan. Turk tarixchisi kotib Chalabiy ma’lumotlariga qaraganda, Yusuf Sakkokiyning «Shomil Fi ilm ulhuruf» («Grammatikadagi bog’lovchilar haqida») degan asari ham bo’lgan. «Miftoh ululum» 3 qismdan iborat va Filologiyaning 10 tarmog’ini o’z ichiga olgan bo’lib, asosan, sarf (morfologiya), nahv (sintaksis), lug’at, munozara odobi, aruz, qofiya, she’r tuzilishi, maoniy va bayon ilmi (ritorika va uslubshunoslik) kabi ilmlar haqida bahs yuritadi. Unda, ainiqsa, adabiyot nazariyasi mukammal ishlab chiqilgan. Asarning 3-qismi katta shuhrat qozonib, uzoq vaqt adabiyot nazariyasi va nutq madaniyatini o’rganishda asosiy qo’llanma bo’lib kelgan. Bu qism qayta-qayta ko’chirilgan, unga sharhlar yozilgan, Talxis (bayon)lar bitilgan (Muhammad Qazviniy, Qutbiddin Sheroziy, Sa’diddin Taftazoniy, Mirsayyid Sharif va boshqalar tomonidan). Yusuf Sakkokiy ijodi til va adabiyot nazariyasi rivojida katta rol o’ynagan. «Miftoh ululum» asarining qo’lyozma nusxalari jahonning deyarli barcha Sharq qo’lyozmalari fondlarida saqlanadi. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida ham uning bir qancha nusxalari mavjud. Ad.: Krachkovskiy I.Yu., Izbrannme Sochineniya, t. 6, M.L., 1960; Irisov A., Nosirov A., Nizomiddinov I., O’rtaosiyolik qirqolim, T., 1961.