Yusuf Shomansur (1936-1978)
Iste’dodli shoir va nosir Yusuf Shomansur 1936 yilda Toshkentda tug‘ilgan. Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika institutini tamomlagan (1960). Moskvadagi Oliy adabiyot kurslarida o‘qigan (1965-1967).
Birinchi she’riy to‘plami 1957 yilda «Gorn sadolari» nomi bilan chop etilgan. Uning «Mehringga to‘ymayman» (1962), «Oydan kelgan bolalar» (1964), «She’r dardida» (1965), «Akrom va makaron» (1966), «Qalam va umr» (1968), «Yuragim» (1970), «Tabassum» (1971), «Holva» (1972), «Qiziq-qiziq» (1975), «Dostonlar» (1977) kabi bir qator she’r, doston va ertaklardan tashkil topgan kitoblari bosilib chiqqan.
Bularning ayrimlari bolalarga bag‘ishlangan bo‘lib, ularda beg‘ubor va pokiza yoshlar olami tasvir doirasiga tortiladi. Shoirning kattalarga bag‘ishlangan ko‘pchilik she’rlarida bo‘lsa xalqimizning zahmatli mehnati, bunyodkorlik ishlaridan naql yuritiladi, mehnat azobidan qaddi dol bo‘lgan kishilarga hamdardlik bildiriladi, ko‘p hollarda sevishgan-sevilganlar baxtiyu, fojeasi qalamga olinadi, goho esa tabiat shaydosiga ham aylanadi. Uning vafotidan keyin nashr etilgan «Kulgiga ne yetsin» (1979),«Qo‘sh yurak» (1981), «Men o‘tqazmagan daraxt» (1986), «Qo‘zivoy» (1987) kabi to‘plamlarini bu jihatdan e’tiborli, desa bo‘ladi.
Yusuf Shomansur yetuk shoir bo‘lishi bilan birga, romannavis sifatida ham qalam tebratgan. U «Qora marvarid» romanida neft yoqilg‘isi bunyodkorlarining fidoyi mehnati va zahmati haqidagi ancha jiddiy mushohadalarini bayon qilgan.
Yusuf Shomansur umrining so‘nggi yillarida dramaturg sifatida ham qalam tebrata boshlagan. Bu boradagi birinchi mashqi «Yor qayrilib boqmadi» komediyasi bo‘ldi. Unda bosar-tusarini bilmagan, kibr-havoga berilgan ayrim yoshlarning axloqiy qiyofasi ustidan kulish ustuvorlik qiladi.
Yusuf Shomansur adabiyotshunos sifatida ham o‘nlab ilmiy-tanqidiy maqolalar yozib e’lon qilgan. Badiiy ijod bilan ilmiy faoliyatning mushtarak nuqtalariga bag‘ishlangan nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
U 1978 yilning 8 dekabrida vafot etgan.